Bugungi kunda mamlakatimizning moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar salmogʻi katta. Ayni paytda YUNESKO Umumjahon madaniy merosi roʻyxatiga Oʻzbekistondagi 4 ta meʼmoriy majmua – Xiva, Buxoro, Samarqand va Shahrisabz shaharlarining tarixiy markazlari kiritilgan.
YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ roʻyxatiga esa, mamlakatimiz nomoddiy madaniy merosining 8 ta obyekti (Boysun madaniy makoni, Shashmaqom mumtoz musiqasi, Katta ashula, Askiya sanʼati, Navroʻz, Palov madaniyati va anʼanalari, Margʻilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi: adras va atlas tikish, Xorazm raqsi – Lazgi) kiritilgan.
Mamlakatimizning YUNESKOga aʼzo boʻlgan 1993-yildan boshlab sohaga oid barcha asosiy xalqaro hujjatlariga qoʻshilish choralarini koʻrdi, ularning normalari milliy qonunchilikka implementatsiya qilinmoqda.
Keyingi paytlarda Oʻzbekiston hududidagi noyob madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, tarixiy shaharlarning bosh loyihasi va menejment rejasini YUNESKO xalqaro standartlari hamda talablariga muvofiq ishlab chiqishda mazkur tuzilmaning xalqaro ekspertlari ham keng jalb etilmoqda. YUNESKO bilan yaqin hamkorlikda moddiy va nomoddiy meros obyektlarini asrashga doir turli xalqaro anjumanlar tashkil qilinmoqda.
Mazkur tadbirlar madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish yoʻlidagi dolzarb muammolarni koʻrib chiqish, xalqaro tajribani oʻrganish, tarixiy-madaniy meros saqlanishini taʼminlashga doir milliy tizimni takomillashtirish, bu yoʻnalishdagi davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini aniqlash imkonini bermoqda.
Shu bilan birga, bugungi kunda YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan obyektlarni muhofaza qilish ishlarini tashkil etishda, xususan, YUNESKO Umumjahon merosi qoʻmitasining tavsiyalarini bajarishda ayrim muammolar saqlanib qolmoqda. Shundan kelib chiqib Oliy Majlis Qonunchilik palatasi madaniy meros obyektlarini har tomonlama himoya qilish, saqlash va tiklash boʻyicha Hukumat tomonidan belgilangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va samarali ijro etilishiga alohida eʼtibor qaratish maqsadida parlament soʻrovi yuborilgan edi.
Aytish mumkinki, Prezidentimizning 2018-yil 19-dekabrdagi “Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori bu borada yangi bosqichni boshlab berdi.
Qarorning 10-bandiga asosan YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga tarixiy-madaniy qiymatiga koʻra kiritilgan respublikadagi hududlar alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlar hisoblanishi belgilandi. Ularda rejalashtirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari Madaniy meros departamenti hamda YUNESKOning Umumjahon merosi markazi bilan majburiy tartibda kelishilgan holda amalga oshirishiga oid tartib oʻrnatildi.
Shuningdek, “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunida VI bobi alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarga oid qator normalar belgilangan.
YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga tarixiy-madaniy qiymatiga koʻra kiritilgan respublikadagi hududlar alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlar sifatida belgilab qoʻyilishi ushbu hududlarning huquqiy maqomiga aniqlik kiritildi va ularni muhofaza qilishning qonuniy asoslari yaratildi.
Taʼkidlash joizki, rejalashtirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari YUNESKOning Umumjahon merosi markazi bilan kelishib olish yoʻlga qoʻyildi. Masalan, 2020-yilda YUNESKOning Umumjahon merosi markazi bilan kelishib olish uchun 11 ta loyiha Umumjahon merosi markaziga yuborilgan. 2020-yil sentyabr oyida Buxoro tarixiy markazida rejalashtirilgan obyektning loyihasi yuzasidan Umumjahon merosi markazining ijobiy xulosasi olindi.
“Moddiy madaniy meros obyektlarining muhofaza qilinishi kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun bilan Jinoyat kodeksi hamda “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi kodeksiga Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlarga taalluqli javobgarlik belgilandi.
Umuman olganda Oʻzining tarixiy-madaniy qimmatiga koʻra Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlarda va ularning qoʻriqlanadigan tegralarida moddiy madaniy meros obyektlari hisoblanmagan binolar, inshootlar hamda boshqa obyektlarni belgilangan tartibda ruxsatnoma olmasdan qurish yoki buzishga oid respublika boʻyicha 2020-yilning oʻtgan davrida 39 ta maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzildi va koʻrib chiqish uchun sudlarga yuborildi.
YUNESKO Umumjahon qoʻmitasining milliy qonunchilikni takomillashtirish borasidagi tavsiyalarini bajarish bilan bir qatorda Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlarni xalqaro mezonlar boʻyicha boshqarish rejalari va hisobotlarni tayyorlanmoqda.
Umuman olganda, Madaniyat vazirligi va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan mamlakatimizdagi moddiy madaniy meros obyektlari va YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlar muhofazasini kuchaytirish borasida olib borilayotgan ishlari boʻyicha hisobotlarini eshitib borish va qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrish, bu borada belgilangan vazifalarni toʻliq va samarali bajarish hamda mutasaddilar masʼuliyatini keskin oshirib borish kabi ishlarni amalga oshirish belgilangan.