Yoshlar va bolalarni zararli axborotlardan himoya qilish borasidagi muammolar.
Mamlakatimizda fuqarolarning axborotni olish va tarqatishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish, ularga Internet jahon tarmog‘i hamda uning axborot resurslaridan foydalanish, tegishli axborotni ijtimoiy tarmoqlarda erkin joylashtirish, so‘z va matbuot erkinligini taʼminlashda bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.
Yoshlar va bolalarni zararli axborotlardan himoya qilish maqsadida “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi. Mazkur qonunlarda fuqarolarni, shu jumladan voyaga yetmagan shaxslarni ularning hayotiga va sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi, bolalarda qo‘rquv, vahima yoki sarosima uyg‘otadigan, inson qadr-qimmatini kamsituvchi, ishchanlik obro‘siga putur yetkazish kabi axborotlarni tarqatganlik uchun javobgarlik belgilangan. Internet va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan asoslanmagan maʼlumotlar, noqonuniy xatti-harakatlar uchun axborot sohasidagi qonunlar belgilangan normalaridagi taʼsirchan choralar vakolatli davlat idoralari tomonidan yetarli darajada qo‘llanilmayotganligi kuzatilmoqda.
Natijada amaldagi qonunchilikka zid ravishda media makonda urush va zo‘ravonlik, shafqatsizlikni targ‘ib qilishni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovat uyg‘otishga qaratilgan terrorizm va diniy ekstremizm g‘oyalarini yoyishni o‘z ichiga olgan, yoshlar va voyaga yetmaganlarning ruhiyatiga salbiy taʼsir etadigan axborotlar Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalmoqda.
Bugungi kunda yoshlar orasida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari soni yildan-yilga ortib bormoqda. Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda respublikada ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari soni 46 million bo‘lib, tarmoq foydalanuvchilarining aksariyatini yoshlar va voyaga yetmaganlar tashkil etadi. Internet tarmog‘idagi “.UZ” domenida ro‘yxatdan o‘tgan domenlar soni hozirgi kunda 98 mingtadan oshgan bO‘lsa-da, milliy resurslarga tashrif buyuruvchilarning o‘rtacha oylik soni 60 milliondan ortiqdir. Bu o‘z navbatida milliy kontent resurslarini yanada boyitishni taqozo etadi. Tahlillarga ko‘ra Internet jahon axborot tarmog‘ida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularni milliy veb-resurslar va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga jalb etish yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarning amaliy ishlarida natijadorlik sezilmayapti. Qonunchilikda Internet jahon axborot tarmog‘ining global va milliy segmenti rivojlanishi tendensiyalarini muntazam o‘rganish, zamonaviy veb-resurslarni shakllantirish, rasmiy veb-saytlarni rivojlantirish, milliy veb-resurslar sonini ko‘paytirish, milliy kontentni rivojlantirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni shakllantirish masalalari belgilanganligiga qaramasdan, ayrim masʼullar tomonidan o‘z vazifalarini bajarishga yetarlicha eʼtibor qaratilmagan2.
Jumladan, Turizm va sport vazirligi tomonidan “Vikipediya” Internet ensiklopediyasiga O‘zbekistonning mashhur sportchilari va sport tashkilotlari faoliyati to‘g‘risidagi maʼlumotlarni joylashtirish, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi tomonidan O‘zbekiston to‘g‘risida turli tillardagi maʼlumotlar hajmini oshirish kabi ishlar esa tizimli ravishda amalga oshirilmagan. Shuningdek, o‘zbek adabiyoti va sanʼati mumtoz namoyandalarining asarlaridan barchaning foydalanish imkoniyatini taʼminlash uchun veb-portal tashkil qilish vazifasi Madaniyat vazirligi zimmasiga yuklangan bo‘lsa-da, bu boradagi ishlar yakuniga yetkazilmagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |