Osma isituvchi kamerali bug’latgich. Ushbu turdagi qurilmalarda isituvchi kamera 1 o’z obechaykasiga ega bo’lib, qobiq 2 ning pastki qismiga erkin, qo’zg’aluvchan qilib o’rnatilgan. Isituvchi bug’ truba 3 orqali uzatiladi va kamera 1 ning trubalararo bo’shlig’iga yuboriladi. Issiqligini bergan bug’ kondensat holida hamda isituvchi kameraning pastki qismidan chiqariladi. Isigan eritma esa, qaynash trubalaridan yuqoriga ko’tariladi va erkin sirkulyatsiya ta’sirida bug’latish jarayoni sodir bo’ladi (4-rasm).
Ikkilamchi bug’ tomchi ushlagich 4 dan o’tib qurilmaning tepasidan chiqib ketadi. Ikkilamchi bug’dan ajratib olingan suyuqlik truba 5 orqali pastga oqizib tushiriladi. Qurilmaning qaynash trubalarining ichki va tashqi yuzalarida hosil bo’luvchi kovakli qatlam (nakip) vaqti – vaqti bilan suv bilan yuvilib turiladi.
Bu qurilmada markaziy sirkulyatsion truba isituvchi kamera tashqarisida o’rnatilgan bo’lib, katta ko’ndalang kesimga ega. Shuning uchun ham eritma sirkulyatsiyasiga ijobiy ta’sir etadi.
Isituvchi kamera erkin, harakatchan holda o’rnatilgani uchun trubalarning teshikli panjaralardagi zichligi buzilmaydi. Undan tashqari, osma holatdagi kamerani demontaj qilish oson.
Osma isituvchi kamerali bug’latkich afzalliklari: eritmalar bug’latishi intensiv; isitish kamerasi osma holda o’rnatilgani uchun, temperaturalar farqi katta bo’lganda ham trubalar zichligi o’zgarmaydi; isituvchi kameraning yaroqsiz trubalarini almashtirish oson; eritma sirkulyatsiyasining karraligi katta; qattiq, kovakli qatlam kam hosil bo’ladi.
Bug’latkich kamchiliklari: isituvchi eltkich va kondensatning trubalar orqali kirishi va chiqishi qiyin; metall sarfi katta; qovushoqligi yuqori eritmalarni bug’latish samardorligi past; eritma trubalarga yopishib qoladi.
Erkin sirkulyatsiyali bug’latkichlar tuzilishi sodda va kristallanmaydigan, o’rtacha qovushoqlik suyuqliklarni bug’latish uchun qo’llaniladi (5-rasm).
Bug’latish qurilmasi separator, isituvchi kamera va sirkulyatsion trubadan tashkil topgan. Separator elliptik qopqoqli silindrik qobiqdan iborat bo’lib, isituvchi kameraga boltlar yordamida birlashtirilgan. Unda, ikkilamchi bug’ni tomchilardan ajratish uchun turli konstruktsiyali qaytargichlar o’rnatiladi (5a-rasm), Isituvchi kamera esa, vertikal qobiq-trubali issiqlik almashinish qurilmasi tipida yasalgan bo’lib, trubalararo bo’shlig’iga bug’ yuboriladi va trubalar ichida eritma qaynatiladi.
Separator va isituvchi kameralar pastki qismlari sirkulyatsion truba bilan birlashtirilgan. Sirkulyatsion va qaynatish trubalaridan tarkib topgan tutashgan sistemada tabiiy sirkulyatsiya hosil bo’ladi.
Agar, trubalarda eritma qaynash darajasigicha isitilsa, undagi bir qism suyuqlik bug’latishi natijasida trubalarda bug’- suyuqlik aralashmasi hosil bo’ladi. Albatta, bu aralashma zichligi suyuqlik zichligidan kichikdir. Shunday qilib, sirkulyatsion trubadagi suyuqlik massasi, qaynash trubadagi suyuqlikdan katta bo’lishi aniq. Natijada, qaynash trubasi – bug’ bo’shlig’i - sirkulyatsion truba - trubalar va hokazo yo’li bo’yicha eritma sirkulyatsion harakatlanadi.
Sirkulyatsiya paytida qaynayotgan suyuqlik tomonidagi issiqlik berish koeffitsienti ortadi va truba yuzasida qattiq, g’ovakli ifloslik qatlami hosil bo’lishi kamayadi.
Tabiiy sirkulyatsiya bo’lishi uchun ikkita shart bajarilishi zarur:
1) Bug’ - suyuqlik aralashma qatlamini muvozanatda ushlab turish va zarur tezlik hosil qilish uchun sirkulyatsion trubadagi suyuqlik sathining balandligi yetarli bo’lishi kerak;
2) Bug’ - suyuqlik aralashmasi iloji boricha kam zichlikli bo’lishi uchun qaynash trubalarida bug’ ajralib chiqish intensivligi yetarli miqdorda bo’lishi darkor.
Eritma va bug’ orasidagi temperaturalar farqi ko’p va qaynash zonasida naporning yo’qotilishi kam bo’lgani uchun, sirkulyatsiya tezligi 1,8...2 m/s ni tashkil etadi.
Agar, sirkulyatsiya tezligi yuqori bo’lsa, bug’latgichning ish unumdorligi va issiqlik almashinish jarayonining intensivligi katta bo’ladi.
5-rasmda eskirib qolgan markaziy sirkulyatsiya trubali bug’latgichdan tubdan farq qiladigan qurilma keltirilgan. Ma’lumki, markaziy sirkulyatsion trubali bug’latkichlarda temperaturalar farqi kichik va sirkulyatsiya intensivligi past bo’ladi. Qaynash trubalarida bug’ hosil bo’lishi eritmaning fizik xossalari, truba devori va suyuqlik o’rtasidagi temperaturalar farqi bilan belgilanadi.
Eritmaning qovushoqligi qanchalik kam bo’lsa, shunchalik bug’ ajralib chiqishi va sirkulyatsiya tezligi ko’p bo’ladi. Intensiv sirkulyatsiyaga erishish uchun isituvchi bug’ va eritma orasidagi farq 10°C dan kam bo’lmasligi kerak.
5-rasmda keltirilgan bug’latkichlarning issiqlik almashinish yuzasi 10...1200 m2, diametriga qarab qaynash trubalarning uzunligi 3...9 m bo’ladi. Qaynash trubalarning diametri 25, 38 va 57 mm bo’lishi mumkin. Isituvchi kameradagi ortiqcha bosim 0,3...1,6 MPa, separatordagi vakuum esa - 93,0 kPa. Sirkulyatsion truba ko’ndalang kesim yuzasining isituvchi kamera yuzasiga nisbati 0,3 dan kam bo’lmasligi zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |