2.BGQlar issiqlik sxemasida qo'llaniladigan utilizator-qozonlar (UQ)
Qozon-utilizatorlar (UQ) – energetik GTQlardan chiqish gazlari issiqligini utilizasiyalash hisobiga ishlaydigan BGQlarning texnologik sxemasidagi asosiy qurilma sanaladi. BGQ sxemasiga bog'liq ravishda UQ lari uch xil bosimdan biriga mos keluvchi bug'ni ishlab chiqaradi, suv va kondensatni qizdiradi, texnologik ehtiyojlar uchun bug' ishlab chiqaradi va h.k. Faqat suv qizdirish uchun foydalanishga loyihalangan UQlar gaz-suvli issiqlik almashingichi ham deb ataladi. Shunday qilib, UQlar:
- bug'li, ya'ni ishlab chiqarilgan bug'dan bug' turbinasini ishlatish uchun foydalaniladigan yoki texnologik iste'molchini ta'minoti uchun yo'naltiriladigan;
- suvli, ya'ni tarmoq suvini, kondensatni yoki BTQli energoblok ta'minot suvini qizdiradigan;
- kombinasiyalashgan, ya'ni aralash ishlaydigan turlarga bo'linadi.
Konstruktiv tayyorlanishi va tarkibiga ko'ra UQ ning issiqlik sxemalari bir necha turlarga bo'linadi:
a) gorizontal yoki vertikal. Vertikal UQ osma yoki o'z tayanchiga ega bo'ladi;
b) tabiiy yoki majburiy sirkulyasiyali va to'g'ri oqimli.
GTQda yoqilayotgan yoqilg'i turiga bog'liq ravishda UQlar tutun gazlari tarkibidagi NOx konsentrasiyasini kamaytirish maqsadida qo'llaniladigan selektiv gaz katalizatorlari bilan ta'minlanadi. Katalizatorning UQ da joylashtirish o'rni texnologik jarayonda aniqlanadi. GTQdan chiqish gazlariga suv purkalganda, 300-420 °S harorat sharoitida, suvdagi ammiak eritmasining ta'sirida azot oksidlarining tiklanishi yuz beradi. Ammiak-chiqish gazlari aralashmasi katalizator orqali o'tkaziladi.
UQlar oldindan yoqish uskunalari bilan ham jihozlanishi mumkin. Ularda GTQdan chiqish gazlari muhitidaqo'shimcha yoqilg'i yoqiladi, bu UQning qizdirish yuzalari oldidagi gaz haroratining ko'tarilishi va stabillashishiga olib keladi, hamda qurilmaning bug' ishlab chiqarish unumdorligini oshiradi. Oldindan yoqish kamerasining gorelkalaridan birinchi quvur paketi qizdirish yuzalarigacha bo'lgan masofa 5 m dan kam bo'lmasligi kerak. Bu haroratni rostlanishi va gaz oqimining tezligini stabillashuvi uchun kerak.
UQning qizdirish yuzalari tashqi tomoni qovurg'ali bo'lgan po'lat quvurlaridan tayyorlanadi. Spiralsimon-lentali qovurg'ali quvurlar zavod sharoitida, yuqori chastotali tok ta'sirida tayyorlanadi. Bu quvurga turli qalinlikdagi, konfigurasiyadagi va o'lchamdagi lentani payvandlash imkonini beradi.
“Podolsk mashinasozlik zavodi” AJ katta quvvatli UQlarni va ularning qizdirish yuzalari uchun qovurg'ali quvurlar tayyorlaydigan eng yirik ishlab chiqaruvchilardan sanaladi. Zavod quyidagi parametrdagi quvurlarni ishlab chiqaradi: diameri 22 – 114 mm, devorining qalinligi 2 – 12 mm, qovurg'asining balandligi 5 – 25 mm, qovurg'aning qalinligi 0,8 – 2 mm, qovurg'alararo qadam 4 – 15 mm, qovurg'ali quvurlarning maksimal uzunligi 22 m. Qovurg'alar uglerodli, legirlangan va austenitlar sinfiga mansub po'latlardan tayyorlanadi. Shuningdek, qirqma qovurg'ali quvurlar ham tayyorlanadi. UQ tayyorlanishi modulida qovurg'ali quvurlarning massasi umumiy masssaning 45 % ini tashkil qiladi.
Gorizontal UQlarda qizdirish yuzalari paketlarga birlashtirilgan alohida seksiyalardan tarkib topadi. Har bir seksiya o'ziga shaxmatli o'rnatilgan qovurg'ali quvurlar bilan birlashgan quyi va yuqorigi kollektorlarni biriktiradi. Gaz yo'li bo'yicha bitta qatorda, ish jismining oqim yo'li bo'yicha o'zaro birlashgan uchtadan oltitagacha seksiya joylashtiriladi. Bu birikmalar gaz oqimidan tashqarida, UQning quyi va yuqorigi qismlaridagi maxsus bo'linmalar ichiga o'rnatilgan. Gaz yo'li bo'yicha seksiyalarning paketlar soni Z hisoblanayotgan qizdirish yuzalariga bog'liq holda, paketlarning umumiy soni esa ΣZ = ZBQ–YuB + ZI–YuB + … qozonning issiqlik sxemasidan aniqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |