XVIII Bob. KAPITAL QO`YILMALAR VA KAPITAL BOZORI
18.1 Kapital bozori va kapital qo`yilmalar
Kapital - bu uzoq muddatli oraliqda ishlatiladigan ishlab chiqarish resursi bo`lib, uning yordamida uzoq vaqt davomida mahsulot ishlab chiqariladi.
Kapitalning ikki xil turi mavjud: asosiy kapital (uzoq muddatda foydalaniladigan uskuna, texnologik liniya, bino, qurilma); aylanma kapital (har bir ishlab chiqarish siklida o`z qiymatini tayyor mahsulot qiymatiga o`tkazadigan ishlab chiqarish resurslari, xom ashyo, materiallar, yarim fabrikatlar va hokazolar).
Asosiy kapitaldan uzoq muddatda foydalaniladi va u qayta takror ishlab chiqaradi, ya′ni u ishlatilishi davomida o`z qiymatini ma`lum qismini mahsulot qiymatiga o`tkazadi.
Kapitaldan foydalanish davomida u ham ma`naviy, ham jismoniy eskiradi. Jismoniy eskirish - bu kapitalning vaqt o`tishi bilan ishga yaroqsiz bo`lishi bo`lsa, ma`naviy eskirish uning unumdorligining kamayishi, ya′ni yangi ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalarga qaraganda unumdorligining pastligi, yoki umuman barcha ko`rsatkichlari bo`yicha (mahsulot sifati, foydalanishga qulayligi) yangi uskunadan orqada qolganligidir.
Asosiy kapital egasi kapital qiymatini undan foydalanish vaqti davomida qayta tiklaydi. Masalan, uskuna 1000000 so`m bo`lib, undan foydalanish muddati 10 yil bo`lsa, uning qiymati 10 yil davomida teng qiymatlarda mahsulot qiymatiga o`tkaziladi deb qaraydigan bo`lsak, har yilgi daromaddan 100000 so`mdan amortizatsiyaga ajratish kerak bo`ladi.
Aylanma kapital bir yil davomida o`zining butun qiymatini mahsulot qiymatiga o`tkazib qayta tiklanadi.
Kapitalning qiymati undan foydalanib, kelajakda qancha daromad olishga bog`liqdir. Kelajakda ko`proq daromad olish ishtiyoqi ko`pchilikni bugungi iste′molining bir qismidan voz kechib, uni jamg`arishga undaydi. Jamg`arilgan mablag` pul ko`rinishidagi kapital sifatida biror-bir tadbirkorga ma`lum muddatga qo`shimcha qiymat orqali qaytarilishi sharti
bilan berilishi mumkin. Ushbu olingan qo`shimcha qiymatga kapitalga olingan foiz deyiladi.
Ssuda foizi - kapital egasiga uning kapitalidan ma`lum muddat oralig`ida foydalanganligi uchun to`lanadigan narxdir.
Kapitaldan foydalanishni tahlil qilganda bugun sarflangan mablag`ni kelajakda sarflanadigan mablag` bilan taqqoslash yoki bugun olinadigan daromad bilan kelajakda olinadigan daromadni taqqoslash muhim ahamiyatga egadir. Bu yerda vaqt omilini e`tiborga olish kerak bo`ladi. Bugungi sarflangan bir so`m bir yildan keyin sarflanadigan bir so`mga teng emas. Bularni bir-biriga tenglashtirish uchun, avval ularni bir vaqtga keltirish zarur bo`ladi. Turli xil yillardagi xarajatlarni yoki daromadlarni bir yilga keltirishda diskont ko`paytiruvchisidan foydalaniladi.
Xarajat va daromadlarni bir xil boshlang`ich vaqtga keltirish hisob- kitoblariga diskontirlash deyiladi. Bunday hisob-kitoblar investitsiya loyihalarini baholashda keng qo`llaniladi. Investitsiyalarni tahlil qilganda yillar davomida bo`ladigan xarajatlar bilan loyihadan olinidigan daromadlarni solishtirishga to`g`ri keladi. Kelajakda olinadigan daromadning nafi bugungi kunda olinadigan daromad nafidan kichik bo`ladi. Nima uchun deganda, joriy daromadga (ya′ni, bugungi kundagi daromadga) kelajakda foiz bo`yicha qo`shimcha daromad olish mumkin.
Loyihalarni tahlil qilishda loyiha qiymatini aniqlash uchun bugungi kunda qo`yilgan kapital mablag`lar bilan loyiha amalga oshirilgandan keyin olinadigan daromadlarni solishtirish zarur bo`ladi. Buning uchun joriy xarajatni va kelajakda olinadigan daromadni hisob-kitob qilish kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |