“Bozorboshi “MFY shevasiga xos so’zlar va uning ma’nosi, adabiy tilda qanday atalishi
1.O’yma – un va suvdan xamir qorib ,ko’pirtirib , dumaloq shaklda rostlab yog’da pishiriladigan pishiriq.
2.Chichi- yangi tug’ilgan chaqaloq , go’dak.
3.Yupqa- un va suvdan tayyorlanadigan, ko’pirtirmasdan to’rtburchak shaklda ozgina yog’da pishiriladigan pishiriq.
4.Tupurgi- og’iz bo‘shlig‘ida so‘lak bezlari tomonidan ishlab chiqariladigan , ovqatni hazm 9 suyuqlik, tupuk.
5.Tepki – kasallikning bir turi, bo‘yin va jag‘ orasi ishib qoladi.
6.Tepki- o‘yinning bir turi, bolalar chiziqlar chizib , toshni shu chiziqlar o‘rtasiga keltirishi kerak bo‘ladi.
7.Shayton- quruvchilikda ishlatiladi, tekislik, to‘g‘rilikni o‘lchovchi asbob.
8.Mehrov- mehrob.
9.Jom- ichi chuqur katta idish dumaloq.
10.Xonim- yupqa yoyilgan xamirni ichiga masalliq solib o‘rab , mantiqasqonda pishiriladigan taom.
11.Lagan- ichi 2 – 3 sm chuqurlikda , keng, dumaloq shakldagi idish, quyuq ovqatlarni yeyishga mo‘ljallangan.
12.Childirma-ikki tomonda bolalar turadi , o‘rtada o‘yinchilar, o‘yinchiga ular to‘p otishadi, toki to‘p 1 tomondan ikkinchi tomonga yetib kelguncha o‘yinchi, o‘rtadagi kartondan qilingan doirachalarni raqami yozilgan tomonga ag‘darishi kerak bo‘ladi.
13.Baqashol- balchiq.
14.Otquloq- suv bo‘ylarida , nam yerlarda o‘suvchi o‘simlik.
15.Chim – ko‘rpa -to‘shak tayyorlash uchun ishlatiladigan ashyo, paxta
16.Qumg‘on- ko‘zasimon, bandi va qopqog‘i bor idish, qo‘l yuvish uchun ishlatiladi.
17.So‘ngak- suyak.
18.Beshlik- somon , xashak shunga o‘xshash o‘simlik bog‘lamlarini yuqoriga irg‘itish uchun ishlatiladigan asbob. Qishloqlarda beshliklar yordamida tomlarga somon, bichan kabilar olinadi.
19.Surpa- supra
20.Sassiqko‘mpa- xech bor hayvon yemaydigan ,hidi behuzur bo‘lgan o‘simlik.
21.Lopatka- axlat olish uchun ishlatiladigan buyum.
22.Dog‘ob- qatiq va suvdan , rayhon qo‘shib tayyorlanadigan ichimlik, ayron.
23.Momajiyak- katta ariqlar, suv bo‘yida o‘sadigan, tikonli o‘simlik, yertut.
24.Kovatak- tok barglaridan tayyorlanadigan taom.
25.Petak-ma‘lum bir yo‘lga qatnovchi taksi, moshina , avtobuslar turadigan joy.
26.Olvali- ichimlik tayyorlashda ishlatiladigan, qizil , danakli, nordon , yumaloq hajmi kichkina meva.
27.Oqpasha- qanotlari oq bo‘lgan, qon so‘ruvchi hasharot, chivin.
28.Aba- onaning atalishi.
29.Opa- ota- onaning onasini atalishi, buvi.
30.Opodda- bobo-buvining dadasini atalishi, buva.
31.Acha- bobo- buvining onasini atalishi.
32.Ota- dadaning otasini atalishi.
33.Aka- dadaning otasini atalishi.
34.Nina- igna.
35.Issiqlik- issiq paytida toshib ketadigan, qizil – qizil nuqtaga o‘xshash toshmalardan biri.
36.Sedana- ninachi.
37.Kalavot- temir yoki yog‘ochdan yasalgan 4 oyoqli , ustida ko‘pchilik bilan o‘tiriladigan uy- ro‘zg‘or anjomi.
38.Shati- narvon.
39.Agat- yerda ekin ekish uchun tortiladigan ariq, egat.
40.G‘uli-g‘uli – kurka.
41.G‘uli-g‘uli – bo‘yni qismida qora chizig‘i bor , asosan qishda keladigan qush.
42.Qaladon- uy jihozi, tortma.
43.G‘o‘ra- pishib yetilmagan meva , dovuchcha.
44.Arvaz- uyning ichida eshik oldiga cho‘milganda suvi yer ostiga kirib ketishi uchun quriladigan qismi.
45.Chukillamoq- nasfing chukillamay o‘lgur deganda nafsni tiyaolmaslik.
46.Chekich- nonning o‘rtasiga naqsh chiqaruvchi asbob.
47.Chekich- emlangandan so‘ng , chap qo‘l bilak qismida qoladigan iz.
48.Bo‘zak- buzoq.
Bo‘zakboshi- saraton mahalida uchib keluvchi zaharli hasharot.
49.Qiltiriq- pishilgan baliqdan chiqadigan suyaklar, qiltanoq.
50.Devorgul- barglari mayda- mayda butasimon o‘simlik, uy atrofiga manzara sifatida ekiladi.
51.Kanarada- kartoshka o‘simligi barglarini yeyuvchi,sariq rangli , zararkunanda hasharot.
52.Taxtayer- yog‘ochlarni teshib tashlovchi zararkunanda hasharot.
53.Cho‘g‘oloq – makka o‘simligi donalari ajratilgach qoladigan tanasi.
54.Machit o‘t- ildizi qattiq, tanasi tukli o‘simlik, asosan unumdor kuchli yerlarda o‘sadi.
55.Chigal- sochni taroq bilan tarab bo‘lgach, taroqda qoladigan soch.
56.Qurdana- asosan adirlik va suvsiz yerlarda o‘sadigan o‘simlik, supurgi yasasa bo‘ladi , ipak qurti pilla o‘raydi.
57.Shupurgulik- supurgi yasash uchun ekiladigan o‘simlik.
58.Tuzqand- issiq suvda eruvchi, shakardan tayyorlanadigan shirinlik, ertalab choy bilan ichiladi, shakli kvadrat.
59.Sudurgi – isitma ko‘tarilib , tili orqaga ketib qoluvchi kasallik turi.
60.Mushqit- hayvonlar yeganidan qoladigan qoldiqlari.
61.Moyak- qo’l mashinasining tarkibiy qismi, ip o‘raladigan qism.
62.Xutum-qitmir, shaddod , xarakter ifodalovchi sifat.
63.Shildiroq- uchi gullaydigan, tanasida osilib turadigan barglari bo‘lgan , qimirlatsa ovoz chiqaradigan o‘simlik.
64.Yuyuvchi- bosh og‘riganda, yoki biror yeri og‘riganda o‘sha kishiga borib xar- xil duolar o‘qittirib kelinadi,kinnachi.
65.Yermita-bo‘yi past insonlarga nisbatan qo‘llanuvchi sifat.
66.Qosqon- manti, xonim kabi taomlar pishirib beruvchi buyumning bir qismi.
67.Bichan- xar-xil hayvon yeydigan o‘t, o‘simliklar, kartoshka palagi kabilardan quritib tayyorlanadigan bog‘lam.
68.Intop- injiq, yuragi tor insonlarga nisbatan ishlatiluvchi sifat.
69.Lula- loviya.
70.Chicha opa- onaning oyisini atalishi.
71.Oya- kelinoyi , yanga
72.G‘ana- ipak qurti boqilganda , undan qoladigan barglar.
73.Eskhshak-yog‘ochdan yasalgan 4 oyoqli daraxtlarga chiqish uchun , mevalarni uzishda foydalaniladigan buyum.
74.Aya- opa
75.Temiritka- yarani bir turi, u chiqqanda chizdirib qo‘yiladi.
76.Ko‘zchaqa- ko‘zga o‘xshash yara, o‘yilib ketayotganga o‘xshaydi.
77.Trimol- javon, tortma.
78.Semiranka- yashil, po‘sti qattiq olma turi
79.Pabeda- qizilroq, yumshoq olma turi.
80.Yoloq- kir, iflos, tartibsiz.
81.Otayo‘l- avtobusning bir turi.
82.Tettapoya- chaqaloqlarni ilk yurishi.
83.Mazar- to‘ydan bir kun oldin bo‘laldigan bazm.
84.Chaqirdi- yosh kelinlar uchun qilinadigan bazm.
“Bozorboshi” MFY
Bozorboshi mahalla fuqarolar yig‘ini 2017 yil tashkil topgan. Peshqo‘rg‘on qishlog‘ida joylashgan.
Oldin Peshqo‘rg‘on qishloq fuqarolar yig‘ini(Peshqo‘rg‘on QFY)bo‘lgan, 2017- yilga kelib, barcha QFY lar tugatilib , MFY lar tashkil etilgan.” Bozorboshi “ deyilishiga sabab, qishloq markazida katta bozor bo‘lgan, hozir esa mavjud emas. Bozorboshi MFY shimolda To‘pqayrag‘och MfY, janubda Sozsoy MFY, g‘arbda Uzunko‘cha MFY , sharqda Kalishox qishlog‘I bilan chegaradosh.
Aholisi: 3450 dan oshiq aholi istiqomat qiladi.
Ayollar:1654 nafar
Erkaklar:1296nafar
Xonadon : 609 ta xonadonda 960dan ortiq oila yashaydi.
Oliy ma‘lumotlilar: 70dan ortiq o‘qituvchi 1 arxitektor, 4 vrach.
Bu MFY da 1 ta maktab, 1 ta bog‘cha, 7 tadan ortiq do‘kon, 1 ta oilaviy poliklinika , 1 ta tug‘uruqxona, 1 ta to‘yxona (nomi Qo‘shbuloq , chunki uning to‘grisida 2 ta buloq qaynab chiqadi, 2016 -yil o‘z faoliyatini boshlagan, xususiy , oldida choyxonasi ham bor,Zokirjon Egamberdiyevga tegishli) , 4 ta sartaroshxona ,1 ta bilyardxona, 1 ta non ishlab chiqarish sexi, 5 ta apteka , 2 ta temirchilik ustaxonasi, 2 ta mashina tuzatish ustaxonasi, 3 ta novvoyxona, 1 go‘zallik saloni, 1 ta meva va sabzavotlarni qayta ishlash zavodi (yoz oylarida faoliyat yuritadi) , 1 ta qabriston(nomi Xoki Muborak, 1940-yillarda ochilgan), 1 ta masjid( Mulla Boltaboy ota o‘g‘li Jome masjidi, 1991-yil foydalanishga topshirilgan, hozirda ta‘mirlash va kengaytirish ishlari amalga oshirilmoqda ) bor.
Bozorboshi MFY ko‘chalari nomi , avval qanday atalgani , hozirgi nomi , nim sababdan bunday atalishi:
1.”Yoqut” ko‘chasi. Oldinlari Soy mahalla deb atalgan. 2018-yil “Yoqut” nomi berilgan. Ko‘chadan uzun soy arig‘I o‘tganligi sabab Soy mahalla deyilgan.
2.”Oqibat” ko‘chasi. Oldinlari Kashanak ko‘chasi deb atalgan. 2018-yil” Oqibat” nomi berilgan.Ko‘chadan Kashanak arig‘i o‘tganligi bois Kashanak ko‘cha deyilgan.
3.”Donishmand” ko‘chasi. Oldin ham Donishmand deb atalgan.
4.”Maslakdosh” ko‘chasi . Oldinlari Baxt ko‘chasi bo‘lgan.2018- yil “Maslakdosh “nomi berilgan.
5.”Razzoqbaxshi” ko‘chasi.Oldinlari “Oxunboboyev”ko‘chasi deb atalgan. 2018-yil “Razzoqbaxshi” nomi berilgan. Bunday nom bilan atalishiga sabab avvallari u ko‘chada baxshilar yashagan, ularning eng kattasi va mashhuri Razzoqbaxshi bo‘lgan. Ko‘cha nomi ham uning ismi bilan atalgan.
6.”Erkin Vohidov “ ko‘chasi. Oldin “Sholipoya” deb atalgan. Bunday atalishiga sabab avvallari u tomonlarda sholi ekilgan , va yerlardan sholi shudgori sifatida foydalanilgan.Hozir ham eng suvli joy o‘sha yerlar hisoblanadi. Ozgina yer kavlasa suv chiqib keladi. Shunga qaramay hozirda u yerda aholi uylar qurib yashamoqda. 18 dan ortiq xonadon bor. 2018-yil “Erkin Vohidov “ nomi berilgan.
7.”Chingiz Aytmatov” ko‘chasi.Oldinlari G‘afur G‘ulom ko‘chasi deb atalgan.2018- yil G‘afur G‘ulom nomi berilgan.
8. “Nodira” ko‘chasi . Hozir ham shu nom bilan ataladi.
9.”Zebiniso” ko‘chasi. Hozir ham shu nomda.
10.”Mehnatobod” ko‘chasi. Oldinlari “Dumbaki”deb atalgan . Dumbaki deyilishiga sabab avvallari katta do‘mliklar bo‘lganligi uchun shunday atalgan.2018-yil Mehnatobod nomi berilgan.
11.”Diyonat” ko‘chasi. Oldin ham shu nom bilan atalgan.
12.”Maqsad” ko‘chasi. Oldin “ Yoshlik” ko‘chasi deb atalgan.2018-yil bu nom berilgan .
MFY ichki bo‘linishida ko‘cha va mahallalarga bo‘linadi. Bozorboshi MFY da 1 ta rus millatiga mansub kishi bor: Yo‘ldasheva Lyuba Aleksandrovna.1954-yil tug‘ilgan . O‘zbek millatiga mansub kishi Yo‘ldashev Xasanboy bilan turmush qurgan. 2 o‘g‘li va 2 qizi bor. Turmush o‘rtog‘I vafot etgan.
Qolgan barcha aholi o‘zbek millatiga mansub. Aholi qo‘shni qishloq aholisidan shevasi bilan farq qiladi. Masalan: Uzunko‘cha va Oqterak MFY aholisi “qilmayapman “ so‘zini “qilmavattim “tarzida aytadi. Bozorboshi MFY aholisi esa “qilmayattim” tarzida aytadi.
Yana biri ularda qiz bolani juda erta turmushga beradi, hamda faqat o‘z yaqinlariga beradi, natijada shu aholi orasida nogironlar ko‘p tug‘iladi. Nikoh to‘yi kuni kelin, kuyov bilan birga to‘yda qatnashmaydi, kelin ko‘ylak kiymaydi. O‘rganilayotgan MFY da esa kelin kuyov birgalikda to‘yni o‘tkazishadi.
22-sonli umumiy o‘rta ta‘lim maktabi 1971 – yil qurilib foydalanishga topshirilgan.Birinchi direktor Otaxon Narzullayev bo‘lgan , keyingisi, Yo‘ldoshali Nazarov bo‘lgan. Uchinchi direktor Qurbonali To‘laboyev, to‘rtinchi direktor Farhodjon Mamatqosimov bo‘lgan.2019-yildan boshlab Samadjon Mamatvaliyev direktorlik qilib kelmoqda. Maktabda hozirda 40 dan ortiq o‘qituvchi ta‘lim beradi .2017-yil ma‘lumotlariga ko‘ra , o‘sha paytda 860 dan ortiq o‘quvchi u yerda tahsil olgan. Va shu yildan boshlab 11 yillik majburiy o‘qitish tizimiga o‘tgan. 2019- yil ilk 11-sinf bitiruvchilarini chiqargan. Xonalar yetishmasligi sabab, o‘quvchilar 2 mahal: ertalab 7:45 dan, kunduz 13:25 gacha hamda kunduz 13:30 dan 17:15 gacha o‘qitiladi. Hozirda bu maktabda qayta ta‘mirlash ishlari olib borilmoqda.Va zamonaviy talablarga mos holda qo‘shimcha o‘quv xonalari, oshxona va yana boshqalar qurilmoqda.2019-yilgi bitiruvchilarning 20 dan ortig‘i OTM talabasi bo‘lishgan.
MFY da 4-sonli maktabgacha ta‘lim muassasasi mavjud.
Bu MTM 1993-yil qurilib, foydalanishga topshirilgan. Hozirda unda 70 dan ortiq bolalar tarbiyalanadi
MFY da katta “Kashanak” arig‘i o‘tadi. Bu ariq Baliqliko‘l qishlog‘idagi Sutlibuloq ziyoratgohidan boshlanib , Arbag‘ish qishlog‘igacha oqib boradi.1 ta Suv zaxirasi ombori bor, 1957 -yilda qurilgan.Dastlab Boymirzayev Ko‘paysin qorovullik qilgan , hozirda Ubaydullayev Xasanboy qorovullik qiladi.Barcha MFY aholisi shu yerdan toza ichimlik suvi bilan ta‘minlanadi.
Bu hududning aniq nomi Peshqo‘rg‘on qishlog‘i.
Qishloq hozirda Namangan viloyati Chortoq tumaniga qaraydi.Namangan viloyati Chortoq tuman markazi Chortoq shahri . Eng markaz qismi Bozorboshi deyiladi.Namangan viloyati 1941 – yil martda tashkil etilgan.1960-yil Andijon va Farg‘ona viloyatlari tarkibiga qo‘shib olingan.1967 -yil dekabrda qayta tashkil etilgan.
Chortoq tumani 1950-yil 15-aprelda tashkil topgan.
G‘arbdan Yangiqo‘rg‘on, janubi-sharqiy tomondan Uychi tumanlari , shimoli-sharqda Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh.9-10 asrlarda yashagan arab sayyohlaridan biri Ibn Xordadbek va Ishtaxriy tomonidan bitilgan yozma manbalarda keltirilishicha,Chortoq arabcha “Chor taxt” ya‘ni “to‘rt taxt” deb tilga olingan bo‘lib, Z.M.Bobur o‘zining “Boburnoma” asarida Chortoq so‘ziga to‘xtalgan bo‘lib, bu so‘z o‘zaro aloqani mustahkamlash vositasi bo‘lganligini aytadi.Chortoq nomining kelib chiqishida “Chor taxt” deb ham “To‘rt gumbaz “degan qarashlar bor. Chor taxt deyilishiga sabab rivoyatga ko‘ra: bir kuni bir podshoh ajoyib, judayam xushmanzara joyga borib qoladi. U yerni yoqtirib qolib , taxt qurdirmoqchi bo‘ladi. Va o‘sha qishloqning kunchiqar tomoniga 2 ta, kunbotar tomoniga 2 ta tuproqdan tog‘ uydirib, taxt qurdiradi. U taxtlarga 4 ta qizlarini o‘tqazib , qizlari iltimosiga ko‘ra taxtlarni tutashtiruvchi yo‘llar qurib beradi. Ular uzoq yashashadi va joy nomi Chortoq ya‘ni chor taxt deb ataladigan bo‘libdi.X.Hasanov “to‘rt tog‘ “ deb atagan. Aslida Chortoq 2 so‘zdan “chor”-4 , “toq”- gumbaz , arkdan tashkil topgan bo‘lib “4 go‘shali gumbaz” demakdir.
Peshqo‘rg‘on qishlog‘I 1926- yil tashkil topgan bo‘lsada, istiqlol davrigacha o‘ng ming aholining birortasi xususiy mulk, yer egasi bo‘lmagan. Tumandagi eng go‘zal , xushmanzara maskan bo‘lgan Peshqo‘rg‘on haqida Z.M.Boburning “Boburnoma” asarida alohida zikr etilgan.1582-yillarda forslar yashagan.Qishloqning bunday atalishi haqida rivoyat ham bor. Bobur bu qishloqdan o‘tganligi haqida xalq orasida gaplar bor. Va aynan shu qishloqdan o‘tgani sababli ham Peshqo‘rg‘on deb atalgan . Rivoyatning qisqacha mazmuni quyidagicha:
Bobur o‘z suvoriylari bilan dam olish uchun bir qishloqqa to‘xtab o‘tadi . U yerda o‘ziga vaqtinchalik qo‘rg‘on qurdiradi . Qo‘rg‘onda o‘tirganda u uchun palov tayyorlab keltirishadi. Palov mushuk go‘shtidan tayyorlangan bo‘ladi. Palov tepasidagi go‘sht ham mushuk go‘shti bo‘ladi. Shunda Boburmirzo ovqatga qarab “piish-pish” deydi. Shunda taom ustidagi mushuk tirilib ketadi.
Shu -shu qishloq nomi ham”Pishqo‘rg‘on”, keyinchalik Peshqo‘rg‘on bo‘lib qolgan deyishadi.
Yana bir rivoyat ham bor:
Bobur o‘z lashkarlari bilan ketayotganda bir qishloqqa kirishadi, va u yerda beshta baland – baland qo‘rg‘onlar qad rostlagan bo‘ladi. Bobur bu qo‘rg‘onlarni ko‘rib “Besh qo‘rg‘onga kelibmiz-da” deb o‘tib ketadi. Shundan keyin “Besh qo‘rg‘on” qishloqqa nom bo‘lib qolgan. Talaffuz o‘zgarish natijasida “Peshqo‘rg‘on” ga aylangan.
Bu qishoqdan “Buyuk ipak yo‘li” o‘tganligi aytiladi.
Hozirda Bozorboshi MFY “Mustaqillik” hamda “Mehnatobod” nomli katta serqatnov yo‘llar o‘rtasida joylashgan. “Mustaqillik “ katta yo‘li markazda joylashgan. Asosiy binolar, poliklinika, aptekalar, non sexi, maktab shu yo‘l bo‘yida joylashgan. Uzunligi 4. 7 km.
Bu yo‘l Kalishoh qishlog‘ini Peshqo‘rg‘on bilan, Peshqo‘rg‘on qishlog‘ini Baliqli ko‘l qishlog‘I bilan bog‘laydi.
Yana bir katta yo‘llardan biri “Mehnatobod” . Uzunligi 4.5 km.Bog‘cha, sartaroshxonalar, Masjid, asosiy do‘konlar shu yo‘lda joylashgan. Bu yo‘l Peshqo‘rg‘on qishlog‘ini Sozsoy hamda Iskovat qishloqlari bilan bog‘laydi.
Yana bir so‘qmoq ko‘cha bor. “Jin ko‘cha “deb ataladi Bu ko‘cha Ch.Aytmatov ko‘chasini Zebiniso ko‘chasi bilan bog‘laydi. Bu so‘qmoq yo‘lga asfalt yotqizilmagan , tuproqli, tor ko‘cha ( 1 kishi sig‘adi). Oldinlari bu ko‘chada
Jinlar,ajinalar yashagan , bo‘lgan ekan. Uzunligi taxminan
2,5-3 km ga to‘g‘ri keladi. Bu yo‘lda xech qanday do‘kon ham boshqa muassasa ham joylashmagan. Faqat aholi yashaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |