Birinchi davr-1910-1930 yillar. Bu davrda madrasalarda o`qigan bolalarga savod chigarganlaridan keyin, qofiya (grammatika) va qofiyaning bo`limlari: sarf (morfologiya) va nahv (sintaksis) o`rgatilgan. Bolalarning xat-savod chiqarishi, qiroatxonligiga katta e’tibor berilgan. XX asrning boshlari shu bilan e’tiborligiki, garchand hali maktablarda “Ona tili”ni fan sifatida o`qitish muayyan izga tushmagan bo`lsa-da, ammo o`quvchilarga til qoidalarini o`rgatish ularning savodxonligini chiqarish va uni takomillashtirishga qaratilgan harakatlar kuchaydi. 1913 yilda mashhur o`zbek ziyolisi M.Faxriddinovning “Turkcha qoida”, 1916 yilda A. Zaxiriyning “Imlo” o`quv qo`llanmalarining nashr etilishi o`sha davr uchun katta tarixiy voqea edi. Bir qator jadid maktablarida 1913-1914 yillardan boshlab turkcha qoidalarni o`qitish yo`lga qo`yildi: 2-,3-,4-o`quv yillarida o`quvchilarning savodxonligi ustida ishlash bo`yicha maxsus dars mashg`ulotlari o`tkazila boshlandi. 1916-1917 yillarga kelib shu jadid maktablarida A.Zaxiriyning “Imlo” kitobini o`qitish yo`lga qo`yildi.
Ikkinchi davr-1930-1960 yillar.Bu davrda maktablarda ona tilini fan sifatida o`qitish yo`lga qo`yildi; til talimidan maxsus o`quv dasturlari va darsliklari chiqarila boshlandi. “O`zbek tili” maktabda o`qitiladigan yetakchi o`quv predmeti sifatida o`quv rejalaridan mustahkam o`rin oldi va bu fanning o`qitilishiga katta miqdorda soat ajratildi. Ona tilining o`rta umumta’lim maktablarida o`quv predmeti sifatida o`qitila boshlanishi uning taraqqiyoti uchun keng yo`l ochib berdi.
Uchinchi davr-1960-1970 yillar. Bu davrga kelib, ona tilidan ta'lim mazmuni ancha takomillashdi va mazkur fandan yangi o`quv dasturlari va darsliklari chiqarila boshlandi. Ayniqsa, maktablarning yuqori sinflarida ona tilining o`qitilishiga e’tibor kuchaydi.
To`rtinchi davr–1970-1990 yillar. Bu davrga kelib, o`zbek tilshunosligida qo`lga kiritilgan yutuqlarni maktab darsliklariga kiritishga urinish ancha kuchaydi. Ona tilidan V sinfda (o`quv yilining boshida) sintaksis va punktuatsiyadan dastlabki zaruriy ma’lumotlar berish ko`zda tutildi va mazkur bo`limni o`qitish yo`lga qo`yildi. So`z yasalishi tilshunoslikning alohida bo`limi sifatida ajralib chiqdi va bu bo`lim 16 soat davomida V sinfda o`qitiladigan bo`ldi.