3.1.3.- chizma
Milliy taraqqiyotning birinchi davrida erishilgan natijalar
O`zbekistonning bozor iqtisodiyotiga o`tishdagi o`z yo`li, o`z milliy modeli
mavjud, degan so`z respublikaning o`z maxsus bozor iqtisodiy qonunlari, ya’ni milliy iqtisodiy qonunlar bor, degan xulosa emas. Bu, biz yuqorida ko`rib o`tgan umumiylik, xususiylik va mamlakatlar tajribalari birligidir va shu bilan birga hamkorlikda, birgalikda amalga oshiriladigan vazifalar, degan ma’noni bildiradi.
O`zbekiston milliy modeli bozor iqtisodiyotini izchillik bilan tiklab borish, unga bosqichma-bosqich va sharoitlar yaratilishi bilan asta-sekin o`tish, aholini ijtimoiy himoyalashni keng qo`llagan holda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlab borish yo`li blian o`tishni taqozo etadi. Milliy modelda o`z aksini topgan O`zbekistonning bozorga o`tishdagi o`z yo`li bozor iqtisodiyoti shakllanishi uchun uch tomonni, ya’ni ichki va tashqi sharoitlarni yaratish, bozor iqtisodiyoti maqsadlariga erishish va umuman, bu jarayonlar shakllarini yaratish kabilarni o`z ichiga oladi.
Bozor iqtisodiyotiga o`tishdagi milliy modelning amaldagi harakati real sharoitga asoslangan holda, mavjud va ro`y berishi mumkin bo`lgan barcha iqtisodiy hodisalarni e’tiborga olgan tarzda bo`lishi, juda ehtiyotkorlik, hamkorlik va tadbirkorlik asosida bo`lishini talab qiladi.
Bozor iqtisodiyoti shakllanishining ichki sharoitlari deganimizda, avvalo mulkni xususiylashtirish, davlat monopoliyasining oldini olish, xususiy mulkning turli shakllarini yaratish, shuningdek, ishbilarmonlikni rivojlantirish, barcha mulk shakllari tengligini ta’minlash, xalq xo`jaligi va ishlab chiqarishning zamonaviy samarali tuzulishini yaratish va bular asosida xalq farovonligi hamda istiqbol ishonchini yaratish, aholining ijtimoiy himoyalanishi kabilarni tushunamiz.
Bu jarayonning tashqi sharoitlari deganimizda jahon iqtisodiyotiga qo`shila borish usullarini qo`llash, xalqaro iqtisodiy munosabatlarda faol qatnasha borish, jahon mehnat taqsimotida o`z o`rnini yarata borish, jahon bozorida kengroq ishtirok etish yo`l va usullarini qo`llab borish kabilarni tushunamiz.
Bozor iqtisodiyotiga o`tish shakllarini yaratib borish deganimizda iqtisodiy erkin faoliyat, bozor ishtirokchilarining erkin raqobatlashuvi, xo`jaliklarning turliligi, ijtimoiy hamkorlik munosabatlarini o`rnatish kabi iqtisodiy voqeliklarga o`tish o`zining shakllarini talab etib, bular mavjud sharoitlariga qarab paydo bo`lishi, o`zgarishi va takomillashuvini tushunish kerak. Masalan, xo`jalik yuritish shakllarining turliligi, mulk shakllari tengligi va raqobat rivoji bizning sharoitimizda, birinchi navbatda, davlat mulk monopoliyasiga barham berish va uning xususiylashtirish shakllariga bog`liq. Bu hech qachon bir xil bo`lmaydi va oldindan ma’lum andoza bo`yicha ro`y bermaydi. Bu jarayon davlat mulkini tekinga berish, imtiyozli bahoda berish, kim oshdi savdosi asosida xususiylashtirish kabilar bilan bir qatorda ijara, oilaviy pudrat, hissadorlik kabi shakllarni yuzaga keltirmoqda va buni belgilaydigan ko`p miqdordagi omillar e’tiborga olinmoqda. Zero, bozorning turli tomonlariga taalluqli jarayonga xos shakllarni e’tiborga olish, ulardan o`z joyida va vaqtida iqtisodiy sharoitga mos holda foydalanish va ularni takomillashtirish bozor iqtisodi shakllanishini tezlashtiradi.
O`zbekiston milliy modelidagi muhim tomonlardan yana biri shuki, bozor iqtisodiga o`tish silliq, osonlik bilan ro`y beradi deb hisoblamay, bu og`ir, mashaqqatli va ma’lum iqtisodiy buzilish, beqarorlik kabi salbiy hodisalar bo`lib turishi, e’tibor susayganda bunday salbiy oqibatlarning chuqurlashuvi ro`y berishi mumkin. Chunki bu bir iqtisodiy tizimdan ikkinchisiga o`tishdan iborat bo`lib, ko`pchilik iqtisodiy voqelik bir-biriga qarshidir. Bunday o`zgarish milliy modelning har tomonlama mukammal bo`lishi va umumiylik, xususiylik hamda jahon tajribasini o`z sharoitlarini to`la hisobga olib qo`llash kabilarni o`z ichiga olishni talab qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |