2.4. Davlat faoliyati va bozor iqtisodiyoti muvozanati
Bozor iqtisodiyoti taraqqiyoti shartlaridan biri uning tartiblashtirish zaruriyatidir. Shu bilan birga u to‘ldirish va yordamga muxtoj iqtisodiy tizim hisoblanadi. Chunki bozor iqtisodiyoti barcha soha va tarmoqlarini to‘la qamrab ololmaydi hamda uning ta’siri tarmoqlarda bir xil emas va samarali darajasi turlichadir. SHu bilan birga bozor iqtisodiyotining bir muncha salbiy oqibatlari mavjudki, u tartibga solib borishga muxtojdir.
Bunday holat davlat iqtisodiyoti zarurligini taqozo etadi. Iqtisodiyotning shunday qismlari mavjudki, bu davlat tomonidangina amalga oshirilishi va kutilgan samara berishi mumkin. Bunday zaruriyat sof ijtimoiy iste’mol bilan bog‘langan mudofaa, harbiy xavfsizlikni ta’minlash, davlatni boshqarish, ekologiya, ichki tartib o‘rnatish, obodonchilik, milliy iqtisodiyotni himoyalash, iqtisodiy istiqbol, bozor iqtisodiyotini ijtimoiy tartiblashtirish, aholini ijtimoiy himoyalash kabi iqtisodiy mavjudki, bularni bozor mexanizmlari tufayli, talab va taklif, raqobat, erkin baho asosida tashkil etib, boshqarib bo‘lmaydi.
Davlat iqtisodiyoti bozor iqtisodiyotini to‘ldiradi. U bozor iqtisodiyotiga yordamlashadi, uni tartibga keltiradi, iqtisodiy-ijtimoiy yo’nalish beradi. Davlat iqtisodiyoti bozor iqtisodiyoti bilan birga iqtisodiy turlilikni ta’minlagan xolda jamiyatning yagona iqtisodiy holatini ta’minlaydi.
Davlat iqtisodiyotini ikki qismga bo‘lish mumkin:
tijoriy biznes mazmunidagi faoliyat;
haqiqiy davlat mazmunidagi iqtisodiy faoliyat.
Birinchisi, davlatning bozor sub’ekti sifatidagi faoliyati bo‘lsa, ikkinchisi uning zaruriyati bilan bog‘langan tub mazmunli davlat asosidagi faoliyatidan iboratdir. Sof davlat iqtisodiyoti markazlashgan, oldindan belgilangan, reja asosida va aniqlangan baholar ta’siri ostidagi harakatdan iboratdir.
Tijoratli tarmoqlar, korxonalar xususiy bozordan qolgan, ko‘p xarajat talab etuvchi, boshqarilishi qiyin bo‘lgan, past samarali, balansli usulni talab etadigan, taraqqiyot iziga solish zarur bo‘lganlardan iborat bo‘ladi. Bundan tashqari kontrakt bozor, tashqi savdo ham mavjuddir.
Sof davlat iqtisodiyoti umumiqtisodiy funksiyalarni o‘z ichiga oladi. Bular iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiyotni ijtimoiy yonaltirish, iqtisodiyotni ijtimoiy tartiblashtirish, milliy iqtisodiyotni himoyalash, daromadni qayta taqsimlash, pul muomalasini ta’minlashlardan iboratdir.
Bu vazifalar albatta bozor iqtisodiyotiga aralashuv, tartiblashtirish, rag‘batlantirish kabilar bilan bog‘liqdir. Davlat faoliyatida bu sohada ikki usul qo‘llaniladi. Birinchisi, ma’muriy-huquqiy usullarni o‘z ichiga olsa, ikkinchisi iqtisodiy mexanizmlardan foydalanishdir.
Davlatning bozor iqtisodiyotiga aralashuvi, uning tartibga solish jarayoni katta ixtiyotkorlikni talab etadi. Bunda ma’muriy va iqtisodiy usullarni qo‘llashda chegarani bilishlik katta ahamiyat kasb etadi. Buning bir necha asosiy talablari mavjuddir.
Birinchidan, bozor mexanizmlari bog‘liqligiga ta’sir etish va ularning tuzilishiga olib keluvchi har qanday harakat zararlidir. Bunga aslo yol qo‘yib bo‘lmaydi. Aytaylik, direktiv mazmundagi harakat to‘g‘ri kelmaydi. Majburiy rejalashtirish va tovarlarni sun’iy taqsimlash, baholar ustidan ma’muriy nazorat olib borish kabilar direktiv mazmunidagi harakat qatoriga kirib, bular bozor mexanizmlarini ishdan chiqaradi.
Ikkinchidan, bozor iqtisodiyoti o‘zini-o‘zi tartibga solish mexanizmlariga ega bo‘lganligi uchun iqtisodiy usullarni qo‘llash ko‘proq qo‘l keladi. Lekin bu zaruriy vaqtlarda ma’muriy usularning qo‘llanishini inkor etmaydi, hatto taqozo etadi. Umuman olganda, bozor iqtisodiyotini tartibga solishda ma’muriy va iqtisodiy usullarni bir-biridan ajratish qiyin, ular birga qo‘llanilishi va bir-birini to‘ldirishi zarur.
Uchinchidan, iqtisodiy usullar qanchalik ma’qul bo‘lmasin, ulardan juda ehtiyotkorlik bilan foydalanish zarur. Agarda soliq, kredit – pul, byudjet – pul usullarini oladigan bo‘lsak, bular ham eski majburiy rejalashtirishdan kam emas, bilmay qo‘llanilsa bular ham katta zarar keltirishi mumikn.
To‘rtinchidan, iqtisodiy usullarning hammasi ham kam-ko‘stsiz emas, ular ichida ijobiy bilan birga salbiy usular ham bor. Masalan, davlat qimmat yangi texnologiyani kiritdi deylik. Dastlab uning foydali tijoriy tomonlari bo‘lmasligi mumkin. Bu texnologiya ishsizlikni ko‘paytirishi, ijtimoiy muammoni kuchaytirishga olib kelishdan yiroq emas, yoki inflyatsiyaga qarshi pul siyosati bank foizining o‘sishiga olib kelishi kabi hodisalar salbiy mazmunga egadir.
Bozor bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday harakat, davlat chora-tadbiri juda o‘ylanilgan, ko‘p chamalangan va barcha oqibatlarini e’tiborga olgan tavsifda bo‘lishni talab etadi. Chunki bozor ishtirokchilari, ayniqsa tadbirkorlar faoliyatiga, aralashuv juda nozik narsa bo‘lib, bundagi xatolik juda qimmatga tushishi mumkin. Chunki u ortiqcha xarajatlar, buzilishlar bilan bog‘liq bo‘lib, qo‘rquvlik, ishonchsizlik tug‘iladi. Bu albatta bozorning shakllanishiga katta zararlar keltirib, bu jarayonni orqaga suradi. Pirovardida bozorga o‘tish qimmatlashadi, cho‘ziladi, natijada buning hammasi aholining iqtisodiy axvoliga o‘zining salbiy oqibatlarini kuchaytiradi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, bozor davlatning tartibga solish faoliyatini chegaralaydi, juda noziklik bilan ish tutishni talab etadi. Hech qachon bozor iqtisodiyoti imkoniyatlari to‘la ishga solingan deb bo‘lmaydi. Bu sohada bitta ham ideal davlat bor, deyish qiyin. Lekin bu sohadagi eng muhim xulosa shuki, davlat faoliyati bilan bozor iqtisodiyoti o‘rtasida muvozanat mavjudligi muhim taqdiriy talabdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |