Bozor iqtisodiyoti modellari
Reja:
1.Bozor iqtisodiyoti
2.Bozor iqtisodiyoti modellari
3.Bozor iqtisodiyotiga o’tishning 5 tamoyili
Bozor iqtisodiyoti bu erkin raqobatga asoslangan iqtisodiyot boʻlib resurslarga xususiy mulkchilik, iqtisodiy faoliyatda va tadbirkorlikda erkinlik, iqtisodiy jarayonlarni tartiblashda va uygʻunlashtirishda bozor mexanizmidan foydalanish bilan tavsiflanadi.
Bozor iqtisodiyoti — tovar-pul munosabatlariga asoslangan, turli mulkchilikka hamda iqtisodiy erkinlikka tayangan va raqobat vositasida boshqarilib turuvchi demokratik iqtisodiyot. Bozor iqtisodiyoti insoniyat taraqqiyotida mavjud boʻlgan eng progressiv va istiqbolli tizimdir. Bozor iqtisodiyoti ning asosini tovar ishlab chiqarish tashkil etadi, chunki bu yerda natural xoʻjalik emas, balki tovar xoʻjaligi hukmron boʻladi. Bozor iqtisodiyoti iqtisodiy liberalizm, yaʼni erkinlik, mulkiy erkinlik va xoʻjalik yuritish erkinligiga asoslanadi. Bozor iqtisodiyoti da yakka tartibda, oʻz mulki va mablagʻiga tayangan holda, korporativ, sherikchilik asosida yer, bino, inshootlar, mashinalarni ijaraga olish, pulni qarzga koʻtarib ish yuritish usullari mavjud boʻladi. Bozor iqtisodiyoti ning tayanchi tadbirkorlik boʻlib, u tovar va xizmatlarni bozorga yetkazib berish asosida foyda topishga qaratiladi. Tadbirkorlar maxsus toifani tashkil etadi va odatda, iqtisodiy faol aholining 7—10% ni tashkil etadi. Bozordagi narx talabdan kelib chiqqan holda talab — taklif nisbati asosida shakllanadi. Bozor iqtisodiyoti ga xos yana bir belgi — bu daromadlarda adolatli tengsizlikning boʻlishidir.
Bozor iqtisodiyoti modellari:
1.Aralash iqtisodiyot;
2.Ijtimoiy bozor xo’jaligi;
3.korporotiv iqtisodiyot
Aralash iqtisodiyot modeli — bozor iqtisodiyotining yuksak mehnat unumi, neʼmatlar toʻkinchiligini taʼminlaydigan, eng mukammal texnologiya va yuqori malakali ish kuchiga ega boʻlgan turi. Bu modelda mulkiy xilma-xillik mavjud boʻladi, davlat va nodavlat mulki, iqtisodiyotning davlat va nodavlat sektorlari taraqqiy etadi. Yirik, oʻrta va kichik biznes muvozanatli holatda rivojlanadi. Bozor munosabatlari bilan birgalikda nobozor munosabatlari ham mavjud boʻladi. Bu esa sahovat va xayr-ehson ishlarining keng rivojlanishiga zamin yaratadi. Aralash iqtisodiyot modeli AQSH, Angliya, Fransiyada mavjud.
Ijtimoiy bozor xoʻjaligi modeli — yuksak texnologiyaga va inson omilining kuchiga tayanib yuqori mehnat unumdorligini, umuman, bozorning toʻkin boʻlishini taʼminlaydi. Ishlab chiqarish bozor talablariga javoban ish olib boradi, davlatning iqtisodiyotga aralashuvi minimal darajada saqlanib qoladi, iqtisodiyot bozor kuchlari taʼsirida tartiblanadi va toʻla erkinlashgan boʻladi. Mazkur model "iqtisodiy tartib" modeli hisoblanadi. Bozordagi faoliyat tartib-qoidalarini qonunlar belgilaydi, iqtisodiyot bozor mexanizmiga buysunadi, davlat iqtisodiyotning oliy xakami sifatida faoliyat koʻrsatadi, lekin oʻzi bu jarayonda qatnashmaydi. Bu modelda iqtisodiyotning davlat sektoridan koʻra xususiy sektoriga koʻproq eʼtibor beriladi. Iqtisodiyotning ijtimoiy yoʻnalishini bozorning oʻzi belgilaydi. Har bir iqtisodiyot subʼyekti bozor qoidasiga koʻra ishlab topgan daromadini oladi, davlat daromadlarning taqsimlanishiga kamdankam aralashadin . Ijtimoiy bozor xujaligi modeli Germaniya, Shvesiya va boshqa mamlakatlarda mavjud.
Korporativ iqtisodiyot modeli — korporativ manfaatlar va korporativ hamjihatlikka asoslangan bozor iqtisodiyoti boʻlib, ilgʻor texnologiya, yetuk ish kuchidan foydalanib mehnat unumdorligi va aholi jon boshiga mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytiradi. Asosiy eʼtibor korporativ-guruhiy manfaatlarga qaratiladi. Korporatsiyalar aksiyador jamiyatlar tarzidagi turli sanoat, savdo, transport, qurilish sohasidagi birlashmalarga aylanadi, ularning baʼzilari hatto transmilliy korporatsiyalar darajasigacha oʻsib, xalqaro ahamiyat kasb etadi. Korporatsiyalar ishlab chiqarishning asosiy sohalarini qamrab oladi, ularning xorijiy shoxobchalari ham koʻpayib boradi. Korporativ iqtisodiyot modelida korporatsiya manfaatlari birinchi oʻringa qoʻyiladi, individual manfaatlarga faqat korporatsiya doirasida erishiladi va shu doirada ilmiy tadqiqot texnik loyiha ishlari ham olib boriladi. Korporatsiya xodimlar uchun yuksak turmush darajasini kafolatlaydi, xodimlar esa bunga javoban ishlab chiqarish samaradorligining yuqori boʻlishini taʼminlaydilar. Korporatsiya xodimlarning oila aʼzolarini ham ish bilan taʼminlashni, qarilikda yaxshi pensiya va bir yoʻla katta summada mukofotlar berishni zimmasiga oladi. Bunday chora-tadbirlar ijtimoiy hamjihatlikni taʼminlab, ish tashlash va boshqa noroziliklarga oʻrin qoldirmaydi. Bozor iqtisodiyotining korporativ modelida iqtisodiyotning korporativ sektori xalq xoʻjaligining tayanchi hisoblanadi. Korporativ modelda ham kichik biznes mavjud, ammo uning mustaqilligi juda chegaralanadi, u deyarli korporatsiya izmida boʻladi, uning buyurtmalarini bajaradi. Korporativ iqtisodiyot ustuvor boʻlgan mamlakatlarga Yaponiya misol boʻla oladi.
Bozor iqtisodiyotiga o’tishning tamoyillari quyidagilar;
Davlat bosh islohotchi bo'lishligi tamoyili;
Bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o'tish tamoyili;
Qonun ustuvorligi hamma uchun tengligi tamoyili;
Kuchli ijtimoiy siyosat tamoyili;
Doimiy rivojlanib va boyib boruvchi ta'limot;
Do'stlaringiz bilan baham: |