1- ma’ruza mashg‘uloti
Milliy iqtisodiyotning qaror topishi va uning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari.
Yalpi ichki mahsulotning mazmuni, tarkibiy qismlari va harakat shakllari.
Yalpi ichki mahsulotni hisoblash usullari.
Mazkur bobdan boshlab iqtisodiy munosabatlar makroiqtisodiy darajada tahlil qilinadi. Dastlab milliy iqtisodiyot va uning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlariga tavsif beriladi. Milliy ishlab chiqarishning natijasi hisoblangan ijtimoiy mahsulot, yalpi ichki mahsulot, ularning harakat shakllari va tarkibiy qismlarining iqtisodiy mazmuni yoritiladi. Milliy hisoblar tizimi hamda uning asosiy ko‘rsatkichlarini hisoblash usullari bayon etiladi.
Hammaga ma’lumki, o‘tmishda O‘zbekiston iqtisodiyoti sobiq sovet ittifoqi iqtisodiyotining tarkibiy qismi hisoblanib, uni mustaqil milliy iqtisodiyot deb bo‘lmas edi. Bizga bir yoqlama rivojlangan paxta yakkahokimligiga, xom ashyo ishlab chiqarishga va boy mineral xom ashyo resurslaridan nazoratsiz, ayovsiz foydalanish asosiga qurilgan, yonilg‘i, g‘alla va boshqa ko‘pgina ishlab chiqarish vositalari, iste’mol tovarlarining ta’minlanishi bo‘yicha markazga qaram bo‘lgan iqtisodiyot meros bo‘lib qolgan edi. Mamlakatimiz Prezidenti I.A.Karimov qisqa qilib aytganlaridek, «O‘zbekiston bir yoqlama iqtisodiyotga – markazga butunlay qaram, izdan chiqqan iqtisodiyotga ega bo‘lgan»1 mamlakat edi.
1991 yil sentyabridan buyon o‘tgan qisqa davr mobaynida iqtisodiy mustaqillikni qo‘lga kiritib, mamlakatimiz hududidagi barcha tabiiy, mineral xom ashyo boyliklardan, butun iqtisodiy resurslar va quvvatlardan o‘z xalqimiz va uning kelajagi manfaatlari yo‘lida foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldik.35
Yangi energetika, mashinasozlik va boshqa sanoat tarmoqlarining vujudga kelishi, ko‘plab yirik inshootlar, korxonalar, zavod va fabrikalar qurilganligi, yonilg‘i va g‘alla mustaqilligiga erishilganligi iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar, izchil o‘sish sur’atlari milliy mustaqil iqtisodiyotni mustahkamlash sari harakat natijalaridir.
Shunday qilib, O‘zbekistonda bozor munosabatlariga asoslangan yangi, mustaqil rivojlanayotgan, o‘z xalqi, millati manfaatlariga xizmat qiladigan milliy iqtisodiyot shakllanib bormoqda.
Milliy iqtisodiyot ko‘plab o‘zaro bog‘liq iqtisodiy unsurlardan iborat bo‘lgan murakkab iqtisodiy tizimni namoyon etadi. Mazkur unsurlar o‘rtasidagi amalda tarkib topgan munosabatlarning butun majmui iqtisodiyotning tarkibiy tuzilmasini tavsiflab beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |