Xulosalar: Bozor va bozor iqtisodiyoti tovar va pul munosabatlarining rivoji natijasida vujudga keladi.
Bozor munosabatlarining sub’ektlari bir-biri bilan bog‘liq va o‘zaro aloqada bandlik, milliy daromad va ishlab chiqarishning umumiy hajmi kabi ijtimoiy ishlab chikarish natijalarini aks ettiradigan va doimiy harakatda bo‘ladigan daromadlar va harajatlar oqimini shakllantiradi.
Bozor munosabatlarining har bir ishtirokchisi o‘z maksad va manfaatlaridan kelib chiqib mustaqil qaror qabul qiladi. Aynan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning iqtisodiy erkinligi va mustaqilligi bozor ko‘rinishidagi iqtisodiy munosabatlarni vujudga keltiradi hamda o‘z rivojlanishining tabiiy-evolyusion, dinamik xususiyatini belgilab beradi.
Bozor iqtisodiyoti – murakkab ijtimoiy-iqtisodiy tizim bo‘lib, birlashgan, o‘zaro bog‘langan va birgalikda harakatlanadigan bir qancha tarkibiy elementlarni o‘z ichiga oladi.
Bozor iqtisodiyotining normal amal qilishi uchun uning infratuzilmasi shakllantiriladi. Bozor infratuzilmasi – bu bozor munosabatlariga ko‘mak berishga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy institutlar tizimidir.
Bozor iktisodiyoti tizimining afzalligiga qaramay, Shunday muammolar borki, ularni bozor yordamida hal etish mumkin emas yoki ehtimoli kam. Ana Shunday muammolarni hal etish uchun davlat ularni o‘z zimmasiga olishi kerak yoki bo‘lmasa mavjud muammolarni hal etilishi uchun shart-sharoit yaratib berishi kerak.
Asosiy tayanch tushunchalar: Bozor iqtisodiyoti – tovar ishlab chiqarish, ayirboshlash va pul muomalasi qonun – qoidalari asosida tashkil etiladigan va boshqariladigan iqtisodiy tizimdir.
Bozor mexanizmi – bozor iqtisodiyotining faoliyat qilishini tartibga solishni va iqtisodiy jarayonlarni uyg‘unlashtirishni ta’minlaydigan dastak va vositalardir.
Bozor – ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar (sotuvchilar va xaridorlar) o‘rtasida pul orqali ayirboshlash jarayonida bo‘ladigan munosabatlar yig‘indisidir.
Bozor ob’ekti – bozorga, ayirboshlash munosabatlariga jalb qilingan iktisodiy faoliyatning natijalari va iqtisodiy resurslar, tovar, pul va unga tenglashtirilgan moliyaviy aktivlardir.
Bozor sub’ekti – bozorning, ayirboshlash munosabatlarining qatnashchilaridir.
Bozor infratuzilmasi – ayirboshlash munosabatlariga xizmat qiluvchi muassasaviy tuzilmalardir.