Xulosalar:
1. Mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanishi ko‘p omilli va ziddiyatli jarayon hisoblanib, u asosan iqtisodiy o‘sishda namoyon bo‘ladi. Iqtisodiy o‘sish bevosita yalpi ichki mahsulot miqdorining mutloq va aholi jon boshiga hamda iqtisodiy resurs xarajatlari birligi hisobiga ko‘payishi hamda sifatining yaxshilanishida va tarkibining takomillaShuvida ifodalanadi.
2. Iqtisodiy o‘sish sur’atining ahamiyatini iqtisodchilar tomonidan qo‘llaniluvchi «70 qoidasi» yordamida ham ochib berish mumkin. Bu qoidaga ko‘ra, milliy iqtisodiyotda ishlab chiqarilayotgan YAIM hajmini 2 baravarga oshirishda qancha vaqt talab etilishini aniqlash uchun 70 sonini yillik o‘sish sur’atiga bo‘lish kerak bo‘ladi.
3. Iqtisodiy o‘sishning ekstensiv va intensiv turlari mavjud. Ishlab chiqarishning avvalgi texnikaviy asosi saqlanib qolgan holda ishlab chiqarish omillari miqdorining ko‘payishi orqali o‘sish ekstensiv iqtisodiy o‘sish deyiladi. Ishlab chiqarish omillarini sifat jihatidan takomillashtirish, yanada ilg‘or ishlab chiqarish vositalarini va yangi texnikani qo‘llash, ishchi kuchi malakasini oshirish, Shuningdek mavjud ishlab chiqarish potensialidan yaxshiroq foydalanish yo‘li bilan mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish intensiv iqtisodiy o‘sish deyiladi.
4. Iqtisodiy o‘sishga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni shartli ravishda ikki guruhga ajratish mumkin: taklif omillari va taqsimlash omillari. Taklif omillariga tabiiy resurslarning miqdori va sifati; mehnat resurslari miqdori va sifati; asosiy kapital (asosiy fondlar) ning hajmi; texnologiya va fan-texnika taraqqiyotini kiritish mumkin. Resurslarning o‘sib boruvchi hajmidan real foydalanish va ularni kerakli mahsulotning mutloq miqdorini oladigan qilib taqsimlashga xizmat qiluvchi omillar taqsimlash omillari deyiladi.
5. Iqtisodchi olimlarning iqtisodiy o‘sish omillarini o‘rganish hamda uning kelgusidagi natijalarini bashorat qilish borasidagi tadqiqotlari pirovardida turli iqtisodiy o‘sish modellarining yaratilishiga olib keldi. Bu modellar o‘z mazmuniga ko‘ra bir-birlaridan farqlansada, ularning asosida ikkita nazariya – makroiqtisodiy muvozanatning keynscha (keyinchalik neokeynscha) nazariyasi hamda ishlab chiqarishning klassik (keyinchalik neoklassik) nazariyasi yotadi.
6. Milliy boylik insoniyat jamiyati taraqqiyoti davomida ajdodlar tomonidan yaratilgan va avlodlar tomonidan jamg‘arilgan moddiy, nomoddiy va intellektual hamda tabiiy boyliklardan iboratdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |