- aholining uy, tomorqa va yordamchi xo‘jaligida jamg‘arilgan mol-mulk. Bunga uy-joy, avtomobil, madaniy-maishiy buyumlar, kiyim-kechaklar va Shu kabilarning qiymati kiradi.
Moddiy-buyumlashgan boylik tarkibiy qismlarining mazmuni va ularning salmog‘i o‘zgarishsiz qolmaydi. Asosan fan-texnika taraqqiyoti sharoitida moddiy, buyumlashgan boylik tarkibida yirik o‘zgarishlar ro‘y beradi. Sanoat tarmoqlarining asosiy kapitali tez ko‘payadi va yangilanadi, noishlab chiqarish sohasining asosiy kapitali tarkibida ilmiy, o‘quv, sog‘liqni saqlash muassasalarining ulushi tobora ko‘proq hissasini egallaydi. Tabiiy resurslarni iqtisodiy faoliyatga jalb qilish sur’atlari o‘sib boradi.
Moddiy-buyumlashgan boylik o‘sishining asosiy omillari sifatida quyidagilarni ajratib ko‘rsatish mumkin:
mehnat unumdorligining o‘sishi;
ishlab chiqarish samaradorligining ortishi;
milliy daromadda jamg‘arish normasining ortishi.
Moddiy-buyumlashgan boylik ishlab chiqarishning natijasi va shart-sharoiti hisoblanadi. Buning ma’nosi Shuki, bir tomondan mahsulotdan milliy boylik tomon harakatda boylikning iste’mol qilingan qismining qoplanishi va uning ko‘payishi ro‘y beradi. Boshqa tomondan milliy boylik ishlab chiqarishning moddiy shart-sharoiti, uning moddiy-texnikaviy asosi hisoblanadi. Bunda ishlab chiqarishning o‘sish sur’ati va miqyosi milliy boylikdan foydalanish xususiyatiga bog‘liq bo‘ladi.
Milliy boylikning boshqa qismi tabiiy boyliklar ishlab chiqarishning omili bo‘lib ishtirok etadi, uning shart-sharoitini va inson faoliyatining tashqi muhitini tashkil qiladi. Tabiiy boylikning asosi tabiat mahsuli bo‘lib, uning vujudga kelishi tabiat qonunlari asosida ro‘y bersada, ulardan foydalanish jamiyat rivojiga ham bog‘liq bo‘ladi. Foydali qazilma boyliklar, o‘rmonlar, suv va er resurslari tabiatan mavjud bo‘lsada, ishlab chiqarishda faol qatnashadi.
Tabiat in’omlari o‘zlarining dastlabki ko‘rinishida tabiiy boylik bo‘lib, Shu holatida inson faoliyatining natijasi hisoblangan ijtimoiy boylik tarkibiga kirmaydi. Buning ma’nosi Shuki, tabiiy boyliklar jamiyat uchun faqatgina potensial boylik hisoblanadi. Ular inson mehnatining ta’siri oqibatida real boylikka aylanadi.
Milliy boylik nafaqat moddiy ishlab chiqarish sohalarida yaratiladi. Uning bir qismi nomoddiy ishlab chiqarish sohalarida vujudga keltiriladi va jamiyatning nomoddiy boyligi hisoblanadi. Nomoddiy sohalarda ashyoviy-buyum shakl bilan bog‘liq bo‘lmagan alohida turdagi iste’mol qiymatlar hosil qilinadi. Ular ham moddiy ishlab chiqarish sohalarining faoliyat qilishi va rivojlanishi uchun, Shuningdek bevosita aholining turmush darajasini ta’minlash va oshirib borish uchun zarur bo‘ladi. Bunday boyliklarga ta’lim, sog‘likni saqlash, fan, madaniyat, san’at, sport sohalarida vujudga keltiriladigan nomoddiy qimmatliklar kiradi. Uning tarkibida tarixiy yodgorliklar, arxitektura obidalari, noyob adabiyot va san’at asarlari alohida o‘rin tutadi.
Jamiyatning nomoddiy boyliklarida madaniyat va san’atning rivojlanish darajasi, jamiyat a’zolarining to‘plagan ilmiy bilimlari va intellektual darajasi, ishlovchilarning ixtisosligi va malakaviy bilim darajasi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va sportning rivojlanish darajasi o‘z ifodasini topadi.
Moddiy-buyumlashgan boylikning o‘sishi jamiyat moddiy qimmatliklari ko‘payishining asosi hisoblanadi. Agar fan-texnika taraqqiyoti Yuqori sur’atlar bilan rivojlansa madaniyat, san’at, fan kabi nomoddiy sohalar ham o‘sib va takomillashib boradi.
Shunday qilib, milliy boylik moddiy buyumlashgan va tabiiy boyliklardan ancha keng tushuncha bo‘lib, o‘z tarkibiga jamiyatning nomoddiy tavsifdagi qimmatliklarini ham oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |