Ish davri — ishlab chiqarish vaqtining asosiy tarkibiy qismidir. Bu vaqt davomida mahsulot mehnatning bevosita ta’siri ostida bo‘ladi. Ish davrining uzunligi ishlab chiqariladigan mahsulot xususiyatiga, qo‘llaniladigan mehnatning miqdori va uning unumdorligi darajasiga bog‘liqdir.
Tanaffuslarni ikki sabab: tabiiy jarayonlarning mehnat buyumlariga ta’sir ko‘rsatish zarurligi va tashkiliy tavsifdagi sabablar taqozo etadi. Birinchi holda, mehnat buyumlari u yoki bu darajada uzoq davom etadigan jismoniy, kimyoviy va biologik jarayonlarning ta’siri ostida bo‘ladi. Buning natijasida muauyan foydali samaraga erishiladi yoki iste’mol qiymatlarining shakli o‘zgaradi. Bunda mehnat jarayoni qisman yoki to‘liq to‘xtaydi, ishlab chiqarish jarayoni esa davom etadi. Tashkiliy sabablarga ko‘ra tanaffuslar vaqti korxonalarning ish rejimi bilan, Shuningdek ishlab chiqarishni tashkil kilish xususiyatlari bilan belgilanadi.
Ishlab chiqarish vositalarning zahira va ehtiyotlar sifatida bo‘lish vaqti - bu ularning ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan davrdir. Tez quritadigan, tez achitadigan, umuman texnologik jarayonlarni tezlashtiradigan yangi texnika va texnologiyalarning qo‘llanilishi tanaffus davrining va binobarin ishlab chiqarish vaqtining qisqarishiga olib keladi. Transport shaxobchalarini rivojlantirish, xo‘jalik aloqalarining samarali tizimini belgilash, ishlab chiqarish vositalari bozorini shakllantirish, ehtiyojlarni puxta hisobga olish, muomala vaqtini qisqartirish uchun muhim ahamiyatga ega.
Kapitalning aylanish tezligi ulardan foydalanish samaradorligiga jiddiy ta’sir qiladi. Aylanish tezligi muauyan davr ichida (A) qilingan aylanishlar soni (n) yoki bir aylanishning uzun-qisqaligi (a) bilan belgilanadi: n=A/a; a=A/n.
Agar kapital aylanish uzunligi uch oyni (90 kunni) tashkil etsa, u vaqtda n=12/3=4; a=360/4=90 kun bo‘ladi.
Turli sohalarda kapitalning aylanish vaqti ularning ishlab chiqarish va muomaladagi sharoitiga qarab turlicha bo‘ladi. Masalan, engil sanoatda band bo‘lgan kapitalning aylanish vaqti, kemasozlik va mashinasozlik sanoatlaridagi kapitalning aylanishiga nisbatan qisqa bo‘ladi.
Avanslangan qiymatning aylanish tezligi ko‘pgina omillarga bog‘liq. Bulardan eng muhimlari: unumli kapitalning qanday nisbatda asosiy va aylanma kapitalga bo‘linishidir. Shu sababli asosiy va aylanma kapital tushunchalari iqtisodiy mazmunini qarab chiqamiz.
Tadbirkorlik kapitali tarkibida asosiy kapital belgilovchi rol o‘ynaydi. Uning miqdor va sifat jihatdan o‘sishi, takomillashib borishi ishlab chiqarishning yuksak texnika darajasini ta’minlaydi va Shu asosda samaradorligini o‘stiradi.
Asosiy kapitalning miqdor jihatdan o‘sishi unga qo‘yiladigan investitsiyalar hajmiga, sifat jihatdan takomillashishi esa investitsiyalarning tarkibiga bog‘liq bo‘ladi. 2004 yil respublikada asosiy kapitalga qo‘yilgan investitsiyalar hajmi 2473,2 mlrd. so‘mni tashkil qilib, uning 1586,1 mlrd. so‘mi yoki 64,1 foizi ishlab chiqarish ob’ektlarini qurish, kengaytirish, rekonstruksiya qilish va texnikaviy qurollantirish ishlariga sarflangan1. Ta’minlanish manbalari bo‘yicha asosiy kapitalga qo‘yilgan investitsiyalar tarkibi quyidagi ma’lumotlar orqali ifodalanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |