O’zDSMI “Xalq ijodiyoti” fakulteti 3-IMF Boymatova Nilufarning Madaniy-ma’rifiy muassasalarida targ‘ibot- tashviqot ishlari fanidan yakuniy nazorat ishi
8- variant
О‘zbekistonda madaniyat va san’at boshqaruvining rivojlanishi.
Internet maydonida ma’naviy tahdidlar va ularga qarshi kurash usullari Internet maydonida ma’naviy tahdidlar va ularga qarshi kurash usullari
Shaxs qadri va qadrsizlanish tushunchalari ma’nosini izohlab bering.
1. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, jahon miqyosidagi ilg‘or tajribalar asosida zamonaviy madaniyat va san’at muassasalari barpo etish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ijodkor ziyolilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga davlatimiz tomonidan ustuvor ahamiyat qaratib kelinmoqda.
Aholi, xususan, yoshlarning madaniy saviyasini yuksaltirish, ularni milliy va umumbashariy madaniyatning eng yaxshi namunalaridan bahramand etish, shu asosda ma’naviy yetuk, barkamol shaxslarni tarbiyalash, yosh iste’dod egalarining qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, madaniyat va san’at sohasini boshqarishda eskicha usullar saqlanib qolayotgani, mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha kompleks yondashuvning yetishmasligi, madaniyat muassasalarining faoliyatini tashkil etish, aholiga madaniy xizmat ko‘rsatishda oqsoqlikka yo‘l qo‘yilayotgani, aksariyat joylarda madaniyat va san’at maskanlarining moddiy-texnik bazasi bugungi kun talablariga javob bermasligini qayd etish zarur. Ayniqsa, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashda mavjud talab va ehtiyojlarni hisobga olmaslik, ularni qayta tayyorlash, malakasini oshirish borasida puxta tizim yaratilmagani madaniyat sohasida yagona davlat siyosatini samarali amalga oshirish, bu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalarni to‘liq bajarish imkonini bermayapti.
Mamlakatimizni yangilash va modernizatsiya qilishning bugungi yangi bosqichida madaniyat va san’atning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish, yosh avlodimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ona yurtga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasida madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Dasturning asosiy yo‘nalishlari etib belgilangan quyidagi vazifalar ijro uchun qabul qilinsin:
madaniyat va san’at muassasalari faoliyatini tashkil etish va samaradorligini oshirish borasidagi qonunchilikni takomillashtirish. Jumladan, muzeylar va teatrlar faoliyatini takomillashtirish hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish. Moddiy madaniy meros va arxeologiya obyektlarini muhofaza qilish va ulardan samarali foydalanish mexanizmlarini yanada takomillashtirish;
madaniyat va san’at muassasalari, teatrlar, muzeylar, badiiy jamoalar, madaniyat va aholi dam olish maskanlari, madaniyat va istirohat bog‘lari faoliyati, moddiy-texnik bazasi holatini atroflicha o‘rganish, ularni ta’mirlash va zarur jihozlar, musiqa asboblari bilan ta’minlash, samarali ijodiy faoliyat uchun qulay shart-sharoitlar yaratish. O‘zbek milliy raqs va xoreografiya san’atini yanada rivojlantirish, madaniyat va san’at rivojiga katta hissa qo‘shgan taniqli san’atkorlar, jahon miqyosidagi nufuzli ko‘rik-tanlovlarda yuqori o‘rinlarni egallagan yoshlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash;
yoshlarni san’at maskanlariga, xususan, teatr va muzeylar, konsert tomoshalariga muntazam jalb etish, o‘zbek va jahon madaniyatining eng sara namunalaridan bahramand etish orqali ularning ma’naviy-axloqiy, estetik didi va madaniy darajasini yanada yuksaltirish. Madaniyat va istirohat bog‘lari hududida “Nuroniylar maskan”larini tashkil etib, faxriylarning madaniy dam olishlari uchun zarur sharoitlar yaratish;
“Seni kuylaymiz, zamondosh!”, “Debyut” kabi teatr san’ati ko‘rik-festivallari samaradorligini oshirish orqali buyuk siymolar, zamonamiz qahramonlari obrazi, bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini aks ettirgan, badiiy yuksak sahna asarlarini yaratish. “Bahor nafasi” xalqaro san’at festivali, “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali, “Yoshlik bahori” respublika yosh opera ijrochilari festivali singari tadbirlar, turli xalq sayllarini tashkil etib, ularga xorijiy sayyohlarni keng jalb etish;
madaniyat va san’at yo‘nalishidagi ta’lim muassasalarining malakali kadrlar va mutaxassislarga bo‘lgan talab va ehtiyojlarini o‘rganish, bu borada kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning samarali tizimini yaratish, zamonaviy ilg‘or tajribalardan foydalanish, dunyoning mashhur musiqachilari, bastakorlari ishtirokida ijodiy uchrashuvlar, mahorat darslari tashkil etish, madaniyat va san’at yo‘nalishidagi ta’lim muassasalarini o‘quv dasturlari va notalar, o‘quv qo‘llanma va darsliklar, ilmiy-metodik adabiyotlar bilan ta’minlash;
O‘zbekistonning yuksak madaniyati va san’atini xalqaro maydonda yanada keng targ‘ib etish, xalqaro ko‘rik-tanlov va festivallarda mamlakatimiz vakillarining ishtirokini kuchaytirish, Samarqand shahrida o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali nufuzini yanada oshirish, boshqa turli tadbirlarda chet ellik madaniyat va san’at namoyandalari keng qatnashishlarini ta’minlash, xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va ulardan samarali foydalanish.
2. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi 2017-yilning 1-oktabriga qadar:
muzeylar va teatrlar faoliyatini takomillashtirish hamda ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash kompleks chora-tadbirlarini;
yoshlarni teatr va muzeylarga, konsert-tomosha tadbirlariga tizimli ravishda jalb etish orqali ularning ma’naviy-axloqiy, estetik va madaniy darajasini yanada yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturini;
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda mamlakatimizdagi konsert-tomosha va teatr muassasalarining ijodiy xodimlari uchun grim va postijyor mahsulotlari, oyoq kiyimlar, maxsus liboslar, jumladan, balet san’ati uchun liboslar, yuksak darajada ishlangan sahna dekoratsiyalari va konstruksiyalari, parda va sahna liboslarini tayyorlashga ixtisoslashgan qo‘shma korxona tashkil etish yuzasidan takliflarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Madaniyat vazirligi va Toshkent shahri hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda Toshkent shahri, Buxoro ko‘chasi, 10-uyda joylashgan binoni “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tasarrufiga o‘tkazish va ushbu binoda jahon andozalariga to‘liq mos keladigan, akademik jamoalarning badiiy dasturlari namoyish etiladigan, jonli ijroga mo‘ljallangan zamonaviy konsert zalini barpo etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Moliya vazirligi 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat konservatoriyasida madaniyat va san’at yo‘nalishidagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari, shuningdek, maktabdan tashqari ta’lim muassasalari uchun malakali musiqa pedagoglarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga ixtisoslashtirilgan fakultet tashkil etish yuzasidan zarur choralarni amalga oshirsin.
5. Quyidagilar Dasturni amalga oshirishni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturlari mablag‘lari;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamg‘armasi;
tijorat banklarining kredit mablag‘lari;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. O‘zbekiston Respublikasida madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Respublika komissiyasi (A.Aripov):
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va tegishli hududlarning hokimlari boshchiligida Dasturni amalga oshirish bo‘yicha bir hafta muddatda tegishli ishchi guruhlar tashkil etsin;
vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan har bir davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, viloyat, shahar, tumanlar bo‘yicha Dastur asosida ikki hafta muddatda hududiy dasturlar ishlab chiqilishini ta’minlasin, ularni tasdiqlasin hamda ularda nazarda tutilgan tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilishini muvofiqlashtirsin;
Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning bajarilishiga mas’ul bo‘lgan vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini tizimli asosda muvofiqlashtirib, belgilangan tadbirlarning to‘liq va sifatli bajarilishi ustidan monitoring olib borsin va nazorat qilsin.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
Dasturni amalga oshirish yuzasidan ikki hafta muddatda hududiy dasturlarni ishlab chiqib, Respublika komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritish;
Dasturni amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan mahalliy byudjet mablag‘larining rejalashtirilishi va to‘liq ajratilishi, homiylik xayriyalari jalb etilishini ta’minlash;
hududlarda madaniyat sohasida faoliyat yuritayotgan yuqori malakali xodimlar, jumladan, iqtidorli yosh mutaxassislar uchun munosib turar joy sharoitlarini yaratish maqsadida hududlar markazlarida imtiyozli ipoteka kreditlari asosida ko‘p qavatli xizmat uylarini qurish, shuningdek, yuqorida ko‘rsatilgan toifadagi mutaxassislar uchun uy-joylar ajratish;
madaniyat va istirohat bog‘larida aholi, ayniqsa, bolalar va yoshlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida mavjud attraksion va boshqa o‘yin qurilmalarining xavfsizlik qoidalariga muvofiqligini ta’minlash choralarini ko‘rsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 31-may
3. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida shunday yozgan edi: “Ayni paytda hayot haqiqati shuni ko‘rsatadiki, har qanday taraqqiyot mahsulidan ikki xil maqsadda – ezgulik va yovuzlik yo‘lida foydalanish mumkin”.
Ilgari insoniyat o‘zaro ziddiyatlarda qurol-yarog‘ning turli ko‘rinishlaridan foydalangan. To‘qnashuvlar hosilasi dushmanning yeri, moddiy boyliklarini qo‘lga kiritish bilan izohlanar edi. Urush xavfi hammaning ko‘ziga yaqqol ko‘rinib turgan sifatlarda namoyon bo‘lardi. Hozirgi zamondagi eng katta xavf insonlarning qalbi va ongini egallash uchun uzluksiz davom etayotgan mafkuraviy kurash tusini oldi. Endilikda yadro poligonlarida emas, mafkura maydonlarida bo‘layotgan kurashlar ko‘p narsani hal qiladi.
Ayni paytda g‘oyaviy-mafkuraviy kurashlar yer yuzini, barcha mintaqa va mamlakatlarni qamrab olmoqda. Bugun bu jarayonlardan biror kishi yoki mamlakat chetda qolmaydi. Ayniqsa, diniy ekstremizm, fundamentalizm va boshqa axloqsizlik g‘oyalarini kishilar ongiga singdirishdan iborat mafkuraviy-ma’naviy tajovuzlar mintaqaviy va umumbashariy muammo darajasiga chiqib, unga qarshi kurashning xalqaro institutsional tizimini shakllantirishni taqozo qilmoqda.
Xo‘sh, muammo qaysi jihatlarda ko‘rinadi?
“OMMAVIY MADANIYAT” TAHDIDI
“Ommaviy madaniyat” nima o‘zi? Uning jamiyatga va kelajakka foyda-ziyoni qaerda ko‘rinadi?
Kimdir buni shu kunning modasi, xiti yo keng iste’moldagi qaysidir narsasi ko‘rinishida qabul qilishi mumkin. Aytaylik, qizlar uchun miniyubka, tor va badanni yaqqol ko‘rsatuvchi futbolka, yigitlarga tizzaning yuqorisida turuvchi shorti va tananing yarmini ham yopmaydigan mayka bugunning modasi bo‘lib turibdi. Ayrim mutaassib ayollar esa boshdan-oyoq qop-qora libosga o‘ranib yurishni o‘zlariga ep ko‘rishadi. Yana qaysidir kishi yaktak-ishton, oqmi-ko‘k yo qora do‘ppi kiyish bilan kimlargadir o‘rnak bo‘lmoqni istaydi.
“Ommaviy madaniyat”ni targ‘ib etuvchilarning maqsadi nima?
“Ommaviy madaniyat” ma’naviy tanazzulning debochasidir. Uni targ‘ib qiluvchilarning asl maqsad va niyatlari ham qaysidir millat yoki xalqni ma’naviy jihatdan inqirozga uchratish bilan yengishga qaratilgan. Chunki, turli yarim yalang‘och suratlar, fahsh kinofilmlar, har xil bemaza o‘yinlar odamlarda izlanish, yaxshilik sari intilish kayfiyatini yo‘qotadi. Bularning yoniga (qo‘rqmay) ayrim saviyasiz xonandalarning maza-matrasiz qo‘shiqlari, bema’no va hayosiz kliplarini ham qo‘shish mumkin.
Uzoqqa bormaylik. Atrofimizga bir qaraylik. Achinarlisi shuki, bir paytlar yigitlik, erkaklik g‘ururini har narsadan ustun qo‘ygan xalqning hozirgi yoshlari orasida qulog‘iga sirg‘a taqqan, tirnoqlarini o‘stirib bo‘yagan, uzun sochli yigitlarni uchratish mumkin. Yoki yorilib ketaman, deb turgan shim kiygan, yelkasiyu beli ochiq, tizzasiga yetmaydigan yubkali qizlarni oling. Ular erta-indin ota-ona bo‘lsa, farzandlariga qanday tarbiya beradi? O‘zlari axloqli bo‘lmay turib, zurriyotlariga odobni o‘rgata oladimi?
AXBORIY XURUJLAR TAHDIDI
Uchinchi ming yillik odami uchun axborot izlab topish muammosi o‘z-o‘zidan bartaraf etildi. Turli nashrlar, radio va televidenie, ayniqsa, internet saytlari istagancha xabar yoki ma’lumotni yetkazib beryapti.
Bu yaxshimi, yomonmi?
Dunyo media bozorida tarqatilayotgan barcha axborot kishilik jamiyati uchun foydalimi?
O‘sha ming-minglab ma’lumotning ma’naviyatga tahdidi qanday?
Bozorga kirgan kishining ko‘zlari peshtaxtalardagi rang-barang mahsulotlarning ko‘pligidan qamashishi tabiiy. Albatta, biri-biridan chiroyli, ko‘rkam va sifatli tuyuladi. Qay biridan xarid qilishni bilmay, ikkilanishi ham bor gap…
Axborot bozoridagi ma’lumotlar, xabarlar haqida ham shunday deyish mumkin. Narigi bozordan farqli o‘laroq, bu yerdagi mahsulotlar miyani “qamashtiradi”. Qaysi materialni o‘qishni yoki o‘qigandan so‘ng uni qanday “hazm” qilishni bilmay qolish ham hech gapmas.
Har ikki bozor uchun bir xil me’yor bor: hech kim o‘z molini yomon demaydi. Eng sifatsiz mahsulot sotayotgan ham, quruq safsatadan iborat xabarni tarqatayotgan ham uni o‘tkazishni xohlaydi.
Oziq-ovqat, dehqon va boshqa bozorlarga kirgan kishi nimani sotib olishni o‘zi biladi. Chunki, u yerga mahsulotlarni biladigan odam kiradi-da! Lekin media bozorning bugungi xaridori uning peshtaxtalaridagi xabar yoki ma’lumotning qay biri sifatli ekanini biladimi?
Bizningcha, hamma gap shunda!
Endi ommaviy axborot vositasi sifatida hayotimizga chuqur kirib kelgan internetning ma’naviy tahdidini olib ko‘raylik.
Internetning foydali tomonlari juda ko‘p. Lekin salbiy jihatlari ham yo‘q emas. Ayniqsa, turli tanishuv saytlari fuqarolarning, ayniqsa, yoshlarning ongiga halokatli ravishda ta’sir ko‘rsatmoqda. Kimningdir qizi, o‘g‘li, eri yoki xotini begonalar bilan ijtimoiy tarmoqlar, forumlar orqali tanishib, uchrashib yurganligi, buning oqibatida ayrim oilalarning buzilib ketayotgani bugungi kunda hech kimga sir emas.
Ayni paytda ayrim tarmoqlar nafaqat tanishuv, balki axloqsizlik portaliga aylanib qolganini alohida ta’kidlash lozim. Masalan, “You Tube” axloq-odob normalaridan chiqib boryapti. Ularda o‘zimizning yuzsizlarimiz bor-budini namoyish etib, fahsh ishlariga qolganlarni ham chorlamoqda.“Facebook”da ham yalang‘och ko‘rinishlar ko‘paymoqda. Bundan tashqari, ayrim ekstremistik guruh va oqimlar a’zolari ham bu kabi tarmoqlardan foydalanayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ilgari pana-pastqam joylarda uchrashib, o‘z g‘oya va mafkuralarini boshqalarga singdirishga uringanlar endi ijtimoiy tarmoqlarga tanda qo‘yib olishdi. Axir, bu yerda hech kim ularning mushugini “pisht” demaydi-da. Alam qiladigan joyi, tuppa-tuzuk odam profilida ko‘ringan “suhbatdosh” asta-sekinlik bilan to‘r tashlay boshlaydi. Ilinganlar esa o‘z yurtdoshlarimiz. Kimdir bilmay, boshqasi tushunmovchilik oqibatida, yana biri diniy qadriyatlarimizni hurmat qiluvchi kishi sifatida ularning domiga tushadi. Hozir ham bu davom etmayapti, deb o‘ylaganlar adashib qolishi hech gapmas.
KINO “SAN’ATI”NING TAHDIDI
O‘tgan asrda kino haqida gap ketganda, quyidagi ibora ko‘p bor ta’kidlanar edi:
— Hamma san’atlar ichida biz uchun eng muhimi kinodir…
Uni aytgan odam o‘shanda nimani nazarda tutgan ekan-a? Kinoning madaniyat targ‘ibotchisi sifatidagi ahamiyatinimi yoki boshqalar ma’naviyatiga ta’sir ko‘rsatuvchi muhim omilligi to‘g‘risidami?
Kinosan’atning katta “qurol” ekanligi, mana, endi yaqqol bilina boryapti. Yaqin-yaqinlarda ham o‘zbek televideniesini to‘la egallab olgan sayoz filmlar bunga juda-juda ulkan “hissa” qo‘shdi. Odamlar Turkiya, Braziliya, Hindiston, Meksika va Amerika rejissyorlari ishlagan oldi-qochdi, muhabbat mojarolari, oilaviy munosabatlar haqidagi teleseriallar domiga osongina ilindi. Ota-ona, farzandlar, oila davrasida tomosha qilish jarayonida o‘pishish, quchoqlashish sahnalarini birgalikda ko‘rishga teleseriallar orqali majbur qilindi. Yotoqxona, to‘shakdan boshlangan lavhalar yana aynan o‘sha joyda tugallanishini qanday tushunish kerak?
Bular-ku, kattalar uchun ishlangan teleseriallar… Endi yosh avlod, kichkintoylar uchun tayyorlangan multfilmlarni olib ko‘ring. To‘g‘risi, kattalarnikidan qolishmaydi.
O‘sha sizu biz bilgan “Maugli”, “Qirol Sher”, “Sohibjamol va maxluq”, “Tom va Jerri” multfilmlarida ham o‘pishish, quchoqlashish sahnalari to‘lib-toshib yotibdi. Ularni ishlab chiqarganlarning asl maqsadlari nima o‘zi? Past saviyali film, qo‘shiq, multfilm yoki o‘yinlardagi chalg‘ituvchi xususiyat kishidagi (kattami, kichikmi, baribir) fikrlash qobiliyatini asta-sekin o‘ldirib boradi. Unda tevarakda bo‘layotgan voqea-hodisalarga faqat shu o‘yin yoki film saviyasi, bergan “ta’limi” nuqtai nazaridangina qarash sharoiti yetilib boradi. Ona suti og‘zidan ketmay turib, ana shunday ruhda “tarbiyalangan” boladan nimani kutish mumkin? Ayrim ota-onalar farzandini televizor qarshisiga o‘tqazib, multfilm qo‘yib berish bilan o‘zini aldayotganini bilmaydilar.
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, ma’naviyatga tahdid kelajakka tahdid, demakdir. O‘zbekiston xalqi jahon taraqqiyotiga ulkan ulush qo‘shgan Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Forobiy, buyuk imomlar al-Buxoriy, Moturidiy, at-Termiziy, hazrat Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburlarning avlodidir. Ular va boshqa ulug‘larimizning ma’naviy merosini butun dunyo ahli hayrat bilan o‘rganayotgan bir paytda bizning zamonaviylik, madaniyatlilik niqobi ostida turli yengil-elpi, ma’naviyatsizlikni targ‘ib etuvchi omillarga berilishimiz kechirilmas holdir. Bunday salbiy illatlarga qarshi immunitetni shakllantirish, ularga qarshi kurashish bugunning dolzarb vazifasi bo‘lmog‘i kerak.
3. Inson qadri — ulug‘. U ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun o‘z hayotidan rozi va mamnun bo‘lib yashashi kerak
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish islohotlarimiz ichida eng muhim o‘rinlardan birini egallaydi. Chunki biz xalqimiz oldida ularning muammolarini hal etish, turmush sharoiti va hayoti sifatini yaxshilashga burchlimiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |