Xotorn tadqiqotlari 1924-yilda AQShning Xotorn shahridagi “Uestern elektrik” kompaniyasiga qarashli
tashkilotlardan birida Garvard biznes maktabining bir guruh olimlari tomonidan tadqiqotlar
o„tkazila boshlandi. Keyinchalik bu tadqiqotlarga E.Meyo rahbarlik qildi. Birinchi seriya
tajribalar xona yoritilganligining ishlab chikarish samarasiga ta‟siri bilan bog„liq edi. Tajribalar
telefon apparatlari yig„ilayotgan bir nechta sexlarda o„tkazildi. Tadqiqotchilar ishlab chiqarish
xonalaridagi yorug„lik nurini o„zgartira boshladilar. Ularning taxminlaricha xona kuchliroq
yoritilishi bilan mahsulot ishlab chiqarish ham o„shishi kerak edi. Lekin, tadqiqotlar natijasi
ishlab chiqarish unumdorligi ko„tarilishi va xona yorug„ligi o„rtasida to„g„ridan to„g„ri aloqa
mavjud emasligini ko„rsatdi. Tadqiqotchilar ishlab chiqarishga ta‟sir etuvchi boshqa omillarni
ham aniqlash va bartaraf etish niyatida bo„ldilar. Tadqiqot e‟tiborida turgan uchta sexdan ikkita
guruh tuzildi va bu guruhlar bir xil mehnat natijalariga ega edilar. Guruhlardan birida xona
yorug„ligini ko„tardilar. Ikkinchi guruhda esa yorug„lik avvalgiday qolaverdi. O„zaro musobaqa
kayfiyati uyg„onmasligi uchun ikkala guruh turli binolarda joylashtirilgan edi. Bu safar ishlab
chiqarish ikkala guruhda ham sezilarli darajada oshdi. Shunda tajriba o„tkazilayotgan guruhdagi
yorug„lik sezilarli darajada kamaytirildi. Lekin ishlab chiqarish unumdorligi ikkala guruhda ham
ko„tarilib borardi. Tajriba guruhi xonasining yorug„ligi hatto oy nuriga yaqinlashtirilganda ham
nisbatan yuqori darjadagi ishlab chiqarish samardorligi saqlanib turardi. Bunday hayron qolarlik
darajadagi natijalar ishlab chiqarishga yoritishdan ham muhimrok boshqa omillar ta‟sir etishi
haqida dalolat berardi. Keyingi tadqiqotlar 1927-yildan boshlab E.Meyo rahbarligida o„tkazila
boshlandi. Ushbu tadqiqotni o„tkazishdan maqsad ishlab chiqarish samaradorligi o„sishiga ta‟sir
etuvchi omillarni aniqlashdan iborat bo„lib, izlanish ishlari bir necha bosqichni o„z ichiga oldi.
Olti ayoldan iborat yangi ishchilar guruhi tanlandi. Guruhning kamsonligi ishchilarni muntazam
va batafsil kuzatish niyatida tuzilgan edi. Bu mehnat jamoasida bir necha oy mobaynida ish
sharoitiga ta‟sir etuvchi turli omillar sinala boshlandi. Tadqiqotchilar dam olish tanaffuslarini
kiritdilar va ma‟lum vaqt o„tgandan keyin ularni bekor qildilar, mehnat kunlari va haftalarni
ko„paytirdilar va kamaytirdilar, maosh kiritishga oid qoidalarni o„zgartirib bordilar va hatto
xodimlarni nazorat qilish shakllarini ham o„zgartirdilar. Kiritilayotgan omillarning qandayligidan
qat‟iy nazar ishlab chiqarish samaradorligi oshib borardi. Natijada tadqiqotchilar ishlab chiqarish
samaradorligining o„sishi sababi turli-tuman mazmundagi tadbirlarda emas, balki ijtimoiy
psixologik omillarda ekan, degan xulosaga keldilar. Xo„sh, jamoa hayotidagi bu o„zgarishlarning
psixologik negizi nimadan iborat edi, degan savolga quyidagicha javob olindi. Boshqalardan
ajratib olingan ishchi-qizlar o„zlariga diqqat-e‟tibor sezdilar. Ular muhim va qiziqarli tajribada
qatnashayotganliklarini bilardilar. Bu esa ularda bajarayotgan ishlaridan faxrlanish hissini
uyg„otdi. Bundan tashqari, tajriba davomida boshqaruv uslubi bir muncha yumshoqroq bo„ldi.
Guruhdagi qizlar tanaffus davrlarini o„zlari hal eta boshladilar, ularni ma‟muriyatning ba‟zi bir
rasmiy talablariga rioya etishdan ozod qilishdi. Ishchi qizlarning guruh hayotiga oid masalalarni
birgalikda muhokama qilishlari jamoani yanada ahillashtirdi va do„stlik muhitini shakllantirdi.
Shunday qilib, tadqiqot e‟tibori markazida bo„lgan qizlarning mehnat motivatsiyasi oddiy
sharoitdagi ishchilarnikidan farq qilardi. Meyo mehnat samaradorligining oshishini xodimning
biron guruhga mansubligini his etishi va o„zini jamoaning muhim a‟zosi deb hisoblashi bilan
asosladi. Bu bilan ijtimoiy ehtiyojlarning qanchalik muhimligi yana bir bor ta‟kidlanardi.