Nazorat qilish – rahbar, menejer tomonidan rejalarning bajarilishini tekshirish – obyekt holatini aniqlashdan, rejadagi natijalar bilan amaldagilarini taqqoslashdan, rejani qayta ko‘rib chiqishdan (agar u bajarilmasligi aniq bo‘lgan bo‘lsa), tartibga solinganidan va rejalashtirilganidan og‘ishlar aniqlanishidan iborat. Nazorat qilish rejalashtirish bilan shunday uzviy bog‘liqki, odatda, ular orasida hech qanday chegara o‘tkazilmaydi. Har qanday boshqaruv qarori faoliyatni baholashga asoslanib, unda boshqarishni rejalashtirish va nazorat tizimi to‘laligicha bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq.
Boshqaruvning bu bosqichida rahbar obyektning amaldagi holati bo‘yicha miqdoriy o‘lchovlari jamlangan bajaruvchilarning hisobotlari ko‘rinishidagi ma’lumotlarga ega bo‘ladi. Aksariyat hollarda, hisobotda amaldagi ma’lumotlar bilan budjet ma’lumotlari taqqoslanadi. Bu esa, rahbarning kelgusida hal qilinishi lozim bo‘lgan salbiy holatlarga va muammolarni aniqlashga e’tibor qaratishiga imkon beradi, masalan, ayrim xaridorlarga mahsulot yetkazish bo‘yicha majburiyatlarni qayta ko‘rib chiqishga.
Baholash – qarorlar qabul qilishning barcha tizimlari tahlilining yakunlovchi jarayoni sifatida e’tirof etiladi. Bu holatda quyidagilar aniqlanadi: qo‘yilgan maqsadga erishildimi (teskari aloqa) va ulardan og‘ish sabablari ko‘rsatiladi; rejalashtirishning kamchiliklari; operativ (tezkor) qarorlar sonining ko‘payishiga olib keluvchi nooptimal harakatlar yig‘indisi; boshqaruv talablariga nazorat tizimining nomuvofiqligi; noto‘g‘ri qo‘yilgan vazifalar.
Tashkiliy ishlar xo‘jalik yurituvchi subyektning tashkiliy tuzilmasini yaratishdan iborat bo‘lib, qo‘yilgan maqsadning amalga oshishi uchun mo‘ljallangan – bo‘limlar, guruhlar, bo‘linmalar va shu kabilarning optimal tizimini shakllantirishni nazarda tutadi. Xususan,
ijrochilar tomonidan majburiyatlarning taqsimlanishi, ichki axborot aloqalari asosida boshqaruvning turli darajalarini birlashtiruvchi ijrochilar faoliyatini muvofiqlashtirish, chiziqli va chiziqli bo‘lmagan munosabatlardan foydalangan holda muloqot aloqalarini o‘rnatish.
Boshqaruv hisobi tizimining amal qilishi xo‘jalik yurituvchi subyektning tashkiliy tuzilmasi bilan ifodalanadi. Ishlab chiqarish buxgalteriyasi tarkibiy bo‘linmalarning ichki hisobot tizimi sifatida namoyon bo‘ladi. Ishlab chiqarishning xarajatlar hisobi javobgarlik markazlari bo‘yicha tuzilib, bu o‘z navbatida rahbariyatga ixtisoslashuv va bo‘ysunishning samaradorligi, maqsadga erishish uchun vakolatlarning taqsimlanishi to‘g‘risida axborot beradi.
Rag‘batlantirish – ishlab chiqarish jarayoni ishtirokchilarini xo‘jalik yurituvchi subyektning maqsad va vazifalarini aniqlashtirishga undovchi va ushbu maqsadlar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilishga rag‘batlantirish vositasi. Bu holatda budjetlar va ularning bajarilishi bo‘yicha qilingan ishlar hisobotlari asosiy o‘rin egallaydi.
Budjetlar balanslashgan reja ko‘rsatkichlarini o‘zida mujassamlashtiradi va rahbarlarni xo‘jalik yurituvchi subyektning yakuniy maqsadlarini bajarishga undaydi. Bajarilgan ishlar hisobotlari amaldagi natijalarni rejadagiga nisbatan o‘zgarishining asoslanganligini rag‘batlantiradi va xo‘jalik yurituvchi subyekt xodimlarini og‘ishlarni bartaraf qilish yoki kelgusidagi muammolarni ijobiy tarzda yechish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqishga undaydi. Xo‘jalik yurituvchi subyekt rahbarlari tomonidan amalga oshiriladigan ichki hisob-kitob nazorat va tartibga solish tizimining samaradorligini oshirish uchun xizmat qiladi.
Ichki axborot aloqasi – xo‘jalik yurituvchi subyekt ichidagi bo‘limlar, tarkibiy tuzilmalar o‘rtasidagi ma’lumotlar va hisobotlar almashinuvini anglatadi. U turli xil tarkibiy bo‘linmalarning faoliyatini yakuniy maqsadni bajarish yo‘lida muvofiqlashtiradi, kelgusidagi budjet davrida har bir bo‘linmaning vazifasini aniqlashtiradi, har bir bo‘linma rahbari faoliyat yuritishi lozim bo‘lgan shart-sharoitlarni va ularga bir-
biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan ishlab chiqarish bo‘linmalari talablari (ehtiyojlar va cheklovlar)ni belgilab beradi. Bajarilgan ishlar hisoboti har bir rahbarni o‘z faoliyatini tahlil qilish va baholash uchun ma’lumotlar bilan ta’minlaydi, boshqaruvning samaradorligi pasayishiga olib keluvchi holatlarni bartaraf qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish imkonini beradi.
Boshqaruv funksiyalari va ularning amaliy natijasini ta’minlab beruvchi axborot boshqaruv hisobining funksiyalarini shakllantiradi:
boshqaruvning barcha darajadagi rahbarlarini joriy rejalashtirish, nazorat va operativ (tezkor) boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun zarur bo‘lgan ma’lumot bilan ta’minlash;
boshqaruv darajalari va bir xil darajadagi turli tarkibiy bo‘linmalar o‘rtasidagi ichki muloqot aloqalari vositasi bo‘lib xizmat qiluvchi ma’lumotlarni shakllantirish;
belgilangan maqsadga erishish yo‘lida xo‘jalik yurituvchi subyekt va uning ichki bo‘linmalari faoliyat natijalarini joriy nazorat qilish va baholash;
faoliyat natijalarining amaldagi tahlili va baholash asosida kelgusida xo‘jalik yurituvchi subyektning istiqbolli rejalashtirilishi va rivojlanishini muvofiqlashtirish. Xo‘jalik yurituvchi subyektning ishlab chiqarish quvvatlari va uning amaldagi hajmlari boshqaruv hisobi tizimini qo‘llashni obyektiv zaruriyatga aylantiradi.
Boshqaruv hisobi tizimi axborot hajmi, unga qo‘yilgan maqsadlar, mezonlar va maqsadga erishish vositalari, elementlar tarkibi va ularning o‘zaro aloqadorligi bilan ifodalanadi.
Boshqaruv hisobi tizimining tasniflanishi quyidagi 2-chizmada keltirildi.
Chizmada ifodalanganidek, boshqaruv hisobi tizimi quyidagicha tasniflanadi: – axborotlarni qamrash kengligi, moliyaviy va boshqaruv hisobining o‘zaro bog‘liqlik darajasi, ishlab chiqarishga qilingan xarajatlarning tezkor (operativ)ligi, xarajatlarni mahsulot tannarxiga kiritishning to‘liqligi.