Boshqaruv hisobi tamoyillari
Xo‘jalik yurituvchi subyekt faoliyatini boshqarish murakkab jarayon hisoblanadi. Boshqaruv talablariga javob beruvchi hisob tizimi ham murakkab bo‘lib, ko‘pgina tadbirlar va jarayonlardan tashkil topadi. Boshqaruv maqsadlaridan kelib chiqib, boshqaruv hisobi tizimi elementlari tarkibi o‘zgarishi mumkin. Shu bilan birga, aniq xo‘jalik yurituvchi subyektda tashkil qilingan har qanday hisob siyosati umumqabul qilingan tamoyillarga javob berishi kerak. Albatta, bundan boshqaruv hisobi ham mustasno emas. Boshqaruv hisobining tamoyillari mohiyatini to‘g‘ri anglash shu hisob turidan samarali foydalanish imkonini beradi.
Boshqaruv hisobi tamoyillariga quyidagilar kiradi: xo‘jalik yurituvchi subyekt faoliyatining uzluksizligi; rejalashtirish va hisoblashda yagona o‘lchov birliklarini ishlatish; xo‘jalik yurituvchi subyektning tarkibiy bo‘linmalari faoliyati natijalarini baholash; boshqaruv maqsadida birlamchi va oraliq ma’lumotlarning ko‘p marotaba ishlatilishi; xo‘jalik yurituvchi subyekt ichidagi kommunikatsiya tizimi; xarajatlar, moliya va tijorat faoliyatini boshqarishda byudjet usulini qo‘llash; hisob obyektlari haqidagi ma’lumotlardan foydalanishni ta’minlovchi to‘liqlik va tahliliylik; xo‘jalik yurituvchi subyektning hisob siyosati tomonidan o‘rnatilgan ishlab chiqarish va tijorat jarayonlarining davriyligi.
Xo‘jalik yurituvchi subyekt faoliyatining uzluksizligi tamoyili – xo‘jalik yurituvchi subyektning ishlab chiqarish ko‘lamini kamaytirish va o‘z faoliyatini tugatish maqsadlari yo‘qligini namoyon etib, istiqbolda hamisha rivojlanishga intilishini bildiradi. Bu tamoyil hisobchilarni uzoq muddatli muammolarning echimiga qaratilgan ma’lumot xizmatlarini yaratishga yo‘naltiradi. Xususan, mahsulot ishlab chiqarish raqobatbardoshliligi tahlili, xom-ashyo va materiallarni etkazib berish, assortimentni o‘zgartirish va yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish, ishlab chiqarishga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish, investitsiya qilish va shu kabi muhim masalalar borasida operativ (tezkor) va har tomonlama asoslangan ma’lumotlar bazasini shakllantirishga undaydi.
|
Ketma-ketlik va ko‘p marta foydalanish
|
|
Boshqaruv hisobining yana bir tamoyili rejalashtirish va hisoblashda yagona o‘lchov birliklarini ishlatish bo‘lib, bu tamoyil rejalashtirish va ishlab chiqarish hisobi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va qarama-qarshi aloqani ta’minlaydi.
Reja-hisob birliklari turli darajadagi operativ-ishlab chiqarishni rejalashtirish tizimining mohiyatini ochib beradi; ular yordamida xarajatlarning buxgalteriya hisobi va ishlab chiqarishning boshqaruv hisobi ko‘rsatkichlarining o‘zaro bog‘liqligiga va ayrim tarkibiy tuzilmalar xo‘jalik yuritish natijalarini aniqlashga asoslangan hisob tizimi metodoligiyasini ishlab chiqish uchun real sharoit yaratiladi.
Ishlab chiqarishni operativ (tezkor) rejalashtirishninng turli darajalarida ishlatiladigan hisob birliklari yoki juda yiriklashtiriladi, yoki aksincha, juda detallashtiriladi. Detallashtirish jarayoni asosida xo‘jalik yurituvchi subyekt darajasidagi yirik birliklardan (mahsulot ishlab chiqarish buyurtmasi, mahsulotlar seriyasi, nomlanishi va sh.k.) sexlar, uchastka, brigadalar darajasidagi kichikroq birliklar (ehtiyot qism, operatsiyalar majmuasi, mashinokomplekt, murakkab mexanizm komplekti, brigada komplekti va h.k.)ga o‘tish tamoyili o‘rin olgan.
Shuni ta’kidlash kerakki, buxgalteriya hisobida qo‘llaniladigan ishlab chiqarishning boshqaruv hisobi reja-hisob birliklari va omborga topshirilgan tayyor mahsulotning o‘lchov birliklari bir xil bo‘ladi. Shu tufayli, ular orqali bajarilgan buyurtmalarning boshqaruv va moliyaviy hisobi o‘rtasidagi bog‘liqlik ta’minlanadi. Shu bilan birga, boshqaruv obyektlari bo‘yicha, hoh u mahsulot turlari bo‘yicha guruhlanishi bo‘lsin, hoh ishlab chiqarish buyurtmalari yoki tarkibiy tuzilmalar bo‘yicha bo‘lsin, u yoki bu ko‘rinishdagi ma’lumotlarni guruhlash mumkinligini inobatga olish lozim. Bundan tashqari, xo‘jalik yurituvchi subyekt darajasidagi reja-hisob birliklari kalkulyatsiya obyektlari bilan bir-biriga mos tushadi yoki uning tarkibiy qismi bo‘lib hisoblanadi. Tarkibiy tuzilmalar darajasidagi reja-hisob birliklari xarajatlar hisobi obyektlarini tanlashda foydalanishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |