Birinchi o’quvchi: ko’chirma gap so’roq mazmunida bo’lib, muallif gapidan oldin kelgan. Ko’chirma gap qo’shtirnoqqa olinadi, muallif gapidan oldin tire qo’yiladi. Ko’chirma gapning oxirida ovoz balandlashadi, undan keyin pauza qilinadi. Muallif gapi esa past ovoz bilan o’qiladi.
Ikkinchi o’quvchi: muallif gapi oldin kelgan. Muallif gapidan keyin ikki nuqta qo’yiladi. Ko’chirma gap buyruqni ifoda qilyapti. Ikki nuqtadan keyin qo’shtirnoq ochiladi, ko’chirma gapning oxiriga undov belgisi qo’yilib, qo’shtirnoq yopiladi. Muallif gapi past ovoz bilan o’qiladi, ko’chirma gap baland ovoz bilan o’qiladi va hokazo.
2-topshiriq
Ushbu chizmalarga mos keladigan bittadan gap tuzing. O’zingiz yozgan gaplarning o’qilishi va ularda ishlatilgan tinish belgilarini izohlashga tayyorlaning.
1. “___________?” ............................... .
2. .........................: “_______________!”
3. .........................: “_______________” . . . . . . . . .
4. “___________” , - .............................
O’quvchilar berilgan chizmalar asosida gaplar o’ylab topishadi. Qo’yilgan tinish belgilarini izohlab, gaplarni o’qish yo’llarini aytib berishadi.
3-topshiriq
O’quvchilarga ikki variantda topshiriq beriladi. Birinchi variant o’quvchilari ko’chirma gaplarni o’zlashtirma, ikkinchi variant o’quvchilari o’zlashtirma gaplarni ko’chirma gapga aylantirib yozishadi.
1- variant uchun misollar
“Maktab tajriba uchastkasiga turli mevali daraxtlar ekdik”, - dedi o’qituvchi.
“Men, - dedi Zulfiya, - a’lo o’qish uchun butun kuchimni sarf qilaman”.
O’qituvchi so’radi: “Muzeyga qilingan ekskursiyadan kimda qanday taassurot qoldi?”
2- variant uchun misollar
Anor o’g’it g’o’zaning tomir-tomirlariga singishi kerakligini aytdi.
O’qituvchi o’z nutqida dunyodagi tinchliksevar xalqlarning tinchlik uchun kurashayotganligini aytdi.
Mashg’ulot o’zlashtirilgan tushunchalarni (“ko’chirma gap”, “muallif gapi”, “o’zlashtirma gap”) taqqoslash asosida tashkil etildi. Topshiriqlarni bajarish yo’li bilan ko’chirma va muallif gapida ishlatiladigan tinish belgilariga oid qoidalar mustaqkamlandi. Ko’chirma va muallif gapini o’qish, ko’chirma gapni o’zlashtirma gapga, o’zlashtirma gapni ko’chirma gapga aylantirish yo’llari to’g’risida umumiy xulosalar chiqarildi.
O’quv yili boshi va oxirida o’tkaziladigan takrorlashning o’ziga xos vazifalari bor. Ammo bu xil takrorlashlarning zaminida ham tushuncha darajasida umumlashtirish yotadi. Shu tufayli o’quv yili boshida va oxirida o’tkaziladigan takrorlash mashg’ulotlarini bilim va malakalarni umumlashtirish darslari doirasiga kiritish mumkin. Umumlashtirish darslarni samarali tashkil etish uchun takrorlanadigan materiallar mavzusi oldindan aytib qo’yiladi, o’quvchilar uyda maxsus tayyorgarlik ko’rib keladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |