I. Yangi materialni o’rgatish bosqichi. Didaktika va metodikaga oid adabiyotlarda darsning bu bosqichi “yangi materialni izohlash”, “yangi bilim berish” iboralari bilan yuritiladi. Izohlash, tushuntirish -o’qitish metodlarining nomi. Shuning uchun darsning bu bosqichini “yangi materialni o’rgatish” istilohi bilan atamoq maqsadga muvofiq bo’ladi. Bu, o’z navbatida, quyidagi halqalarni o’z ichiga oladi:
o’quvchilarni o’quv materialini tushunishga tayyorlash.
O’quv materialini o’rganishga quyidagicha tayyorgarlik ko’riladi:
a) dars maqsadini bolalarga etkazish. Qanday dars tipi bo’lishidan qat’iy nazar, mashg’ulot maqsadini bolalarga etkazish o’qituvchining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Dars maqsadini tushuntirish o’quvchilarning o’rganilayotgan fanga qiziqishlarini oshiradi, ularda o’rganish havasini uyg’otadi;
b) ijodiy yozma ishlar o’tkazish. O’rganilayotgan mavzuga oid faktik materiallar asosida ijodiy yozma ishlarni o’tkazish bolalarni bir qadar yangi o’quv materialini o’rganishga tayyorlaydi. Masalan, “Ko’shma sifatlarning yasalishi va yozilishi” mavzusini o’tishda guruhlab yozish usulidan foydalanish mumkin. Buning uchun ushbu sifatli birikmalar ko’chma doskaga yoki kartonga yozib qo’yilgan bo’ladi: oq ro’mol, kul rang ko’ylak, sarg’ish palto, ochko’z it, havo rang mato, dag’al material, ichimlik suv. Bolalar oldin sodda sifatlarni, guruhlab yozishadi;
d) mustaqil ishlarni tashkil etish. Mavzuga oid faktik materiallar asosida mustaqil ishlarni tashkil etish ham bolalarni yangi mavzuni o’rganishga tayyorlaydi. Masalan, yuqoridagi mavzu bo’yicha shunday mustaqil ish berish mumkin: Gaplarni o’qing. Sifatlarni topib, sodda sifatlarning tagiga bir marta, qo’shma sifatlarning tagiga ikki marta chizing. (Bog’imizdagi ertapishar shaftoli gulladi. Odil-yoqimli, mehnatsevar bola. Alpinistlar qorli tog’ning eng yuqori cho’qqisiga chiqdilar);
e) grammatik tahlil. Masalan, Bo’ri kuchli, yirtqich va ochko’z hayvondir gapini grammatik, morfologik tahlil qildirish orqali ham bolalarni yangi o’quv materialini o’rganishga tayyorlash mumkin. Bunda yangi mavzuni tushuntirish gap tarkibidagi “ochko’z” so’zini tarkibiga ko’ra tahlil qilishdan boshlanadi;
f) bolalar oldiga muammoli savollar qo’yish. Bunda shunday ish qilinadi:
- Bolalar, siz oldingi darslarda, sifat yasovchi qo’shimchalar, ularning yozilishini o’rgangan edingiz. Otdan sifat yasash (andijonlik, tuzsiz, tarbiyaviy, devoriy), fe’ldan sifat yasash (maqtanchoq, sezgir, qaynatma, qochoq) yo’llarini bilib olgansiz.
Shundan keyin yangi mavzu doskaga yoziladi (“Qo’shma sifatlarning yasalishi va yozilishi”). Savollar o’rtaga tashlanadi. Qanday sifatlarga qo’shma sifatlar deyiladi? Qo’shma sifatlar qanday yasaladi? Qo’shma sifatlar qanday yoziladi? Yangi mavzuni tushuntirish shu savollarga javob izlashdan boshlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |