Tarixingdir ming asrlar ichra pinxon, o‘zbegim...
YUrtimiz hududida bundan 1,5 million yillar avval eng qadimgi inson faoliyatining madaniy izlarini Janubiy Farg‘ona (Selung‘ur g‘ori)dan topilgan yodgorliklar yaqqol ko‘rsatib turganini, bundan 4,5 ming yillar oldin mamlakatimizda sun’iy sug‘orish va shudgorlab ekishga asoslangan dehqonchilik madaniyati shakllanganligini, 5 ming yillar burun ajdodlarimiz bronza metall eritish texnologiyasini o‘zlashtirganini, Baqtriya, Xorazm, So‘g‘dda uzunligi 15-20 kilometrga etadigan kanallar qazilganini bilmasdan bu Vatanni sevish, undan faxrlanish mumkinmi?
Har qanday madaniyatli, o‘z Vatani oldida mas’uliyatini sezgan fuqaro 2750-2500 yillar avval Baqtriya, Xorazm, So‘g‘d kabi podsholiklar, 2100-1800 yillar oldin qudratli Kushon saltanati, 9-12 asrlarda qoraxoniylar, xorazmshoxlar sulolalari, 14-15 asrlarda buyuk Amir Temur saltanati va 20- asr so‘ngida mustaqil O‘zbekiston davlat sifatida o‘zining munosib o‘rniga ega ekanidan iftixor qilishi tabiiy. (SHirinov T. Tariximiz etyudlari. – T.: 2014. – B.12.)
Mamlakatimiz hududi allaqachon qadimgi sivilizatsiyalar yurti ekanligiga butun ma’rifatli dunyo tan bergan. “SHarq Uyg‘onish davri” sifatida tarixga kirgan buyuk sivilizatsiyaning markazi ham bizning yurtimiz bo‘lgan. Bunga bugungi kunda mamlakatimiz arxivlari, kitob fondlarida saqlanayotgan o‘rta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining 100 mingdan ziyod nodir qo‘lyozma asarlari ham shohid.
SHubhasiz, er osti va er usti boyliklariga boy, mehnatkash, o‘z ishining ustasi bo‘lgan ana shunday mamlakatning ustidan hukmronlik qilish har doim ham uzoq va yaqin mustamlakachilarning orzusi bo‘lgan. SHuning uchun ham yurtimiz tinimsiz ravishda o‘zga davlatlar va xalqlarning tajavvuzlariga duchor bo‘lgan.
Ma’lumki, mustaqillik birovga qaram emaslik, ixtiyori o‘zidalik, degan ma’nolarni anglatadi. Mustaqillik barchamiz uchun eng muqaddas tuyg‘u, oliy qadriyat hisoblanadi. Bu bizga O‘zbekiston tarixidan ma’lum. Uch ming yillik milliy davlatchilik tariximiz davomida xalqimiz qanday yo‘qotishlaru, qiyinchiliklarni ko‘rmadi, deysiz! Ana shu uch ming yillik buyuk davlatchilik tariximiz davomida xalqimiz 900 yilga yaqin davr mobaynida mustamlakachilik azoblarini boshidan o‘tkazdi.
Eron ahamoniylari, grek-makedonlar, arablar, mo‘g‘illar istilolari, so‘nggi 130 yilga yaqin davrdagi mustabid tuzum hukmronligi-bularning bari Vatanimiz tarixining eng og‘riqli sahifalari, armonlarda o‘tkazilgan kunlar hisoblanadi. Vatan tarixi shundan dalolat beradiki, ota-bobolarimiz necha ming yillar davomida qanchalik og‘ir bo‘lmasin yurt taqdirini, millat or-nomusini har narsadan baland qo‘ydilar.
“Millat gullari”dagi Vatanni sevish mas’uliyati
Biz bugun O‘zbekiston tarixini mustaqillik uchun kurashlar tarixi, yaratish va bunyod etish tarixi, deyishga haqlimiz. SHu o‘rinda buyuk ma’rifatparvar CHo‘lponning “Turon” gazetasining 1917 yil 22 apreldagi sonida yozgan quyidagi yuraklarni o‘rtab tashlaydigan fikriga quloq tutaylik: “Biz maktab ochdik – bekitdilar. Madrasalarimizni isloh qilishga yo‘l bermadilar. Tilimizga “balo” aralashdirmoqchi bo‘ldilar. Muzikamizni taraqqiy qildirishga yo‘l bermadilar. “Padarkush” degan teatr o‘ynaganlarni “oxran”larga sudradilar, hosili milliy va madaniy o‘sishimizga og‘ir zarbalar tushirdilar”. (Karimov N. CHo‘lpon. – T.: 2013. – B. 185.).
SHuni alohida ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda mustaqillik uchun kurashlar hech qachon to‘xtamagan. Keling, yaxshisi, fikrimizning isboti uchun yaqin tariximizdan ayrim misollar keltiraylik: 1918 yilning 18 fevralida birgina Qo‘qon shahrining o‘zida “Turkiston muxtoriyati”ning mustaqillik g‘oyalari uchun 10 ming aholi o‘ldirildi. Qirg‘in shu bilan tugamadi. 1918 yilning birinchi yarmida Marg‘ilonda 7000, Namanganda 2000, Andijonda 6000, Bo‘zqo‘rg‘on va Qo‘qon-qishloqda 4500 o‘ldirildi, 180 qishloqqa o‘t qo‘yildi. (SHarofiddinov O. Istiqlol fidoiylari. – T.: 1993. – B.26).
Biz bugun mustaqilligimizning muazzam yigirma to‘qqiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rar ekanmiz, xali tariximizda o‘qilmagan, o‘rganilmagan sahifalar ko‘p ekanligini ham unutmasligimiz kerak. SHubhasiz, yurtimizdan juda katta hajmdagi moddiy boyliklar tashib ketildi, talon-taroj qilindi. Misli ko‘rilmagan milliy-madaniy boyliklar vayron qilinganligini, minglab, o‘n minglab nodir qo‘lyozmalar yondirib, kul qilinganligini, xorij davlatlariga tashib ketilganligini ham esimizdan chiqarmasligimiz lozim.
SHu o‘rinda quyidagi misollarga e’tibor berish kerak, deb o‘ylaymiz: 19-asrning ikkinchi yarmida Xivaga qarshi yurishda general Kaufmanga hamrohlik qilgan A.L.Kun Turkiston madaniyati, san’atini o‘rganish, to‘plash va saqlab qolish bahonasida yurtimiz madaniy boyliklarini tashib ketishni yo‘lga qo‘yadi. 1873 yilda SHarq qo‘lyozmalaridan iborat 300 kitob, 20 muallifning 30 jildli asarlari, huquqshunoslik va ilohiyat masalalari bo‘yicha 50 jilddan iborat 40 asar, 18 nusxa Qur’on va 50 ta turli darsliklar A.L.Kun tomonidan Imperator kutubxonasiga topshiriladi.
Turkistonda ish olib borgan va o‘zini havaskor arxeolog deb tanishtirgan J.Kastane o‘lkamizning juda katta miqdordagi asori-atiqalari, milliy-madaniy boyliklarini talon-taroj qilgan. U o‘zi to‘plagan boyliklarning katta qismini Ermitajga, 500 ta buyumni Turkiston muzeyiga topshirgan. Uning tomonidan o‘lkamizdan to‘plangan eng katta va sara, qimmatbaho moddiy-ma’naviy boyliklar Parijga olib ketilgan. Peterburgdagi “SSSR xalqlari etnografiyasi” muzeyiga 8 yil davomida 4000dan ortiq asori-atiqalar “tortiq qilindi”. Moskvadagi SHarq madaniyati muzeyi ham 1918 yilda Markaziy Osiyodan tashib ketilgan nodir yodgorliklar asosida tuzilgan. (Mavrulov A. Vatanni sevish mas’uliyati. –T.: 2016. – B. 82-83.).
Xo‘sh, biz nima uchun yuqoridagi kabi misollarni o‘quvchilar e’tiboriga havola etmoqdamiz? Gap shundan iboratki, biz hali o‘z tariximizni, ayniqsa, xalqimizning mustamlakachiliklar davridagi real ahvolini unchalik ham yaxshi bilavermaymiz. Mustaqillikning tom ma’nodagi mazmun-mohiyatini anglashimiz uchun esa fuqarolarimiz Vatanimiz va xalqimizning nafaqat shonli, muvaffaqiyatlarga to‘la sahifalarini, ayni paytda, yuqoridagi kabi iztiroblarga to‘la, tushkunliklardan iborat holatlarni ham bilishlari, ularni ongli ravishda anglashlari lozim, deb bilamiz.
Mustaqillik uchun kurash ayniqsa mustabid sovet tuzumi sharoitida yanada kuchaydi. Milliy ziyolilarimiz siyosiy-mafkuraviy zug‘umlarga qaramasdan yurtimiz, xalqimiz ozodligi yo‘lida tinim bilmasdan kurash olib bordilar. SHuning uchun ham bu davrda to‘xtovsiz ravishda qatag‘on siyosati davom etdi. Qatog‘on yillarida millat manfaatini himoya qilgan, ozodlik, hurlikni tarannum etgan har qanday shaxsga nisbatan turli bo‘xtonlar uyushtirilar, ular turli bahonalar bilan yo‘q qilib yuborilar edi. “Qosimovchilik”, “O‘n sakkizlar guruhi, “Inog‘omovchilik” kabi uydirmalar aynan o‘sha maqsadlarda tashkil etilgan edi.
Tarixiy hujjatlarga murojaat qilsangiz shu narsaning guvohi bo‘lasizki, kim millat, mamlakat manfaatini himoya qilgan, yurt ozodligi va xalqimiz kelajagi uchun qayg‘urgan bo‘lsa, ularga darhol “xalq dushmani” “yorliqlari” yopishtirilaverdi, quvg‘inga olindi, turli bahona hamda bo‘xtonlar bilan yo‘q qilinaverdi. Fikrlarimiz isboti sifatida quyidagi misollarni keltirishni lozim topdik: 1937-1939 yillarda jami 41 ming kishi qamaldi, ularning 37 ming nafari jazolandi, 6920 nafari otib tashlandi. 1936 yilning oxiridan 1940 yilgacha O‘zbekiston bo‘yicha 5758 nafar ziyolilar-yozuvchi, olimlar, rahbarlar, madaniyat va san’at arboblari qamoqqa olindi. Ularning 4811 nafari “xalq dushmani” sifatida otib tashlandi. Otilganlarning bari o‘zbek xalqining ming yillar davomida orzu qilib kelgan ozodlik, hurlik kabi fenomen hodisa uchun jon berdilar. SHu ma’noda mustaqillik uchun jon fido qilgan tom ma’nodagi vatandoshlarimizni, shubhasiz, “millat gullari” deyishga haqqimiz bor.
Do'stlaringiz bilan baham: |