Energiya borliq shakli. Fanning fundamental qonunlaridan biri – energiyaning saqlanish va o‘zgarish qonunidir. Energiya moddiy jismlarning o‘z holatini o‘zgartirish orqali muayyan vazifani bajarish qobiliyati bo‘lib, u yo‘q qilib bo‘lmaydigan, rang-barang o‘zgarishlarga qodir substansiya sifatida, materiya atributi sifatida talqin qilinadi.
Qadimda suv, shamol va hayvonlarning muskul kuchi ham energiya sifatida tan olingan. Qadimgi misrliklar elkanni yaratib, shamol kuchi va energiyasidan foydalanganlar, uni namoyish etganlar. Evolyusiya qonunlari hamma narsa va jarayonlar nafaqat muskul kuchi bilan yoki fizik energiya tasirida, balki inson miyasi – tafakkur energiyasi yordamida ham amalga oshirilishini talab qiladi.
YUnon tiliga mansub «energiya» tushunchasi Aristotel tomonidan ko‘p qo‘llanilgan. Dunyoning tabiiy ilmiy manzarasi doirasida energiya haqidagi tasavvurlar mexanikada shakllangan va bu atama fanda birinchi marta 1807 yilda qo‘llanilgan. U bilan bir vaqtda «kuch» atamasidan ham foydalanilgan. G.Leybnits energiya hodisasini «jonli kuch» deb tavsiflagan. G.Gelmgols ilmiy muomalaga kiritgan potensial energiya haqidagi tasavvurni «kuchlanish kuchi» deb nomlagan.
XIX-XX asrlar chegarasida fizikaning rivojlanishi harakatning yangi turlari kashf etilishiga olib keldi, lekin ularda aynan nima harakatlanishi nomalum bo‘lib qoldi. Ayrim olimlar bu holatdan foydalanib, materiyasiz harakat mumkin emasligini isbotlashga urindilar. Elektron tabiat hali yaxshi o‘rganilmagani tufayli, elektron muayyan «nomoddiy kuch», moddiy tashuvchisiz sof harakat, deb elon qilindi. Energiyani barcha hodisalarning birinchi negizi deb biluvchi falsafiy yo‘nalish – energetizm deb nomlanadi. Energetizmning asosiy tezisi «materiya» tushunchasini malum energiyalar kompleksi bilan almashtirishdan iborat. Materiya moddaga tenglashtirilgan. Energiya deganda, aksariyat hollarda moddiy harakat tushunilgan.
Materiya va harakatni nafaqat miqdor, balki sifat jihatidan ham yo‘q qilib bo‘lmasligini tan olish muhimdir. Harakatni sifat jihatidan yo‘q qilish mumkinligini faraz etgan holda, uning faqat miqdor jihatidan saqlanishini tan olish Olamning issiqlikdan o‘lishi konsepsiyasiga olib kelgan edi. Bu g‘oya klassik elektrodinamika asoschilari V.Tompson va R.Klauzius tomonidan ilgari surilgan. Ushbu nazariya zamirida termodinamikaning ikkinchi asosi yoki entropiyaning o‘sishi qonunini butun Olamga nisbatan tatbiq etishga urinish yotadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |