Tadqiqotning obyekti va predmeti. Bitiruv-malakaviy ishga Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” romani asos vazifasini o’taydi.
Tadqiqotning tuzilishi. Bitiruv-malakaviy ish kirish, 2 ta bob, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro’yxatidan iborat.
l BOB. ISAJON SULTON VA BUGUNGI O’ZBEK ROMANCHILIGI.
1.1 . Adibning hayot yo’li va romanning yaratilishi.
Istedodli yozuvchi Isajon Sulton (Sultonov) 1967 yil 6-aprelda Farg’ona viloyatining so’lim go’shalaridan biri Rishton tumanining Avazboy qishlog’ida tavallud topdi. O’rta maktabni a’lo baholarda tugatib, beg’ubor orzulari bilan Toshkentga yo’l oladi. Ilk bor omadini O’zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetiga o’qishga topshirib sinab ko’rdi. Taqdirning inoyatini qarangki, yuragida ishtiyoqi baland bo’lgan Isajon Sulton mazkur oliygohning talabasiga aylandi. Bu davrda juda ko’plab hayotiy, ilmiy va ijodiy tajribalarni to’playdi. O’zining hikoya qilishicha, milliy universitetni imtiyozli diplom tugatish baxtigar sazovor bo’lgan. Ijod namunalari Respublika matbuoti sahifalarida 1986- yildan beri e’lon qilinib kelinmoqda. Ijodini birin-ketin hikoyalar yozish bilan boshlagan yozuvchi o’ziga xos uslubda yozilgan “Munojot” qissasini 1990-yilda, ya’ni yigirma uch yoshida e’lon qilgan. Keyinchalik “Oydinbuloq” (1995), “Boqiy darbadar” (2011) kitoblari chop qilindi. Shuni alohida qayd etish zarurki, yozuvchi kim va nima haqida qalam tebratmasin, hamisha kishi diqqatini o’ylashga undaydi, inson qalbining teranliklariga kirib borishga harakat qiladi. Asarni o’qigan kitobxon qalbining bepoyon kengliklarida sayr qiladi va u yerdan ma’no izlaydi, kitobxonga sohir va beg’ubor ma’no hadya qiladi.
Bir paytlar men hali yosh edim. Maktabda o’qib yurgan kezlarim edi o’shanda. Buyuk yozuvchi Dostoyevskiyning asarini o’qigan edim. Bunchalik katta qalbni tahlil qilishni qoyillatgan daho ijodiga mehrim ortib, mahliyo bo’lgan edim. Bunga qanday erishgan ekan degan mushohadalar yillar xayolimni bandi qilib kelayotgan edi. Kunlar o’tib, adabiyotimizda mana shunday qalb dialektikasini yoritishga bel bog’lagan ijodkorlar maydonga chiqayotganini ko’rib faxrlanasan kishi va bularni o’z navbatida faqatgina e’tirof etish joiz, deb o’ylayman.
Sevimli adibimiz Isajon Sultonning bir necha hikoyalari “XX asr o’zbek hikoyalari antologiyasi”dan o’rin olgan. Xususan, “Oydinbuloq” to’plamida adibning kamolotga yetib, o’ziga dan xos yo’l ochgan qirralarini namoyon etib turuvchi asarlari jamlanganini ko’rish mumkun. Unda “Munojot” qissasi ham o’rin olgan. Qissada G’arib ismli bolakay hayoti tasvirlanadi. Shuningdek, bu to’plamdagi hikoyalar aksariyat qismi matbuotda e’lon qilingan va vaqtida o’z bahosini olgan edi.
2012-yil “Jannat makon” jurnalida berilgan suhbatida adib o’z bolaligini shunday xotirlaydi: “Farg’onaning Rishtonidan janubda, transit yuklar qatnovi tinmaydigan Ergashto-O’sh,Andijon-Toshkent xalqaro trassasidan bor-yo’g’i ikki chaqirim ichkarida kaftdekkina Avazboy qishlog’I bor. Bahorida borliq tuprog’I uyg’onib, anvoyi o’t-o’lanni jo’shtirib yuboradigan shu so’lim va sokin maskanda tug’ilganman. Erta sahar non yopish uchun tandirga tang’illatib o’t yoqilgani, bo’zarayotgan tong yorug’ida olovning qirmizi shu’lasi o’ynashlari, shamolli kunlarda to’n kiyib, belbog’ bog’lagan kishilarning ko’chalarda to’p-to’p turishlari xotiramda o’yilib qolgan. Ulug’lar qoshida odob saqlash,aytar so’zini o’ylab tilga chiqarish, katta-yu kichikka qanday muomala qilish kerakligini ilk saboqlarini shu qishlog’imda olganman. Muhtasham o’zbekon madaniyatning mo’jaz va uzoq makoni bo’lib ko’rinadi ko’zimga Avazboy. Hamma bolalar kabi yer chopar, o’toq qilar, g’o’zapoya qirqar, xullas, tirikchilik tashvashiga kirib borayotgan o’smirlardan edim-u dunyoning qayerlaridadir ro’y berayotgan voqealarga ham juda qiziqardim. Sakson uchinchi yilda o’rta maktabnioltin medal bilan tugatib, Toshkentga, universitetega kelganman. Yozuvchilikka jiddiy qiziqish davri shunda boshlangan shekilli. Talabaligimda birin-ketin hikoyalarim e’lon qilindi, shu tariqa, ijod dunyosining sir-u asrorlari bilan tanisha boshladim”.
Darhaqiqat, ijodkor bo’lish orzusida hayotni zimdan, tiyrak nigoh bilan kuzatish, qolaversa yaxshi o’qish lozimligini ancha ilgari his qilgan adib doim o’z ustida jiddiy ishladi. Bir narsaga oydinlik kiritish kerak “Munojot” (1990) qissasidan keyin adib yigirma yil vaqt mobaynida tinimsiz o’qidi, o’rgandi, jahon adabiyoti bilan yaqindan tanishdi. Adabiy hodisalar o’z-o’zidan paydo bo’lmas ekan, bunga ham ichki bir ehtiyoj mahsuli sifatida qarash to’g’riroq bo’ladi. Chunki adibning har ikkala romani ham postmodernism oqimining eng yuksak namunalari qatorida turadi. Nima uchun biz “Alximik”ni sevib o’qiymiz? Undagi voqelik ham bitta yigitning xazinani izlab yo’lga chiqishi va bu izlanishda turli xil qiyinchiliklarni boshidan kechirishi hikoya qilinadi. Isajon Sulton asarida esa “milliy qadriyat” va “milliy ruh”ning singdirilishi, o’sha kayfiyatda murojaat qilishi kitobxonni beixtiyor izidan ergashtiradi. Lekin uslubi juda og’ir. Agar kitobxon ushbu asarlarni o’qiganda “tushunmasa” o’zidan o’pkalasin. Axir bugungi “neorealizm”, “postmodernizm” kabi hodisalar insoniyat taraqqiyotining, jamiyat hayotining o’zgarishlari natijasida kirib kelgan, yaratilgan adabiy yo’nalishlar sanaladi. Biz uchinchi ming yillikka qadam qo’ygan ekanmiz, fikrlarimiz ham, tafakkur va tasavvurlarimiz ham shunga monand yuksaklasha borishi kerak.
Yozuvchining “Boqiy darbadar” romanidan o’rin olgan tarixiy hikoyalar, zamonaviy mavzudagi hikoyalar ham o’ziga xos uslub mahsuli. Unda bitta jihat kishini o’yga toldiradi: inson qismatining biz bilmagan, ko’rmagan turfa taqdirlari bor ekanki, uni his qilib, quvonch-u tashvishi bilan “yonib yashagan” adib talqinlari haqiqatdan ham umuminsoniy muammolarni haqqoniy yoritib bergan degan xulosaga kelamiz. Shuni unutmaslik kerakki, har qanday badiiy asarda yaratilajak obraz, avvalo, yozuvchining kishilarga va hayotga munosabatini aks ettirish vositasi hisoblanadi. Ayni chog’da, u muallifning hayot hodisalariga bergan estetik bahosi hamdir.
Adabiy tanqidchi Rahimjon Rahmat ushbu asarning janri xususida quyidagi fikrlani bildiradi: “Boqiy darbadar”ning janri to’g’risida to’xtalmoqchi emasman. Chunki hozirga kelib roman janri shu darajada takomillashib ketganki, “O’tkan kunlar” yoki “Urush va tinchlik” kabi voqea va personajlarga boy, mantiqli va o’zaro bog’langan voqealar tizimidan iborat asarlarni roman deb o’ylovchi o’quvchi, masalan, Kafkaning deyarli hech narsa sodir bo’lmaydigan va aytarli aniqroq personaji bo’lmagan “Jarayon” asarini roman deyilishini tushunmasligi mumkin. Ayniqsa, roman janri keyingi yuz yil ichida tezlikda o’zgarib, takomillashib borayotir. Bu janrda sodir bo’layotgan evrilishlarni kuzatib bormaydigan o’quvchi yoki mutaxassis “Boqiy darbadar” kabi bir-biriga zohiran bog’lanmaydigan voqealar jamlangan asarni o’qiganda fikr aytishdan ikkilanib qolishi hech gap emas1.
Dilmurod Quromov o’zining “O’ylashga undovchi asar” nomli maqolasida esa shunday degan edi: “ Isajon Sulton “Boqiy darbadar”ning janrini muallif roman deb belgilabdi. Ehtimol, ayni hol didi an’anaviy ruhda tarbiya topgan o’quvchida e’tiroz uyg’otar ham. Axir, bunda yaxlit bir voqea bo’lmasa, ko’p planli syujet asosida voqelikning keng epik manzarasi tasvirlanmagan bo’lsa, markazida qahramon turmasa…-nimasi roman?! Ammo, jahon adabiyoti tajribalaridan, xususan, G’arbda yarim asrlar ilgari boshlangan “yangi roman” bobidagi izlanishlardan ozmi- ko’pmi xabardor o’quvchida e’tiroz tug’ilmasayam kerak”.2
Aslida roman janri voqelik va inson hayotini keng har taraflama tasvirlaydi, uni butun murakkablikda ifodalaydi va ochadi. Qissadan farqli ravishda romanda ishtirok etuvchi personajlar, syujet linyalari ko’p va murakkab bo’ladi. Romanning paydo bo’lishi shaxsning jamiyatdan ajralib chiqishi, insonda individ hayotiga qiziqishining kuchayishi bilan bog’liq. Qadimgi romanlarda ko’proq qahramonlik va sarguzashtlar, qahramonlar taqdiriga yuz bergan kutilmagan o’zgarishlar ko’rsatilgan edi. Masalan, “Oltin eshak”, Longning “Dafniz va Xloya”, Ritsarp romanlari. Bu romanlar asosida ko’proq fantastik syujetlar va taqdirlar yotardi. Bu voqealar haqiqatdan ancha uzoqda edi.
XIX asrda O’rta Osiyoda kapitalistik munosabatlar qaror topa boshlagan edi. Roman sohasidagi dastlabki izlanishlar ham shu davrdan boshlandi. Hamzaning “Yangi saodat” asari ana shunday izlanish natijasi edi. Lekin to’la ma’nodagi roman o’zbek adabiyotida 20- yillarda yaratildi. O’zbek romanining dastlabki namunalarini yaratganlar – Sadriddin Ayniy, Mirmuhsin, Shermuhammedov, Abdulla Qahhor, Cho’lpon, H. Shams va Oybeklardir.
O’zbek romani faqat tashqi ta’sir natijasigina bo’lmay, avvalo hayotiy zaruriyat, hamda milliy an’analar natijasidir. Tashqi ta’sir ana shu ildiz va zaruriyatning shakllanishiga yordam berdi va ana shu jarayonni tezlashtirdi.
O’zbek romanining ildizlari:
Hayot voqeligi.
Xalq sarguzasht romanlari, dostonlari.
Yozma adabiyotning romantik dostonlari.
Sharq va G’arb romanchiligi.
Hozirgi roman o’zining rang-barangligi va voqea hamda xarakterlarga boyligi bilan ajralib turadi.
Hozirgi romanning asosiy xususiyatlari:
inson va jamiyat hayotining barcha sohalariga kirib bora olish;
yirik hayotiy muammolarni ko’tarib chiqa olish;
insonning ijtimoiy va xususiy hayotini butun to’laliga bilan ifoda eta bilish;
- personajlarning ko’pligi, ana shu personajlarning o’zaro munosabatlarini har taraflama yoritish;
qahramonlarning hayot sharoitlarini ko’rsatish va xarakterlarni ana shu hayot sharoitlari bilan big’liq holda ko’rsatish, xarakterlarning shakllanishi, rivojlanishini boshqa janrlarga nisbatan kengroq ko’rsatish;
inson psixologiyasini, murakkab hayot jarayonlarini to’la ocha bilish;
xarakterning ichki taraqqiyotini ko’rsata olish1.1
O’zbek romanchiligi salkam bir asrlik taraqqiyot tarixiga ega.Abdulla Qodiriy yetuk namunalarini yaratib bergan o’zbek romanchiligi tez rivojlandi, o’sdi, izlandi va adabiyotimizning asosiy janrlaridan biriga aylandi. O’zbek adabiyotida tarixiy, biografik, mistik, fantastik, detektiv, satirik va maishiy romanlar paydo bo’ldi. Roman jamiyat badiiy-estetik tafakkurini ini’kos qiluvchi janr bo’lgani uchun ham voqelik ichra evrilishi, inson o’y xayollari, ko’rgan-kechirganlari, topgan-yo’qotganlari bilan badiiy talqinga jalb etiladi. Roman izlanishga imkon beruvchi janr. So’nggi 10-17 yil ichida yaratilgan “Lolazor”, “Otamdan qolgan dalalar”, “Ming bir kecha”, “Fano dashtidagi qush”, “Kapalaklar o’yini”, “Jaziramadagi odamlar”, “Muvozanat” singari asarlar bu janr imkoniyatlari, roman tarixi, tadriji haqida fikr-mulohaza yuritishga undaydi2.
1.2 “Boqiy darbadar” romanining g’oyaviy tahlili.
“Boqiy darbadar” romanining g’oyasi haqida fikr yuritishdan oldin, avvalambor, g’oyaning o’zi nima ekanligini esga olsak. G’oya asarda tasvirlangan hayotiy voqelikdan kelib chiqadigan mantiqiy xulosalardir. Yozuvchining asarda muayyan voqealarni tasvirlashdan maqsadi nima demoqchiligidir. Adabiy asarda yozuvchi g’oyani shakllantirmaydi. G’oya obrazlarning tabiiy talqini natijasida ochiladi. Demak, quruq g’oyaning o’zi mazmun bo’la olmaydi. G’oya obrazlar bilan birga yurmaydi ham. U asarning butun ruhida namoyan bo’ladi, asarnin g yetakchi xususiyati sifatida namoyon bo’ladi.
G’oya muallifning asarga izohi, komintarisi, sharhi ham emas. G’oya asar strukturasida (tuzilishi) bo’ladi. Masalan, P. Qodirovning “Erk” qissasida yozuvchi Sattor, Oysha, Roziyalar taqdirini hal etmaydi . Zotan, qahramonlar taqdiri qanday hal bo’lganligini ko’rsatish shart emas. Agar qissada qahramonlar taqdiri aniq hal etilganida edi, asarning badiiy qimmatiga putur yetgan bo’ladi, yozuvchi o’quvchiga: sen ham shunday holga tushganingda ana shunday qil deb o’rgatgan bo’lar edi. Yozuvchi masalani ochiq qoldiradi, uning yechimini o’quvchiga havola qiladi, o’quvchini o’ylab ish qilishga chaqiradi.
Badiiy asar qimmati g’oyaning chuqurligi va haqqoniyligi bilan ham o’lchanadi. Shunga ko’ra g’oya obyektiv, subyektiv, haqiqiy va soxta bo’ladi. Soxta g’oya asar qimmatini tushiradi, uni halok qilib, g’oyasiz qilib qo’yadi. Masalan, M. Boboyevaning “Ra’no” qissasida ikki yosh bir-birlarini sevib, ahd-u paymon qiladi. Biroq ular ota-ona orzusi deb inson erki va muhabbati qurbon qilinishiga qarshi isyon ko’tarmoqchi bo’ladi. Qissani o’qib, shu gapni aytish uchun qissa yozish shartmi, degan fikr keladi. R. Rahmonovning “Sevgi qarimas ” qissasida ham xuddi shunday holatga duch kelamiz.
Yozuvchi voqealarni haqqoniy tasvirlasa-yu, o’zining dunyoqarashidagi cheklanganlik oqibatida kelib chiqadigan g’oya asardan kelib chiqargan mantiqiy xulosaga muvofiq kelmasa, bu subyektiv g’oya (niyat) deyiladi. Bunda muallif ixtiyoridan tashqari, o’z-o’zidan boshqa, to’g’ri xulosa ham kelib chiqadi. Bu obyektiv g’oya deyiladi. Asar qimmati ana shu bilan belgilanadi. Shuning uchun ham, Dobrolyubov aytganidek, muallifning nima demoqchiligi emas nima deganligi muhimdir.
Badiiy ijod jarayonida san’atkorning subyektiv maqsadi bilan obyektiv g’oya bir-biriga zid kelib qolishi mumkin. Ko’pincha shunday bo’ladiki, g’oya yozuvchining irodasiga qarama – qarshi uning asarlaridan obyektiv ravishda kelib chiqadi. Yozuvchi o’z oldiga bir g’oyaviy maqsadni qo’yadi, asardan kelib chiqadigan obyektiv xulosa esa butunlay boshqacha bo’ladi, natijada yozuvchi g’oyasi soxta bo’lib qoladi. Asar asosidan kelib chiqadigan g’oya qanchalik haqqoniy bo’lsa, badiiy ijodning natijasi ham shunchalik yuksak bo’ladi.
G’oya obrazlar tizimi orqali ochiladi. San’atkor zo’r bo’lsa, aytmoqchi bo’lganidan ham ko’proq narsani aytishi mumkin. G’oya aniq hayot materiali asosida ochiladi. Badiiy asar asosida yotgan g’oyani aniqlash osonlik bilan qilinadigan ish emas. Asar g’oyasini aniqlash juda qiyin ish bo’lib, faqat kuchli tafakkur bilan birlashgan estetik hissiyotninggina qo’lidan keladi, xolos. “Boqiy darbadar” romanining bosh g’oyasi ma’naviy -ruhiy qadriyatlarni inkor etuvchilarga nisbatan yaratganning qudratini anglash, unga shukronalik, ota-onaga ehtirom, vatan va millatga muhabbat inson uchun eng oliy qadriyatlar ekanligidir. “Boqiy darbadar” romanini o’qish jarayonida shunga guvoh bo’ldimki, yozuvchi Isajon Sulton aksariyat o’quvchilar qiziqib ko’rmagan, hatto eshitmagan narsalarni qalamga olgan.
Bu asarni tushunish uchun o’quvchi anchayin bilimlardan xabardor bo’lishi lozim. Hozir dunyoda olib borilayotgan tadqiqotlardan bexabar o’quvchi uchun “Boqiy darbadar” romani fantastik asar bo’lib tuyuladi. Lekin romanda tilga olingan gen tadqiqotlari,ming afsuski, ayni haqiqat.
Adabiy tanqidchi Rahimjon Rahmat ushbu asar haqida quyidagi fikrlarni aytib o’tgan: “Isajon Sultonning asarlaridagi ruh shunday: Ko’zning atroflarida iztirob izlari, ko’zning o’zida esa dard aks etgan, ko’z tubida esa yulduz kabi umid nurlanib turadi. Inson ko’nglida shamday zaif miltirab turadigan qiyomat kunining sodir bo’lishini doim sezib yuradigan bir his to’satdan alangalanib, kishining butun ichki olamini qamrab oladi. Go’yo yonib turgan shamdan alanga chiqib butun boshli uy yonib ketgandek. Insonning ko’ngil uyiga o’t ketgan. Inson ko’nglida favqulotda bir vaziyatlarda ana shunday yong’in sodir bo’lib turadi. Buni “apokalipsis” deyishadi g’arbliklar. Ya’ni kishi nazarida rostdan ham qiyomat sodir bo’lib, olamning Olloh yaratgan azaliy muvozanati, uyg’unligi tartibsiz ravishda parchalana boshlaydi. Bu holat ruhiy xasta kishilarda patalogik ko’rinishda namoyon bo’ladi. Aql o’limni o’ylab, ruhni dahshatga soladi. Patalogik o’lim tuyg’usiga asir bo’lgan kishi ko’nglida dunyoviy qadriyatlarning ma’nosini yemirib tashlaydi. Shunday bir o’ta ziddiyatli holatda inson o’z joniga qasd qilganini bilmay qoladi. Xuddi saraton kasali hujayrasiga o’xshaydi faollashgan o’lim haqidagi o’y, immune tizim nazoratidan butunlay chiqib ketgan saraton hujayralari o’z holicha, tana muhofaza kuchlariga zarracha bo’ysunmay o’sa boshlaydi. O’lim haqidagi o’y ba’zan tafakkurning temir mantig’ini parchalab, to’g’onini buzib tashlagan oqim kabi hamma narsani yakson qilib tashlaydi. Ilhom ham ko’ngildagi u yoki bu tuyg’uning bir muddat aql muhofazasidan chetga chiqishidir.
Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” asarini yozishga turtki bergan tuyg’u aynan qiyomatni favqulodda kuchli sezish, bu dunyo qadriyatlarini qiyomat degan ulkan tegirmonda yanchilishini ravon va jonli his etishdir. Xuddi mana shu tuyg’u “Boqiy darbadar” asarining dastlabki asosidir. Inson chalayotgan hayot degan kuyda darbadarlik ohanglari ustun ekanligini ilg’aydi yozuvchi.”1.
Yozuvchi tabiat manzaralariga ramziy ma’no yuklaydi. Aksariyat asarlarda tabiat tasviri asar qahramonining ruhini aks ettirish uchun qo’shimcha bir vosita sifatida qo’llaniladi. Ushbu asarda esa yozuvchi o’z maqsadini tabiat manzaralari orqali ochib beradi va o’zgacha bir ramziylikni ifoda etadi:
… Jaziraning top-toza moviy osmonida bir parcha oq bulut suzmoqda edi. Bu bulut bundan yeti hafta burun Qizil dengizning chuchuk suvli oqimlari ustida paydo bo’lgan, tinimsiz esuvchi bahri muhit yellari uni Arabiston cho’llariga qadar qanotlarida avaylab olib kelishib,cho’l shamollariga topshirgan edilar. Sahroning qurg’oq shamoli hozir uni ehtiyotlik bilan surib bormoqda edi.
Asarning davomida aynan shu oq bulut parchasi Muborak zotning boshi uzra soya tashlab keladi. Yoki bo’lmasa quyidagi manzaraga diqqatimizni qaratsak:
Oyning o’n uchinchi kunida, juma kuni uchib keladigan qora chumchuqlar aslida mudhish va qattol bir qarg’ishning yukini olib kelishadi. Hazrat shu atrofdagi daraxt shoxlarida qora chumchuqlarning to’planib olganini ko’rdi. Boshqa chumchuqlardan farq qilib, bular na don-dun terar, na sayrar, na shoxdan-shoxga uchib-qo’nar, faqat, kichkina sarg’ish ko’zlarini tikkancha nimanidir sabr-toqat bilan kutishardi.
Yozuvchi tabiat hodisalarini shunday mahorat va ta’sirli usulda tasvirlaydiki,biz bu manzaralarni o’qib butun borliqni boshqarib turgan Ollohning irodasini rosmana his qilamiz. Bugungi kunda dunyoning notinchlik va urush iskanjasida qolgan ayrim davlatlarida Yaratuvchisi kim ekanligini butunlay unutgan darbadarlar ota-ona, vatan, millat kabi oliy qadriyatlarni oyoq osti qilib, moddiy to’kinchilikni o’zlarining buyuk maqsadlariga aylantirganlar iblisona g’oyalarini olamga yoyishga urinishyapti. Shunday bir sharoitda yoshlarga Vatan, millat, ota-ona inson uchun tengsiz boylik ekanini eslatib qo’yish har bir yozuvchining Vatan va millat oldidagi buyuk vazifasidir. “Boqiy darbadar” romanida yozuvchi o’z vazifasi bajargan desak yanglishmagan bo’lamiz. Asarda professor ziyoning o’g’li otasiga maktub yo’llaydi. Maktubni ota-onasining nomini tilga olish bilan boshlayapti:
… Bugun onamning xokisor va aziz qadamlarining izi qolgan hovlimizda ekanman, Parvardigori olamga iymon keltirgan barcha kishilarnin, avvalo sizning va onayizorimning haqqiga ko’zlarimda yosh bilan duo qilgach, ushbu maktubimni bitmoqdaman. ota, siz avvalo – kimligim va nimaligim namoyon bo’lgan, bir burda nonimni na o’zim yeya oladigan, na bir qultum suv icha oladigan holimda, yiqilsam tura olmay chirillab yig’laganimda, uzun kechalar-u kunduzlaringizni menga bag’ishlab, nimagaligini o’zim ham bilmay kulganimda quvongansiz, injiqlik qilib yig’laganimda ko’zingizga dunyo tor bo’lgan, o’zingiz yemay menga yedirgan, ichmay menga ichirgansiz, oyoqqa qo’yib, tarbiya bergansiz. Hozirda kundan-kunga avj olib borayotgan terroristik va diniy ekstremistik guruhlarda faoliyat yuritayotgan manfur kimsalar ota-onasi, vatani va millatiga qarshi tish qayramoqda. Aynan shu tahlikali zamonda ushbu asarning yaratilishi ulkan voqea bo’ldi. Shu jihatdan ham bu asar o’zbek adabiyoti xazinasidan munosib o’rin egallaydi degan umiddaman. O’g’il maktubida bejiz millat va vatan qadr-qimmatini bu darajada yuksakka ko’targani yo’q. Yangi inson yaratishga urinayotganlarning aytishicha, ularning ilmiy izlanishlari nihoyasiga yetib, o’zlari xohlagandek umrboqiy va go’yo oliy tafakkurga ega bo’lgan inson yaralgach,ota-ona, vatan, millat kabi boqiy ma’naviy qadriyatlar o’z-o’zidan nursizlanib, yer yuzidan yo’q bo’lib ketadi. Qayerda to’kinchilik , bemalolchilik bo’lsa, dunyoning qay burchagida iqtisodiy yuksaklik bo’lsa, moddiy boylik va rohat-farog’atni ilohga aylantirgan yangi tur odamlar o’sha tomonga suvday oqa boshlaydi. Insonni inson qilib turgan tushunchalar - Yaratganga itoat etish,uning cheksiz qudratini anglash, vatan va millatga muhabbat, ota-onaga ehtirom tuyg’ulari barbod bo’lgach, inson rostdan ham darbadarga aylanadi. Insonning qalbidagi bacha oliy qadriyatlar esa vatan degan tushuncha atrofida birlashtirib turadi. Aytish lozim bo’lsa, vatan inson ruhiy olamining ustunidir. Vatandan ayrilish – iymondan ayrilishdir. Isajon Sulton o’z asarida vatan va millat degan tushunchalarni oliy qadriyat sifatida madh etishi shunchaki balandparvoz gap emas. Vatanni boy berish barcha kulfatlarning boshlanishidir. Hadislarning birida Vatanni sevmoq iymondandir deyilgan. Ma’na, nima uchun professorning o’g’li yuksak va samimiy ehtiros bilan Vatan va Iymon faqat birgalikda mavjud bo’lishini madh etyapti.
“Menga yurt shu iymonimni himoya qilishim, uni yot ta’sirlardan saqlay olishim, shoyadki Tangrim farzand ato etsa, uni aynan shu ruhda, aynan shu haqiqatlarbilan tarbiyalashim uchun kerak. Shu joyda Iymon bilan Vatan degan narsalarning birlashganini ko’raman…”
Asarda darbadar deyilganda yozuvchi bir necha kishini nazarda tutgan. Bular Muborak zotga qo’l ko’tarib boqiy yashashga mahkum qilingan etikdo’z, professor Ziyo yaratgan umrboqiy genoma hamda qachonlardir ulkan maqsadni ko’zlab yo’lga chiqqan va ayni damda maqsadini unutib darbadar kezib yurgan lo’lilar qavmi. Umuman olganda tangrini unutgan va borar yo’lini yo’qotgan har qanday inson darbadardir degan g’oya yotadi asar mazmunida.
Asarda saraton kasaliga chalinib, o’lim to’shagida yotgan buyuk yozuvchi Garsia Markesning vido maktubi keltirilgan. Barchamiz bilamizki, dor ostida, ya’ni o’lim ro’baro’ turgan paytda qalbining tubida asrab yurgan gaplar aytiladi. Xo’sh, hayot hikmatini anglab yetgan mutafakkir bu yorug’ dunyoni tark etish arafasida qanday insoniy qadriyatlarni muhim deb hisoblab, insoniyatga xitob qilyapti:
“ Mabodo Tangri Taolo mening taqdirimdan ko’z yumsa-yu, latta monand hilvirab qolgan shu vujudimga yana bir parchagina hayot hadya etsaydi, hoynahoy, o’ylayotganlarimning hammasini aytmasam ham, gapirayotganlarimning hammasini o’ylagan bo’lardim. Ko’zim yumuq mahalda o’tkazilgan har bir daqiqa yorug’likning oltmish soniyasini yo’qotayotganimni idrok etgan holda kamroq uxlagan, ko’proq orzu qilgan bo’lardim. Balki suygan insonlaringni so’nggi bora ko’rib turgandirsan?! Shu bois, nimanidir kutma, bugunoq bajar, chunki ertangi kun hech qachon kelmas bo’lsa, sen – birgina jilmayish, birgina bag’irga bosish, birgina o’pish uchun vaqt topolmaganing, so’nggi istakni bajarishga kelganda juda-juda band bo’lgan kuningga la’natlar o’qiysan. Do’stlaringga ular sen uchun qanchalar qiymatli ekanlarini ayt”.
Asarda asrlar o’tishi bilan dunyoda boshqa bir darbadarlar paydo bo’lyapti. Etikdo’zning qiyomatgacha o’lmay, daydib yurish qismati insoniyatning idealiga aylanyapti, ular bu dunyodagi umrboqiylik aslida yaratganning dahshatli jazosi ekanligini, bu dunyodan o’z vaqtida ketish tengsiz baxt ekanligini butunlay unutib, million- million pullarni sarflab umrboqiylik genini topib, qiyomatgacha o’lmaydigan odam yaratishga harakat qilishyapti. Darbadarlik degani – yaratgan ko’rsatib qo’ygan yo’ldan ozish, uning azaliy qonunlarini buzishga harakat qilish, qisqa qilib aytganda, yaratganga ehtiyojim yo’q deyishlik deb tushunsak roman mazmunini to’g’ri anglab yetamiz.
Bir necha yillik urinishlar natijasida genetik olimlar nurlanishlarga chidamli genoma dunyoga keltirildi. Lekin uning eng katta kamchiligi – u ko’r, quyosh nurlari unga halokatli ta’sir ko’rsatadi. Yana bir genoma, haddan ziyod egiluvchan, lekin bu egiluvchanlikni ta’minlash uchun organizm bo’g’imlarga kerakli suyuqlikni yetkazib bera olmaydi. Yana bir haddan ziyod uzoq yashaydiganida esa aql nishonalari yo’q. Nihoyat, har jihatdan to’kis, mukammal, oliy tafakkurga ega genoma yaratildi. Lekin eng katta kamchilik shunda ko’rindi: “Men kimman?”, “Nega tug’ildim?” deb boshi gangib, boshi berk ko’chaga kirib, nima maqsadda dunyoga keltirilganligini bilish uchun Xudoni izlab yo’lga chiqadi. Shu o’rinda muhim haqiqat yuzaga chiqadi: Xudoning bandasi ekanligimizni anglash, bu olamdagi hayotimiz Ollohning sinovi ekanligini chuqur his qilish bizlarni hayvondan ajratib turadigan eng oliy belgidir. Yana aytmoqchimizki, iymonni boy berish hisobiga erishilgan katta g’alabalarning bari pirovardida halokatga mahkumdir. “Boqiy darbadar”dan yaratganning azaliy qonunlarini buzish darbadarlikka sabab bo’lishini, bu kabi buzilishlar oxir-oqibat insoniyatga falokat olib kelishini va inson hech qachon mukammal jonzot yarata olmasligini anglash mumkin. Ba’zi insonlar o’limdan qo’rqishadi. Asarni o’qish davomida bir narsaga amin bo’lamiz. Bu ham bo’lsa abadiy hayot baxt emas, aksincha vaqti soati yetganda bu olamni tark etish baxtdir. Shu o’rinda bir rivoyat yodimga tushdi. Podshoh bir kuni dahshatli tush ko’radi. Bu tushning tabirini bilish uchun o’z vaziriga murojaat qiladi. Vazir hech o’ylab o’tirmasdan shunday javob beradi. Siz barcha yaqinlaringizning o’limini ko’rasiz, yolg’izlikdan qattiq azoblanasiz. Bu so’zlar podshoning diliga juda og’ir botadi va shu zahoti vazirni o’limga hukm qiladi. Shu mamlakatda bir donishmand yashar edi. Podshoh donishmandni saroyga olib kelishlarini buyurdi. Podshoh donishmanddan ko’rgan tushining tabirini so’raganda donishmand chuqur o’yaga toldi va shunday javob berdi. Podshohi olam, ko’rgan tushingizdan hech ham dilingiz siyoh bo’lmasin. Sizning umringiz, inshoolloh, uzoq bo’lgay. Siz barcha yaqinlaringizdan ham uzoq umr ko’rasiz. Podshoh donishmandning oqilona fikrlashidan lol qolib uni mukofotlabdi. Aslida ikkisi ham bir xil narsani aytgan edi. Bu rivoyatning g’oyasi butunlay boshqa narsada. Mening diqqatimni tortgani esa vazirning aytgan so’zlari bo’ldi. Haqiqatdan ham yaqinlaring, farzandlaring va do’st-u yorlaring o’limini ko’rish bu juda og’ir musibat. Shu bois ham etikdo’zning qismatiga havas qilib bo’lmaydi.
Ahmadjon Meliboyev “Boqiy darbadar” romani haqida quyidagi fikrlarni bildiradi: “Asarning bosh mavzusi nima? Men kitobxon sifatida “Maqsad haqida” degan bo’lardim. Inson beshikdan qabrgacha ilm izlashi, bilishi, anglashi, yaxshini yomondan farqlashi va, eng muhimi, ilmga, fahm-farosatiga asoslanib, o’zini topishi lozim. Buningsiz uning bu dunyoda turishidan ma’no yo’q. Ammo ilmiy salohiyati va shu salohiyatdan g’ururlanish asnosida paydo bo’lgan maqsad-muddaosi iymoni, vijdoni, bandaligi, bu yorug’ olamga shunchaki kelib qolmasin, hayot karvonidan olislab ketib, adashib-yanglishib, daydi-darbadar holiga tushmasin. Azaliyat qonunlarini ularning yaratuvchisidan boshqa hech kim va hech vaqt tahrir qila olmasligini vaqtida tushunib yetsin. Kechikkan taassufdan, xatolarni juda kech, bo’ron
avjiga minib, yer-u ko’kni chirpirak qilib aylantirayotgan, yo’lida duch kelgan narsani – odammi, hayvonmi, qurt-qumursqami, o’t-o’lanmi, rizq-nasibami – farqlamay mijiqlab-majaqlayotgan, hayot o’rmonida ho’l-u quruq baravar yonayotganida afsus nadomatdan foyda yo’q. Asar qahramoni, mukammal sun’iy insonni yaratish formulasini yaratib qo’yib, endi boshini toshga urishga tayyor professor Ziyoning vijdon azobidan, o’g’ilning olim otaga maktubidan, bemor yozuvchi Markesning vido xitobidan, ezgu niyatda safarga chiqqan lo’lilar karvoni haqidagi rivoyatdan va, bunisi juda muhim, ilmiy mahsul bo’lmish sun’iy jonzotning olam ahliga murojaatidan mana shu buyuk xulosa kelib chiqadi”1.
Nima uchun insoniyat Xudo yaratgan azaliy qonunlarni buzmoqchi bo’lib boqiy hayotga intilyapti. Asaridagi muhim bir xulosa shuki, insonning biologik va ijtimoiy tabiatiga zid qonunlarning hayotga tadbiq etilishi halokatga duchor etadi. Yer yuzidagi hayot bir kun kelib butunlay tugaydi. Nafaqat yer sayyorasi, balki butun koinot halokatga mahkum. Xudo to’satdan qiyomatni yubormaydi, balki insonning o’zi yaratganning azaliy qonunlarini buzib qiyomatni o’zi yaqinlashtiradi.
Romanda tarixiy rivoyatlar va eng zamonaviy ilmiy kashfiyotlar ko’magida insonning yer yuzidagi hayotini badiiy idrok etib, insoniyatning peshonasiga “darbadar” degan yozuv yozilmoqda. Darbadar – yo’ldan adashgan, borar manzilini yo’qotgan insondir. Borar manzilini yo’qotish – Xudoni, o’z yaratuvchisini unutishdir. Oqibatda esa, kelgan va borar yo’lini yo’qotgani uchun o’zi sezmagan holda qiyomatni tezlatib yuboradi. Hozirgi kunda zamonaviy ilm o’simliklari, hayvonlar va insonlarning genini o’zgartirishni boshladi. Nanotexnologiya yordamida butun insoniyatning tafakkuriga egalik qilishga urinyapti. Ya’ni bu halokatli bilimlar insoniyat tafakkuriga hokim bo’lish orqali xudolikni da’vo qilyapti. Bu bemani harakatlarning mantiqiy yakuni, “Boqiy darbadar”da bashorat qilinyapti. Ya’ni yer yuzidagi hayot qum ostida qolyapti. Rivoyatlarda aytilishicha, qachonki inson zoti o’zligini unutib, Xudolikka da’vo qilsa, Olloh yer yuziga ulkan balo yuboradi. Asarda ham xuddi shu narsaga ishora berilyapti.
Olimlarning e’tirof etishicha, hozirgi kunda inson DNA si tez sur’atda o’zgarib, ikki burmalidan o’n ikki burmali ko’rinishga o’tyapti. Bu jarayon natijasida yer yuzida ikki burmali DNA ga ega inson yo’qolib boradi va oxir oqibat Xudo tomonidan yaratilgan hozirgi inson boshqa bir jonzotga aylanadi. Isajon Sulton ham bu masalning nechog’li jiddiy ekanligini bilgan holda bu muammoni ko’tarib chiqqan.
Bugungi kunda gen texnologiyasi hayotimizga keng ko’lamda kirib kelayotir yoki boshqacha aytsak, asoratlarini ko’rsatib ulgurdi. Bilish kerakki, oddiy qadoqlangan taomlar,ichimliklar, kimyoviy kir yuvish vositalari, dezodarantlar, xushbo’yoq moddalar, parfyumeriya mahsulotlari inson DNA sida chuqur o’zgarishlar yasaydi va uni insonlikdan chiqarib, boshqa bir jonzotga aylantiradi. Kelajakda geni o’zgargan mahsulotlardan iste’mol qilayotgan insonning anatomiyasi qanaqa shaklga kirib qolishi olimlar tomonidan yetarlicha o’rganilmagan hali…
Shu kunlarda yaratilayotgan xorijiy filmlar, badiiy adabiyotlarda indiogoid va kristall bolalar haqida gap borayapti. Ular – DNAlaridagi azaliy nizom buzilgan bolalardir. Ularning DNAlari ikki burmali emas, ko’p burmalidir, shuningdek, teri, ko’z, quloq, miya, asab va hazm tizimida o’zgachalik bor. Qizig’i shundaki, bu bolalar o’ta zakovatli, o’zlariga haddan ziyod ishonadiganlar, hech kim ularga so’zini o’tkazolmaydi, ammo ular boshqalarini osongina bo’suntirishadi; uyalish va qo’rquv hissini tuymaydilar;
maqsad yo’lida juda sobitqadam, kichik yoshdanoq kattalar bilmaydigan narsalarni bilib olishadi. Bu kabi bolalarni moddiyunchi olimlar “oltinchi irq kashshoflari” deb atashyapti. Gen o’zgarishi tezlashgani tufayli kattalar orasida ham kristall va indigoid insonlar paydo bo’layotganini gapirishyapti. Bunday evrilishlar ularda o’lim, taqdiri azal va oxirat ishonchining sekin-sekin yo’q bo’lishiga olib kelmoqda. Hozirgi kunda yetakchi davlatlarda nanotexnologiya bo’yicha maxsus ilmiy izlanishlar olib borilyapti. Agar bu izlanishlar nihoyasiga yetsa, butun dunyo aholisini markazlashgan bitta kompyuter yordamida boshqarish, xohlagan ko’yga solish mumkin bo’lib qoladi bizningcha. Ya’ni organizmga oziq-ovqat, suv, havo, dori-darmon va boshqa yo’llar bilan olgan nanoparchalar sun’iy yo’ldoshga ulangan kompyuterdan yuborilayotgan ma’lumot-buyruqlarni qabul qilib, uni inson ongiga o’tkazadi. Bu holatda inson Xudo yaratgan irodali, mustaqil fikrli, ma’naviy-ruhiy kuchga ega bo’lgan, qazoi qadarga, oxirat kuniga ishonadigan, dushmandan nafratlanadigan, do’stga mehribon, ota-onasiga oqibatli, vatanni sevuvchi inson bo’lmay, tayyor biorobortga aylanadi va allaqanday shaytoniy kuchlarning quliga, xizmatkoriga aylanadi. Demak, hozirgi kunda inson taraqqiyotiga xizmat qilishi ko’zlangan ilm odam geniga bostirib kirib , undagi Xudo yaratgan sifat va xususiyatlarni ezib-yanchib, o’rniga o’zining xatarli, inson zotini yer yuzidan qirilib ketishiga olib keladigan, ma’naviy -ruhiy qadriyatlarni ostin-ustun qilib tashlaydigan yovuzlik urug’ini eka olish kabi xatarli xususiyatini ham namoyon qilmoqda.
“Boqiy darbadar” romanining yaralishida hozirgi zamon ilmida yuqorida tilga olganimiz halokatli o’zgarishlarning ham o’rni bor, albatta. Yozuvchi bir ziyoli o’laroq nanotexnologiya va gen texnologiyasida sodir bo’layotgan o’zgarishlar va ularning salbiy oqibati haqida aytilayotgan gaplardan yaxshi xabardor. Xo’sh, azaliy qonunlarni buzib, inson zotini o’zga mavjudotga aylantirayotgan, inson taqdirining yaratuvchisi bo’laman deb xudolikni da’vo qilayotgan, kishilar qalbidan mehr-muhabbat, hamdardlik tuyg’ularini supurib tashlab, o’rniga cheksiz xudbinlik urug’ini ekayotganlarga qarshi yozuvchi qanday qurol bilan jang qilishga urinib ko’rdi?
Inson hayoti davomida ko’pgina xatolar qiladi. Qilgan xatolaridan xulosa chiqarib, bu yo’l noto’g’ri ekanligini anglaydi. Haqiqat izlayotgan inson adashishi tabiiy hol. Xatolarini tushunib yetibgina ko’zlagan maqsadiga erishadi.
Romanda olimlar har tomonlama mukammal, har qanday jarohatlarini o’zi tuzata oladigan, to ro’zi mahshargacha o’lim topmaydigan genoma yaratish ustida tajriba olib boradilar. Lekin tabiat bunga muhtojmikan? Aslo yo’q. Hech kuzatganmisiz tabiatda barcha narsa bir-biri bilan uzviy bog’liq. Birini ikkinchisisiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Ollohning mo’jizalariga tikilib lol qolasan kishi. Tabiatdagi har bir jonzot, har bir mavjudot juda go’zal qilib yaratilgan. Bazilar o’limdan qo’rqishadi. Men abadiy yashashni istamagan bo’lardim. Chunki bir daraxt qurisa, o’rnini boshqa bir yosh novda egallaydi, insonlar vafot etsa, chaqaloqlar dunyoga keladi. Ya’ni biri ketsa o’rnini boshqa biri to’ldirib boradi. Dunyo shunday yaralgan va boricha qolmog’I lozim. Inson tomonidan yaratilgan genoma tushunib yetgan oddiy haqiqatni nega endi odamzotning o’zi tushunmaydi. Genoma barcha tafakkur qiluvchi jonzotlarga murojaatni elektron maktubda yozib qoldiradi: “Avvalo , ushbu tevarakning, samolarning, tabiatning va oxir-oqibat fikrlovchi inson naslining o’z -o’zidan paydo bo’lib qolishi ehtimoldan g’oyatda uzoq narsadir. Bu olamni albatta k i m d i r yaratgandir! Bunchalik quvvatli tartib berilgan va qat’iy qoidalar asosida harakatlanayotgan tabiat bizsiz ham mukammal ravishda o’z hayotida davom etmoqda, o’zgartirishlarimizga va kashfiyotlarimizga muhtojligi yo’q. Asrlarni to’zg’itib esayotgan vaqt shamolida inson bunyod etgan har qanday narsa albatta buzilib-payhon bo’lib ketmoqdadir. Hayot uchun qulaylik tug’diradi deb hisoblangan narsalar tabiatning mutlaq nizomini buzmoqdadir”.
Genoma k i m d i r mening dunyoga kelishimni nega istadi deya bosh qotiradi. Menimcha, Olloh uni mana shu gaplarni aytishi uchungina yaratdi. Ammo insonlar shundan so’ng ham yovuz niyatlaridan qaytishmadi va ulkan bo’ron girdobida qolishdi. Qiyomat qoyin edi. Undan qutulishning iloji yo’q. Ammo kim qanday o’lim topdi. Bo’ron sodir bo’lganda genetik professor Ziyo o’tirgan uchoq bor yo’g’I o’ttiz ikki soniyada yerga kelib urilib bir necha bo’laklarga bo’linib ketdi va shamol uchirayotgan qum zarralari mayda parchalarni shu zahoti ko’mib yubordi. Ko’pchilikning yuragi qulash chog’idayoq yorilib ketdi, qolganlar esa urilish chog’ida murdaga aylandi. Lo’lilar karvonboshisi turli din vakillarining ibodatlarini bilardi, biroq, qaysi biri haq yo’lida ekanligini bilmasdi. So’nggi lahzada u eng so’nggi payg’ambar – Muhammad s.a.v ning ibodatini ado etdi va shundoqqina qum uzra cho’k tushdi. G’or og’zida o’sgan anjirni shiddatli shamol tag-tomiri bilan sug’urib tashladi. Demak, avliyoning ham bu dunyoda rizqi uzildi. Ammo mo’jizani qarangki, sahrodan kelgan qumlar g’or og’zini berkitib qo’ydi. Ammo, shu paytda ichkariga kirgan odam hayratdan lol qolardi: ichkaridagi havo sarin va yengil, gullarning islari anqib turar, avliyo esa sajda qilgan holida jonini Haqqa topshirgan, balki ko’pchilik orzu qiladigan go’zal o’lim edi bu. Qolganlar esa azobli o’lim topdi. Yangi ochilgan qum sahifasida sahro bo’ylab bir banda yolg’iz kezardi. Bu biz bilgan o’sha etikdo’z – boqiy darbadar edi. U shunday qismatga mahkum etilgan. Lekin aslida etikdo’z iymonsiz banda emas edi. U muborak zotning so’zlari chinligiga ishonardi.
Insonlar yer yuzida ko’pgina qabih ishlarni qildilar. Shu sababli ham Olloh ularning boshiga bu musibatni soldi. Yer yuzida hayot mujassamligini taminlovchi, odamzotning yashashi va oziqlanishi uchun zarur bo’lgan to’rt unsur ayni shu kunda dahshatga keldi. Insonlar so’nggi bora Ollohning qudratiga guvoh bo’lishdi. Afsuski endi juda kech edi. Inson o’zi shunaqa, boshi devorga tekkandan so’nggina ko’zi ochiladi. O’zi bilan rahmat yomg’irlarini olib keluvchi shamol bu gal ummon ustida balandligi o’ttiz metrlik to’lqinlarni hosil qilib millionlab baliqlarni halok qilardi. Sohillarda dam olayotgan insonlar halok bo’lishdi. Shamol va quyun Osiyo cho’llaridagi millionlab tonna qumning ichidagi jonzotlari va nabodoti bilan qo’shib samoga ko’tarib ketdi, butun samoni qum buluti enladi. Insonlarni sovuqdan asrab ularning shirindan-shakar taomlar tayyorlashlari uchun xizmat qiluvchi olov esa bugun alangaga aylanib yer yuzini yondirib kul qilardi.
Adabiy tanqidchi Rahimjon Rahmat asardagi afsona va rivoyatlarga to’xtalib quyidagi fikrlarni bildiradi: ““Boqiy darbadar”ni o’qiyotganda bir qator afsona va rivoyatlar yodga tushadi. Bobil minorasi haqidagi rivoyatni eslaylik. O’shanda butun dunyo kishilari bir tilda gaplashishardi. Ular o’zaro kelishib, xudoning dargohiga yetishish uchun baland minora qurishadi. Bundan xudoning qahri kelib, minorani buzib tashlaydi va xalqlarning tillarini aralashtirib, hammasiga alohida-alohida til beradi. Bu rivoyatda ham muhim bir jihat bor, ya’ni muayyan sharoitda kishilar Tangriga tenglashmoqchi bo’lishyapti va o’zlarida kuch-qudrat sezib yaratganga ehtiyoj sezmay qolishmoqda. Aslida “Boqiy darbadar” da tilga olingan boqiy inson yaratish g’oyasi, bu yo’ldagi harakatlar ham Xudoga tenglashmoqchi bo’lishga urinish,uning azaliy qonunlarini o’zgartiraman deb osiylik qilishdir. Buning uchun Xudo insonlarni qum bo’roni bilan jazolayapti. Inson – maxluqdir! Genetika ilmining daholari, ya’ni maxluqlar yig’ilishib xudolikni da’vo qilishyapti – yangi turdagi mukammal inson yaratishga urinishyapti…
O’n to’qqizinchi asr oxirida zamondoshlari qalbidagi muhim holat – kayfiyatni ilg’ay olgan rus va yeropa faylasuf-yozuvchilari “Xudo o’ldi” deb e’lon qilib yuborishdi. Oradan hech qancha o’tmay qisqa fursat ichida rus va yevropa xalqi insoniyat tarixidagi eng katta ikkita jahon urushini boshdan kechirdi; kommunistlar esa xudosizlar imperiyasini barpo qilishdi. Umuman, Xudoni unutish,uning azaliy qonunlarini o’zgartirmoqchi bo’lish hamma zamonlarda insoniyatni baloga giriftor etib kelgan.
Asarda halokatli ilmlar qoralanadi. Bu haqida Ahmadjon Meliboyev quyidagi fikrlarni bildiradi: “…Karvonboshi chol nabirasiga deydi: “Parvardigorning dargohi keng, u ko’p narsalarni sirlar pardasiga yashirgan. Odamlar ularning ba’zilarini biladilar, ba’zilarini bilmaydilar. Odam bolasidan boshqa hamma (jonzotlar) bir tilde gaplashadi, o’g’lim… Aslida, bunday sirlarni qancha ko’p anglaganing sayin shuncha chuqur sukutga tolasan. Chunki ba’zi bilimlar hatto halokatli bo’ladi, bolam”.
Halokatli bilim. Buni tasavvur qilish qiyinmi? Tasavvufki, qiyin emas. Odamzotning bilim ufqi bugun juda keng , cho’qqisi juda baland. Ammo bu bilimdonlik faqat yaratishga, ezgulikka xizmat qilayotgani yo’q. Dunyodagi favqultodda iste’dodli olimlarning har to’rtinchisi bugun ommaviy qirg’in qurollarini takomillashtirish, yanada samaralilarini o’ylab topish – o’ldirish,yondirish ustida ishlamoqda. Ixtirolari uchun moddiy rag’bat olishmoqda, martaba pillapoyalaridan yuqorilashmoqda. Inson o’z qiyomat kunini o’zi belgilaydi degan gap shu emasmi?! Shu b o’lsa, bilimdan balo ham kelib chiqsa, balkim bilish va anglash yo’liga to’siq qo’yish kerakdir? Lekin kim qo’yadi bu to’siqni?
“Ruhlar isyoni” dostonidagi (Erkin Vohidov) ko’r ko’zlarini ochgan tabibni olovda kuydirishgani, ko’zlari ochilib, bu dunyoda mavjud jamiki nopokliklarni o’z ko’zi bilan ko’rgan sobiq ojizning gulxanga boshqalardan ko’ra ko’p o’tin olib kelganini eslang. Tabib o’z bilimdonligi bois bunday dahshatli jazoga tortildi. Atomning sirini ochgan, vodorod bombasini ixtiro qilgan alloma olimlarning pushaymonlari olamni tutgani sir emas.
Bu dunyoning ma’no mohiyatini to’la anglamoqchi bo’lgan allomalarni sanab ulgurish qiyin. Ulardan biri o’limga chap berishdan ko’ra uni mag’rur qabul qilishni afzal ko’rgan donishmand Suqrot, ikkinchisi o’z hayotida anglagan bilim va tafakkuridan kelib chiqadigan eng oddiy savollarga javob topa olmay uyini tark etgan Lev Tolstoy edi. “G’alati manzara, - deb yozadi ulug’ adib “Iqrornoma”da, - odamlar diniy e’tiqodlarga sig’inib, ularga zid tarzda hayot kechirganlarini ko’rganimda shu e’tiqodlardan bezib ketgandim. Ammo odamlar xuddi shu e’tiqodlarning o’ziga amal qilib yashaganlarini ko’rganimda, ular menga g’oyatda jozibador va oqilona ko’rindi. Shunda menga nega bir vaqtlar bu e’tiqodlardan bezganimni, nega ularni ma’nosiz deb hisoblaganimni, endilikda esa nima sababdan ularni qabul qilganimni… tushundim. Men noto’g’ri fikr yuritganim uchun adashgan emas ekanman, balki gunohkorona hayot kechirganim uchun adashgan ekanman. Men
anglab yetganim – haqiqat yuzini mendan yashirgan narsa – fikrlarimdagi xatolik bo’lmagan ekan, balki favqulodda ishratbozlik, maishatparastlik sharoitida, baloi nafsni qondirish yo’lida o’tkazgan hayotim bo’lgan ekan ”.
“Iqrornoma” dan anglashiladigan xulosa shuki, noto’g’ri fikrlash – ayb emas, haqiqat izlayotgan inson adashib, yanglishib, o’zining bu holatlarii idrok etibgina ko’zlagan maqsadiga erishadi. Bungacha u, adib uqtirganiday, hayotning noma’lum sohillari tomon qayiqda, shiddatli oqim bilan yolg’iz qoldirgan holda, tajribasiz qo’llari bilan eshkak eshadi, oqim uni manzildan boshqa tomonga ayovsiz ravishda sudraydi, yo’l-yo’lakay o’zi kabi oqim ixtiyoriga tushib qolgan, qo’llaridan eshkaklari tushib ketgan yo’lovc hilarni uchratadi va yana,u olislab suzib borar ekan, oqimni mensimaydigan haybatli kemalarga, shovvalarga urilib, xarob holga kelib qolgan qayiqlarga duch keladi. Bunday holatga tushgan adib, nihoyat, xulosa qiladi: “Sohil – xudo edi, yo’nalish – rivoyat edi, eshkaklar – menga berilgan erk edi. Men ularning yordamida sohilga – Xudoning jamoliga erishmoqqa suzmog’im kerak edi”1.
II BOB. “BOQIY DARBADAR” ROMANINING BADIIYATI
2.1. Romanning badiiy xususiyatlari
Romanning buyukligi shundaki, unda umuminsoniy muammolar badiiy talqin qilingan. 2010-yilda yozilgan bu romanning asosini qadimgi afsona va rivoyatlar, bundan tashqari hozirgi kundagi ilm-fan muammolari tashkil etadi. Asardagi voqealar dunyoning turli mamlakatlarida bo’lib o’tadi. Asarda Qizil dengiz, Gobi sahrosi, Osiyo, Tiyonshon tog’lari, Atlantika ummoni, Polsha, Yaponiya, Shimoliy Amerika, Avstraliya, Sahroi Kabir, Misr, Hindiston, Sidney kabi joy nomlari tilga olingan. Asarda inson aqli va hislarining chigal jihatlari, ezgulik va yovuzlik, xiyonat va sadoqat singari sifatlar o’rtasidagi kurash tasvirlangan.
Ahmadjon Meliboyev “Boqiy darbadar” romani haqida quyidagi fikrlarni bildiradi: “Iste’dodli yozuvchi Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” romanini o’qishimga muallifning yaqinda e’lon qilingan,dunyo adabiyotida bor, ammo milliy romanchiligimizda uncha urf bo’lmagan murakkab ifodali “Ozod” asari turtki berdi.Badiiy asarga baho berishda ancha talabchan yosh tadqiqotchi oldida “Ozod”dan gap ochgan edim, u mamnun ohangda: “Siz “Boqiy darbadar”ni o’qing, juda baland, juda.”, dedi.
O’sha kuniyoq muallifning o’ziga murojaat qilib, kitobni dastxat bilan oldim-da, o’qishni boshladim. Avvaliga “juda balandligi” asar syujetining o’ta murakkabligida bo’lsa kerak, deb o’yladim. Asarda ramz va ramziy ishoralar, tarixiy-mantiqiy xulosalar, nafis adabiyotda “haqiqatning ko’prigi” deyiladigan, ba’zan esa “haqiqatning ziddi” ma’nosida keladigan majoz haddan tashqari ko’p va xo’b keltirilgan. Mirzo Kenjabek “Navoiy devonining fazilatlari” maqolasida ulug’ mutafakkirning “she’riyatning zohiriy jihatlariga pok nazar bilan qarash zarurligi” to’g’risida muhim fikrni keltirib, hazratning o’zidan misol aytadi:
“Gar Navoiy yig’lasa, ishqing majoziydur demang,
Kim nazar pok aylagach, ayni haqiqatdur majoz”.
“Boqiy darbadarda” majozlar kitobxonni muallifning bezovta qalbi, ichki dunyosi tomon yetaklaydi. Buning ustiga, unda bilim xazinamizda asli bor, biroq hayotiy ikir- chikirlar ta’sirida xotiramizda xiralasha boshlagan muhim mushohadalar ham yetarli (“Hatto sahrodagi sanoqsiz qum zarralarining har birining o’z qismati bor. Xuddi sizning va mening qismatim kabi”, “Qalbida mudhish bezovtalik va qo’rquv hukm surgan odam uchun kimnidir sevish, oila qurish, bola-chaqa qurish kabi insoniy ne’matlarning ahamiyati qolarmikin?”). Adabiyotimizda shunday baquvvat, o’qiladigan va o’ylantiradigan zarur asar paydo bo’lganidan xursand bo’ldim1.
Syujet (frans. – predmet, mazmun,narsa) - asardagi voqealar oqimi, ularning bir-biriga bog’lanishi, undagi aloqalar, qarama-qarshiliklar, xarakterlarning rivojlanish tarixi, ana shu tarixning bosqichlari, asardagi tuyg’u va kechinmalarning mantiqiyligidir. Barcha epic, dramatik va liroepik turdagi badiiy asarlarda syujet mavjud bo’ladi. Badiiy asar syujeti tasvirlanayotgan voqelik va asarda ishtirok etadigan qahramonlar masalasiga bevosita bog’liq.Badiiy asarlarda voqealar borishida, xarakterlar taqdirida birdan kutilmagan keskin o’zgarishlar bo’ladi. Bu esa asarda yangi-yangi tugunlarni keltirib chiqaradi, kitobxonlarda qiziqishni kuchaytiradi. Ana shu tugun va yechimlarda xarakterlar mantig’i, voqea va xarakterlar rivojlanishi tarixi namoyon bo’ladi. Tugun va yechimlar o’z-o’zidan xarakterlar rivojlanishini ko’rsatmaydi. Xarakterlar va voqealarning rivojlanishi tarixi ana shu momentlar vositasida ochiladi. Badiiy asar syujeti ekspozitsiya, tugun, voqealar rivoji, kulminatsiya, yechim singari bir qator unsurlardan tarkib topadi. Badiiy asarda syujet unsurlari ba’zan turlicha hajm va turlicha tartibda kelishi mumkin. Shuningdek ayrim asarlarda ekspozitsiya yoki yechim singari unsurlari bo’lmasligi ham mumkin. Bu also kamchilik emas, aksincha, o’quvchini badiiy tafakkurga chorlaydi, tasavvurni kengaytiradi. Ba’zi adabiyotshunoslar prolog (muqaddima) va epilog (xotima)larni ham syujet elemantlariga kiritganlar. Syujet kompozitsiya, konflikt, fibula kabi adabiy tushunchalar bilan ham mustahkam bog’langan.
“Boqiy darbadar” romanining ekspozitsiyasi muborak zotning qatliga tayyorgarlik jarayonidan boshlanadi. Bunda peshonalariga va sadoqlariga tik turgan odam boshli sher tasviri tushurilgan, xalq maxes deb nomlagan o’lim lashkari bugun muborak zotni qatl uchun olib ketmoqda edi. Qatl uchun joy tayyorlangan, mahkumning oyoq-qo’llari va yelkalariga kishanlar solingan edi. Ushbu tasvirdan so’ng etikdo’z haqidagi tasvirlar boshlanadi. Etikdo’zning kulbasi yonidagi daraxtda qop-qora qushlarni ko’rib hazratning o’ttiz uch yil avval qilgan bashorati kabi voqealar tasvirlangan. Etikdo’z kunlardan bir kuni qo’y boqib yurganida hazrat bilan uchrashib qoladi. Hazrat unga oyning o’n uchinchi kunida, juma kuni uchib keladigan qora chumchuqlar aslida mudhish bir qarg’ishning yukini olib kelishini aytadi. Yana hazrat unga “Sen-ku avomning ko’zida zohiran bir duo tufayli shunday qismatga mahkum etilasan. Ammo umring mobaynida o’z hayoti davomida ilohiy mujdani rad etib, darbadarlikni bo’yinlariga olgan sanoqsiz kishilar olomonini ko’rasan. Ularning hayoti senikidan zarracha o’zga bo’lmaydi, biroq sendan farq qilib, og’ir va azobli o’lim topishadi. Lekin tarixda sening noming qoladi, boshqalar esa aynan shu qismat bilan yashasa-da, yer yuzidan benomu nishon supurilib ketishadi…”,- deb bashorat qiladi. Asar davomida uning bashorati amalga oshganiga guvoh bo’lamiz. Hazrat aytgan ilohiy mujdani rad etib darbadarga aylanganlar inson takomili olimlari hamda qachonlardir buyuk maqsad bilan yo’lga chiqib keyinchalik nima uchun yo’lga chiqqanini unutgan lo’lilar qavmidir.Etikdo’z bolaligidagi bu bashoratni esladi va bir falokat bo’lishini sezib turardi. Tashqaridagi daraxt shoxlari qora chumchuqlarga to’lib ketgan, ular oda,larga ma’nosiz ko’zlarini tikkancha, nimanidir kutgan kabi qiyshayib qarab turishardi. Bu bir falokatdan darak berardi. Asarning so’ngida bo’rondan oldin ham kishilar xuddi shunday qushlarni uchratishgani haqida professor Ziyo yangiliklarda o’qiydi. Bu galgi falokat esa bo’ron edi. Undan so’ng esa tugun boshlanadi.
Tugun – qahramonlar o’rtasidagi to’qnashuvning boshlanishi, asarda qo’yilgan jumboqdir. Asar voqealari ana shu jumboqning yechilishi bilan tugaydi. Biz tahlil qilayotgan asarda tugun muborak zot hamda etikdo’z o’rtasidagi to’qnashuvdan boshlangan.Etikdo’z olomonga qo’shilib mahkumni masxara qiladi. Mahkum juda holdan toyib ketgan, suvsizlikdan sillasi qurigan edi. Muborak zot birzumgina nafas rostlash uchun etikdo’zning devoriga suyanadi. – Hali sen mening devorimga suyanadigan bo’ldingmi? Imillama! – deb qichqirdi etikdo’z. So’ng esa ikki qo’li bilan mahkumni itarib yerga yiqitdi. Aynan shu yerda ikki qahramon o’rtasida konflikt (lotincha so’z bo’lib “to’qnashuv” degan ma’noni beradi. Badiiy asarlarda ifodalangan qarama-qarshiliklar va ularning kurashi) yuzaga keladi. Etikdo’zning ham o’z tuyg’ularining qarama-qarshiligini ya’ni kolliziya konfliktni uchratamiz.Undan keyin esa voqealar rivoji boshlanib ketadi.
“Boqiy darbadar”da ham voqealar rivoji juda keskinlik bilan kechadi. Professor Ziyo bilan bog’liq voqealarda yangidan-yangi tugunlar paydo
bo’ladi. O’g’lining yo’llagan maktubi unga qattiq ta’sir qiladi. Professor Ziyo o’z vijdoni bilan to’qnashadi va kutilmagan o’zgarish yuz beradi. U Butun umri davomida yiqqan bilimlari halokatli ilm ekanligi, tanlagan yo’li Ollohning qudratiga shak keltirish ekanligini anglab yetadi. Ammo endi juda kech edi. Bo’ron bo’lishi tayin edi. Voqealar rivojida yana Luvrda milodiy 1312- yilda “Mangu darbadarning qaytishi” pyesasi premyerasi ham keltirilgan. Bunda boqiy darbadarning nutqi hech bir insonni befarq qoldirmaydi. Pyesaning muallifi Gvido Bonatti sahnaga kirib kelgan uzun bo’yli, sochlari yelkasiga tushgan, navqiron odamni taniyolmadi. Chunki pyesadagi qahramon rolini o’ynagan aktyor qari chol edi. Bundan bilsak bo’ladiki, nutq so’zlagan shaxs aynan darbadarning o’zi. U qarimagan, hali ham qirq uch yoshda.
Bundan tashqari voqealar rivojida o’lim to’shagida yotgan barhayotlikka da’vogar yozuvchi, Nobel mukofotining laureate Garsia Markesning vido maktubi ham keltirilgan. Maktubning mazmuni bilan yuqorida tanishib o’tgan edik. Yozuvchining hayot haqidagi xulosalari hech kimni befarq qoldirmaydi. Insonni umrni, vaqtni, yaqinlarini qadrlashga o’rgatadi. Umrni besamar o’tkazmaslikka va doimo yaxshiliklar qilib yashashga undaydi.
Mazkur romanning kulminatsion nuqtasi bu professor Ziyoning mukammal, qiyomatgacha o’lim topmaydigan genoma yaratgani va u favqulotda inson takomili markazini tark etishidir. Inson takomili markazini tark etishiga sabab dunyoni yaratgan k i m d i rni topish va butun olam yaratilishining sababini O’zidan so’rash edi. Uning bu fikrlaridan barcha lol qoldi.Dunyoning eng iste’dodli olimlari o’yga tolgan,dunyo tashvishlari unutilgan, bu barhayot mavjudot izlayotgan haqiqatning haybatidan qalblari
larzaga tushib o’tirar edilar. Dunyoning bir necha davlarlari jangovar harbiy samolyotlari uni yo’q qilishga kirishadi. Aynan shu voqeadan so’ng tugun o’z yechimini topadi.
“Boqiy darbadar” romanining yechimi dahshatli bo’rondir. Yechim qanchalar achinarli bo’lmasin ushbu asarga xuddi shu yechim zarur edi. Asarning yechimi insoniyatga Ollohga shak keltirishning oqibatini yaqqol eslatib turibdi. Xudolikka da’vo qilayotganlar shunday qismatga loyiq aslida.
Biz tahlilga tortgan asarning postpozitsiyasida bo’rondan keyin personajlarning holati bayon etilgan. Bunda yer yuzida boqiy darbadardan boshqa hech kim qolmaganini ko’ramiz. Bundan tashqari yomonlarning qanday dahshatli o’lim topganini, yaxshilarning esa go’zal o’lim topganiga guvoh bo’lamiz.
Mavjud ilmiy va o’quv adabiyotlarda syujetning ikki turi haqida gapiriladi. Aslida esa syujetning quyidagi to’rt turi bor:
xronikali;
retrospektiv;
kontsentrik;
assotsiativ.
Xronikali syujetda voqealar bir boshdan boshlanib, birin-ketin hikoya qilinadi. Xronikali syujet ishonarli bo’ladi. Biroq syujetning bu turi doim ham qulay vosita bo’la olmaydi, chunki xronikaning o’zi syujet bo’la olmaydi. Xronikalilik ko’pincha naturalistik bayonchilikka olib keladi, yorqin obrazlar yaratishga imkon bermaydi. Masalan, Navoiyning “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” dostonlarida, Ayniyning “Esdaliklar”ida, p. Tursunning “O’qituvchi”sida voqealar qahramonning tug’ilishidan, to ma’lum yoshga yoshigacha beriladi.
Biroq bu asarlarning kompozitsion qurilishi, voqealarni tanlash, saralash, umumlashtirish va ularni badiiy ifodalash mahorati, ularni joylashtirish, ya’ni kompozitsiya shunga olib keladiki, Bu asarlarni o’qigan kishi unda ortiqcha narsa yo’q, barcha voqealar badiiy-estetik va ijtimoiy qimmatga egadir, degan xulosa chiqaradi. Ularda e’tiborga loyiq va qiziqarli syujet hosil qilinadi1. “Boqiy darbadar” romanida ham syujetning aynan shu turidan foydalanilgan. Voqealar birin-ketin sodir bo’ladi.
“Boqiy darbadar” romanida kompozitsion elementlarning barchasi umumiy maqsadga qaratilgan. Asarning syujeti kompozitsion tartib orqali yuzaga chiqqan. Ushbu asarda har bir qahramon o’zining xarakteri hamda vazifasiga ega. Barcha personajlar voqealar rivojiga birlashtirilgan va shu bilan asar syujetini ochishga xizmat qilgan.
2.2. Yozuvchining badiiy xarakter yaratish mahorati.
Har qanday badiiy asarda yaratilajak obraz, avvalo, yozuvchining kishilarga va hayotga munosabatini aks ettiruvchi vosita hisoblanadi. U muallifning hayot hodisalariga bergan estetik bahosi hamdir. Har bir personaj o’zida yozuvchining estetik idealini u yoki bu darajada tajassum etadi. Bu vazifani bajarish uchun o’sha obraz muayyan ijtimoiy sharoitda, ruhiy va ma’naviy harakatlanishi lozim. Bu tabiiy ravishda ro’y berishi kerak. Mabodo, san’at asarida muallif hayotdagi mavjud narsalarga, voqea-hodisalar va odamlar taqdiriga faqat sun’iy, rasmiy taqlid qilish maqsadi bilan yondashsa, bu badiiy asar emas, balki mahorat bilan yasalgan narsalar majmuasidangina iborat bo’lib qoladi. Bunday sun’iylikdan holi bo’lish uchun san’atkorning estetik tafakkuri aniq va barqaror bo’lmog’i shart.
Xarakter – adabiyot va san’at asarlarida xususiy belgilari mukammal tasvirlangan va o’zida fe’l-atvor (xatti-harakat,kechinma, fikriy va nutqiy faoliyat)ning tarixan aniq tipini mujassamlantirgan, shuningdek, muallifning ma’naviy-estetik konsepsiyasini ifodalagan inson obrazi. Badiiy xarakter umumiy (takrorlanuvchi) va xususiy (takrorlanmaydigan); obyektiv (badiiy xarakterga proobraz bo’lib xizmat qilgan kishi hayotining ijtimoiy-psixologik asoslari) va subyektiv (proobrazning muallif tomonidan idrok va talqin etilgan) belgilarning o’zaro uyushgan hosilasidir.Adabiyot va san’at asarlaridagi xarakter tushunchasi falsafa, sotsiologiya va psixologiyadagi ayni tushunchadan obrazning konsepsiyaviyligi bilan ajralib turadi. Adabiyot va san’at asarlarida qahramon shaxsining tashqi va ichki mohiyati uning xarakterini belgilaydi hamda bu qahramon xarakteri muallifning va boshqa personajlarning u haqidagi tavsifnomalari, shuningdek,syujet rivojidagi o’rni va roli bilan inkishof etiladi. Adabiyot va san’at asarlarida tasvirlangan
qahramon har doim ham xarakter darajasiga ko’tarila bermaydi. Xarakter obrazdan farqli o’laroq, yozuvchidan katta mahoratni, qahramoning muayyan tarixiy-ijtimoiy va madaniy-ma’rifiy sharoitdagi o’ziga xos o’rni va xususiy belgilarini teran ochishni taqozo etadi.Shu ma’noda epic janrlar yozuvchiga qahramon xarakterini yorqin yaratish imkonini beradi. Har bir milliy adabiyotning boyligi qahramonlar xarakterining rang barangligi bilan ham belgilanadi. Badiiy kashfiyot darajasiga ko’tarilgan xarakter ijobiy yoki salbiy mohiyatga ega bo’lishidan qat’I nazar, har bir adabiyotning badiiy boyligini tashkil etib, o’zi mansub xalqning milliy xarakterini, milliy o’ziga xosligini badiiy mujassamlantirganligi bilan ham ahamiyatlidir1.
Asar qahramonlari: Etikdo’z (Muborak zotning qarg’ishi tufayli darbadarlikka mahkum etiladi), Muborak zot (Ollohning payg’ambarlaridan biri. Yakkaxudolikni targ’ib etgani uchun dorga osiladi), Hazrat (Etikdo’zning qismatini bashorat qiladi), Chol va nabira, Professor Ziyo (Genetik olim,mukammal,umrboqiy genoma yaratadi,keyinchalik esa bundan o’zi ham afsuslanadi ), Professor Ziyoning o’g’li (Otasi uning maktubi tufayli iymonga keladi) va lo’lilar. O’quvchida o’rinli bir savol tug’iladi. Asarning bosh qahramoni kim? Adabiy tanqidchimiz Rahimjon Rahmat bu masala yuzasidan o’zining fikrlarini bayon etadi: “Nazarimda kuchli dramatizm bilan yo’g’rilgan asar voqealari Professor Ziyoning gen texnologiyasi yordamida eng mukammal, juda uzoq yashaydigan va tafakkur qilish qobiliyatiga ega bo’lgan jonzot yaratish olimning qalbida kechayotir. O’g’li yozgan maktub timsolida professorning qalbida iymon kuchi uyg’onib, yaratganning qudrati va mo’jizasi cheksiz ekanligini, inson darbadarlikka yo’liqmaslik uchun o’z egasini tanib olishi kerakligini eslatib sadolana boshlaydi. Shahri Haybarni ko’z bilan ko’rib, u yerdagi boqiylikka erishgan odamlarning yashashdan to’yib, hayotdan bezib ulgurganliklarini esdaliklar qilib yozgan sayyoh ham professor Ziyodir. Biz asarning tubiga tobora chuqurroq tushganimiz sayin,bundagi hamma voqealar, adashishlar, darbadarliklar, insoniy meht-muhabbatni ulug’lashlar bitta odamning yuragida sodir bo’lgan ruhiy portlash ekanligini tushuna boramiz. Yuzaki qaraganda esa professor Ziyo asardagi oddiy bir personaj,xolos. Professor Ziyoni asar qahramoni deyishim Isajonning o’ziga ham andak erish tuyulishi mumkindir. Lekin bir gapni ham aytib qo’yay, qog’ozga tushib, o’quvchi qo’liga yetib borgan asar bundan buyog’iga yozuvchidan tashqaridagi mavjudlik, endi u o’z egasiga bog’liq bo’lmagan o’z umrini o’tkazadi. Hech qaysi yozuvchi dunyoga keltirgan asarining qancha umr korishini va qanaqangi qobiliyatlarga ega ekanligini doim ham bilavermaydi. Va nihoyat yana bir gap. Nima uchun yozuvchi Yaratganning har bir jonzot tabiatiga joylagan mukammal nizomini buzib, go’yo eng mukammal jonzot yaratish formulasini topgan olimning ismini Ziyo deb atayapti… Bu to’g’rida ham o’ylab ko’rsa bo’ladi.
Aytdikki, professor Ziyo asarning bosh qahramoni deb. Mana o’g’lining maktubi ham professorga yuborildi va shu bahonada biz ham uning mazmunidan voqif bo’ldik. Professorning ko’nglida yana bir iymon hayqirig’I borki, bu – saraton kasaliga chalinib, o’lim to’shagida yotgan buyuk yozuvchi Garsia Markesning vido maktubidir. Barchamiz bilamizki, dor ostida, ya’ni o’lim ro’baro’ turgan paytda qalbining tubida asrab yurgan gaplar aytiladi. Xo’sh, hayot hikmatini anglab yetgan mutafakkir bu yorug’ dunyoni tark etish arafasida qanday insoniy qadriyatlarni muhim deb hisoblab, insoniyatga xitob qilyapti.
Asarni o’qib tugatgan ayrim o’quvchilarda romanning bosh qahramoni kim, degan savol paydo bo’lishi shubhasiz. Biz yuqorida romanning bosh qahramoni professor Ziyo ekanligini, asardagi go’yo o’zaro bog’lanmagandek ko’ringan hodisalar Ziyoning qalbidagi kechinmalar ekanligini gapirdik.
“Boqiy darbadar”da professor Ziyo mukammal genoma formulasini yaratib bo’lganidan so’ng uning yuragida evrelishlar boshlanadi. Olimning ongida ko’nglidagi holatning tarjimasi o’laroq voqea-hodisalar uyg’ona boshlaydi. Ya’ni u bir boshdan ichidagi g’alayonga mos hodisalarni eslayapti. Va bu hodisalarning bari ketma-ket professorning miyasiga toshdek urilib, ilmiy kashfiyoti Xudoning azaliy nizomlarini buzish ekanligini ta’kidlayapti. Balki, payg’ambarlardan biri tomonidan qarg’alib, darbadarlikka duchor etilgan etikdo’z, shahri Haybar, g’ordagi avliyo, g’aroyib toshbaqa, sahrodagi karvon, mutafakkir maktubi, o’g’lidan kelgan xat – bularning bari professorning ong-shuuri, qalbidagi favqulodda jarayonlardir. Eslanayotgan har bir hodisa zamirida esa yozuvchi o’quvchiga yetkazmoqchi bo’lgan katta haqiqatning alohida bir bo’lagi pinhon. Yozuvchi o ‘quvchiga oson bo’lsin uchun asar syujetidagi hodisalarni atay bir-biriga mantiqiy bog’lashi mumkin edi, lekin bu holda roman ozgina o’z qimmatini va sirliligini yo’qotgan bo’lardi. Har bir asarning o’z o’quvchisi bo’lishini ham unutmaylik sizga ma’qul kelgan asarni boshqa birov bir tiyinga olmasligi bor gap-ku. Yana bir gap: shunday asarlar borki, ular osonlikcha ko’nglini ochmaydi, o’z o’quvchisini juda injiqlik bilan tanlaydi.
… Asarda Ollohning arshiga-da sig’maydigan deb nola chekkan shoir Mashrab ham xuddi qor odam kabi o’qtin-o’qtin ko’rinib yurganligini payqadingizmi”?.1
Ahmadjon Meliboyev esa etikdo’zni bosh qahramon deb hisoblaydi. Uni turli zamonlarda turli qiyofada uchrayotganini aytib o’tadi. Mening fikrim ham xuddi shunday. Chunki etikdo’z, samum odami, darveshnamo kishi, boqiy darbadar – bularning bari o’sha muborak zot tomonidan qarg’algan odamning aynan o’zi. Asar so’ngida ham yer yuzida biror tirik jon qolmadi. Faqatgina boqiy darbadar yangi ochilgan qum sahifalarida yolg’iz kezib yuradi. Aslida etikdo’z iymonsiz kishi emas edi. U muborak zotning gaplari chin ekanligini qalban his etib turardi. Hamma yoqda ayg’oqchilar izg’iyotgani uchun nomigagina bo’lsa-da koyib qoyishi kerak edi. “Amaldorlar qilmishimni ko’rishdi, erta indin surishtiruvlar boshlanadi, josuslar barcha voqealarni oqizmay-tomizmay yetkazishadi… va hech kim menga tegmaydi”,-deb o’yladi u. Ammo na iloj. Yozuvchi Garsio Markes aytganidek, hech kim seni fikrlaring boisgina eslab o’tirmaydi.
Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” romanida etikdo’z obrazi o’ziga xos tarzda tasvirlangan. Asar boshida u qo’pol bo’lib tuyulishi mumkin. Keyinchalik spektakl jarayonidagi nutqi darbadarning aslida qanday inson ekanligini bildirib turadi:
“…Men parvardigorimning iymonli bir bandasiman! – deb o’z monologini boshladi u. – Uning abadiy barhayotligiga va bemisl kuch-qudrat egasi ekanligiga, vujudimga kirgan zarra tikan badaliga aql bovar qilmas mukofotlarni ato etadigan va hamma narsani o’rab-chulg’ab oluvchi hikmatlargacha bino qiladigan muborak zot ekaniga hech qachon shak keltirmaganman… Ammo siz meni azozildan ham mal’unroqsan, deb malomat qildingiz!”.
Isajon Sultonning ijodiy dunyosi go’zalliklari, nafosatidan bahra olmoqchi bo’lgan o’quvchi birinchi bo’lib “Boqiy darbadar”ni o’qishi va chuqur his qilishi lozim. Asarning qolgan qismlarida dunyoqarashi, tafakkur ko’lami kengayib, butun olam miqyosida tiriklik sir-sinoatini tushunmoqchi bo’layotgan etikdo’zning turli nom va ko’rinishdagi qiyofasi namoyon bo’ladi.
Professorning o’g’li haqida to’xtaladigan bo’lsak, u iymon-e’tiqodli, qalbida vatani va ota-onasiga nisbatan mehr yashaydigan obraz. Asarda uning maktubi tufayli otasining qalbida vijdon uyg’onadi. O’zining xatti-harakatlari xato ekanligini tushunib yetadi. Kitobxonda bu obrazga nisbatan cheksiz mehr uyg’onadi. Uning maktubidagi har bir gapi haqiqat edi. O’g’il – faqat yashash, yeb-ichish, tirikchilikdan iborat emas, har bir narsa bir hikmat o’qiydi. O’sha hikmatni anglash faqat qalb ko’zi ochiqlargagina nasib etadi. Adibning professorning o’g’li qahramoni ma’rifat timsoli. Qachonki inson o’zligini anglab yetmoqchi bo’lsa avvalo ma’rifatga qo’l berishini, ma’rifatni yoqlashini o’rganish kerak bo’ladi. Badiiy asar tirik organism kabidir. Unda har bir detal, har bir hujayra o’z vazifasini – missiyasini bajaradi. “Boqiy darbadar” romanidagi qahramon xarakterining shakllanishi – tashqi faktor bilan emas, ichki faktor bilan qiyoslash mumkin. Azal-azaldan ota-bobolarimiz tafakkurni e’tiqod darajasiga ko’tarib kelganlar. Yuksak ma’naviyatli, bilimli va aqli raso oriylarimiz – tafakkur qurolidan foydalanishgan. Shu sabab “Boqiy darbadar”da ham professorning o’g’li xarakteri mukammal chizilgan.
Har bir asar yozuvchining farzandi kabi suyukli. Chunki asar yurak qoni bilan yoziladi. Yurakning amriga bo’ysunib, uning aytganini qilgan inson borki, o’z hayotining barcha qirralariga nazar tashlay oladi. Ya’ni har bir asar qahramoni yozuvchining o’zi bo’lishi mumkin.
Yozuvchi Isajon Sulton qaysi mavzuga qo’l urmasin, unga tiriklik va bu dunyoga kelishdan maqsad nima ekanligini anglash inson uchun g’oyat sharafli ishligini tasvirlashni bosh mezon qilib belgilaydi. Boshqacha aytganda, tafakkur – insonni chiniqtiradi, u barcha bilimlarni egallashning birdan-bir yo’li ekanligini uqtiradi. Buni biz mukammal genoma obrazida yaqqol uchratamiz.
Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” romanida xarakter namoyon bo’lishi uchun yozuvchi – tabiat tasviridan unumli foydalangan. Tabiat tasviri orqali muhit hamda qahramon ichki dunyosini ochib bergan. Asarda qahramonning ruhiy olami orqali orqali atrofga, muhitga, yozuvchi nazar soladi. Hayotdagi ziddiyatlar, inson qalbidagi istiroblar teranroq aks etadi. Bu o’rinda qahramonning ma’naviy-axloqiy qiyofasi ramziy vositalar asosida talqinga tortiladi. Shuning uchun hayotning murakkab tomonlari bilan bir qatorda inson kechinmalaridagi fikrlar orqali jamiyatga, uning asosi bo’lgan insonga teranroq nazar soladi. Hayotiy ziddiyatlar insonni murakkab taqdirini ifodalashga asos bo’ladi. Istiqlol davridan oldinroq majoziy ramziylik badiiy adabiyotga yetakchilik qila boshladi. Shuning uchun hayot va jamiyatdagi barcha o’zgarishlar asosida inson tafakkuri yetakchilik qiladi Odamning qalb istiroblari, quvonchlarning betakror xususiyatlari badiiy adabiyotga yetakchilik qila boshladi.
XX asrda roman-metafora degan atama paydo bo’ldi.Masalan, Frans Kafkaning “Jarayon”, Alber Kamyuning “Vabo” kabi asarlari misol bo’la oladi. Bu kabi asarlardan o’quvchi asar voqealariga bog’liq bo’lmagan o’zgacha bir ma’no kashf etishi mumkin. Kamyuning “Vabo” asarida yozishicha shaharda o’lat tarqaladi. Kamyu o’lat bilan bog’liq realistik hodisalarni mahorat bilan tasvirlaydi. Keyin, o’lat shahardagi har bir odamning iymoni-e’tiqodini imtihon qilayotgan bir qudratli kuch ekanligini ham bayon qiladi. Kasallik sinov, imtihon sifatida o’zining fojeaviy jihatlarini yo’qotadi, ya’ni Xudo bu shaharga odamlarni mashaqqat va fojeaga giriftor qilish uchun emas, balki ularning ma’naviy olamini sinovdan o’tkazish uchun bu dardni yuborgan. Demak, uchinchi ma’no qatlamiga kelyapmiz. Bu ma’no qatlamining kashfiyotchisi esa o’quvchining o’zi bo’ladi. Uzoq tuzalmayotgan xastalikdan qiynalib yurgan kishi Kamyuning “Vabo” asarini o’qib o’zgacharoq ta’sirlanishi mumkin. Asardagi voqelik emas, balki personajlar ruhiyatidagi azob unga juda tanish. Umidsiz va visolsiz sevgi azobiga duchor bo’lgan o’quvchi ham “Vabo” ni sevib mutolaa qilar ehtimol. Kamyu o’latlik sifatini ta’sirli aks ettirgan1.
Ma’lumki, badiiy ijoddagi muayyan yo’nalish o’z-o’zidan yuzaga kelmaydi. Uning o’z asosi, tarixi bo’ladi. Uning asosi esa zamon hamda davrdagi o’zgarishdir. Istiqlol davri romanchiligidagi yangilanish va tamoyillarning vujudga kelishi xuddi shunday omillarga bog’liq. Ya’ni unutilgan qadimiy qadriyatlarning tiklanishi, ma’rifat-ma’naviyatning asosi bo’lgan dinga e’tiborning kuchayishi, davlat boshqaruvida demokratik yo’nalishning yuzaga kelishi, bozor iqtisodining tarkib topishi va hokazolar. Bu o’zgarish odamlarning boshqacha harakat qilishiga undadi. Aniqki bunday sa’y-harakatning barcha ong, tafakkur orqali boshqariladi. Zero, shunday ekan, tafakkurdagi evrilish adabiyotda o’z ifodasini topash muqarrar va tabiiydir.
Qahramonlar faoliyatiga, ruhiy dunyosiga, shuningdek voqealar zamiriga singdirilib berilmagan g’oyaga ega bo’lgan asar to’la ma’noda badiiy asar sanalmaydi. Haqiqiy badiiy asarda voqealar tizimi g’oyaga suyanib tuzilishi, qahramonlari g’oya asosida gapirishi yoki harakat qilishi kerak emas. Haqiqiy badiiy asar sanalishi uchun g’oya, yozuvchi asari orqali ko’zlagan maqsad, niyat voqealar olamidan qahramonlar faoliyatini sizib chiqishi kerak. Qahramon xarakteri uning hayotni qanday baholashi bilan emas, aksincha hayot qandayligini anglashi bilan ham yorqin namoyon bo’ladi. Hayot o’zgargan sayin insonning odamlarga, borliqqa munosabati ham kengayib boradi. Ammo hayot falsafasi, mushohadasi kengroq bo’lgan shaxs, jamiyatning, muhitning, ma’lum bir davrning illatlarini teranroq anglaydi. Bu esa insonni tushunish naqadar murakkabligidan dalolat beradi. Axir asrlar davomida badiiy adabiyotning predmeti bo’lib kelayotgan inson, uning ruhiy ma’naviy olami bugunga qadar tom ma’noda talqin etilgan emas. Ko’rinadiki, hayot mavjud ekan, turfa xil xarakter, turfa xil inson, uning psixologik olami o’ziga xos tarzda shakllanib boraveradi.
Bugungi badiiyat mahsuli qahramonlari tabiatida, fe’l-atvorida bashariy mazmun kasb etuvchi xislat – xususiyat ustuvor yo’nalish sifatida ko’zga tashlanadi. Bu borada, insonni ko’rish, tushunish hamda badiiy tadqiq etishda ikki tamoyil ko’proq ko’zga tashlanayapti. Birinchidan, jahon badiiyati tajribalari, xususan, “inson – olam bezagi”, “inson – hayot gultoji” degan estetik kredo yangi voqelik mohiyati bilan uyg’unlikda davom ettirayotir. Illo, inson hayot bezagi, yorug’ olam chechagi bo’lishi bilan barobar, u yangi voqeliklarni yaratuvchi, jamiyat tartiblarini o’zgartiruvchi, bunyod etuvchi, hayotga va ijtimoiy voqelikka faol ta’sir ko’rsatuvchi katta va qudratli ijtimoiy kuch. Shu ma’noda insonning o’zi ham umumbashariy qadriyatdir. Ikkinchidan, inson shaxsiga, ijodiy yaratuvchilik imkoniyatlariga bo’lgan ishonch millat kelajagiga, hur Vatan istiqboliga ishonch tuyg’ulari bilan chatishib yaxlit bir markazga mujassamlashgan holda XXI asr boshlari, mustaqillik davri kishilarining ma’naviy-intellektual qiyofasini belgilab beradi. Yana bir muhim ta’kidlanadigani shundaki, shaxs erki, fikr va ko’ngil hurriyati barcha zamonlarda, barcha xalqlar uchun birdek aziz. U insoniyat tarixida benazr bashariy qadriyat bo’lib kelgan. Negaki, erk, adolat, ezgulik, ma’naviy go’zallik va intellectual boylik hech qachon, hech bir zamonda irq va millat tanlamaydi. Barcha xalqlarning zulmga, zo’ravonlikka, istibdodga qarshi kurashi o’z hurriyatini, milliy ozodligi va Vatan mustaqillligini poydor etishga qaratilgandir. Insonni badiiy anglash va aks ettirish borasida realism metodining imkoniyatlari nechog’lik kengligini, boyligini ham namoyish qiladi.
U. Normatov qayd qilganidek: “Bizda ham falsafiy asosi jihatdan xilma-xil yo’nalishga mansub asarlar paydo bo’la boshladi. Moddiy dunyo qonuniyatlariga tarixiylik, ijtimoiy tahlil prinsplariga qat’iy amal qiladigan an’anaviy realizm bilan barobar deyarli barcha tur va janrlarda diniy, ruhoniy-islomiy talqin ustuvor asarlar ko’payib bormoqda… Bu foniy dunyoning omonat, tagi puch g’oyalariga aldangan shaxs umrining, mehnatining bemaniligini qabariq tarzda, ko’pincha ramziy-majoziy timsollar vositasida butun keskinligi, fojeasi bilan ko’rsatuvchi absurt asarlar, absurt qahramonlar ham ko’payib qoldi ”1.
Darhaqiqat, shaxsni faqat ijtimoiy munosabatlar mahsuli sifatida emas, ko’proq ilohiy, tug’ma – tabiiy, sirli-sehrli mavjudot tarzida ko’rsatuvchi, uning ijtimoiyyot, tarixiy sharoit-tuzim, davlat, siyosat, mafkuraga bo’ysunmaydigan g’aroyib tuyg’u, xislatlarini, ong-idrokdan tashqaridagi anglab yetilmagan holatlarini keying davr romanchiligi ramziy tasvirlar orqali ifodalashga intilmoqda.
Adabiyotshunos B. Sarimsoqov alohida ta’kidlaganidek, “Nazariy jihatdan san’at asari tabiatga hayotga taqlidan yaratiladi. Biroq bu taqlid hayotning oddiy nusxasidan iborat bo’lmasligi lozim. Ijodkor yaratgan badiiy voqeylik hayot haqiqatiga mos, lekin o’ziga asos bo’lgan ana shu voqeylikdan ustun bo’lmog’i lozim. Hayotga taqlid badiiy ijodda muayyan iste’dod his-tuyg’usi , tafakkuri,ideali ta’sirida umuminsoniy qadriyatga bo’lgan yangicha badiiy hayot yaratish demakdir.”2.
Adib har bir detalga ulkan ma’no yuklaydi. Bu ma’no darbadarning xarakterini yanada yorqin yuzaga chiqishiga zamin yaratadi. Chunki har bir detal darbadar xatti-harakatining mahsulidir.
Har qanday mamlakatning iqtisodiy qudrati og’ir sanoatning qanchalik rivojlanganiga qarab belgilanganidek, har qanday milliy adabiyotning insoniyat estetik tafakkuriga qo’shgan hissasi ham undagi badiiy asarlar salmog’i bilan tayin etiladi. Chunki badiiy asar millat badiiy tafakkurining taraqqiyot darajasini namoyon etadi. Qahramon atamasiga adabiyotshunoslik atamalari izohli lug’atida shunday ta’rif beriladi: “QAHRAMON, adabiy qahramon – 1) asar personajlari tizimida yetakchi mavqe tutib, g’oyaviy-badiiy konsepsiyani shakllantirish va ifodalashda muhim rol o’ynovchi shaxs obrazi. Terminni bu ma’noda tushunish epic yoki dramatik asar personajlarini darajalashni ko’zda tutadi: syujet voqealari qahramon atrofida uyushtirilib, boshqa personajlar u bilan bog’liq holda asar voqeligiga kiritiladi; ular qahramon bilan integrative aloqada (tobe-hokim) bo’lib, unga nisbatan yordamchi funksiyalarni bajaradi. Ko’p chiziqli murakkab syujet qurilishiga ega yirik hajmli asarlarda bir emas, bir nechta qahramon harakatlanishi ham mumkin. Bu holda personajlar sistemasi o’z ichida mikrosistemalarga ajralib, ularning markazida qahramonlardan biri turadi”1. Darhaqiqat, badiiy asar roman va qissa yoki hikoya bo’ladimi – har bir asarning o’z qahramoni bor. Shunday ekan bularning namoyon bo’lish qirralarini tasniflab o’rganish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Zamonaviy o’zbek nasri muallifdan har bir qahramonni tushunish va aks ettirishning birovnikiga mutlaqo o’xshamaydigan konsepsiyasiga ega bo’lish talab
qilinadi. “Badiiy asarda bosh qahramon asarning asosiy g’oyasi va umumiy ruhini pafos darajasida ushlab turishi lozim. Yo’qsa, asar pafosiga ham, qahramon jozibasiga ham putur yetadi”2, - deb yozadi akademik B. Nazarov. Isajon Sultonovning qahramonlar xarakteristikasi ustidagi izlanishlarining ajralib turadigan o’ziga xosligi qahramonning avvalboshdanoq ekzistentsial kayfiyatda ekanligida ko’rinadi. Qahramon hayoti davomida ko’rgan-kechirganlaridan xulosa chiqara-chiqara, odamlardan begonalashib boradi. Asrlar mobaynida yechimini topmagan masalalardan charchagan paytlari o’ziga qamalib oladi.
2.3 Asarning badiiy til xususiyatlari
Tilning imkoniyatlarini, turli ma’no nozikliklarini namoyon etishda badiiy ijod ahlining, xususan, shoir va yozuvchilarning xizmati beqiyos. Tashqaridan qaraganda, badiiy til oddiy so’zlashuv tilidan farq qilmaydi, lekin u birinchi navbatda estetik vazifa bajaradi. Badiiy til har bir ishlatilgan so’z yordamida muallif maqsadini amalga oshiradi va asarning ma’nosini ochib beradi. Til bir vaqtning o’zida ham tasvir vositasi, ham tasvir predmeti sifatida namoyon bo’ladi. Chunki muallif, bir tomondan voqea-hodisalarni, odamlarni va predmetlarni tasvirlashda ulardan foydalansa, boshqa bir tomondan esa o’quvchilar bilan qahramonlar nutqining lisoniy o’ziga xosliklari ustida bosh qotiradi. Badiiy nutqning eng yorqin xususiyatlaridan biri – bu asar personajlarining o’ziga xosliklarini til vositalari yordamida yetkazib berishdir. Qahramonlar qiyofasining ko’rinishi, harakatlari, u istiqomat qiluvchi joy, uning xarakteristikasining badiiy til orqali tasvirlanishi o’quvchiga obrazni tushunib yetishiga yordam beradi. Badiiy til vositalari nafaqat personajlarga bo’lgan xarakteristika va muallifning fikrini, balki asarda ifodalangan har qanday predmet yoki voqealarni yetkazib berishi mumkin. Yana bir boshqa badiiy tilning asosiy vazifasi – bu muallif nutqidan qahramon nutqining ajratilishidir. Bunda muallif bir chetda turib, so’zni qandaydir bir personajga beradi. Badiiy til turli xildagi badiiy vositalardan foydalanadi: metaforalar, kinoya, so’z o’yini (tajnis), inversiya va boshqalar1.
Badiiy til badiiy informatsiya yetkazish vositasidir. Til badiiy adabiyotning birinchi elementi. Badiiy adabiyot san’atning boshqa turlaridan aynan “so’z san’ati” ekani bilan ajralib turadi. Badiiy so’z va ularning turli shakldagi birikuvlaridan badiiy mant maydonga keladi. Badiiy adabiyot uchun obrazli tafakkur va tafakkur tarsi uchun estetik ta’sirga ega so’z muhim hisoblanadi. Poetik so’z orqali turli obrazlar, moddiy va ma’naviy borliq tasvirlanadi. Shuning uchun til badiiy adabiyotga eng asosiy tasviriy vosita sanaladi. Kishilik jamiyatidagi so’z, til, nutq hodisasini adabiyotshunoslik ham o’rganadi. Badiiy matn ichidagi so’z alohida lug’atlardagi so’zdan, badiiy asar tili qoliplashgan adabiy tildan, badiiy matn aynan moddiylashgan badiiy asardan farq qiladi. Yozuvchi qahramonlar nutqini individuallashtirish va tipiklashtirishda xalq og’zaki ijodidan, ayniqsa, xalq maqollaridan obrazlarning ruhiga, xulq-atvoriga moslarini tanlab, ularning nutqiga yedirib yuboradi. Yozuvchi umumxalq tili vositasida badiiy obraz va xarakter yaratadi. Obraz va xarakterlarning tipik va individual bo’lishi uchun turli-tuman tasviriy vositalar, shu jumladan, jonli tilning qaymog’I bo’lgan xalq aforizmlari – maqol-matal, hikmatli so’zlar, iboralar badiiy-tasviriy qurol bo’lib xizmat qiladi. Lingvistik vositalar yordamida badiiy asarning g’oyaviy-emotsional qirralarini ko’rsatish mumkin. Bunda matndagi badiiy so’zga, takrorlarga, yangi so’zlarning paydo bo’lishiga, eski so’zlarning qo’llanish doirasiga, umuman olganda, badiiy tasvir vositalariga diqqat qaratiladi. Yozuvchi qahramonlarning so’zlash manerasini, uning o’ziga xosligini, intonatsiyasini, turli jumlalar orqali, monolog va dialoglar orqali tasvirlashga, qahramon xarakteriga xos chiziqlarning shakllanishini uning nutqi orqali aks ettirishga alohida e’tibor berishi lozim1.1 Isajon Sultonovning o’ziga xosligi, individual xususiyati dastavval uning tilida ko’rinadi. Isajon Sultonning qahramonlari yosh va qari, boy yoki kambag’al, saxiy va baxil, ilg’or va qoloq, mahmadona va kamgap, jamiyatning turli qatlamlariga mansub bo’lgan odamlardir. Ularning o’ziga xosligi tilida namoyon bo’ladi. Yozuvchi Isajon Sultonov asarlarining bosh qahramoni qilib real kishilarni qo’yarkan, xilma-xil xarakterlar to’qnashuvida dialogdan unumli foydalanadi.
Isajon Sultonov ushbu romanda ko’plab xalq iboralaridan foydalangan, ammo maqollarga kelganda bunday deya olmaymiz. Chunki butun asar davomida xalq maqollariga deyarli duch kelmaymiz.
Yozuvchining mahorati shunda ko’rinadiki, u o’zi mansub bo’lgan xalqning hayotini milliy til vositasida tasvirlayotganda tarixiy hodisalar orqali milliy qahramon va milliy urf-odatlarni bir-biriga uyg’unlashtirib yuboradi. Yozuvchilar xoh tarixiy, xoh zamonaviy, xoh hajviy asarlar yaratmasinlar, avvalambor til mahorati ustida tinmay ishlashlari, izlanishlari lozim. Badiiy asar tili esa yozuvchining uslubini belgilab beradi. Jumladan, asarning tili, g’oyasi va mazmunini ifodalovchibadiiy nutq faqatgina odamlar nutqini individuallashtirmasdan, balki tasvir etilayotgan sharoit va muhitni, tabiat va holatlarni ham xususiylashtirib, millliylashtirib beradi. Qahramonlarning ichki dunyosini chuqur yoritishda tashqi ko’rinish va holat tasvirining ahamiyati katta. Ayniqsa, yozuvchi muallif nutqi yordamida qahramonlarning o’zlari izhor etib berolmaydigan jihatlarini yuz harakatlari, ko’z holatlar orqali yorqin tasvirlardi1. Asarda jiddiy mavzu ko’tarilgan. Aynan shu narsa asarning so’nggi yetishga undar. Afsuski, Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” romanini badiiy tildan muvaffaqiyatli foydalanib asar ta’sirchanligini ta’minlagan deya olmaymiz. Ammo e’tirof etish joizki, yozuvchi yaratgan har bir qahramonnining nutqini o’ziga xos tarzda bera olgan.
“Boqiy darbadar” romanidagi sarlavhalar o’z ma’nosidagi so’z yoxud iboralar asar mohiyatini umumlashtiruvchi tayanch tushuncha sifatida umumiy mazmun va muallifning badiiy niyatiga daxldor bo’lib, asardagi har bir voqea tasviri va personaj harakati bilan mantiqan bog’liqlikni ta’minlaydi. Adib qo’llagan sarlavhalar bir so’zli, so’z birikmasi va gap shaklida.
Adibning so’z qo’llash mahorati badiiy obrazlarni ismlarida ham ko’rinadi. Shuningdek, asarda romanning jozibadorligi va ohangdorligini kuchaytirish maqsadida muayyan gap yoki misralarda bir tovush va so’zning qatorlashib kelib, jarangdorlik hosil qilish hodisasi – alliteratsiya, ya’ni lafsiy san’ati namunalari ham uchraydi:
Bir kuni hamma narsa tub-tubidan o’zgardi;
Na uchoq,na uchoqning yo’lovchilari, va na Professor Ziyo…
Daraxtning shoxlariga gala-gala, qop-qora chumchuqlar qo’nib olishgan. Ijodkorning so’z qo’llash mahoratining bir qismi, shuningdek aforizm, xalqona ifoda, kinoya, piching va boshqalarda ko’rinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |