Naqshbandiya (Naqshbandiylik) — tasavvuf tariqatlaridan biri. Bahouddin Naqshband asos solgan.Naqshbandiya xojagon tariqati negizida paydo boʻlib, Yusuf Hamadoniy, Abduxoliq Gʻijduvoniy, Ahmad Yassaviy qarashlarini omuxta etdi, ularga yangi ruh berib rivojlantirdi. XV—XVIII asrlarda savdo va hunarmandchilik bilan shugʻullanadigan shahar aholisi hamda koʻchmanchi chorvador aholi orasiga keng yoyildi. Naqshbandiya taʼlimotining asosida "koʻngil xudoda boʻlsin-u, qoʻl ish bilan band boʻlsin" ("dil ba yoru, dast ba kor") shiori yotadi. Naqshbandiyada pir-u muridlik qoidalari hiyla osonlashtirilgan, sirtdan turib eʼtiqod qoʻyish, imon mustahkamligi, Haqtaologa sidqidildan itoat etish, ixlos va maʼnaviy kamolot asosiy oʻrin egallaydi. Rasm-rusumlar, odatlarni koʻr-koʻrona ado etish, riyo, soxta dindorlik qoralanadi. Axloqiy poklik, qanoatli, sabrli boʻlish, ixtiyoriy faqirlik bilan Allohga intilish yuksak fazilat hisoblanadi. Naqshbandiyada odamning qadri mansabi, boyligi bilan emas, maʼnaviy komilligi bilan oʻlchanadi. Naqshbandiyada hunar, kasb egallab, oʻz mehnati bilan halol luqma yeb yashash talab qilinadi, tilanchilik, darbadarlik bilan kun kechirish sufiy uchun isnod sanaladi. Qul, xizmatkor saqlash, oʻzganing mehnatidan foydalanish ham man etiladi. Naqshbandiyaning yuqoridagi shiori tarkidunyochilikka, tekinxoʻrlikka qarshi qaratilgan. Naqshbandiyada manmanlik, sufiy, shayxman deb kerilish, shovqin-suron koʻtarib zikru samoʼ bilan odamlar diqqatini oʻziga qaratish qoralanadi. Naqshbandiyada asosiy talab — qalbni dunyo gʻuborlaridan tozalash, oʻz nafsi bilan kurashib ruhda charogʻonlik topish, qalbda Alloh nomlarini naqshlab borish usullari ishlab chiqilgan. Zikri xufiya (yashirin zikr tushish) shunga xizmat qilgan. "Tashqaridan xalq bilan, ichkaridan Haq bilan boʻlish", har bir nafasni Xudo yodi bilan chiqarish, qadamni savob ishlar, ezgu amallar sari qoʻyish, yurt kezib, aziz-avliyolar qabrini ziyorat qilish, gʻofillarni hushyor etish, har qanday holatda qalb ogoxligiga erishish — Naqshbandiyaning asosiy maʼnaviy tarbiya usuli hisoblangan.Naqshbandiyada pir va murid orasidagi maʼnaviy orifona suhbatga katta eʼtibor qilingan. Naqshbandiyaga koʻra, suhbat — anjuman ichra boʻlish, bilmaganni bilib olish, yuksalish, karomatlar sir-u asrori, ilohiyot olami nurlaridan baxramandlik boʻlsa, buning aksi — xilvat esa kishini bilimdan, maʼrifatdan mahrum qiladi. Naqshbandiyada oʻzini oʻzi nazorat qilib borish, olgan bilimlarini dilda mustahkamlash, umrning har bir damini savob ishga, har bir nafsni maʼnaviy kamolot uchun sarflash lozim deyiladi. "Vuqifi zamoniy" (muayyan vaqtda toʻxtab oʻzini tekshirish), "vuqufi adadiy" (ishlarini sarhisob qilib tekshirish), "vuqufi qalbiy" (qalb amallari qanday boʻlayotganligini toʻxtab, tekshirib borish) kabi shiorlar ("qudsiy soʻzlar") ham ana shu nazorat usuliga kiradi. Naqshbandiya, shu tariqa, tasavvufni islom shariati va paygʻambar sunnati bilan yanada mustahkamroq bogʻladi. "Urvatul vusqo", yaʼni barcha ishda paygʻambar soʻzlari va ishlariga suyanish Naqshbandiya shiorlaridan biriga aylandi. Naqshbandiyada sufiylik isteʼdodiga ham eʼtibor berilgan, yaʼni baʼzi kishilarning men falon silsiladanman, naslnasabim falon-falonchilarga borib taqaladi, degan gaplariga qarshi Bahouddin Naqshband "ran silsilada emas", ran Allohning jazbasida" deb aytadi. Jazba boʻlmasa, sufiylikda maqomatlarga koʻtarilish qiyin.Naqshbandiya Bahouddin Naqshband hayotligidayoq keng shuhrat qozondi. Naqshbandiyani nazariy jihatdan ishlab chiqishda Muhammad Porso, Alouddin Attor xizmatlari katta boʻldi. Bu tariqatga faqatgina oddiy xalq emas, balki Buxoro va Samarqand ulamolari, Amir Temur avlodidan boʻlgan shoh va shahzodalar kira boshladilar. XV asrdayoq Naqshbandiya Eron, Afgʻoniston, Misr, Hijoz, Shimoliy Kavkaz, Turkiyaga tarqala boshladi. Ayniqsa, "hazrati Eshon" unvoniga musharraf boʻlgan Xoja Axror valiy — Nosiriddin Ubaydulloh faoliyati tufayli Naqshbandiyaning obroʻ-eʼtibori yana ham oshdi. Bahouddin Naqshband zamonida mansabdor shaxslar, shox-u amirlardan uzoq turish lozim deyilgan boʻlsa, Xoja Ahror valiy davrida Naqshbandiya siyosiy doiralarga kirib bordi. Naqshbandiya XVI asrda Hindistonga tarqaldi. Bunda Bobo valiy, Xoja Boqibilloh (1563—1603), Axmad Sirhindiy (1564—1624) faoliyati yaxshi samara bergan. Ayniqsa, Ahmad Sirhindiy u yerda sunniylik yoʻnalishini mustahkamlash uchun Naqshbandiyadan unumli foydalangan. Naqshbandiyani Turkiyada yoyilishida Mulla Abdulloh Simaviy (1490-yilda vafot etgan), Ahmad Buxoriy va boshqa shaxslarning xizmati bor. Naqshbandiya XVI—XVII asrlarda Misr va Hijozga (Arabistonga) kirib boradi. Eronning Nishopur, Isfahon, Yazd shaharlariga tarqalib, shular orqali Falastin, Iroq, Iordaniyada koʻplab tarafdorlarga ega boʻlgan. Hindiston orqali u Indoneziya, Malayziya, Seylonga tarqaldi. Keyingi asrlarda Rossiya, Bosniya va boshqa Yevropa mamlakatlariga yoyilgan. Hozirda AQSH, Kanada, Avstriyada Naqshbandiya markazlari, xonaqolari, jamgʻarmalari bor.Naqshbandiya tariqatining umuminsoniy gʻoyalar, maʼnaviy kamolot, botiniy poklikni targʻib etishi uning dunyoda keng tarqalishiga olib keldi. Uning muxlislari bir necha million kishini tashkil etadi
Abu-l-Qosim Mahmud binu Umar az-Zamaxshariy (1074 - 1143) - o‘rta osiyolik yozuvchi, faylasuf, amaldor. Uning asarlaridan chuqur ma’noga ega ikkita to‘plam tashkil etilgan. Qofiyaviy nasr ko‘rinishidagi ilmiy mulohaza bo‘limi u tomonidan yozilgan va “Oltin shoda” nomini olgan.To‘liq ismi Abul Qosim Mahmud binu Umar az-Zamaxshariy 1075 yil 19 mart kuni Xorazmning Zamaxshar shahrida tug‘ilgan, yoshligida kasal bo‘lganligi bois, bir oyog‘idan ayrilgan, yog‘och oyoq yordamida harakatlangan. Jismoniy mehnatga noloyiq bo‘lganligi sabab, otasidan madrasaga o‘qishga yuborishlarini so‘raydi.Mahmud arab tili, adabiyot, diniy fanlarni tirishqoqlik bilan o‘rganadi. Husnixat ilmini o‘rganib, ayrim vaqt mobaynida u orqali pul topgan.Bilimni chuqurroq o‘rganish ishtiyoqida u Buxoroga ketadi. Buxoroda Xorazm shohlariga xizmat qilib, hukmdorga yaqinlashishga harakat qiladi. Kerakli e’tiborga ega bo‘lmagach, o‘z umidlarini ro‘yobga chiqarish uchun boshqa mamlkatlarga yo‘l oladi. 1118 yil og‘ir kasallikdan so‘ng kimgadur xizmat qilishdan bosh tortadi va butun umrini ilm-fanga bag‘shida etadi.Az Zamaxshariy Marv, Nishopur, Isfaxon, Shom, Bog‘dod, Xijoz va ikki marotaba Makkada bo‘lgan. Qayerda bo‘lmasin, doim ilmiy ishlarini davom ettirgan, lug‘atni va arab tili grammatikasini, mahalliy qabilalar munozaralarini, maqolalarini, an’analarini chuqur o‘rgangan. U qit’a jo‘g‘rofiyasi bilan bog‘liq turli ma’lumotlar to‘plagan.Uning ko‘plab asarlari Makkada yozilgan. Makkada u 5 yil yashagan va unga faxriy “Jorulloh” (Allohning qo‘shnisi) nomi berilgan.Az Zamaxshariy Makkadan qaytgach, bir necha yil Xorazmda yashaydi. Hijriy 538 (1144 yil 14 aprel) yil oqshomda olamdan ko‘z yumgan.Az Zamaxshariy o‘z davrining yirik tarixshunosi, jo‘g‘rofiyachisi, adabiyotshunosi, tilshunosi, pedagogi va shoiri hisoblanadi. Uning qalamiga mantiq, grammatika, din, lug‘at, adabiyot, adabiyotshunoslik, pedagogika, tarix va jo‘g‘rofiyaga oid 50 dan ziyod ishlar mansub. U bilimlarini kitoblari va o‘quvchilari orqali tarqatgan. Uning ko‘plab asarlari bizning davrimizgacha yetib kelgan.Az Zamaxshariyning ko‘plab asarlari arab tili va grammatikasiga bag‘ishlangan. Xususan, “Al-Mufassal” asari bir yarim yil ichida, 1121 yil Makkada yozilgan.“Al-Mufassal” Sharqda va G‘arbda arab tili va grammatikasini batafsil o‘rgatuvchi yirik asar sifatida ma’lum. Arab tili grammatikasiga bag‘ishlangan “Al-Mufassal” kitobi ahamiyatiga ko‘ra, arab olimi Sibavaxxning asarlaridan so‘ng ikkinchi o‘rinni egallaydi, deb hisoblanadi. Bu Az Zamaxshariy asari o‘z vaqtida qanchalik qadrlanganligini ko‘rsatadi.Ushbu asar qo‘l yozmasi Toshkentda, O‘zR FA Sharqshunoslik institutida saqlanadi.Uning ma’naviyat va ma’naviy madaniyat haqidagi fikrlari axloq, tarbiya, nasihat doirasida bayon qilingan. Masalan, u maqtovga, yolg‘on g‘urur, ezmalik va safsatabozlikka berilmaslikka chorlaydi: “Agar kimdur o‘zining kelib chiqishi bilan maqtansa, bu sarob kabi zohiriydir”, “Haqiqat va nomus yo‘li o‘rmondagi arslon qadami bilan tenglashadi”, “Savdogarning hurmati va nufuzi uning hamyonida, olimniki - kitobida”, “Til orqali (ruhiy) madad moddiy madaddan ustundir”. Umuman, az Zamaxshariy bilim va umuminsoniy sifatlar orqali erishish mumkin bo‘lgan iroda haqida, insoniyatni farovonlik va xotirjamlikka intilishi haqida yozgan.Hayotligida uni “Butun dunyo muallimi”, “Barcha arablar va boshqa xalqlar muallimi”, “Allohning qo‘shnisi”, “Xorazm shuhrati” va boshqa nomlar bilan ulug’lashgan.1144 yil ona diyori Xorazmda vafot etgan. Gurganjga dafn etilgan.Az Zamaxshariyning hayot va insonlar haqidagi ayrim naqllari:Savdogarning nufuzi uning hamyonida.Olibsotar - ovchining iti.Ayol kishi sening qalbing usiz yashay olmasligini xis etsa, demak, u burningni yerga ishqalaydi.Doim birovni qoralovchi inson yuqori muvaffaqiyatlarga erishmaydi, xuddi qatronda oqartiruvchi hech narsa bo‘lmagani kabi.Axloqsiz odamlar ko‘paygan joyda, Yaratgan ularga o‘latni yuboradi (turli ofatlar, balolar va musibatlar).Gunohkorlarning sodiq do‘sti bo‘lmaydi.To‘g‘ri yo‘lda ketuvchi insonning qadam tashlashi arslonnikidan ham ulug‘vorroqdir.Halol inson doim tinchlikda, xotirjamlikda, soqin va doim yomonlik haqida o‘ylovchi esa doimiy halokatga mahkumdir.
Buxoro yeti pir! Buxoro – Naqshbandiya tariqati yettita buyuk so‘fiylarining vatanidir. Tasavvufning buyuk vakillari bu yerda yashab, diniy va ijtimoiy faoliyat olib borib, muborak Buxoroning vujudga kelishi va gullab-yashnashi, maʼnaviy tarbiya va hissiy ruhni yuksaltirishga o‘z hissalarini qo‘shganlar. Bu yerda muqaddas so‘fiylarning dafn etilgan joylari – pirlar, islomiy ziyoratgohlar saqlanib qolgan. Buxoroga ziyoratga kelganlarning ko‘pchiligi o‘z safarlarini Naqshbandiya taʼlimotiga asos solgan maʼnaviy ustoz Xo‘ja Abduxoliq G‘ijduvoniy maqbarasini ziyorat qilishdan boshlaydilar. Abduxoliq G‘ijduvoniy payg‘ambarning o‘ninchi avlodi bilan maʼnan bog‘liq. Maqbara ayvonining o‘nta ustun va tayanchi o‘ninchi avlodga ishora.
Xo‘ja Abdulxoliq G‘ijduvoniy davrida maqbara chillaxona vazifasini o‘tagan bo‘lib, u yerda qirq kunlik jazirama issiq davrda odamlar ibodat qilish uchun kelgan. Vaqt o‘tishi bilan muqaddas ibodat joyi ardoqli ziyoratgohga aylanadi. aqin o‘tmishda maqbara tashlandiqqa aylangan edi. Maqbara bugungi namunaviy shaklga ega bo‘lishi uchun bir necha zamonadan omon o‘tib kelishi kerak bo‘ldi. Hozirda Abduxoliq G‘ijdunoniy maqbarasi qadimgi Sharqning bir qismi, er va osmon orasidagi rishta hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |