Bolalarning ma’naviy dunyosida biryoqlamalik ustun
Bolalarning ma’naviy dunyosida biryoqlamalik ustun. Hatto ularning ota-onalarining fikrlari ham biryoqlamaroq. Chunki ular o‘z yurti, o‘z millatining tarixini deyarli bilmaydilar, bilsalar ham, yuzaki biladilar. Bunga kim sababchi? O’zini tan olmay, o‘zgani maqtovchilar. O’zini ulug‘lab, o‘zgani yerga uruvchilar. Yuz yildan beri o‘zbekning o‘tmishi deyarli qora ranglarda ko‘rsatib kelinmoqda: «O’tmishda o‘zbek xalqi savodsiz edi»! «O’tmishda o‘zbek xalqi xor-zor edi»! «O’tmishda o‘zbek xalqi qul edi»!...
Xullas, o‘tmishda, o‘zbek biron yorug‘ kun ko‘rmagan. O’tmishda o‘zbekdan biron ulug‘ zot chiqmagan. O’zbekning osmoni quyoshsiz, oysiz, yulduzsiz bo‘lgan...
Gapning qisqasi, o‘zbek tarixi qora, deb aldab kelingan va oqibatda o‘zbek: «Rostdan ham o‘tmishimiz qora», degan xulosaga kelib qolgan. Bu fikr esa: «Ulug‘ og‘a», degan tushunchani tug‘dirgan. Chindan ham, har bir xalq qatori rus ham o‘ziga xos, ulug‘. Biroq bu ulug‘lik o‘zga millatlarni yerga urish hisobiga bo‘lsa, rusning o‘ziga tatiydimi? Yo‘q. Chunki, o‘zga millatni tahqir etgan millat o‘zini ham tahqirlaydi.
Bobom Ahmadbek bir gapni ko‘p takrorlar ekan: «Qaysi el o‘zligi, o‘z fe’l-atvori, urf-odati, kuy-qo‘shig‘i, tili, tarixi, tabiatining mustaqilligini saqlab yashasa, bunday el xazon bo‘lmaydi, bunday el tobora gullab-yashnab boradi».
Tabiiyki, o‘zbek o‘z o‘tmishini bilmasa, sevmasa, ertangi kunini ham bilmaydi, sevmaydi. Bunday ketishda, o‘zbek o‘zligini unutib qo‘yadi va millat sifatida yo‘qolib ketadi. Shunday ekan, o‘zbek daqqiyunusdan qolgan maktab qo‘llanmalarini tubdan o‘zgartirmog‘i kerak.. Maktab, oliy o‘quv yurtlarida tariximiz suzuklari (buloqlari) — Xun, Hazar, Ko‘kturk, Turon, Kushon, Temur, Bobur, Saljuq, Ota Turk saltanatlari, Tuman, Alp Erto‘nga (Afrosiyob), To‘maris, Muqanna kabi milliy qahramonlarning hayotlari teran o‘rgatilmog‘i lozim. Aljabr (algebra) ni yaratgan Xorazmiy, ajun (ochun — dunyo) tortilish qonunini Nyutondan besh yuz yil ilgari ochgan, Yer shari globusini Ovrupodan (Marten Behaymdan) besh yuz yil oldin yaratgan Beruniy, tabobat fanining dahosi Ibn Sino, Kopernik, Kepler, Galileydek osmonchilarning ustozi, osmon ilmining otasi — Ulug‘bek, buyuk italyan shoiri Dante ilohga sig‘ingandek sig‘inib tilga olgan Farg‘oniy ijodlarini o‘qib-o‘rganmoq har bir o‘g‘il-qiz uchun ham qarz, ham farzdir.
Bolalarimiz islomgacha bo‘lgan tariximizni bilishadimi? Yo‘q. Islomgacha biz — turklarning yetti xil yozuvimiz (alfavitimiz) bo‘lgan. Semizkentda (Samarqandda) musulmonchilikdan bir necha yuz yil burun qog‘oz ishlab chiqarilgan, uylarga suv quvurlari o‘tkazilgan; rassomlik, haykaltaroshlik; imoratsozlik, suv inshootlari qurish, dehqonchilik; to‘qimachilik, oynasozlik kabi sanoatlarimiz gullagan. Bizning turk ajdodlarimiz — Turkxon ajunda ilk bor aravani, Tavikxon ajunda birinchi marta ovqatga tuz solishni kashf etgan. Ilk «ajun ko‘zgasi» (televizor) Oltintepada tasavvur qilingan!..
Bizning yuz tuban ketishimizga, birinchi galda o‘zimiz va Lenin tili bilan aytganda, qora guruhchi shovinistlar sababchi bo‘lganlar. Keyin Stalin... Stalin «shoh»lik kursisini oqil, odil egallab olishidan qo‘rqdi; millatlarning uyg‘onishidan vahimaga tushdi va millatlarni millatlarga bo‘lib qon to‘kdi. «Xalqlar otasi» buni «sotsializmni yot unsurlardan qutqazish» niqobi ostida qildi. Uni qonli yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘lganlar o‘ldirildi. Oqibatda, butun mamlakat, ayniqsa, Turkiston ma’naviy-madaniy, iqtisodiy qashshoq bo‘lib qoldi. «Saxovat niqobi ostida yovuzlik qilinmaganda edi, dunyoda bu qadar yovuzlik bo‘lmasdi», degan Avstriya adibasi Ebner-Eshenbax. Shu fikrlardan kelib chiqib qaralsa, yuz minglab kishilarni qatl ettirgan Stalinning basharasi ochiladi. Hatto, Stalin shu darajaga borib yetganki, to‘ntarish dohiysi — Leninning ham qadamini cheklab qo‘ygan...
O’z vaqtida rus faylasufi Chernishevskiy: «Millatning muhim boyligi — xalqning ma’naviy qiyofasidir», deb yozgan. Stalin siyosati tufayli, Turkistonning muhim boyligi tilka-tilka qilindi: Stalin o‘tmishi boy Turkistonning kuchayib ketishidan qo‘rqdi; shuning uchun bir butun Turkistonni maydalab tashladi, bir butun TURK millatini esa turkman, o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq singari millatlarga bo‘lib yubordi. Bu maydalab boshqarish siyosati edi, bu qonli siyosat edi. Stalin shu tarzda turkiylarning nasl-nasabi TURK ekanini unuttirishni, keyin bir tug‘ishgan millatni manqurt darajasiga yetkazishni va ularning o‘rtalarida doimiy qonli nizolar uyg‘otishni, elini paxta quliga aylantirishni, boyligini talashni, tabiatini g‘orat etishni ko‘zda tutgan edi.
Stalin bu qabih ishlarni amalga oshirish uchun bir tug‘ishgan elning yozuvini o‘zgartirdi. Oqibatda, Turkiston xalqi o‘z tarixini o‘qiyolmay qoldi. Mana, bizning bosh fojiamiz! Endi biz ishni qaytadan, M. S. Gorbachyov sharofati bilan tug‘ilgan qayta qurishdan boshlaymiz, «xalqlar otasi» toptagan yozuvimizni, bir tug‘ishganligimiz, tabiatimiz va g‘ururimizni tiklaymiz. Bu qiyin ish. Biroq bunga erishishning bir kaliti bor, bu kalit—Turkiston elining birligidir. Eng og‘ir damlarda ham el bir bo‘lsa, uni hech qanday kuch yengolmaydi.
Lenin ham tarixiy atamaga qarshi bormagan, u tilida ham, asarlarida ham bu go‘zal, boy yurtni Turkiston, deb atagan. Turkiston harbiy okrugi ham shundan nom olgan. 1921 yili bu yurtda «davlat tili turk tili», degan farmon ham chiqqan. Turkiyadagi turklar bu yurtdan asosan ming yilcha burun ketishgan. Ular bilan biz bir tug‘ishganmiz, ular bilan qonimiz ham, tilimiz ham, dinimiz ham bir. Uyg‘ur, sariq uyg‘ur, qozoq, qirg‘iz, turkman, ko‘k o‘g‘uz (gagauz), qoraqalpoq, qirim tatari, ozarboyjon, totor, boshqird, qorachoy, qumiq, sho‘r, evenk, xokas, oltoy, tuva, yoqut, yag‘mo, chuvash, japon (yapon), mo‘g‘ul, bulg‘or (bolgar) bizning qadim turk ajdodlarimizdandir, qadim turklardir. Stalin bu tarixni makkorlik bilan yashirib, «millati nima yozilsa yozilsin, faqat turk yozilmasin», deb o‘ylab, hali aytganimdek, bizni millat va yurtlarga bo‘lib yubordi. Turkiston degan qadim nomni o‘zgartirdi. Stalinning fikriga qarshi chiqqanlar «panturkist» — «turkparast», deb ayblandi, qamaldi, otildi. Ukrain, belorus, rus... bir tug‘ishgan desa, slavyanparastlikka kirmay, turk, o‘zbek, ozarboyjon... bir tug‘ishgan desa, turkparastlikka kirar ekanmi? Xalqlar do‘stligi — qon-qardoshlik tuyg‘ularini mustahkamlaydi, bu lenincha siyosatning negizidir.
O’z tarixini bilgan kishi o‘zligini, o‘zgani biladi. Shunday ekan, ming-ming yillik tariximiz halollik bilan matbuotda yoritilib borilishi va kitoblarimiz ko‘plab nashr qilinishi kerak. Bolalarimiz faqat o‘zbek-turk tarixini emas, rus, fors-tojik, xitoy, hind, arab, ingliz kabi xalqlar tarixlarini ham bilsalar, yutadilar. Buning uchun ular shu tillarni egallasalar, yomon bo‘lmaydi. O’zga tillarni bilish faqat yaxshilik urug‘larini undiradi.
O’z vaqti-soati bilan har bir meva pishib yetilganidek, endi Til, Adabiyot va Tarix markazini ochish vaqti ham yetdi. Bunga Markazkom va shaxsan prezidentimiz Islom Qarimovning o‘zi ham yordam bermoqda. Bu markaz ishga tushsa, butun dunyo, butun turkiy olam yozarlari ham olimlari bilan uzilmas aloqa bog‘lanadi. Bu o‘z navbatida ellar o‘rtasida qon-qardoshlik tuyg‘ularini uyg‘otishda muqaddas ko‘prik bo‘ladi. Markaz ming-ming yillarning qat-qatlarida qolib ketgan oltin asarlarimizni yorug‘likka chiqaradi. Shunda qiz-o‘g‘lonlar o‘zlarining qadim, boy, go‘zal, bo‘ronli tarixlarini o‘qib, bilib oladilar. Shunda ularda o‘zligiga, o‘tmishiga hurmat tuyg‘ulari uyg‘onadi.
Biroq hozircha biz o‘g‘il-qizlarimiz bilan maqtanolmaymiz. Ular bilimda, o‘zligini anglash va o‘ziga ishonishda oqsaydilar. Lekin, harqalay, bolalarda ilgariga siljish bor. Mana, menga Andijonda maktab o‘quvchilari qanday savollar berdilar:
«Nega o‘zbeklardan Siyosiy Byuroga a’zolar yo‘q?»
«Nega o‘zbeklardan Ittifoq miqyosida biron boshqon (ministr) yo‘q?»;
«Nega o‘zbeklardan osmonchi (kosmonavt) chiqmayapti?»..
Avval men bu savollar qarshisida ojiz qoldim. So‘ngra: «Qayta qurish zamonida bu tengsizlikka chek qo‘yiladi», dedim. Dedimu o‘zim ham o‘ylar qurshovida qoldim.
Biron bir marta Sovet Ittifoqi Kompartiyasi Markazqo‘mining Bosh sekretari o‘zbek bo‘lganmi? — deb ko‘nglimdan kechirdim, — mana endi demokratik saylovlar yo‘lga qo‘yilib, adolat tiklanar... Yo SSSR Oliy Kengashi hay’atining raisi bo‘lganmi? — dedim. — Yo‘q. «yo‘q», dedim-u, kutilmaganda: — Nega kadrlar Ovrupodan kelishayotir? — deb o‘zim-o‘zimga savol berdim. — Yo o‘zbek qoloq, ishonchsiz ham layoqatsizmi? Axir, bu o‘zbekning izzat-nafsiga tegadi. Bu haqda butun o‘zbek xalqi, butun Sovet Birligi va chet ellar ham gapirmoqdalar. Lenincha do‘stlik shunday bo‘ladimi? Sovet Birligidagi millatlararo tug‘ilgan, tug‘ilayotgan ishonchsizlik manbaining bir tarmog‘i xuddi shundan boshlanadi. O’zbekistondagi aksariyat kadrlar boshqa millat kishilaridan bo‘lsa, undan o‘zbek yurti, o‘zbek davlati, o‘zbek millati, degan nomlar qaerda qoladi? O’zbekka nisbatan uyg‘otilayotgan bunday ishonchsizlik, bu ishonchsizlikni uyg‘otayotgan millatga ham shunday ishonchsizlik uyg‘otadi va, shuningdek, unga qarshi nafrat ham isyon uyg‘otadi. Bu— hayot qonuni! Deylik, rus davlatidagi ko‘p kadrlar rus tilini, fe’lini, urf-odatini; bilmaydigan, hatto bilishni istamaydigan o‘zbeklardan bo‘lsa, bu rus millatining izzat-nafsiga tegadimi, yo‘qmi? Turkistonga nisbatan bunday siyosat tagida «erli el qaram» degan «g‘oya» yotadimi, yo‘qmi? Modomiki, yotsa, bu nafrat ham isyon uyg‘otadimi, yo‘qmi?
Bu gaplarni ochiq aytish millatchilikka kiradimi? Yo‘q! Bu to‘g‘rida butun xalq gapiryapti. Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi. El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi. Kim buni millatchilikka yo‘ysa demak, u marksizm-leninizmni tushunmaydi, u —siyosiy ko‘r. Birinchi, lavozimlar yerli millat kishilariga molikligi haqida Lenin aytgan. Yo endi Leninni ham tan olmay qo‘yishdimi? Lenin milliy masalalarga g‘oyat ehtiyot bo‘lib yondashgan. Chunki, ajunda milliy masaladan nozik masala yo‘q. Shuning uchun ham Lenin: «Millatlarnini manfaatlariga juda katta e’tibor berilgandagina ziddiyatlarga sabab bo‘ladigan zamin yo‘qoladi, o‘zaro ipyunchsizlik yo‘qoladi», deb yozgan.
Zo‘ravonlik, avrash-aldash millatlar do‘stigini yemiradi. Chunki, bunga qarshi ezilgan, aldangan millatlarning birlik kuchi tug‘iladi. Samimiyat Erk, Adolat, Tenglik, Do‘stlik iplarini bog‘laydi. Bu gaplarning mag‘zini har bir o‘g‘il-qiz chaqib olishi kerak. Zero, maktablarda ham Samimiyat, Erk, Adolat, Tenglik saboqlari o‘tilishi kerak. Bu saboqlarda stalinizmning Turkistonga yuborilgan soyalari — Buturlin, Gaydanov, Didorenko, Ogarok, Teplov, Ivanov, Gdlyan kabi kimsalarning niqoblari butunlay yirtiladi. Bu saboqlarda mash’um soyalarga «ozuqa» berayotgan kimsalarning olchoq basharalari ochiladi. Davomli soyalarning qadam, jag‘, musht, nafslari tiyiladi. Farg‘ona fojiasiga o‘xshash fojialarning oldi olinadi. Chunki, o‘quvchi, talaba, el-yurt oq nimayu qora nimaligini anglab boradi. Qachonki, millat o‘zligini tushunib yetsa, bir butun bo‘ladi. Bir butun bo‘lsa, qudratli bo‘ladi; bu qudrat oldida esa har qanday kuch, aldov, nayrang ojiz qoladi.
Farg‘ona fojiasini o‘g‘il-qizlarimizga boshqacha qilib tushuntirdilar. O’zbekning boshkentidan (poytaxtidan) Farg‘onaga yozuvchilar yuborilmadi.
Nega?
Asl haqiqatning ochilib ketishidan qo‘rqishdi...
Moskvadan kelgan ayrim reportyorlar, jurnalistlar esa o‘zbekni badnom etish uchun asl haqiqatni yashirib, yolg‘onni yamlamay yutdilar.
Nega endi kelib-kelib o‘zbek tili, dini, millati bir — qon-qarindoshi turk bilan urishadi? Qani bu yerda mantiq? Didorenko, Gaydanov, Gdlyan, Ivanov, Buturlin, Teplov, Anishchev, Ogarok kabilar Farg‘ona fojiasining sababchilaridan bo‘ldilar, degan gaplar yuribdi... Bu qanchalar to‘g‘ri — kelajakda ma’lum bo‘lar. Lekin bu kabi ishlar oqibatida, bir tug‘ishgan xalq, endilikda o‘zini, o‘zligini, tarixini unutgan xalq bir-birini so‘ydilar, degan gap ham yuribdi... Turk bilan o‘zbekning ishsizlikdan, ochlikdan, quvg‘indan, tengsizlikdan bo‘g‘ziga kelgan nafrati shunday so‘ndirilmadimi? Balki, bunday razillikni hali tarix ko‘rmagandir?
Qadimiy qora guruhchi shovinistlar shunday razil ishlar bilan shug‘ullanib keladilar. Bu haqda V. I. Lenin 1914 yildayoq qahr bilan yozgan: «Millatlarni ezish siyosati — millat ajratish siyosatidir. Bu siyosat, shu bilan birga, xalq ongini doimiy ravishda zaharlash siyosati hamdir. Qora guruhchilar, hamma maqsadlari turli millatlarning maanfatlarini bir-biriga qarshi qo‘yishga, johil, va nodon ommaning ongini zaharlashga asoslangandir».
Qora guruhchilar saxiy o‘zbek yurtini bulg‘ab, qonga qorib ketdilar, zimdan, pul bilan yovuz maxfiya — mafiyalarni (uyushgan jinoyatchilarni) ishga soldilar... Yovuz maxfiyalar esa turk, o‘zbek, rus, armanlarning pulga o‘ch kaltafahm kishilarini ishga soldilar. Bu kaltafahmlar avval dahshatli mish-mishlar tarqatdilar, keyin qo‘llarini qonga botirdilar. Shunday razil yo‘l bilan ikki og‘a-ini — turk bilan o‘zbekni junbushga keltirdilar. Sodda o‘zbek bilan sodda turk qora guruhchilarning fitnalariga yo‘liqqanlarini bilmadilar. O’zbek: «Ayb turkda», turk: «Ayb o‘zbekda», deb bir-biri bilan qirpichoq bo‘ldilar. Bu paytda qora guruhchilar: «O’zbeklar vahshiy, o‘zbeklar ekstremist», deb o‘zbeklarga bo‘hton toshlarini yog‘dirdilar...
Yovuz «ish» xo‘jalari esa, to‘rt muchasi sog‘ holda, o‘z yurtlariga ketdilar. Qani bu yerda haqiqat? O’rtada yana o‘zbek yomonotliq bo‘lib qoldi. Qora guruhchilar esa o‘z yurtlarida yana mansabga mindilar.
Uzoq bir kezlari qora guruhchi va stalinchilar Ittifoq miqyosida sun’iy ravishda ocharchilik uyushtirgan edilar. Bu to‘g‘rida Sergey Zavarotniy va Petr Polojevets shunday yozdilar:
«1933 yilning yozida uyushtirilgan ocharchilik nihoyasiga yetdi. Turli ma’lumotlarga qaraganda o‘sha ocharchilik o‘latidan 4—10 million kishining yostig‘i qurigan» («Komsomolskaya pravka» gazetasi, 3.02.90).
Xo‘sh, ocharchilikni uyushtirishdan maqsad nima edi? Maqsad —xalqni qo‘rquv va asoratda saqlash edi... «Stalin chindan ham yovuz edi, — izohlaydi «Komsomolskaya pravda», — uning qo‘llari qonga botgan. U qo‘rquv va dahshat bilan sug‘orilgan jamiyat barpo etdi. Bu jamiyatning poydevori zo‘ravonlikdan bunyod etildi».
Ocharchilik. Farg‘ona fojiasi... Bir-biriga o‘xshash bu ikki fojianing sun’iy ravishda takrorlanishiga o‘zligimizni, tariximizni bilmasligimiz ham sababchi bo‘lgan. Go‘llik —o‘zingga dushmandir; go‘llik — dushmanga quroldir. Bu go‘llik daraxtlarini qora guruhchilar bilan stalinchilar ekishgan. Ocharchilik... Farg‘ona fojiasi... paxta qulligi... qashshoqlik... yer, suv, havoning zaharlanishi... bola, ayol, Orol va o‘rmonlar o‘limi... o‘zlik, urf-odat, til, tarixni unuta borish... manqurtga aylana borish... — bu daraxtlarning mevalaridir.
Bu mash’um ofatlarni o‘g‘il-qizlar bilisharmikan? Bilishmas. Biroq endi qayta qurish eshigi ochilib, ba’zi narsalarni fahmlay boshladilar. Men buni Samarqand ulusiga borganimda, bolalarning gap-so‘zlaridan sezdim:
— Nega paxtada faqat o‘zbek ishlayapti?
— Shaharda sharoit qulay-da, — deyishdi o‘quvchilarning o‘zlari, — yetti-sakkiz soat ishlaysan, shanba, bozor kunlari dam olasan, issiq, sovuq suv bor... maosh ham yaxshi... Metro, avtobus, tramvay, trolleybus, taksilar g‘ir-g‘ir qatnab turibdi... Bizda-chi? Bizda tinim yo‘q, sharoit yo‘q, non bilan choyga qanoat qilamiz, o‘n kunlab go‘sht yemaymiz, ota-onamizning olgan oyligi o‘ttiz-qirq so‘mdan oshmaydi, shunday yashab bo‘ladimi?!
Men bu chin gaplar qarshisida ojiz qoldim. Rostdan ham, o‘zbek elining ahvoli og‘ir. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, yurtimizda 9 million kishi qashshoq yashayapti. Hech shubha yo‘qki, paxtada ishlayotgan yalpi o‘zbek kambag‘al. Chunki, paxtadan keladigan daromad qulning daromadidan ham oz. Chunki, paxta mehnati qulning mehnatidan ham og‘ir. Masalan, 100 kilogramm bug‘doy (sabzavot yo meva) yetishtirish uchun 8 soat mehnat sarflanadi. Shuncha paxta uchun 38 soat sarflanadi. 1 gektar yerdan olingan bug‘doydan (sabzavot yo mevadan) 12 ming so‘m daromad qilinadi. Shuncha joydan olingan paxta uchun 1,5 ming so‘m... Bu —milliy haq-huquqni qora guruhcha, stalincha oyoqosti qilish emasmi? Bu vaqti kelib, milliy nizolarga sabab bo‘lmaydimi?
Nega o‘zbek xalqi o‘z mehnatini o‘zi baholamayapti, Moskva baholayapti. «Hukumat taklif etgan tadbirlar ham regionlarni baravar ko‘rmaydi, — dedi SSSR Oliy Kengashining II s’ezdida sobiq O’zbekiston Boshqonlar Kengashining raisi, SSSR xalq deputati M. Mirqosimov, — Masalan, bizda paxta tolasiga davlat buyurtmasi 100 foizni tashkil etadi. Ya’ni, paxta tolasining hammasini Ittifoq idoralari taqsimlaydi. Bunda markazni kuchaytirish istagi sezilib turibdi. Lekin jumhuriyatlar ojiz va huquqsiz bo‘lsa, markaz hech qachon kuchli bo‘la olmaydi... Paxta tolasiga asosli narx belgilash biz uchun hayotiy ahamiyatga egadir... Paxta tolasini keyinchalik qayta ishlashdan olingan foyda hanuz jumhuriyatdan tashqarida qolmoqda».
Markaziy boshqaruv sistemasi — o‘zbek elini, o‘zbek tabiatini butunlay holdan toydirdi. Shundanmi, Erkin Vohidov: «O’z yeriga, o‘z mulkiga ega bo‘lgan xalq mustaqil xalq», — deb nasihat qiladi va bu bilan ezilgan elni o‘z yurtiga o‘zi egalik qilishga undaydi.
Qayta qurish davrida bu gaplar amalga oshar, deb o‘ylayman. Bu o‘zimizga, birligimizga bog‘liq. Biroq shunga qaramay, milliy tengsizliklar to‘laligicha barham topmayapti. Masalan, Ittifoqda jon boshiga 3900 so‘m milliy daromad to‘g‘ri keladi. O’zbekistonda 1200 so‘m... SSSR bo‘yicha har bir dehqon 167 so‘mdan maosh oladi. O’zbek dehqonining oyligi — 40 so‘mga ham yetmaydi. Bu raqamlarning mag‘zini chaqib ko‘raylik!
...O’quvchilar mening uzoq sukutga tolganimni ko‘rib, jim qoldilar. Keyin yana savolga tutdilar:
— Paxtani biz yetishtirayotirmiz. Biroq nega to‘qimachilik sanoatlari olisda joylashgan? Axir, bundan xalqimiz ham, davlatimiz ham zarar ko‘ryapti-ku? O’zimizdagi zavod, fabrikalarda ham asosan boshqa yurtlardan kelgan kishilar ishlayaptilar. O’zlarining qishloqlari bo‘lsa, huvillab qolmoqda. Buni biz ro‘znoma-oynomalarni o‘qib, televizorda ko‘rib turibmiz...
Bu haqli savollar meni yana o‘yga toldirdi. Yuz yillardan beri Tirkiston xomashyo bazasi bo‘lib kelmoqda. Buning uchun Turkistonga kim rahmat aytdi?
O’tmish xatolariga chek qo‘ymoq kerak. Milliy ishchilar sinfimizni shakllantirishimiz zarur. Xuddi shuni Oq podsho hukumati istamagan. Stalin ham...
O’g‘il-qizlarning gap-so‘zlariga sinchiklab qaralsa, ularda oz bo‘lsa-da, har holda milliy, ijtimoiy, siyosiy ong yetilayotgani ma’lum bo‘ladi. Biroq, baribir, bilim va fikrlashda, sog‘liq va salomatlikda, xullas, ko‘p jihatdan ular litva, eston, latish, moldavan, ukrain, rus bolalaridan orqada... buning sabablari ko‘p.
Biroq men biri-ikkita sababini ochaman. Eng yomoni — paxta o‘quvchini ezib qo‘ygan. Daladan qora terga botib kelgan bola shubhasiz ota-onasiga ko‘maklashadi: Tomorqaga qaraydi, mol-hollarga qaraydi, og‘ilini tozalaydi... Xullas, og‘ir mehnat, ro‘zg‘or ishlari uni holdan toydiradi... O’zbek ota-onasi rus ota-onasiday bolani vaqtida yuvib-tarolmaydi, vaqtida yedirib-ichirolmaydi, vaqtida o‘qitib, vaqtida uxlatolmaydi, bunga uning imkoni yo‘q. Shunday og‘ir sharoit va og‘ir tanglikda o‘sayotgan bola o‘qishga vaqt topadimi? U «ajun ko‘zgusi»ga qarar-qaramas uyquga ketadi. Qolaversa, hammaning uyida «ajun ko‘zgusi» bor, deb kim ayta oladi? Bunga kuchi yetganlar bor, yetmaganlar bor... Og‘ir mehnat, og‘ir tanglik, og‘ir sharoit bolani ham ma’naviy, ham jismoniy jihatdan siqib qo‘ygan. Bunday tengsizlik o‘zbek bolasining yuragida qanday tuyg‘ular uyg‘otadi?!
Deylik, ikki joyga nihol eksak, birini parvarish etsak, ya’ni unga vaqtida ishlov bersak, vaqtida suvd vaqtida «ozuqa» bersak. U sog‘lom ko‘rqam, baquvvat bo‘lib o‘sadi. Ikkinchisiga qaramasak, u bujmayib qoladi... O’zbek bolasiga parvarish kerak, sharoit kerak, moddiy ne’mat kerak, shunda u sog‘lom, chiroyli, esli-hushli bo‘lib yetiladi.
Chirchiq shahrida o‘n birinchi sinfda (kechki) o‘qiyotganimda, shunday savolim uchun boshim baloga qolgan:
— Muallim, nega O’zbekiston SSR Davlat gimni Assalom, rus xalqi, buyuk og‘amiz, . Assalom dohiymiz Lenin jonajon, — deb boshlanadi? Bundan rus kishisi o‘zini noqulay sezmaydimi? Chin do‘stlik shunga zormi?..
Yillar o‘tib, menga Moskvada: «Rus og‘amiz», «rus ulug‘», «rus qudratli» degan maqtovlarga zor emasmiz, — deyishdi rus yozarlari, — do‘stlik tenglik, samimiylik asoslariga qurilmog‘i kerak, aks holda: «Sendan men kammi?», degan gap kelib chiqadi va o‘rtada milliy nizolar tug‘iladi».
SSSR Konstitutsiyasida vijdon erkinligi qayd etilgan. Biroq bunga amal qilinayotirmi? Vijdon erkinligi mavjud ekan, Ittifoqdagi hamma maktablar bir tusda bo‘lmasligi kerak, balki har bir millatning maktabi o‘z ruhi, o‘z urf-odati va o‘z tarixiga mos tarzda milliy bo‘lishi kerak. Har bir maktabda dunyoviy ilmlar bilan birga «Nomus», «Iffat», «Rostlik», «Go‘zallik», «Jasurlik», «Elparvarlpk», «Yurtparvarlik» darslari ham o‘tilsa, toza insonlar ko‘payardi.
Vijdon erkinligi mavjud ekan, maktablarda xristianlarga xristian, buddaviylarga budda, musulmonlarga islom dini saboqlari o‘qitilishi taqozo etiladi. Din ham bolani to‘g‘ri tarbiyalashga xizmat qiladi. Qur’onda: «Ilmni egallang! — deyiladi. — Ilm sahroda — do‘st, hayot yo‘llarida— tayanch, yolg‘izlik damlarida — yo‘ldosh, baxtiyorlik daqiqalarida — boshliq, qayg‘uli onlarda — madadkor, odamlar orasida — zebu ziynat, dushmanlarga qarshi kurashda — quroldir».
Ota-onalar, o‘qituvchilar, jamoat vakillari—katta yoshli kishilar bir butun bo‘lib, bola tarbiyasiga e’tibor berishlari kerak. Qiyshiq o‘sayotgan niholni to‘g‘rilash mumkin. Daraxtni-chi?.. Ulug‘ faylasuf Jon Lokkning quyidagi fikri ibratlidir: «Xalqning baxt-saodati — bolalarni to‘g‘ri tarbiyalashga bog‘liq».
Miloddan besh yuz yil oldin yashab o‘tgan yunon faylasufi, matematigi Pifagor: «Har qanday xalqning urf-odatini bilay desang, avvalo uning tilini o‘rgan», deb aytgan. Arab, rus, ingliz, nemis, fors va boshqa tillarni o‘rganish o‘zbek farzandining ma’naviy dunyosini boyitadi. Biroq birinchi galda o‘z tilingni chuqur bilishing shart. Turk — o‘zbek tili ajundagi eng qadimgi, eng boy eng go‘zal, eng burro, eng dono, eng jasur tillardan biridir. Bu ajoyib, bu g‘aroyib tilni sevmagan o‘zbek o‘z ota-onasini ham, o‘z millatini ham, o‘z yurtini ham chinakamiga sevolmaydi. Navoiy bobomizning: «Tilga ixtiyorsiz — elga e’tiborsiz», degan so‘zlarini biz bo‘ynimizga tumor qilib taqib yurishimiz kerak! Tilimiz — millatimizning joni, imoni, vijdoni, hayotidir. Zotan, tilidan ayrilgan millat — millat sifatida o‘ladi.
Biroq O’zbekistonning 20 million xalqlaridan qariyb 17 millioni o‘zbek tilida gapirishiga va o‘zbek tili davlat tili bo‘lishiga qaramay, partiya, sovet, hukumat idoralarida hamon ona tilimizda ish olib borilmayotir. Bu kechirilmas holdir!
Turkiy — o‘zbek tilimizni boyitish, qadrini oshirish yo‘lida Alisher Navoiy umr bo‘yi kurashdi. Buning uchun ulug‘ bobomizni qancha boshimizga ko‘tarsak oz. Biroq Alisher Navoiydan bir necha yuz yil oldin o‘tgan Ahmad Yassaviyni nega unutib qo‘ymoqdamiz? Ulug‘ bobomizning tili — arab, fors so‘zlaridan xoli til, xud-i bugungi til, toza turk — o‘zbek tilidir. Buni odil baholash vaqti yetdi.
Ulug‘ bobomiz Ahmad Yugnakiy haqida ham xuddi shunday fikrdaman.
Biz Bobur o‘zbekniki, Maxtumquli turkmanniki, Oboy qozoqniki, To‘qtag‘ul qirg‘izniki, Berdaq qoraqalpoqniki, Bilol uyg‘urniki desak yanglishamiz. Axir, bizlar — turkman, qirg‘iz, uyg‘ur, qozoq, qoraqalpoq, o‘zbek... qadimdan to to‘ntarishgacha bir tilda so‘zlab, bir tilda o‘qib, bir yozuvda yozib kelganmiz. Bizlar eski yozuvimizga qaytishimiz kerak. Shunda aslimizga qaytamiz. Axir, bizlar — qozoq, qoraqalpoq, o‘zbek, qirg‘iz, uyg‘ur, turkmanlar bilan tug‘ishganmiz, bir millatmiz — turkmiz. Demak, haqli ravishda, bizlar bir butun bo‘lib yashashimiz kerak, — o‘zimizni turk deb, yurtimizni Turkiston, deb atashimiz kerak. Shunda tarixiy adolat tiklanadi!
Turkiy ellarni ma’naviy-ijtimoiy, siyosiy jihatdan bog‘laydigan oynoma va ro‘znoma chiqarishimiz albatta kerak. Toki, biz doim bir-birimizning hayotimizdan xabardor bo‘lib turaylik, bu qon-qardoshlik tuyg‘ularini mustahkamlaydi va qora guruhcha, stalincha qarashlarni parchalashda vosita bo‘ladi...
O’zbekistonda yuzdan ortiq millat vakili yashayapti, dedik. Bularning asosiy qismi turkiy xalqlardir. Deylik, ular bilan tilimiz bir. Qolganlari rus, ukrain, koreys, nemis kabi do‘stlardir. Bular O’zbekistonda yashar ekanlar, o‘zbek xalqiga hurmat yuzasidan ham, o‘zbek tilini o‘rganishlari kerak. Qadimdan: «Pichoqni o‘zingga ur, og‘rimasa o‘zgaga», degan maqol bor. Masalan, biz o‘zbeklardan bir qismimiz Rossiyaga borib, yashab, ishlab: «Rossiyada davlat tili o‘zbek tili bo‘lsin yoxud ikkitillilik bo‘lsin», deb da’vo qilsak, bu bizning rus millatiga, rus yurtiga, rus non-tuziga hurmatsizligimiz, mensimasligimiz, adolatsizligimiz, tazyiqimiz bo‘ladi. Chunki, bu yerda rus millati yashayapti. Shuning uchun ham bu yerni Rossiya, deb ataydi, yashagan joyga hurmatsizlik qilish — nonko‘rlikdir, nontepkilikdir. Shu mantiqdan kelib chiqib aytamanki, kim yurtimizni, xalqimizni, tilimizni, hurmat qilmas ekan, demak, biz uni zo‘rlab tutib turmaymiz...
Bolalarimiz — go‘zal ertamizdir. Ertaga ular bizning o‘rnimizni egallaydilar. Bolalarimiz qadim tarix, qadim madaniyatga ega bo‘lgan xalqimizning munosib avlodlari bo‘lib yetishishlari kerak. Zero, millat shunchaki soniga qarab emas, yetuk farzandlarining ko‘ngligiga qarab qadrlanadi. O’z millatini, o‘z yurtini sevgan har bir o‘g‘il-qiz bu yo‘lda butun kuch-g‘ayrati bilan kurashmog‘i zarur. Millat qancha ma’naviy boy bo‘lsa, u shuncha toza, shuncha ulug‘, shuncha qudratli bo‘ladi.
www.UzReferat.ucoz.net
Do'stlaringiz bilan baham: |