Bolalarni monologik nutqqa o’rgatish
Ilk bolalik chog‘iga taalluqli bo‘lgan nutq o‘sishi va rivojlanishi bosqichlari turli
sohalar olimlarini, jumladan pedagog-psixologlar, lingvistlarni, eng avvalo, bu
nutq rivojlanishidagi o‘ziga xos davr bo‘lganligi uchun ham qiziqtiradi. Uning
o‘ziga xosligi shundaki, u nutqni o‘stirish va rivojlantirish uchun senzitiv
hisoblanadi: bu davrda nutq muloqot vositasi sifatida paydo bo‘ladi va
takomillashadi; u shunchalik jadal sur’atlarda rivojlanadiki, nutqning keyingi butun
ontogenezi jarayonida ushbu holat boshqa kuzatilmaydi. K.D.Ushinskiyning
ta’kidlashicha, «…bola ikki-uch yilda shuncha narsani oson va tez o‘rganib
oladiki, keyin yigirma yil qunt bilan astoydil o‘qigan taqdirda ham uning yarmini
o‘zlashtira olmaydi».
Ilk yoshdagi bolalar nutqini o‘rganishga E.I.Tixeeva, M.M.Kolsova,
N.M.Askarina, G.M.Lyamina, M.I.Lisina va boshqa ko‘plab taniqli olimlar,
pedagoglar va metodistlar sezilarli hissa qo‘shishgan.
Ilk yoshda nutqni o‘stirish va rivojlantirish ikki yo‘nalish bo‘yicha ro‘y beradi:
1 – nutqni tushunishni takomillashtirish;
2 – bola nutqining faolligini shakllantirish.
Bolalar nutqini psixologiya-pedagogika nuqtai nazaridan tadqiq etishni F.A.Soxin
va O.S.Ushakovalar tasnifiga ko‘ra, uchta yo‘nalishga ajratish mumkin:
- tarkibiy – til tizimining turli tarkibiy darajalari – fonetik, leksik, grammatik
darajalarini shakllantirish;
- funksional – kommunikativ funksiyada tilni egallash ko‘nikmalarini
shakllantirish;
- kognitiv – til va nutq hodisalarini eng oddiy usulda anglashni shakllantirish.
Ilmiy tadqiqotlar va yo‘nalishlar tahlili maktabgacha yoshdagi bolalar nutqining
turli tomonlarini rivojlantirish xususiyatlari hamda ularning ilmiy adabiyotda
o‘rganilganlik darajasini aniqlash imkonini beradi.
V.I.Loginova, YU.S.Lyaxovskaya, V.V.Gerbova, E.M.Strunina va boshqalarning
tadqiqotlarida bolalar ona tili leksikasini o‘zlashtirib olishlarining o‘ziga xos
xususiyatlari yoritilgan.
Maktabgacha yoshdagi bolalarning lug‘atni o‘zlashtirishlarida ikki jihat ajratib
ko‘rsatilgan: atrofdagi olam lug‘atini (so‘z boyligini) anglash bilan birgalikda
rivojlantirish; lug‘atni til birligi sifatida o‘zlashtirish. Ular predmetli aloqalar va
munosabatlar mantig‘ida ham, til mantig‘i borasida ham so‘z ustida ishlash
zarurligini isbotlab berishgan.
Bolalar nutqining grammatik tuzilishi sohasidagi tadqiqotlar bolalarda nutqning
morfologik va sintaktik tomonlarini shakllantirish (F.A.Soxin, M.I.Popova,
A.V.Zaxarova, V.I.YAdeshko, A.G.Tambovseva va boshq.), ona tilining so‘z hosil
qilish tizimi xususiyatlarini aniqlash, shuningdek, bolalar nutqining grammatik
tuzilishini takomillashtirishga oid pedagogik ishda nafaqat odatdagi grammatik
xatoliklarni o‘rganish va tuzatishga, balki birinchi navbatda grammatik
umumlashmalarni shakllantirishga e’tiborni qaratish zarurligini isbotlash imkonini
berdi.
Bolalar tomonidan tilning tovush tizimini o‘zlashtirilishi bo‘yicha o‘tkazilgan
tadqiqotlarda
(G.M.Lyamina,
E.I.Radina,
G.A.Tumakova,
A.I.Maksakov,
M.I.Gening, N.A.German va boshq.) o‘rganish predmeti sifatida xizmat qildi.
Logopediyaning bolalar nutqidagi kamchiliklarning oldini olish bilan bog‘liq
masalalar doirasini ishlab chiquvchi profilaktik yo‘nalishi keng tarqalgan.
Bolalar nutqini rivojlantirishga oid yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan yondashuvlar
maktabgacha yoshdagi bolalarning tilni tizim sifatida, ya’ni tovush tomoni, lug‘at
tarkibi va grammatik tuzilishni birgalikda o‘zlashtirishlarini o‘rganish sohasiga
taalluqlidir.
Bolaning til tizimini egallash borasidagi barcha yutuqlarini muloqotni ta’minlovchi
mazmunli, keng yoyilgan fikr sifatida qaraladigan ravon nutq o‘z ichiga oladi. U
mazmunliligi, mantiqliligi va izchilligi bilan ajralib turadi. Ravon nutq bola til
boyligini qanchalik o‘zlashtirganligining ko‘rsatkichi hisoblanadi, u bolaning
aqlan, estetik, emotsional jihatdan rivojlanish darajasini aks ettiradi.
Maktabgacha yoshdagi bolalarning ravon nutqi tadqiqotchilari E.I.Tixeeva,
E.A.Flerina, A.M.Leushina, L.A.Penevskaya va boshqalar bolalar og‘zaki nutq va
hikoya qilishni o‘zlashtirishining o‘ziga xos xususiyatlari, dialogik va monologik
nutqning o‘zaro bog‘liqligini chuqur tushunish asosiga quriladigan ravon nutqni
o‘qitish tizimiga asos solishgan. Ular tomonidan bolalar hikoyalari tasniflab
chiqilgan bo‘lib, uning asosini fikr bildirish manbasi: predmetlarni tavsiflash,
adabiy matnlarni hikoya qilib berish, suratga qarab hikoya qilish, shaxsiy va jamoa
tajribasidan misol keltirish, ijodiy hikoya qilishlar tashkil etadi.
Monologik nutqni o‘stirish va rivojlantirish nazariyasi va metodikasining yanada
rivojlanishi bolalar ravon nutq turlari va fikr bildirishning turli xillarini
o‘zlashtirish xususiyatlarining chuqur tadqiq etilishi bilan tavsiflanadi. Izohlovchi
nutqlar, mulohaza shaklidagi jumlalarning xususiyatlari o‘rganiladi va uning
negizida bolalarga monologlarning turli xillarini o‘rgatish metodikasi yaratiladi.
F.A.Soxin, O.S.Ushakova va ularning shogirdlari tomonidan ravon nutqni
shakllantirishninig turli jihatlari bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar ravon nutqni
baholashning shunchaki mantiqlilik, izchillikdan ko‘ra yanada aniqroq mezonlarini
qidirishni galdagi vazifalardan biri qilib qo‘ydi. Ravonlikning asosiy ko‘rsatkichi
sifatida so‘zlar, gaplar va fikrlarning qismlari o‘rtasida zarur aloqa vositalaridan
foydalangan holda, matnni tarkibiy jihatdan to‘g‘ri tuzish qobiliyatini
shakllantirish qabul qilingan.
Maktabgacha yoshdagi bolalar nutqini rivojlantirish masalalarini tadqiq etish
O‘zbekiston Respublikasida o‘tgan asrning 50-yillarida boshlangan. Maktabgacha
ta’lim sohasidagi birinchi fan nomzodi A.V.Nikolskaya mahalliy millat bolalariga
rus tilini o‘qitish zarurligi masalasini ko‘tarib chiqdi. U tomonidan o‘tkazilgan
sinov tadqiqotlari (1958-60 yillar) natijasida maktabgacha katta yoshli o‘zbek
bolalariga ruscha og‘zaki nutqni o‘rgatish metodikasining asosiy mazmuni
belgilangan va uning asosiy masalalari ishlab chiqilgan.
XX asrning 70-yillarida A.V.Nikolskayaning ilmiy rahbarligi ostida E.M.Razbaeva
tomonidan maktabgacha yoshdagi katta bolalarda o‘qilgan asarlar asosida kattalar
mehnatiga hurmatni tarbiyalash bo‘yicha tadqiqot o‘tkazildi. S.O.G‘ozieva
tomonidan (E.M.Razbaevaning ilmiy rahbarligi ostida) maktabgacha katta
yoshdagi bolalarda o‘zbek xalq og‘zaki ijodidan (xalq ertaklari, o‘yinlar)
foydalanish asosida atrofdagilarga adolatli munosabatda bo‘lishni shakllantirish
masalalari tadqiq qilindi.
1979 yildan boshlab to bugungi kungacha maktabgacha yoshdagi bolalarga ona tili
va o‘zga tilni (rus, o‘zbek) o‘qitish muammosi O‘zbekiston olimlari, metodistlari,
psixologlarining tadqiqot ob’ekti hisoblanadi (F.R.Qodirova, R.M.Qodirova,
G.X.Jumasheva, D.Abdurahimova, L.R.Mirjalilova, N.SH.Nurmuhammedova va
boshq.).
Barcha tadqiqotchilar bola nutqini va uning rivojlanishini alohida ajratilgan holda
emas, balki katta yoshli kishining bolaga pedagogik ta’siri bilan o‘zaro
bog‘liqlikda ko‘rib chiqadilar. Ushbu yondashuv o‘rinlidir, zero fandagi
zamonaviy tadqiqotlar nutqni o‘zlashtirish va ijtimoiy o‘zaro hamkorlik – o‘zaro
bog‘liq jarayonlardir, nutqni o‘stirish va rivojlantirish esa – ijodiy jarayon, biroq u
stixiyali jarayon emas, degan fikrga asoslanadi.
Inson tajribasining tarixan shakllangan mazmuni so‘zli shaklda umumlashtirilgan,
uni bayon etish va o‘zlashtirish esa ushbu jarayonda nutqning ham ishtirok etishini
nazarda tutadi. Nutq bolaga inson madaniyatining barcha yutuqlariga yo‘l ochadi.
Umuman shaxsning va barcha asosiy psixik jarayonlar (qabul qilish, fikrlash va
boshq.)ning shakllanishi ham bolada nutqning rivojlanishi bilan bog‘liqdir.
Bolaning psixik jihatdan shakllanishida nutqning alohida o‘rin tutishi uning turli
bosqichlarda rivojlanishiga yordam beruvchi shart-sharoitlar va omillarni bilishni
juda muhim qilib qo‘yadi. Nutqning rivojlanishi bilan harakatlanuvchi kuchlar
haqidagi masala, ushbu holat shiddat bilan, sakrash tarzida ro‘y berishi tufayli
ham, muhim ahamiyat kasb etadi.
Bolalarda nutq rivojlanishini rag‘batlantiruvchi yoki unga to‘sqinlik qiluvchi
kuchlarni aniqlash ushbu jarayonga aniq maqsadni ko‘zlagan holda pedagogik
ta’sir ko‘rsatishni tashkil etish kalitidir.
Olimlar bolalarni o‘qitishni ularning yuqori darajadagi aqliy va nutqiy rivojlanish
darajasini ta’minlash, til qobiliyatlarini shakllantirish imkonini beradigan darajada
optimal tashkil etish yo‘llarini topish borasida faol ish olib bormoqdalar. Nutqni
o‘qitishning nazariy va empirik muammolarini tadqiq etish quyidagi nazariy
qoidalardan kelib chiquvchi umumiy boshlang‘ich pozitsiyalarga ega:
- ta’lim maktabgacha yoshdagi bolalar nutqini rivojlantirishda, ayniqsa zamonaviy
noqulay nutqiy muhit sharoitida hal qiluvchi ahamiyatga ega;
- nutqni o‘rgatish – «…dan to …gacha» kabi qattiq qoliplar to‘g‘ri kelmaydigan
hamda nutqni rivojlantirishning yosh qonuniyatlari va bolaning individual
xususiyatlari bilan belgilanadigan ijodiy jarayondir;
- nutqni rivojlantirishning asosida kommunikativ yondashuv bo‘lishi kerak,
xususan: ona tilini o‘zlashtirish nutqiy muloqot faoliyatiga qo‘shilishi, o‘quv
sharoiti tabiiy muloqot sharoitlariga yaqinlashtirilishi lozim;
- o‘qitish vaziyatida katta yoshli odamning bola bilan o‘zaro hamkorligining
xususiyati ushbu bola uchun etakchi bo‘lgan muloqot shakli bilan belgilanishi
lozim;
- til ustida nutqiy faoliyat tuzilmasi doirasida hamda uning barcha
komponentlarini: undov-motivatsiya, yo‘naltirish-tadqiqot, ijro komponentlarini
hisobga olgan holda ish olib borish zarur;
-nutqni o‘qitish bolalarning tilni o‘rganish bo‘yicha mustaqil faoliyatiga
asoslanishi va bolalar faolligining boshqa turlari bilan bog‘liq bo‘lishi kerak.
Hozirgi paytda maktabgacha yoshdagi bolalarga nutqni o‘qitish muammosini
ishlab chiqish mazkur metodologik xolatlardan kelib chiqqan holda olib
borilmoqda.
Maktabgacha yoshdagi bolalar nutqini rivojlantirish sohasidagi psixologik,
pedagogik tadqiqotlarni tahlil qilish quyidagi xulosalarga kelish imkonini beradi:
-nutqni o‘stirish va rivojlantirish – bolaning individual psixik rivojlanishida
markaziy o‘rin tutuvchi ijtimoiy-tarixiy tajribani o‘zlashtirishining murakkab, ko‘p
omilli jarayonidir;
-nutqni o‘stirish va rivojlantirish – bu malakali pedagogik rahbarlikni nazarda
tutuvchi ijodiy jarayon, lekin u stixiyali jarayon emas;
-bola nutqni o‘stirish va rivojlantirish jarayonini boshqaruvchi pedagog bu
jarayonning turli yosh bosqichlaridagi qonuniyatlari, mexanizmlari, o‘ziga
xosliklarini bilishi, nutqiy rivojlantirishning o‘ziga xosliklarini ko‘ra olishi va
bolaning individualligini hisobga olgan holda, uning nutqiga ta’sir ko‘rsatishning
eng samarali yo‘llarini tanlashi lozim.
2.
Do'stlaringiz bilan baham: |