Bolalarda qaddi qomatning shakllanishi va kamchiliklari
Reja:
Bolalarda qaddi qomatning shakllanishi va kamchiliklari
Bolalarda qaddi-qomatning to‘g‘riligini tekshirish
Qaddi-qomatning nuqsonlarini davolash
Bolalarda qaddi-qomatning shakllanishi va uning kamchiliklari
Qad-qomat. Har bir odam uchun xos bo‘lgan qad-qomat, bo‘y-bast yoki holat spetsifikdir, ya‘ni tik turganda, o‘tirganda va ish bajarganda har kim o‘ziga xos tana holatini namoyon qiladi. Qad-qomat odatda muskullarning statik kuchlanishi tufayli ushlab turiladi.
To‘g‘ri yoki kelishgan qad-qomatlarda umurtqa pog‘onasining qiyshiqliklari juda kam, yelka keng, oyoqlar to‘g‘ri, kaftlaridagi gumbazlar normal bo‘ladi. Bo‘y-basti yaxshi odamlar kelishgan, ularning boshi doimo oldinga to‘g‘ri qarab turadi yoki biroz orqaga tashlangan bo‘ladi, ko‘krak biroz qorindan oldinga chiqib turadi. Bunday odamlarning muskullari tarang, harakatlari dadil va aniq bo‘ladi. To‘g‘ri qomat, bo‘y-bast odamning harakat organlari tizimini funksiyasi va ichki organlar faoliyati uchun ancha qulaylik to‘g‘diradi, oxir-oqibat ish bajarish qobiliyatini oshishini ta‘minlaydi.
Qomat noto‘g‘ri bo‘lganida bosh oldinga chiqqan, ko‘krak qafasi yalpoq, ichga tortgan, yelka chiqqan, qorin shish singari osilib turadi, oyoqlar tizza bug‘unidan ikki tomonga yoki ichga qiyshaygan bo‘ladi. Bel lodozi va ko‘krak kifozi kuchli ko‘rinadi («aylana yelka»). Noto‘g‘ri qomat ko‘pchilik holatlarda skoliozlar bilan birga kechadi, ya‘ni umurtqa pog‘onasining yon tomonga qiyshayishi yuz beradi. Skoliozlarda yelka, kuraklar va tos suyaklari asimmetrik holatda bo‘ladi.
Kelishgan qaddi-qomat hayotiy jarayonda yomonlashishi mumkin, ko‘p hollarda bu bolaning maktab davrida, partada noto‘g‘ri o‘tirishi natijasida paydo bo‘ladi. Bunda bolaning muskul boylam birlashmasi o‘tirishning fiziologik holatiga moslashib boradi. Muskul va boylamlarning ta’sirida umurtqa pog‘onasi funktsiyasi o‘zgarib turadi. Muskullar odam tanasini normal ushlab turishdan tashqari qarama-qarshi kuchlarni (antigravitatsion kuch) bir-biriga mutanosib qilish vazifasini ham bajaradi. Agar muskullar yaxshi rivojlangan bo‘lsa, ularning harakati bir-biriga mutanosib (sinxron) bo‘ladi. Bu, o‘z navbatida, umurtqa pog‘onasining qiyshaymasdan to‘g‘ri rivojlanishiga yordam beradi.
Insonda suyaklarning o‘sishi 18—20 yoshlarga borib deyarli to‘xtaydi va hamma fiziologik egriliklar bu vaqtga kelib silliqlanadi. Chunki uning muskul-boylam birikmalari, tog‘ay sohasi qavatlari juda ham harakatchan va egiluvchan holatga yetadi. Shu bois, umurtqa pog‘onasining yaxshi rivojlanishi to‘g‘ri va adl qomatning tamal toshi ekanligini hisobga olgan holda aynan maktab davrida bola qomatining to‘g‘ri shakllanishiga alohida e’tibor qaratish lozim.
Umurtqaning fiziologik egriliklari umurtqa pog‘onalarining egiluvchanlik xususiyatini oshiradi va odamning ichki a’zolarini tashqi muhit ta’sirlarida shikastlanishdan asraydi.
Bolalarda qaddi-qomatning to‘g‘riligini tekshirish
E’tibor bilan qaraganda bu — oson. Bola tik turgan holatda yonbosh tarafdan qarab tekshiriladi (u o‘zingizdan 1,5—2,0 metr uzoqlikda bo‘lishi zarur).
Tekshirish paytida, albatta, boshni tutib turish, oldinga yoki orqaga egilganligi, ko‘krak qafasining formasi, qorin chizig‘i, tizza bo‘g‘imi bukilmasi, umurtqaning bo‘yin, ko‘krak va bel egriligi e’tiborga olinadi.
Bolaning yuzma-yuz qarab turgan holatidagi tekshiruvda esa uning yelka sohasi bir xil ekanligiga e’tibor qilish zarur. Orqa bilan turgan holatda tekshirilganda uning yelkasi, ko‘krak pastki burchagining bir xilligi va umurtqadan bir xil uzoqlikda ekanligi ko‘zdan kechiriladi. So‘ngra bola oldinga 900 egiltirilib tekshiriladi (tizza bukilmaydi, qo‘l osilib turadi). Bunda kurak sohalarining ikki yarmi ham bir xilligi yoki chap yo o‘ng kurak sohasining bo‘rtib chiqqanligini ko‘rish mumkin.
Skolioz
Bolalardagi qaddi-qomat nuqsonlaridan biri skolioz kasalligidir. Bu kasallik umurtqaning o‘ng yoki chap yon tarafga qiyshayishi natijasida paydo bo‘ladi. Kasallik faqat umurtqa pog‘onasining xastaligi emas, balki bir butun organizmda chuqur o‘zgarishlar bo‘lishi bilan farqlanadi. U sekin rivojlanadi, bemorni bezovta qilmaydi. Natijada kasallik kech aniqlanadi. Shuning uchun ham uni davolash nihoyatda qiyin kechadi.
Skolioz kasalligiga chalingan bola tez charchaydi, bir joyda uzoq o‘tirganda, ko‘p yurgan paytda umurtqa pog‘onasida og‘riq sezadi.
Skolioz kasalligi:
1) Yoysimon
2) S — simon turlari uchraydi.
Kasallik og‘ir-engilligiga qarab, 4 darajali bo‘lishi mumkin:
1-darajali skolioz — yengil turi bo‘lib, tekshirilganda umurtqa qiyshiqligi bola gorizontal holda yotganda yo‘qoladi.
2-darajali skoliozda — bola tekis joyda yotgan payti ham qiyshiqlik yo‘qolmaydi. Ko‘krak va bel sohasida qiyshiqlik natijasida muskul o‘rami yoki bo‘rtmasini aniqlash mumkin.
3-darajali skoliozda esa tanada mo‘’tadillashgan qiyshiqlik kuzatiladi. Bunday skoliozda bukrilik paydo bo‘ladi. Tos suyagining qiyshayishi natijasida oyoqning funktsional kaltaligi ko‘zga tashlanadi. Bola yon tarafga egilib, o‘sha kaltalikni yo‘qotishga harakat qiladi.
4-darajali skolioz — kasallikning eng og‘ir ko‘rinishi bo‘lib, bolaning ichki a’zolarida patologik o‘zgarishlarga olib keladi. Oyoq sohalarida falajlik, nevralgiya, parez qayd qilinadi. Kasallikni davolamasa, uning xuruji natijasida umurtqaning o‘z o‘qi atrofida aylanib ketishi asosida yana ham murakkab deformatsiyalovchi asoratlarga olib kelishi mumkin. Bunday nuqsonlar o‘z-o‘zidan bolaning ichki a’zolari joylashgan joyidan u yoki bu tarafga siljishiga sabab bo‘ladi va ularning funktsiyasi buziladi. O‘pka, yurak-qon temir sistemasi zararlanadi. Agar bemorga o‘z vaqtida, kasallikning boshlang‘ich darajalarida yordam berilmasa, kelajakda u nogiron bo‘lib qolishi mumkin.
Skolioz kasalligi qiz bolalarda o‘g‘il bolalarga qaraganda uch barobar ko‘proq uchraydi. Shuni qayd etish kerakki, tengdoshlari tomonidan shunday nuqsonlar mazax qilinishi oqibatida hech kimga qo‘shilmaydigan, odamovi, jahldor va tez xafa bo‘ladigan bo‘lib qolishi mumkin.
Qaddi-qomatning buzilishlariga olib keluvchi omillar talaygina. Raxit, kamqonlik, nafas yo‘llarining surunkali yallig‘lanishi, yuqumli infektsion kasalliklar shular jumlasidandir.
Bu omillarning vujudga kelishiga, eng avvalo, yaxshi ovqatlanmaslik, ochiq havoda sayr qilmaslik, yetarli vaqt uxlamaslik, sport bilan shug‘ulanmaslik, maktabda partalarning bolalarga mos kelmasligi sabab bo‘ladi.
Skolioz kasalligining oldini olish mumkinmi?
Qadim zamonda bir kishi farzandini tarbiyalashda maslahatlashish maqsadida donishmand huzuriga kelibdi. Shunda dono hamma gapdan voqif bo‘lgach, u kishiga bola tarbiyasida ancha kechikkanligini aytibdi va farzand tarbiyasini tug‘ilgandanoq boshlash kerakligini uqtiribdi. Ha, shunday! Qissadan hissa shuki, ota-onalar bolasining qaddi-qomatida nuqsonlar bo‘lmasligi uchun ular tug‘ilganidan boshlab qayg‘urishi zarur. Bolani 6 oygacha o‘tirg‘izmaslik kerak, 3 oylikdan esa uni tez-tez qoringa yotqizish maqsadga muvofiqdir. 9 oygacha bolani oyoqqa qo‘yishga shoshilmaslik tavsiya etiladi.
Bolani bir qo‘lidan yetaklab yurish tavsiya etilmaydi, iloji boricha o‘zi yurishi zarur, aks holda umurtqa pog‘onasiga og‘irlik tushib, ba’zi nuqsonlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bolalarga gimnastik mashqlar qildirish ijobiy natijalarni beradi.
Maktabgacha yoshdagi bolalar ko‘proq ochiq havoda sayr qilishi, turli o‘yinlar o‘ynashi lozim. Agar bolada raxit kasalligi aniqlansa, ota-ona darrov bolalar shifokoriga murojaat qilishi va maslahatlar olishi shart.
Qaddi-qomatning profilaktikasi uchun albatta, 2—3 yoshdan boshlab kompleks gimnastika mashqlariga e’tibor berish, 3 yoshdan boshlab chana yoki chang‘i uchishni o‘rgatish yaxshi samaralarga olib keladi. .
Eng asosiy masala bolalarning poyabzaliga qaratilishi zarur. Oyoq kiyimlari katta ham, kichik ham bo‘lmasligi kerak. Agar yassi oyoqlilik mavjud bo‘lsa, albatta, stelka –supinator bilan poyafzal kiyish tavsiya etiladi.
Bola stulda dars qilayotgan paytda bir oyog‘ini tagiga qo‘yib o‘tirmasligi kerak, chunki bunda tananing mutanosibligi buziladi va bu umurtqa pog‘onasining noto‘g‘ri rivojlanishiga olib keladi. Yana bolaga yoni bilan yotib, kitob mutolaa qilishni taqiqlash zarur.
O‘qishda, yozishda bola stulga suyangan holda qo‘lni ko‘kragining oldiga qo‘yib o‘tirishi, o‘tirg‘ich balandligi boldirning uzunligiga teng bo‘lishi shart. Yorug‘lik faqat chap tarafdan tushishi, kitob va daftarga egilmasdan masofani saqlab o‘tirish talab etiladi. Bu masofa shunday: tirsakni stolga qo‘ygan holda qo‘l barmoqlari uchini ko‘zning tashqi burchagiga olib kelishi kerak. Ana shunday surat o‘quvchining ko‘z oldiga doska yoniga ilib qo‘yilsa, maqsadga muvofiq.
Qaddi-qomatning nuqsonlarini davolash
Bola qomatidagi nuqsonlarni bartaraf etish shifokor-ortopedlar, bolalar shifokori, pedagoglar, tarbiyachilar oldidagi muhim vazifalardan biridir.
Bunday paytda muhim rejalar ishlab chiqiladi:
— Krovatdagi ko‘rpacha tagiga fanerdan yasalgan taxtacha qo‘yish va unda bolani orqasi yoki qorni bilan yotishga o‘rgatish;
— o‘z vaqtida ovqatlanishni yo‘lga qo‘yish;
— sumkani orqaga osib yuradigani bilan almashtirish;
— bolaning ko‘rish va eshitish holatini shifokorga tekshirtirish;
— kunlik rejimni nazorat qilish, sayrga chiqish, yetarli uyqu har doim bir xil vaqtda bo‘lishini ta’minlash;
— maktabda sinf rahbari va shifokor bilan tez-tez muloqotda bo‘lish;
— bolaning sinf partasida o‘tirishini nazorat qilish;
— bolaga og‘irroq narsalarni ko‘tartirmaslik;
— ertalabki badantarbiyaga odatlantirish;
— shifokor-ortoped ko‘rsatmasiga binoan davolash gimnastikasi bilan shug‘ullanishini tashkil etish;
— suv sporti, chang‘i uchish foydali ekanligini tushuntirish kabi bir qator tartiblarga amal qildirish lozim.
Yuqoridagi zikr etilgan barcha tavsiyalar hayotga tatbiq etilgandagina bolalarning faol rivojlanishini, o‘sishini ta’minlaydi. Bu mavjud nuqsonlarni ma’lum bosqichda to‘xtatadi yoki butunlay oldini oladi.
Prezidentmiz Islom Karimov O‘zbekiston bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi homiylik kengashining yig‘ilishlaridan birida yurtimizda sog‘lom va barkamol avlodni shakllantirish borasida olib borilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida bolalarimizning o‘rtacha bo‘yi, vazni va ko‘krak qafaslarining sezilarli darajada ijobiy tomonga o‘zgarib borayotganligini mamnuniyat bilan ta’kidlab o‘tgandi. Tahlillarga ko‘ra, ayni paytga kelib 13-14 yoshli o‘g‘il bolalarning o‘rtacha bo‘yi 2004 yilga nisbatan 1,9 santimetrga, qizlarniki esa 1,2 santimetrga o‘sgan. Ushbu yoshdagi o‘g‘il bolalarning o‘rtacha vazni 3,3 kilogrammga, qizlarniki esa 2 kilogrammga oshgan. Shuningdek, 2007 yil "O‘zekspomarkaz”da bo‘lib o‘tgan o‘quv jihozlari ko‘rgazmasida ham Yurtboshimiz barcha o‘quv jihozlari o‘quvchi salomatligi o‘ylangan holda tayyorlanishi lozimligi, o‘quvchi partasi, sumkasini ishlab chiqarishda bola qaddi-qomatining to‘g‘ri shakllanishini hisobga olish zarurligini alohida ta’kidlab o‘tgandi. Prezidentimizning ko‘rsatmalariga asosan bu yo‘nalishda salmoqli ishlar amalga oshirildiki, umumta’lim muassasalarida o‘quvchining psixologik, jismoniy va fiziologik holatlaridan yaxshi xabardor bo‘lgan oliy ma’lumotli mutaxassislar bilan ta’minlanayotganligi, maktablarda salomatlik saboqlari kabi darslarning o‘tilayotganligi ham ana shu e’tiborning bir ko‘rinishidir.
Foydalanilgan adabiyotlar
Sodiqov K.S. “O`quvchilar fiziologiyasi va gigiyenasi” T. O`qituvchi 1992 yil.
Galperin S.N. “Bolalarning fiziologik hususiyatlari” M. Prosveshenie.
Temkin B.N. “Maktab gigiyenasi” T. O`qituvchi 1972 yil.
Sharipova D.J., Vohidova R.G. “O`quvchular toliqishini oldini olish” T. Medisina 1986 yil.
Matyushonok I.T. “Boshlang`ich maktab o`quvchilarining anatomiya – fiziologiya va gigienasi” T.O`qituvchi 1972 yil.
Qodirov U.Z. “Odam fiziologiyasi” Abu Ali Ibn Sino nomidagi Tibbiyot nashriyoti T. 1996 yil.
Aminov B., Tilavov T. “Odam va uning salomatligi” T. O`qituvchi 1993 yil.
Turaqulov Yo. X. “Hozigi zamon biologiyasi va irsiyat masalalari” T. Fan 1969 yil.
Sharipova D.J., Semyonova L. “O`quvchilarga gigiyenik ta`lim va tarbiya berish” T. O`qituvchi 1983 yil.
Majidov V.M. “Yuqumli kasalliklar” T. Ibn Sino nashriyoti 1993 yil.
Mahmudov I., Alimov B., Qurbonov Sh. “O`smirlar fiziologiyasi va gigiyenasi” T. O`qituvchi 1984 yil.
Do'stlaringiz bilan baham: |