Kechda kelar laylixon,
Turli-tuman bog`chalardan,
Yig`ib kelar laylixon.
Bolalar uchun hayvonlar ichida qiziqarlisi tuya hisoblanadi. Bizning elimizda tuya o`troq hayvonlardan bo`lishiga qaramay, bu jonivor hamisha bolalarni o`ziga rom qilib keladi. Uning tuzilishi, o`rkachlari, tuyoqlari, og`zidan oq ko`pikni chiqarishi, yantoq eyishi, suvsiz, o`tsiz bir qancha vaqt hayot kechirishi, kuch-quvvatda tengsizligi xalq tomonidan to`plangan ko`plab topishmoqlarda o`z aksini topgan. Tuyalar to`g`risidagi har qanday topishmoqni bolalar zo`r mamnuniyat bilan tinglaydilar va zukkolik bilan echadilar:
- Bir qiziq hayvon, -
Elkasida tog`.
Fil emas, ammo
Izlari yalpoq.
Ipakdek mayin
Junlari yumshoq.
Bo`yni kamalak
Emishi yantoq.
Yurar sahroda
Haftalab chanqoq.
Top-chi Ruqiya
Bu nima?
Bolalar ayniqsa, o`g`il bolalar otni ham yaxshi ko`radilar. Ular hamisha ot boqish, uni parvarish qilish, cho`miltirish, minish, o`z chavandozliklarini ot poygalarida, uloqlarda namoyish qilish fikri bilan yashaydilar. Shu ma’noda ot haqidagi mana bu jumboqni ham osongina echib oladilar:
To`rt oyoqlik,
Temir tuyoqli.
Uy hayvonlari va jonivorlari ichida qo`y o`ziga xosligi bilan ajralib turadi. U nihoyatda nozikta’b bo`ladi. O`t-yemni haddan tashqari saralab eydi. Hatto, har qanday o`t-maysani bir tishladimi, tamom, ikkinchi marta unga qayrilib qaramaydi ham. Bu xususiyat xalq maqolida to`la o`z aksini topgan:
Kishi ko`rsa kishnamas,
Yerdan cho`p tashlamas.
Topishmoq-jumboqni hamisha aqlli, esli-hushli, bilimdon, dono bolalar echa oladilar. Chunki har bir topishmoqda kishini o`ylantiradigan, chuqur xayolga-o`yga boradigan jihatlar mavjud bo`ladi. Yo`lbars to`g`risida to`qilgan quyidagi topishmoq xuddi shu haqda bahs yuritadi:
Man-man, maniki,
Har tirnog`i o`n ikki.
Qildan ola to`ni bor
Quyrug`ida xoli bor.
Uni topgan yigitning
Aqlining koni bor.
Biz yuqorida topishmoqlarning mavzui juda rangba-rang ekanligini aytgan edi. Buni ari, kapalak, chigirtka, qo`ng`iz, chayon, chumoli, o`rgimchak, pashsha, chivin misolida ham ko`rishimiz mumkin. Bular orasida kechasi-yu, kunduzi ishlab charchamaydigan, o`zaro ahil chumoliga bag`ishlangan topishmoqlarning o`ziyoq fikrimizga asos bo`ladi:
- Yerdagi jonivorlarning,
Eng kichigi, mittisi.
Dalaga chiqar uydan,
Kelsa bahorning isi.
Tizilishib barchasi,
Mehnatga tushar shaxdam.
Tashir ushoq donu has.
Zahmatkashdir bilmas dam.
Yashash zavqin mehnatdan,
Ekanligin biladi.
O`ngu-so`lga yugurib,
Tolmay mehnat qiladi.
Xalq topishmoqlari orasida inson a’zolariga bag`ishlangan ko`plab topishmoqlar kichkintoylar quvonchiga-quvonch qo`shib kelmoqda. Shu narsa ham jozibaliki, chevar xalq o`zi to`qigan asarida inson a’zolariga alohida urg`u beradi. Har bir a’zoning inson hayotida juda katta ahamiyat kasb etishini pardoz-andoz bilan tinglovchi ongiga etkazadi. Ana shunday a’zolardan biri – tish topishmoqda yuksak darajada ta’rifga ega:
Biz-biz edik, biz edik,
O`ttiz ikki qiz edik.
Ikki safga tizildik,
Birin-ketin uzildik.
Shov tegirmonning toshi,
Oltin egarning boshi.
Shuni topgan bolaning
Yuz yigirma ikki yoshi.
Bir uychada turadi,
O`ttiz ikki pahlavon.
Birdek kiygan libosi,
Birdek ahil-jonajon.
Topishmoq janri yozma adabiyotning rivojiga ham barkali hissa qo`shgan. Chunonchi, Cho`lpon, Abdulla Qodiriy, Oybek, G`afur G`ulom, Zafar Diyor, Quddus Muhammadiy, Po`lat Mo`min, Qudrat Hikmat, Anvar Obidjon va boshqa qalamkashlar tomonidan yaratilgan nazm va nasrda o`z ifodasini topshganligini ko`ramiz.
Masalan, G`afur G`ulom “O`ylashni o`rganamiz”, “Buni toping, qizlarim” asarlarida topishmoq janrini yuksak qadrlaganligini ko`ramiz. Chunonchi, «Buni toping, qizlarim» topishmoq asari kichkintoylarning ong, tushuncha, fikrlarini rivojlantirishda muhim tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi:
- To`ni silliq, tuki yo`q. - Malla tukli, sap-sariq,
Hammasi to`q, po`ki yo`q, Murabbosi mazalik.
Ichi qizil, ko`ki yo`q, Palovga bossa bo`lar,
Uni cho`qolmas chumchuq, Podvalga ossa bo`lar.
Bu nima, qizim Qunduz? Tishlab ko`rib, ayt, Mehri,
- Bumi, dadavoy? Tarvuz. - Bumi dadavoy? Behi.
- Marjon-marjon yumaloq, Mayda yoqutday qizil,
Yaproqlari shapaloq, Shirin, nordon, xilma-xil,
Qora, qizil, sariq, oq, Qalin, taxir po`sti bor,
Yeb ko`rmasdan o`ylab boq. Hamma yerda do`sti bor,
Sen ayt, Mamlakat qizim Sen ayt-chi, qizim Gulnor.
- Bumi dadavoy? Uzum. - Bumi, dadavoy? Anor!
Topishmoq janri bugungi matematika darslarini tushunarli, ta’sirli, qiziqarli qilib o`tishda, bolalarning o`y-fikrlarini jamlashda soha muallimlariga ham juda qo`l kelmoqda. Topishmoq vositasida matematikani o`zlashtirishga bag`ishlangan bir muallimning bir soatlik darsi quyidagicha bo`ldi:
- Men bir savol o`yladim, o`ylagan songa 8 ni qo`shsak, 12 bo`ladi. Men qanday son o`ylaganman? – deb boshlaydi muallim o`z mashg`ulotini.
- Siz barmoqlaringiz bilan men o`ylagan sonni toping. O`quvchilar 4 ta barmog`ini ko`taradilar. Bu vaqtda o`qituvchi to`g`ri ko`rsatgan hamma o`quvchilarni qutlaydi va xato qilganlarga esa yonidagi o`rtog`ini yordam berishga undaydi. “Bolalar, kim tez katta bo`lmoqchi?” deb so`raydi. “Men, men” degan javoblar eshitiladi. “Unday bo`lsa, hammamiz 2-sinf o`qish kitobidagi jumboqlardan yechamiz” deb quyidagi she’riy masalani o`qiydi.
- Bordir 10 ta quyonim,
Juda yuvosh muloyim.
Dildan sevib qaraydi,
Jajji singlim Guloyim.
Ikkitadan o`novin,
Bor yigirma qulog`i.
Sanab boqchi Nodirvoy
Nechta ekan oyog`i?
Bu jumboq-masalani yechishda bolalar ancha qiynalishadi. O`qituvchi yordamida 40 oyog`i borligi aniqlanadi
Shunda o`qituvchi, “Ha bolalar, birdaniga katta bo`lish, 2-sinfda o`qish ancha qiyin. Buning uchun nima qilish kerak?” deb so`raydi.
Bu savolga ham o`qituvchi yordamida, avval birinchi sinfda yaxshilab o`qish, o`rganish kerakligi tushuntiriladi.
Yuqoridagi sharhlardan ko`rinadiki, bola topishmoqsiz o`smaydi. U kattalar, bolalar davrasida ko`plab fikrlar qayrovi – jumboq tinglaydi, o`zi ham qatnashadi va yechadi. Bu esa uning kelajakda o`ziga pishiq-puxta, aqlli, zakovatli inson bo`lib kamol topishi uchun mustahkam zamin bo`ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |