Bolaga mehr, e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish xalqimizga xos ezgu fazilatlardan hisoblanadi. Mustaqillik yillarida davlatimiz tomonidan bu masalaga alohida e’tibor qaratilib, bolalar haq-huquqini himoyalashga doir qator qonun va me’yoriy hujjatlar qabul qilindi, shular asosida tub islohotlar amalga oshirildi. Konstitutsiyamizda bola huquqlari kafolati mustahkamlandi, 1992 yilda «Bola huquqlari to‘g‘risida»gi Konvensiya mamlakatimiz tomonidan ratifikatsiya qilindi.
Shu o‘rinda «Bola huquqlari to‘g‘risida»gi Konvensiya va uning qabul qilinish tarixi haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tsak. 1979 yil, ya’ni Xalqaro bolalar yilida jahonning turli mamlakatlari hukumatlari tavsiyalari asosida tuzilgan muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh 10 yil davomida dunyo bo‘yicha bola huquqlari bilan bog‘liq masalalarni o‘rgandi. Natijada 1989 yil 20 noyabrda BMT Bosh Assambleyasi «Bola huquqlari to‘g‘risida»gi Konvensiyani qabul qildi.
S hundan e’tiboran, bola huquqlari himoyasi kafolati butun dunyoda ta’minlandi, bu borada xalqaro mexanizm vujudga keldi. Konvensiya mubolag‘asiz bola huquqlarini himoya qilishning kafolatlari mustahkamlangan muhim xalqaro huquqiy hujjat bo‘lib, ishtirok etuvchi mamlakatlar uning qoidalarini qat’iy bajarishi shartligi belgilangan. Ahamiyatli tomoni, har bir davlat Konvensiya me’yorlarini bajarishda o‘ziga xos milliy xususiyatlarni nazarga olish huquqi va imkoniyatiga ega.
Ilgari bola haqida g‘amxo‘rlik u himoyaga muhtoj bo‘lgan taqdirdagina amalga oshirilar edi. Konvensiya qabul qilinishi munosabati bilan mutlaqo yangi konsepsiya belgilandi. Unda ta’kidlanishicha, g‘amxo‘rlik va himoya bu — muruvvat masalasi emas, balki huquqdir. Konvensiya kuchga kirishi bilan, u bolalar uchun asosiy ijtimoiy va huquqiy mezonlar, tartib va qoidalar qat’iy belgilangan majmuaga aylandi.
Konvensiyada ilk bor bola tushunchasi ochib berildi, bolaning huquq va erkinlik doirasi kengaytirildi. Hujjatda shafqatsiz qiynoq va qurolli to‘qnashuvlar qurboni bo‘lgan, shuningdek, qonunni buzgan va muomalaga layoqatsiz bolalarning yuridik himoyasi ham nazarda tutilgan. Bundan tashqari, unda bolalarni ba’zi bir salbiy hodisalar (giyohvandlik va ruhiy ta’sir etuvchi moddalarni noqonuniy iste’mol qilish, bolalarni sotish va g‘ayriqonuniy maqsadlarga jalb etib, ulardan foydalanish) dan himoya qilish masalalari ham alohida qayd qilingan. Bola yoki o‘smir huquqlarini himoya qilishda kamsitmaslik tamoyili e’tirof etilgan.
Mazkur xalqaro hujjat 54 moddani o‘z ichiga olgan. Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani ratifikatsiya qilgan yoki unga qo‘shilgan har bir mamlakat o‘z milliy qonunchiligini uning qoidalariga muvofiq qayta ko‘rib chiqishi lozimligi belgilangan.
Davlatimizda mazkur Konvensiya qoida va me’yorlarini yanada kengroq amalga oshirish yuzasidan 2008 yilda «Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Konvensiya respublikamizda bolalar huquqlariga oid milliy qonunchilikning m ustahkam bazasini yaratishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Ayni chog‘da mamlakatimiz bolalar manfaatlari va huquqlarini himoya qilishga doir barcha asosiy xalqaro hujjatlarga qo‘shilgan. BMTning Balog‘atga yetmagan bolalarga nisbatan odil sudlov yuritishga doir minimal standart qoidalari (Pekin qoidalari, 1985 yil) hamda Voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatlarning oldini olish uchun bosh tamoyillari (Ar-Riyod bosh tamoyillari, 1990 yil) shular jumlasidandir.
Bugun dunyoning turli hududlarida siyosiy tanglik, ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik uzoq vaqtlardan beri davom etayotgan bir vaziyatda u yerdagi bolalarning taqdiri, kelajagi haqida chuqurroq o‘ylab, o‘zimizga tasavvur qilib ko‘radigan bo‘lsak, jahonda bola huquqlari himoyasi masalasi qanchalik dolzarb ekani yana bir bor ayon bo‘ladi.
Mamlakatimizda bola huquqlari himoyasi kafolatlari tobora mustahkamlanib bormoqda. O‘zbekiston bolalari jismonan va ma’nan yetuk bo‘lib voyaga yetishi, jahon standartlari darajasida bilim hamda tarbiya olishi, orzu-maqsadlariga erishishi uchun hamma sharoitlarni yaratib bermoqda.
B ularning barchasi xalqimizning ezgu niyatlari, orzu-intilishlari, qolaversa, partiyamiz dasturiy maqsadlari bilan har tomonlama uyg‘un va hamohang bo‘lib, farzandlarimizning sog‘lom va hur fikrli avlod sifatida kamol topishiga xizmat qilmoqda.
Mavzu: BOLA HUQUQLARI — DAVLATIMIZ HIMOYASIDA
Bajardi:___________________
Tekshirdi:___________________
Do'stlaringiz bilan baham: |