www.ziyouz.com kutubxonasi
82
— Farmoyishni avval o‘nboshiga ko‘rsatmoq kerak!— dedi xirilloq soqchi.
Uning tepasida xiragina fonus yonib turar edi. Malla chakman kiygan Xo‘ja Abdulla
soqchilarning nayzasiga qarab kelar ekan:
— O‘nboshini topolmadik! — dedi. — Nechun bu yerda sizlardan boshqa hech kim yo‘q?
Yoshroq soqchi alamli tovush bilan:
— Boshqalar o‘ljaning ketidan quvib ketgandir-da, — dedi.
Xo‘ja Abdulla qo‘lida o‘ram qilingan qog‘oz bilan ikki soqchining nayzalari qarshisiga
kelib:
— Unday bo‘lsa farmoyishni siz bajarmog‘ingiz kerak, — dedi. — Oling, o‘qing!
Narigi ikki navkar otlarini devor tagidagi ustunga bog‘lab, o‘zlari Xo‘ja Abdullaning
ketidan kelmoqda edilar.
— Sizlar o‘sha joyda to‘xtangiz! — dedi xirilloq soqchi. Navkarlar to‘xtashdi. Xirilloq
soqchi nayzasini ko‘tarib, Xo‘ja Abdullaga yo‘l berdi, so‘ng uning qo‘lidagi qog‘ozni ochib
ko‘rdi. Qimmatbaho qog‘ozdagi qisqagina yozuv tagiga shohona muhr bosilgan edi.
Xirilloq soqchi muhrni chiroq yorug‘iga solib ko‘rdi, ammo o‘qiyolmadi. U chalasavod edi.
— Qani, sen o‘qi-chi, — deb yoshroq soqchiga berdi. Biroq unisi butunlay savodsiz edi.
Qog‘ozni qo‘lida aylantirib, Xo‘ja Abdullaga qaradi:
— Pirim, bu qanaqa farmoyish?
— Bu yerda yotgan nobakor juda xatarli mahbus. Uni arkka olib ketmog‘imiz kerak.
Orqada turgan navkarlardan biri qo‘shimcha qildi:
— Mavlono qozi arkda u haromini so‘roq qilmoqlari zarur!
Xo‘ja Abdulla Andijonning eng mashhur qozisi va juda ko‘p mo‘’tabar odamlarning piri
ekanini soqchilar ham bilar edilar. Ular Xo‘ja Abdullani bir ko‘rishdayoq tanigan edilaru,
ammo uning Bobur tarafida turib jang qilganini eslab ikkilanar edilar.
— Bu o‘zi Jahongir mirzoning farmoyishlarimi?— so‘radi xirilloq soqchi.
— Shubhalansangiz, o‘qib ko‘ring!
— Mahkam saqlanglar, deb buyurgan edilar-da, pirim.
— Mahkam saqlaganlaring shumi? Yuzboshi qani? Nechun faqat ikkovlon qolmishsiz? Bu
nobakorning tarafdorlari ko‘plashib hujum qilsa qandoq qilursiz? Yo‘q, buni tezroq arkka
olib ketmoq zarur! Eshikni oching!
Yosh soqchi keksasiga qarab: «Bu qozi ham endi Jahongir mirzo tomoniga o‘tibdi-da,
bo‘lmasa bunchalik jon kuydirarmidi?» — demoqchi bo‘ldi. Biroq unisi hamon ikkilanar-
di:
— Biz keyin ne deymiz?
— Siz ikkovingiz hozir biz bilan birga ketursiz! — dedi Xo‘ja Abdulla. — Buni ko‘plashib
qo‘riqlab bormasak, oldirib qo‘yishimiz mumkin!
Shundan keyin xirilloq soqchi ham bo‘shashdi. Nayzasini devorga tirab qo‘yib, eshikni
ochdi. U ichkariga qadam qo‘yishi bilan Xo‘ja Abdullaning hamrohlaridan biri yosh
soqchining boshiga qora bir narsani yopib, o‘zini yerga ag‘anatdi. Ikkinchi navkar xirilloq
soqchining boshidagi dubulg‘asiga cho‘qmor bilan qarsillatib urib, uni ichkariga qulatdi-
da, ustidan bosib tushdi.
Xo‘ja Abdulla hamrohlariga shivirladi:
— O‘ldirmanglar, uvollariga qolmaylik!
— O‘ldirmasak keyin bular sizni tutib berurlar!
Mavlono Fazliddin jiyani Tohirning ovozini tanib:
— Jiyanim! Tohirjon! — deb qichqirdi.
Qora parda ichida talvasa qilayotgan yosh yigit esa:
— Pirim, shafqat qiling! — dedi. — Pirim! Sizga zinhor yomonlik qilmaymiz! Qutqaring,
pirim!
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |