www.ziyouz.com kutubxonasi
211
_________________
* Aql bovar qilishi qiyin bo‘lgan bu tafsilotlar Shoh Ismoilning dushmanlari tomonidan yozib qoldirilsa mubolag‘a deb o‘ylash mumkin edi.
Lekin bu tafsilotlar Shoh Ismoilning xayrixohlari yozgan «Tarixi olam oroyi Abbosiy»da va Xondamirning «Habib us-siyari»da ham keltirilgan.
QUNDUZ. SAMARQAND
IKKI QILICH ORASIDA
1
Zarrin popuklar bilan bezatilgan oq tuyaning ustida malikalar o‘tiradigan baxmal
soyabonli kajavada Xonzoda begim to‘qqiz yashar o‘g‘ilchasi Xurramshoh bilan Balxdan
tog‘ oshib, suv kechib Qunduzga bormoqda edi. Begimni besh-oltita kanizlari,
xizmatkorlari va yuzga yaqin shoh navkarlari kuzatib kelmoqda edilar.
Shayboniyxondan shunchalik shafqatsiz o‘ch olgan Shoh Ismoil xonning Marvda asir
tushgan xotinlaridan biri — Bobur mirzoning egachisi ekanligini eshitib, unga alohida
iltifot ko‘rsatgani tasodifiy emas edi.
Marvdagi voqealarni Qunduzda turib eshitgan Bobur Shoh Ismoilga maxsus maktub
yo‘llab, uni Shayboniyxon ustidan erishgan katta g‘alabasi bilan tabriklagan, so‘ng xon
haramidagi egachisi Xonzoda begimni beshikast Qunduzga jo‘natib yuborishni iltimos
qilgan edi.
Boburni Shayboniyxon bilan dadil olishganligi uchun hurmat qiladigan Ismoil Safaviy
endi uni o‘ziga ittifoqdosh qilgisi keldi-yu, Xonzoda begimga qo‘shib, eng ishongan
kishilaridan biri — Muhammadjon eshik og‘asini Bobur huzuriga elchi qilib jo‘natdi.
Xonzoda begim shohning yashirin niyatlarini bilmasa ham yana allaqanday xatarlar uni
yosh o‘g‘ilchasi bilan birga o‘z girdobiga tortmoqchi ekanini elas-elas sezar va noma’lum
bir tahlikadan yuragi dam-badam uvushar edi.
Shohning elchisi va navkarlari butun yo‘l davomida Xonzoda begimni ham, uning o‘g‘li
va kanizlarini ham o‘z odamlari kabi astoydil avaylab va qo‘riqlab kelmoqda edilar.
Ularning ayollar bilan muomaladagi odoblarini, olijanob ehtiromlarini begim ko‘p marta
sezdi. Shoh Ismoildan boshqa podshoh bo‘lsa, Shayboniyxonday ashaddiy dushmanning
norasida o‘g‘lini yo‘q qilib yuborishi, xonning xotinini o‘z haramining asirasiga ay-
lantirishi yoki birorta bekiga nikohlab berishi mumkin edi. Shoh Ismoil shunday
qilmagani, aksincha, Xonzoda begimni malikalarday izzat-ikrom qilib, yoniga mo‘’tabar
elchilaru o‘nlab navkarlarini qo‘shib, Boburning huzuriga yuborgani, bu jabrdiyda
juvonning qalbida umrbod unutilmaydigan bir minnatdorchilik tuyg‘usi uyg‘otgan edi.
Xonzoda begimni butun yo‘l bo‘yi sergaklantirib borayotgan noma’lum xavf go‘yo
bahaybat tog‘lar va o‘rmonlarda yashirinib turganga o‘xshardi. Qish endi chiqqan,
tog‘larda hali qor ko‘p. Baland dovonlardan, tor-tangilardan o‘tayotganlarida Xonzoda
begimning nazarida, tog‘dan ko‘chki tushib, hammalarini bosib qoladiganday bo‘lardi.
Momaqaldiroqli yomg‘irlar yoqqanda daralarning sellari begimning yonidagi o‘g‘ilchasini
oqizib ketadiganday vahmini keltirardi. Bir kecha Amudaryoning chap qirg‘og‘idagi
o‘rmonning chetida— Surbaytal degan joyda tunadilar. Xonzoda begim o‘rmonda kiyik
ovlab yurgan yo‘lbarslarning haybatli bo‘kirishlarini eshitib, tuni bilan uxlay olmay chiqdi.
Ilgari Shayboniyxonning ukasi — juda ko‘p xatarli janglarda o‘lmagan Mahmud Sulton
mana shu Qunduzga kelganda allaqanday yomon bezgakka uchrab, bir necha kun ichida
o‘lib qolgan, keyin uni Qarshiga eltib ko‘mishgan edi.
Qunduzga yaqinlashganlarida G‘o‘ri daryosi Qunduz daryosi bilan qo‘shilib, Amudaryoga
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |