HIROT, MARV
PAYMONASI TO‘LGANLAR
1
Hirot atroflarida qish osoyishta o‘tdi-yu, avji bahor kunlarida Shayboniyxon ellik ming
qo‘shin bilan Murg‘ob daryosidan o‘tib, Xurosonga bostirib kirdi. Badiuzzamon mirzo
bilan Muzaffar mirzo Hirotning shimolida Qorarabot va Tarnob degan joylarda ikki bo‘lak
qo‘shin, ikki alohida sarkarda bilan lanj bir ahvolda o‘tirgan edilar.
Shayboniyxonning Ubaydulla Sulton va Temur Sulton boshliq otliq askarlari bu ikki
qo‘shinning orasiga tig‘day yorib kirdi-yu, kuchli bir zarba bilan ikki podshohni ikki
tomonga uloqtirib tashladi. Mirzolar ko‘pchilik bek va navkarlari bilan tumtaraqay bo‘lib
qochdilar. Faqat Zunnunbek arg‘un o‘zining Hizabrulla bo‘lishiga va Shayboniyxonning
qilichini sindirishiga hali ham ishongani uchun bir necha yuz navkarini xon qo‘shini
qarshisiga boshlab chiqib, oxirgi nafasi qolguncha olishdi. Ubaydulla Sultonning otliqlari
hayal o‘tmay uni egardan urib tushirdilar, boshini kesib nayzaga sanchdilaru
Shayboniyxon mingan otning oyog‘i tagiga eltib tashladilar.
Jang maydonidan halloslab qochgan Badiuzzamon mirzo Hirotga hammadan oldin yetib
keldi, ammo shahar ichiga kirmadi. Bog‘i Jahonoroda bir necha soat to‘xtab, otlariga
dam berdi-yu, oltin-kumush va javohirlaridan ko‘targanicha oldi. Uning xotin-bolalari
shahar ichida — arkda edi. Orqadan quvib kelayotgan yov tahlikasidan qo‘rqqan
Badiuzzamon mirzo shahar dorug‘asini chaqirib, qal’a darvozalarini bekitib olishni
buyurdi. «Qamalda qolishdan qo‘rqmanglar, biz Qandahor tomondan qo‘shin to‘plab
kelib, sizlarni xalos qilurmiz», degan quruq va’da bilan xotinlari va bolalarini qo‘rg‘on
ichida qoldirib o‘zi janubga qarab shoshildi.
Hirotga kechasi yetib kelgan Muzaffar mirzo hatto yengilish va qochishda ham akasi
bilan musobaqalashgan kabi ish qildi. U ham shahar tashqarisidagi Bog‘i Safidda bir
necha soat to‘xtab, nafasini rostlagach, eng kerakli narsalarini oldi-yu, yov yetib kelib
qolishidan qo‘rqib, arkka kirmadi, onasi va xotinlarini qal’a ichida qoldirib, darvozalarni
bekitishni buyurdi, u ham Qamalda qolsalaring o‘zim kelib qutqaramen!» deganicha
Astrobodga qarab qochdi.
Mirzolarni kutganidan ham oson yenggan Shayboniyxon shahardan o‘n besh chaqirimcha
sharqdagi Qahdiston degan xushhavo o‘tloqqa tushib, shohona chodirlarini tikdirdi.
Xadicha begim Hirotda bor a’yonlar va qo‘riqchi askar sarkardalarni to‘plab, qo‘rg‘on
darvozalarini bekitishga urinib ko‘rdi. Ammo ikki og‘a-ini podshodan birontasi Hirot
mudofaasiga bosh bo‘lmasdan qochib ketganligi hammaning ruhiga yomon ta’sir qilgan,
qamal azobini hech kim zimmasiga olishni istamas edi. Xonning g‘azabiga qolmaslik
uchun Hirotni unga jangsiz topshirishni ma’qul ko‘ruvchilar ko‘p edi. Axiri Hirot
shayxulislomi Taftazani bir necha nufuzli kishilarni yoniga olib, Hirot shahrining kalitlarini
qimmatbaho sovg‘a-salomlar bilan birga xonga eltib topshirdi.
Qahdistonning orombaxsh bahor havosida ulkan g‘alabadan ta’bi ochilib yurgan
Shayboniyxon endi jozibali bir ayol bilan qovushgisi kelar edi. U Hirotning eng ta’rifi
ketgan go‘zal juvoni — Muzaffar mirzoning yigirma yoshlik suyukli xotini Qorako‘z begim
deb eshitgan edi. Toshkentda va Andijonda Qorako‘z begim deb ot chiqargan qiz-
juvonlar qanchalik chiroylik bo‘lganini xon yaxshi bilar edi. Hirotlik Qorako‘z begimning
asl nomi boshqa bo‘lsa ham qora ko‘zli go‘zallar orasida eng chiroylisi bo‘lgani uchun el
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |