www.ziyouz.com kutubxonasi
182
— G‘amxo‘rligingizdan minnatdormen, hazrat begim, — dedi Bobur.— Faqat mening bir
andesham bor.
— Qanday andesha, amirzodam?
— Faqirni ma’zur tuting.
Bobur sukut qilib, yerga qaradi. U gapini faqat Xadicha begimning o‘ziga aytmoqchi
ekanini sezgan ayollar ta’zim qila-qila chiqib ketdilar. Shundan keyin Bobur
Shayboniyxonning Hirot ustiga bostirib kelishi muqarrarligi haqida, hozir to‘y-tomoshaga
emas, hayot-mamot janglariga tayyorlanish kerakligi to‘g‘risida gapira boshladi.
— Shayboniyxon Andijondan Xorazmgacha, Marvdan Turkistongacha barcha joyni olib,
behisob qo‘shin to‘plamishdir. Men uning har bir jangga qanchalik astoydil shaylanishini
bilurmen. Balo-qazoday bostirib kelsa ancha-muncha cherik tit-pit bo‘lib ketishini
ko‘rganmen!
Bobur Shayboniyxonning harbiy qudratini va shaf-qatsizligini isbotlaydigan dalillar keltira
boshladi. Xadicha begim sabrsizlanib:
— Bu baloning balogardoni nedur? Shuni ayting, amirzodam! — dedi.
— Buning balogardoni barcha temuriyzodalarning birlashuvidir. Hamma viloyatlarga
tavochilar yuborib, ellik-oltmish ming qo‘shin to‘plamoq kerak. Qish bo‘yi bu qo‘shinni
mashq qildirib, yagona bir sarkarda boshchiligida jangga tayyorlamoq kerak.
— Yagona sarkarda kim bo‘lishi mumkin? — dedi Xadicha begim sergaklanib.
Qosimbek «yalt» etib Boburga qaradi. Hozir tirik qolgan temuriylar orasida Boburdan
boshqa odam bu ishni eplolmasligi uning ko‘nglidan o‘tdi. Ammo qo‘shin kimniki bo‘lsa,
hokimiyat ham o‘shaniki ekani azaldan ma’lum. Xadicha begim o‘g‘lining hokimiyatiga
hech kimni yo‘latmasligi ham aniq.
Bobur uning ko‘ngli uchun: «Yagona sarkarda — Muzaffar mirzo bo‘lsinlar!» demoqchi
bo‘ldi-yu, orqaroqda Zunnunbek o‘tirgani esiga tushdi. Zunnunbek bu gapni
Badiuzzamon mirzoga yetkazsa, ikki oraga nifoq tushadi.
— Bosh sarkarda kim bo‘lishini hazrat og‘a-inilar o‘zlari hal qilmoqlari kerak, — dedi. —
Bazmlarni to‘xtatib, butun e’tiborni mudofaaga qaratmoq kerak. Har bir kun g‘animat,
hazrat begim!
Xadicha begim Zunnunbek bilan Burunduqbekka murojaat qildi:
— Janob amirlar, sizlarning fikrlaringiz qalay?
Zunnunbek o‘siq qoshlarini dikkaytirib, ko‘zlarini Boburga qat’iyat bilan tikdi:
— Amirzodam Shayboniyxonning Movarounnahrdagi g‘alabalariyu xunxo‘rliklaridan bizni
ogoh qilganlari yaxshi. Ammo Shayboniyxonning Movarounnahrda sinmagan qilichi
Xurosonga kelib, albatta sinur! Men bunga aminmen, hazrat begim! Shuning uchun
ortiqcha tashvishu tahlikaga o‘rin yo‘q, deb hisoblaymen.
Zunnunbek ishonch va e’tiqod bilan aytgan bu so‘zlardan Xadicha begim darhol yengil
tortdi. Bobur esa Zunnunbekka taajjub bilan tikilib dedi:
— Karomatingiz iloho to‘g‘ri kelsin, janob amir! Ammo bu karomatga qanday asoslar
bor?
— Bu karomatni men emas, Hirotning eng obro‘li valiylari qilmishlar.
Zunnunbek shunday deb Xadicha begimga iymanibroq qarab qo‘ydi. Bu qarashning
ma’nosini tushungan Xadicha begim Boburga kulimsirab izoh berdi:
— Hirotning Qutb nomli mashhur valiysi bor. Shu vaqtgacha Qutb nimani karomat qilgan
bo‘lsa, hammasi to‘g‘ri chiqmish. Qutbga tushida ayon bo‘lurki, Shayboniyxonning
qilichini amir Zunnunbek sindirurlar. Mo‘’tabar munajjimlar yulduzlarga qarab, bu
karomatni tasdiq qildilar. Shundan so‘ng valiylar Zunnunbekning yelkalariga muqaddas
fo‘ta solib, nomlariga Hizabrulla unvonini qo‘shib aytadigan bo‘ldilar.
«Hizabrulla» — arabcha «ollohning arsloni», ya’ni «engilmas botir» degani edi.
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |