www.ziyouz.com kutubxonasi
179
Faqat...
— Mavlono, minora ustida biz faqat ikkimiz turibmiz. Mening sizdan yashiradigan sirim
yo‘q. Hirot taxtida ikki og‘a-ini birga podshohlik qilishlarini bilursiz.
— Ha, asli o‘zi taxt Badiuzzamon mirzoniki edi-yu, lekin Xadicha begimning
tarafdorlari Muzaffar mirzoni ikkinchi podshoh qilib ko‘tardilar. Tarixda hargiz misli
ko‘rilmagan hodisa.
Xondamirning bu hodisadan norozi ekanligi sezilib turardi. Bobur bosiq tovush bilan
so‘zida davom etdi:
— Har ikki podshohlaringiz ham mehmondo‘stlikda, suhbatdorlikda, orasta bazm
o‘tkazishda benazirlar. Ammo jangu jadalga xohishlari yo‘qmi, har qalay, Murg‘ob
bo‘yida uchrashganimizda g‘alati bir hodisa bo‘ldi. Xonning bir pora qo‘shini Xurosonning
Chechektu navohisini* bosgani to‘g‘risida xabar keldi. Xonning o‘zi Amudaryodan narida
edi. Xondan ko‘ra biz turgan joy Chechektuga yaqinroq edi. Men taklif qildimki,
Chechektuni besh-olti yuz kishilik yog‘iy bosgan bo‘lsa, darhol otlanib ularning o‘zlarini
bosmoq kerak. Toki xon qo‘shini Xurosonga osonlikcha kelolmaydigan bo‘lsin.
Badiuzzamon mirzo inilari Muzaffar mirzoni Chechektuga yubormoqchi bo‘ldilar.
Ma’lumingizkim, har ikkovlarining o‘z eshik og‘alari, o‘z mulozimlari, o‘z cheriklariyu
alohida sarkardalari bor. Muzaffar mirzo jang ko‘rmagan yigit. Chechektuga borishga
jur’at qilmadi. «Hazrat og‘am borsalar, biz boshqa chegaralar himoyasida bo‘lurmiz»,
dedi. Badiuzzamon mirzo: «Men jangda nobud bo‘lsam, bu taxtni yolg‘iz o‘zi
egallaydimi?» deb o‘yladi nazarimda, Chechektuga borgisi kelmadi. Ko‘p sansalor
bo‘lgandan so‘ng men aytdimkim: «Ijozat bergaysizlar, men yigitlarim bilan borib,
Chechektuni yog‘iydan ozod qilishga urinib ko‘ray». Og‘a-ini bir-birlariga qaradilaru el-
ulusdan nomus qildilar. «Siz mehmonsiz» deb, meni bu niyatimdan qaytardilar.
Qo‘ymasdan Hirotga boshlab keldilar. Chechektu yog‘iy ilkida qoldi.
Xondamir kuyunib «uh» tortdi:
— Bu hammasi — Xurosondan tole yuz o‘girayotganining nishonasi! Amirzodam,
boshimiz ustida qanday balolar to‘planayotganini bizning podshohlarimizdan ko‘ra siz
yaxshi bilursiz. Chunki barchasini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rmishsiz. Biz bu haqda mavlono
Behzod bilan ham ko‘p gaplashdik. Hirotning barcha jonkuyar fozil kishilari umid ko‘zini
sizga tikkanlar. Xatar qanchalik kuchli ekanligiga shoyad podshohlarimizni ishontir-
sangiz. Barcha yaxshi kuchlar birlashsa-yu, shoyad falokatning oldini olishga muyassar
bo‘lsalar.
Bobur minoradan pastga tikilib:
— Bilmadim, mavlono, — dedi. — Bugun-erta podshohlar bilan yana shu haqda
gaplashmoqchimen.
— Ilohim, kushoyishi koringizni bersinu muzokarangiz biz istagandek tugasin,
amirzodam!
Bobur tashakkur aytib, minora zinapoyasiga tomon yo‘naldi. Pastga tushayotib, Hirot
qal’asining ichida— baland tepalik ustida turgan ulkan arkka noxush nazar tashladi.
_______________
* N a d i m — qurdosh-suhbatdosh.
* R u b ’ i m a s k u n — dunyoning inson obod qilgan qismi.
* U n s i ya — «Do‘stlik uyi» demakdir.
* N a v o h i — kichik o‘lka, tuman.
3
Kuz iliq kelgani uchunmi, Hirot tojdorlari hali ham qal’a tashqarisidagi bog‘larda
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |