www.ziyouz.com kutubxonasi
171
— Amirzodam, musofirlik g‘ami mening ham yurak-bag‘rimni o‘rtaydi. Bizning Quvalar
ham xonning posh-nasi tagida majaqlandi. Agar borsam mendan Fozil tarxonning
qasdini olishlari aniq. Biz ham kindik qoni tomgan joydan ayrildik, amirzodam. Musofirlik
taqdirimizda bor ekan. So‘xda ham musofirmiz. Hisorga borsak ham, undan nariga
ketsak ham shu musofirlik... Yo‘lda kelayotib o‘ylanib keldim. Men sizdan ajralmayman,
amirzodam!
Tohir butun najotni odil podshohdan izlaydigan dehqontabiat yigit ekanini Bobur bilardi.
— Lekin men siz kutgandek odil podshoh bo‘lolmadim! — dedi Bobur. — Kelgusida
bo‘lamenmi, yo‘qmi, hali noma’lum...
Oraga bir lahza sukunat cho‘mdi. Tashqarida So‘x soyi go‘yo tun sukunatidan fig‘oni
chiqib shovullardi.
Chodir ichida quvg‘indagi shoh bilan uning oddiy navkari yuzma-yuz o‘ltiribdi. Vatandan
ajralish musibati oldida ularning oralaridagi katta farq go‘yo kichrayib, ahamiyatsiz bo‘lib
qolgan. Boshlariga tushgan ko‘rgiliklar ularning taqdirlarini bir-biriga o‘xshash qilib
qo‘ygan. Shuncha yil jangu jadallarda birga yurib, qanchadan-qancha o‘lim xavflarini
birga kechirgan bu ikki yigit bugun birinchi marta sirdoshlarcha ochiq so‘zlashmoqda
edilar. Tohir boshqa vaqtda Boburga aytolmaydigan so‘zlarini hozir ko‘ngli yumshab, erib
turgan paytda aytdi:
— Amirzodam, men bir navkaringiz bo‘lsam ham sizga tug‘ushqonimdek mehr
qo‘yganmen. Botirligingizgami, shoirligingizgami, odamgarchiligingizgami, ishqilib,
mening... sizga ixlosim zo‘r! Sizning shuncha xavfu xatarlardan omon qolganingiz ham
katta davlat!
Shu topda Tohir suyukli inisiga mehri toblanib, og‘ir paytda uning ko‘nglini ko‘tarayotgan
jonkuyar akaga o‘xshar edi. Darhaqiqat, u Boburdan yetti yosh katta edi. Bobur ham bir
lahza shohligini unutib, Tohirga xuddi akasiga qaraganday qaradi:
— Meni juda ko‘p xatarlardan siz olib qolgansiz. Men sizdan ko‘rgan yaxshiliklarimning
o‘ndan birini ham qaytargan emasmen. Siz menga og‘amdek qadrdonsiz.
— Rahmat sizga.
— Lekin hozir mening ko‘nglim yer bilan yakson. Taqdir menga iste’dod bergan, kuch
bergan, g‘ayrat bergan, ammo nechun baxt bermagan?!
— Bu zamonda baxt o‘zi yo‘q, amirzodam! Axir sizdek nodir iste’dodlar dunyoga har kuni
kelmaydi-ku! Nodon tojdorlardan qon yig‘lagan elyurtimiz sizdek ma’rifatli sarkardaga
mushtoq. Lekin baxil zamona g‘alabani zolim xonga berib, bizni, mana vatanimizdan
ham judo qilmoqchi. Ilohim bu baxil zamonaning bog‘lari qurib ketsinu sizu bizning
qadrimizga yetadigan yaxshi zamonlar ham kelsin! Endi... amirzodam, bu yerdan tezroq
ketish kerak. Hirot ham bizga begona yurt emas. Podshoh Husayn Boyqaro sizning
qarindoshingiz. Mening tog‘oyim mavlono Fazliddin ham Hirotda ekan...
Bobur Xurosonga ketmay iloji yo‘qligini o‘yladi-yu, oshib o‘tishi kerak bo‘lgan tog‘larni
ko‘z oldiga keltirdi. Uzoqdan moviy tusga kirib behad jozibali ko‘rinadigan bu tog‘lar tik
dovonlardan, xatarli uchmalardan o‘tishi kerak bo‘lgan odamga qanchalik tund va
berahm ko‘rinadi! Hozir Boburning tasavvurida baland cho‘qqilarning asriy qorlari
kafanday beharakat va sovuq, o‘limday abadiy bo‘lib gavdalandi.
— Xatarli yo‘llarda men o‘z jonimni avval xudoga, so‘ng sizga ishonib topshirmoqchimen.
Bugundan boshlab siz mening qo‘rchiboshimsiz. Ichki beklarim qatorida bo‘lursiz.
— Inoyatingizdan minnatdormen, amirzodam!
— Hozir bu inoyatning sharafidan azobi ko‘proq. Yo‘lda charchagansiz. Borib dam oling.
Ertadan safar tayyorligi boshlanur.
Tohir ta’zim qilganicha chiqib ketdi.
Boburning uyqusi kelmas edi. U yana chodirdan chiqdi. Kunduzgi tuman tarqab ketgan,
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |