www.ziyouz.com kutubxonasi
160
Hisor hukmdori Xisravshoh taxtni Boburning amakivachchasi Boysunqur mirzodan tortib
olib, taxtga da’vogar bo‘lmasin, deb, o‘ldirtirgan edi. Bobur shuni esladi-yu:
— Mening qordan qochib do‘lga tutilishim ne darkor, janob Qosimbek? — dedi.
— Mening maqsadim boshqa, amirzodam. Kamina Hisor beklari bilan bulturdan beri
maxfiy muzokara olib bormoqdamen. Ularning ko‘pi Xisravshohdan norozi ekan. O‘zi bir
navkardan chiqqan tagi past hukmdor. Taxtda o‘ltirishga haqqi yo‘q. Borsak, yaxshi
beklari sizga yon bosgaylar.
— Yana taxt talashishmi? Yo‘q, janob Qosimbek! Men bu talashlardan juda to‘ydim!
Hozir menga tinch bir go‘sha bo‘lsa, darvishona hayot kechirsam, ash’or yozsam — shu
o‘zi bas!..
Qosimbek boyadan beri ko‘zini Boburning yalang oyoqlaridan olib qochmoqda edi.
Shahzodaning bunday yurishi unga juda erish tuyulardi.
— Amirzodam, siz bizning taqdirimizni ham o‘ylang! Ikki yuz ellikta sodiq odamlaringiz
— beklaru mulozimu navkarlaringiz sizga omad tilab, avvalgidan ham katta
martabalarga yetishingizga ishonib, tog‘u toshda sargardon bo‘lib yurishi nechun?
Qosimbekning gapi tagida: «Chindan darvish bo‘lamen desangiz sizga buncha beku
navkarlarning ne keragi bor? Nechun javobini bermaysiz?» degan ma’no yotar edi.
— Siz keltirgan mudhish xabarlardan ko‘nglim vayron bo‘lib turgan paytda yana bir
mushkul gapni qo‘zg‘adingiz, janob Qosimbek!
— Gustoxligim uchun meni kechiring!
— Ammo siz haqsiz. Men sizdek sodiq kishilarimning taqdirini ham unutmasligim kerak.
Rostini ayting, janob Qosimbek, Xisravshohning o‘zi ham sizni xizmatga chorlaganmi?
— Chorlagan. Ikki qayta maxsus odam yubormishdir.
Bobur Qosimbekning mardona yuziga, qirq yoshga bormasdan oq oralay boshlagan kalta
soqol-mo‘yloviga ma’yus bir nazar tashladi.
— Sizdan mahrum bo‘lish men uchun behad mushkul!— dedi. — Otam o‘lgandan beri
menga otadek g‘amxo‘rlik qildingiz. Men sizdan ko‘rgan sadoqatu yaxshilikni hali boshqa
hech qaysi bekdan ko‘rgan emasmen!
— Sarafrozmen, amirzodam!
— Endi shu yaxshiliklaringiz hurmati, men sizga javob berurmen. Mayli, Hisorga boring!
— Sizni tark etib ketishga ko‘nglim yo‘q, amirzodam! Birga ketaylik!
— Men o‘zim ham shohlik zanjiridan butunlay ozod bo‘lishga intilmoqdamen, janob
Qosimbek. Bu zanjirning bir uchi tobe odamlarga bog‘langan bo‘lsa, uning ikkinchi uchi
shohning o‘ziga bog‘lanur ekan! Shu sabab, tobelarni zanjirdan bo‘shatmaguncha
podshohning o‘zi ham zanjirband bo‘lur ekan. Men endi mana shu tabiat bag‘rida
zanjirsiz yashashga qasd qildim. Shuning uchun sizga javob! Boshqa beku mulozimu
nav-karlar ham vaqt-soati bilan javob olurlar!
Bobur Qosimbek bilan xayrlashmoqchi bo‘lib o‘rnidan turdi. Samarqandda suyukli
opasidan, Toshkentda xotinidan ayrilgan, bugun esa shuncha mash’um xabarlar eshitib,
yana eng ishongan bekidan ham ajrashishga majbur bo‘layotgan Bobur o‘zini har qancha
tetik tutishga urinsa ham tizzalari bukilib, gandiraklab ketdi. Qosimbek uni quchoqlab
xayrlashar ekan, ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi.
3
Bobur o‘ziga azob beradigan og‘ir tuyg‘ularni tog‘lardan ko‘rinadigan kengliklarga sochib
yubora olsa yoki go‘zal she’riy satrlarga joylay olsa bir qadar yengil tortadi.
Ne yerda sokin o‘lay? Ne qilay? Qayon ketayin?
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |