www.ziyouz.com kutubxonasi
130
Robiya keyin birovga xotin bo‘lgan, buning dog‘ini qanday yuvish mumkin?
Robiya yuzini qo‘llari bilan to‘sib yum-yum yig‘lay boshladi. Uning bo‘ynidagi marjonlari,
sochiga taqilgan chiroyli kumush chochpopuklari, egnidagi atlas ko‘ylagi— hammasi
o‘sha boy savdogarning puliga kelgan. Tohir shuni o‘yladi-yu, uning nazarida, Robiya
o‘lgan eriga kuyunib yig‘layotganday ko‘rindi.
— Robiya, rostini ayt, sen eringga... sodiqmisen?!
— Meni pulga sotdilar! Zo‘rlab nikohladilar!
— Bo‘lmasa nechun muncha kuyunib yig‘laysen!
— Men sizga vafo qilolmaganimga kuyunamen! Sizni unutganim yo‘q edi, Tohirjon og‘a!
Mana, tepamizda xudo turipti! Bu savdogar sizning tirnog‘ingizga ham arzimas edi! Lekin
meni unga qul qilib berdilar.
Tohir tishini-tishiga bosib so‘radi:
— Bolang bormi?
Robiya yig‘i aralash bosh chayqadi:
— Men nomiga xotin edim... Aslida beva...
Bir vaqtlar gulday qiz bo‘lgan Robiyaning o‘zini «xotin», «beva», deb atashi Tohirning
borlig‘ini qaqshatib yubordi. Robiyaday qizga olti yildan beri «it tegmay» yurishi mumkin
emasligini u ilgari ham xayolida ko‘p o‘tkazardi. «Faqat tirik topsam bas!» deb qidirardi.
Biroq Robiyani topgani bilan yoshlikdagi beg‘ubor, sodda baxti endi abadiy topilmasligini
u ilgari bilmas edi. Badandagi og‘ir jarohat tuzalganda ham chandig‘i umrbod
qolganiday, boshlariga tushgan savdoning dahshatli izi ko‘ngillaridan osonlikcha
ketmasligini Tohir endi sezmoqda edi. Robiya ham abadiy yo‘qolgan beg‘ubor yoshligiga
kuyunib yig‘lamoqda edi.
— Robiya, bas! Omon qolganimizga shukr qil, qani, yur!
Tohir Robiyaning bilagidan olib tashqariga boshladi. Qiz yig‘idan to‘xtab:
— Qayoqqa? — dedi.
— Sen hali ham mening qallig‘imsen. Yur, tezroq!
— Axir men... men narsalarimni olay!
— Hech narsa olmaysen. Hammasini unut. Ikkinchi yodimga solma!
Tashqi hovliga chiqqanlarida Robiya yuk tashiyotgan navkarlarni ko‘rdi-yu:
— Ko‘chada... uyalamen! — dedi. — Yopinchig‘im yo‘q.
Tohir chakmonini yechib berdi. Robiya tovoniga tushadigan uzun simobi chakmonni
boshiga yopindi-yu, Tohirning otiga mingashib chiqib ketdi.
Keyin Tohir Qosimbekka arz qilib, Faqih Abullays mahallasidan Shayboniyxonning
odamlari tashlab ketgan durustgina bir hovlini oldi. Robiyaning iddasi o‘tgach, mahalla
imomi uni Tohirga nikohlab berdi.
6
Kechasi yoqqan qalin qor har bir tomni, devorni, har bir daraxt va gumbazni mayin oq
hoshiya bilan bezab chiqqan.
Bobur Bo‘stonsaroyning yuqorigi qavatidan shaharga qarab turibdi. Toza qor orasidan
jimjima bo‘lib ko‘rinayotgan daraxt shoxlari hozir uning nazarida xuddi oq qog‘ozga
bitilgan nasta’liq* xatiga o‘xshab ketadi. Bugun Hirotdan, Alisher Navoiydan kelgan xat
ham nasta’liq bilan yozilgani esiga tushdi-yu, qalbidagi quvonch va faxr tuyg‘usi yangi
bir kuch bilan mavjlana boshladi.
Bobur Samarqandni Shayboniyxondan tortib olgandan beri uning jasoratiga tan berib
she’r yozganlar, satrlardan abjad hisobi bilan g‘alabaning aniq sanasini chiqargan
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |