www.ziyouz.com kutubxonasi
128
narigi ikki otliq ham olomon orasiga yorib kirdi. Uchovlashib, toshbo‘ronni to‘xtatdilar.
Tohir bu yerga nega kelganini ham unutdi. Chala tirik yigitlardan uchtasining qo‘lini
orqasiga bog‘latib, asir qilib olib ketmoqchi bo‘ldi.
Shunda olomon orasida turgan sarg‘ish mo‘ylovli, baland bo‘yli bir kishi:
— To‘xta, yigit, sen... Tohir emasmiding? — deb qoldi.
Tohir yo‘g‘on so‘yil ko‘tarib olgan bu odamga tikilib qaradi-yu, bundan uch yil oldin mana
shu ko‘chada ochlarga non ulashgan paytini esladi.
— Mamat og‘a! Siz nega so‘yil ko‘tarib yuribsiz? O‘zingiz ham o‘zbek urug‘idan emasmi-
siz?
— E, uka, bular o‘zbekka ko‘p jamanliq qildi. Mening bechora xotinim shularning
dastidan o‘lib ketdi!
Mamatning ko‘zlarida yosh yiltiradi. Tohir bu odam bilan Robiya haqida gaplashganini
esladi-yu, unutilgan alamlari birdan yangilandi. U asirlarni narigi ikki sherigiga haydatib
yuborgach, o‘zi otini yetaklab, Mamatni chetga boshlab chiqdi.
— Mamat og‘a, men tayinlab ketgan gap esingizdami?
— Qaysi?.. Ha, ha... Aytmoqchi, bechora xotinim tirikligida bir gap eshitib kelgan ekan...
Siz aytgan qiz andijonlikmidi?
— Quvalik.
— Bilmadim, ishqilib, o‘sha tomondan obqochib kelishgan ekan. Keyin turkistonlik bir
savdogar tarxon sotib olib ketgan ekan.
— Turkistongami?
— Ha, keyin shu tarxon Shayboniyxon bilan birga Samarqandga ko‘chib kelipti.
— Qiz bilanmi? Qiz tirikmi, yo‘qmi?
— Tirik!
Tohir Mamatning so‘yil tutgan qo‘llaridan mahkam ushladi-yu, shoshilib so‘radi.
— Oti Robiyami, a, Robiyami?
— Rahmatlik xotinim otini bilmas edi.
— O‘zini ko‘riptimi? Qayerda ko‘ripti?
— Fozil tarxonning uyida.
— Qaysi Fozil tarxon?
— Bugun kechasi uni o‘zlaring o‘ldiribsizlar-ku?
— Uyi qayerda, uyi?
— Juring, men ko‘rsatib qo‘yayin!
Tohir bir sakrab otiga mindi-yu, Mamatni orqasiga mingashtirdi. Mamat so‘yilini tashladi,
Tohirning qo‘ltig‘i tagidan ushlab, uni qing‘ir-qiyshiq ko‘chalardan boshlab bora boshladi.
Otini yo‘rttirib borayotgan Tohir: «Ilohim noumid qilmagin-da parvardigor! — derdi
ichida. — Ilohim Robiya bo‘lsin-da!» U olti yildan beri Robiyani qidira-qidira, axiri, endi
topilmaydi, degan fikrga kelgan va bu fikrga ko‘nika boshlagan edi. Hozir chaqmoqday
chaqnagan umid uning vajohatiga momaqaldiroq larzasini solyapti. Bu umidning
chaqinday tez so‘nishi mumkinligi yuragini taka-puka qilardi, a’zoyi badanini zir
titratardi.
— Ana o‘sha uy! — deb Mamat orqasida katta bog‘i bor ikki qavatlik g‘ishtin imoratni
ko‘rsatdi.
Darvoza lang ochiq, qurolli yigitlar ichkaridan jimjimali sandiqlar va cho‘g‘day gilamlar
ko‘tarib chiqmoqda edilar. Yaqinroq borib, Tohir Qosimbekning navkarlarini tanidi.
Ularga katta savdogar boy va Shayboniyxonning yaqin kishisi Fozil tarxonning mol-
mulkini musodara qilish topshirilgan edi.
Tohir darvoza oldida otdan tushdi-yu, tanish nav-karlarning hayhaylashlariga e’tibor
bermay, to‘g‘ri ichkari hovliga yo‘naldi. Ravonda Fozil tarxonning qonga belangan
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |