yana bir yangi qadam bo‘ldi.
1991 yil avgust voqealari Markaziy hokimiyatni saqlab qolish, respublikalarga
mustaqillik bermaslik payida yurganlar uchun qandaydir bir «imkoniyat» vujudga kelgan
edi. Ana shu kuchlar tomonidan 1991 yil avgustda Markaziy hokimiyatni avvalgi
maqomida saqlab qolish maqsadida fitna tayyorlandi va SSSR da Favqulodda holat
davlat qo‘mitasi (FHDQ) tuzildi. Uning boshliqlari G.I.Yanaev – SSSR vitseprezidenti,
O.D.Baklanov – SSSR Mudofaa Kengashi Raisining birinchi o’rinbosari,
V.A.Kryuchkov - SSSR Davlat xavfsizligi qo’mitasining raisi, V.S.Pavlov - SSSR Bosh
vaziri, B.K.Pugo – SSSR ichki ishlar vaziri, D.T.Yazov - SSSR mudofaa vaziri,
V.A.Starodubtsev - SSSR dehqonlar uyushmasi raisi, I.Tizyakov - SSSR sanoat, qurilish, transport va aloqa davlat korxonalari hamda inshoatlari uyushmasining prezidenti kabi Markaziy hokimiyatning rahbarlari edi. Shu tariqa, fitnachilar M.S.Gorbachyovni noqonuniy yo’l bilan hokimiyatdan chetlashtirib, o’zlari hokimiyatni egallab oldilar. Mazkur qo’mita Sovet rahbariyatining Bayonoti, Sovet xalqiga murojaatnoma, Davlatlar va hukumatlarning boshliqlariga hamda BMT Bosh kotibiga murojaat va boshqa qarorlarni e’lon qildi. Butunittifoq doirasida mo’rtlashib qolgan ijtimoiy-siyosiy vaziyat yanada taranglashdi. Mamlakatdagi siyosiy kuchlar vaziyatga turlicha munosabat bildirdilar. Qaltis vaziyatda 1991 yil 19 avgustda O’zbekiston Prezidenti I.A.Karimov Hindistonga qilgan rasmiy tashrifidan qaytib keldi va Toshkent shahri faollari bilan uchrashuv o’tkazdi. Uchrashuvda Prezident O’zbekistonning nuqtai nazarini bildirib,respublikamizda favqulodda holat joriy etishga hojat yo’qligi, O’zbekistonda vaziyat barqarorligi, qonunga xilof ko’rsatmalar bajarilmasligini qat’iy ta’kidladi. 1991 yil 20 avgust kuni Toshkentda O’zbekiston SSR Oliy Kengashi Rayosati va O’zbekiston Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining Qoraqalpog’iston, viloyatlar va Toshkent shahar rahbarlari ishtirokidagi qo’shma majlisi bo’lib o’tdi. Majlis mamlakatda vujudga kelgan vaziyatni muhokoma qilib, Bayonot qabul qildi. Bayonotda O’zbekiston Respublikasining tinch vaqtda kuch, avvalo, harbiy kuch ishlatishga qarshi ekanligi ta’kidlandi. Unda tinchlik, osoyishtalikni saqlash va mustahkamlash, har qanday ig’vogarona harakatlarning oldini olish, hamma joyda qattiq intizom va tartibni saqlash, mish-mishlar va ehtiroslarga berilmaslik vazifalari ilgari surildi. Bayonotda O’zbekiston Davlat mustaqilligi to’g’risidagi Deklaratsiya qoidalarini og’ishmay va izchil amalga oshirish yo’lidan boraveradi, deb ko’rsatildi.
1991 yil 21 avgustda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti o’z farmoni bilan
O’zbekiston hududida hokimiyat va boshqaruv idoralari, korxonalar, tashkilotlar hamda
muassasalarning qabul qilgan barcha qarorlari va ularning ijrosi SSSR va O’zbekiston
SSR Konstitutsiyalariga hamda qonunlariga, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti
Farmonlariga va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga so’zsiz mos kelishi kerak, deb
belgilab qo’ydi. Farmonda SSSR da Favqulodda holat davlat qo’mitasining SSSR
Konstitutsiyasi hamda qonunlariga, O’zbekiston SSR Konstitutsiyasi hamda qonunlariga zid keladigan farmonlari va qarorlari haqiqiy emas, deb belgilab qo’yildi.
Fitnachilarning qonunga hilof ravishda urinishlari natijasida 1991 yil 19-21 avgust
kunlari Moskvada fojiali hodisalar ro’y berdi. Rossiya Federatsiyasi rahbariyati
tashabbusi bilan demokratik kayfiyatdagi Moskva aholisi tomonidan fitna bostirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |