1.2.Buxgalteriya hisobini tashkil qilishda buxgalteriya usullari va elementlarining zarurligi
Korxona, tashkilot va muassasalarda buxgalteriya hisobi xo'jalik faoliyatini kuzatish, boshqarish hamda nazorat qilish maqsadida yuritiladi. Buning mazmunida ijtimoiy mahsulotni takror ishlab chiqarish yotadi.
Ishlab chiqarish sohasi (moddiy ishlab chiqarish sohasi)ga moddiy boyliklarni ishlab chiqaruvchi (sanoat, qishloq xo'jaligi, qurilish va boshqalar) hamda moddiy boyliklarni ishlab chiqaruvchilardan iste'molchilarga yetkazib berish bilan band boʻlgan (savdo va umumiy ovqatlanish) tarmoqlari kiradi.
Buxgalteriya hisobi oʻz xususiyatlaridan kelib chiqqan holda o‘z usullari asosida oldidagi vazifalarni toʻla-to‘kis yechib berish uchun maxsus usullarni oʻz ichiga oladi va bu usullar yordamida buxgalteriya hisobi maxsus fan sifatida oʻrganiladi.
Buxgalteriya hisobi iqtisodiyotdagi har bir korxona, tashkilot, muassasa, uyushmalarda yuritilib, ularning xo'jalik faoliyatini toʻliq yoritib beradi. Jamladan, butun iqtisodiyot bo‘yicha ma'lumotlar olinadi, natijada ular faoliyati ustidan nazorat va boshqaruv olib boriladi.
Korxona, tashkilot muassasa, uyushmalar buxgalteriya hisobini 1996-yil 30-avgustda qabul qilingan va 2016-yil 13-apreldagi O‘RQ-404-sonli Qonuniga muvofiq yangi tahrirda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining «Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida»gi8 Qonuniga asoslanib olib boriladi. Korxonalar buxgalteriya hisobi shu korxonalar faoliyatini uzluksiz, yoppasiga kuzatib, hujjatlashtirib, olingan ma'lumotlarni baholash orqali schyotlar tizimida ikkiyoqlama yozuv yordamida aks ettiradi, hamda hisob ma'lumotlari haqiqiyligini inventarizatsiya yordamida tekshirib, aniq va toʻgʻri hisob ma'lumotlari asosida buxgalteriya balansi va hisobotlarini tuzadi.
Buxgalteriya hisobining usullari haqida bilib olishdan avval, uning predmeti nima ekanligiga to’xtalib o’tishimiz darkor. Buxgalteriya hisobining predmeti - korxonani xo'jalik mablagʻlari va ularni tashkil topish manbalarini, ularni xoʻjalik jarayonlari natijasida oʻzgarib borishlarini yoppasiga, uzluksiz, qonun-qoidalarga asosan hujjatlarda toʻliq, aniq, toʻgʻri aks ettirib borishdir.
Yuqoridagilardan shuni xulosa qilish mumkinki, buxgalteriya hisobining predmeti - takror ishlab chiqarish jarayonidagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning samarali boshqarilishida mablagʻlar holati va ulardan unumli foydalanish haqidagi axborotlarni shakllantirish hisoblanadi.
Usul (yunoncha metodos) tushunchasi ikki ma'noni bildiradi: - ayrim voqealarni bilish oʻrganish usuli; - alohida usul, harakat usuli yoki koʻrinishi.
Birinchi tushuncha kengroq ma'noga ega. Hisob yuritish tartibini belgilab beruvchi tarkibiy qism sifatida buxgalteriya hisobiga xos boʻlgan usullarni quyidagi jadvalda koʻrishimiz mumkin(2-jadval):
2-jadval
Buxgalteriya hisobi usullari va ularning elementlari9
№
|
Buxgalteriya usullarining nomi
|
Xususiyati
|
1
|
Hujjatlashtirish
|
Buxgalteriya hisobining obyektlari ustidan yoppasiga va uzluksiz kuzatishni amalga oshirish imkonini beradigan dastlabki aks ettirish
|
2
|
Inventarizatsiya
|
Korxona mablagʻini tekshirib, ro‘yxatga olish va olingan ma’lumotlarni hisob ma’lumotlari bilan solishtirish
|
3
|
Baholash
|
Xoʻjalik mablagʻlari, majburiyatlar va xoʻjalik
jarayonlarini pul oʻlchov birligida aks ettirish
|
4
|
Kalkulyatsiya
|
Yaratilgan mahsulot (ish va xizmat)lar birligi
tannarxini aniqlash
|
5
|
Ikkiyoqlama yozuv
|
Har bir xoʻjalik muomalasining summasi ikki
marotaba: bir schyot debeti va ayni vaqtda oʻzaro bogʻliq boshqa schyotning kreditida aks ettirish
|
6
|
Schyotlar rejasi
|
Mablagʻlar tarkibi va joylashtirilishi, ularning
manbalari boʻyicha aks ettirish, iqtisodiy guruhlash va tezkor nazorat qilish
|
7
|
Buxgalteriya balansi
|
Muayyan sanaga korxonaning mol-mulki va ularning manbalari toʻgʻrisidagi axborotni iqtisodiy guruhlashtirish hamda pul bahosida umumlashtirish
|
8
|
Hisobot
|
Moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini tavsiflaydigan umumlashtirilgan koʻrsatkichlar tizimini oʻzida mujassamlashtiradi
|
Ikkinchi ma'noda - alohida foydalaniladigan usullar ma'nosida - qoʻllaniladigan usullar yigʻindisi hisobning metodologiyasi (uslubi)ni tashkil etadi.
Metodologiya buxgalteriya hisobi oldida turgan maqsad va vazifalar ham ularni yechish imkoniyatlari, ya'ni mavjud texnik va texnologik baza bilan belgilanadi.
Xo’jalik yurituvchi sub’ektlar korxonaning iqtisodiy va moliyaviy barqarorligini ta’minlash bevosita buxgalteriya hisobini korxonada qay darajada tashkil etganliklari bilan bo’liq hisoblanadi. Buxgalteriya hisobining aniq, ishonchli, uzluksiz bo’lishi esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri uning usullari bilan baholanadi. Sababi Buxgalteriya usullarining barchasi bir-biri bilan chambarchas bog’liq. Ularning birini oqsashi boshqasini ham rivojlanmay faqat orqaga ketishiga sabab bo’ladi. Keling bularni misollar orqali ko’rib chiqamiz.
Aytaylik, avtomobil ishlab chiqaruvchi korxona rahbari auditorlik xizmatini yolladi. Sababi, korxonada moliyaviy barqarorlik ko’rsatkichlari orqaga ketayotgan edi. Auditorlik tashkiloti mutaxassis sifatida avvalambor, buxgalteriya usullarini tashkil etuvchi omillarni tekshiruvini amalga oshirdi. Bir qarashda, hujjatlashtirishlar to’g’ri, o’z vaqtida amalga oshirilgandek ko’rinsa-da, inventarizatsiya natijasi shuni ko’rsatdiki, korxonada hujjatlarda aks etgan asosiy vositalar soni amalda teng kelmas ekan. Buxgalteriya balansi yil so’ngida aktiv va passiv qismlarida bir xil summa aks etib turgan bo’lsa-da, balansga ishlab chiqarilgan mahsulotga ketgan xarajatlar to’liq aks ettirilmagan va buning natijasida kalkulyatsiya xato natija bilan hisoblanib, avtomobil tannarxi tushib ketgan. Bu esa korxonaga juda katta salbiy ta’sir ko’rsatgan. Auditor korxonani barcha kamchiliklarini bartaraf etib, hujjatlashtirishdagi xatolarni to’g’irlab, qayta inventarizatsiya o’tkazish natijasida kelib chiqqan kamomad sabablarini aniqlab, ularni bartaraf etib, barcha xarajat va daromadlar oqimini ikkiyoqlama yozuv asosida aks ettirib, kalkulyatsiya qilish jarayonida vujudga kelgan xatolarga to‘g‘irlashlar kirgazib, korxonaning ahvoli haqida aniq bir xulosa qilib, rahbarga hisobot topshirdi. Ishonchli manbalarga asoslangan hisobot orqali korxonaning kelajagini bashorat qilish va keyingi o’rinlarda qanday islohotlar amalga oshirish zarurligi aniq bo’ladi.
Eng avval shunga e’tibor berish lozimki, buxgalteriya hisobida sodir bo’ladigan barcha xo’jalik jarayonlari, uning ixtiyoridagi barcha mablag’larni aks ettiruvchi axborotlarni shakllantiradi. Har xil jarayonlarda sodir bo’ladigan operatsiyalar soni hamda korxona ixtiyorida joylashgan mablag’lar turi va manbalari juda ko’pdir. Har bir xo’jalik operatsiyasi mablag’lar hamda manbalar turi ustidan zaruriy boshqaruv axborotini umumlashtirish, shakllantirish hujjatlashtirish yordamida kuzatib boriladi.
Lekin xo’jalik jarayonida bo’lib o’tayotgan barcha hodisalarni ham hujjatlashtirish yordamida qayd qilib bo’lavermaydi. Jumladan, tabiiy yo’qolish, mablag’larni qabul qilish va topshirish paytidagi noaniqliklar, hisobdagi xatolar va qolaversa, o’g’riliklar tegishli qiymatliklarning haqiqiy miqdorini dastlabki axborotni tashuvchilar hamda hisobda aks ettirilganlaridan chetga og’ishishiga olib keladi. Bunday hodisalarni rasmiylashtirish, ular sodir bo’layotganda emas, balki ma’lum bo’lgandagina mumkin bo’ladi. Dastlabki axborot tashuvchilar tomonidan qayd qilinmay qolgan hodisalar, hujjatlashtirishga zaruriy qo’shimchalar, ya’ni qayta ro’yxatga olish yordamida aniqlanadi. Uning ma’lumotlari yuqorida keltirilgan u yoki boshqa sabablarga ko’ra o’z vaqtida hisobga olinmay qolgan hisob ko’rsatkichlarini haqiqatdagiga muvofiqlashtirish uchun xizmat qiladi.
Shunday qilib, hujjatlashtirish va ro’yxatga olish buxgalteriya hisobining obyektlarini dastlabki kuzatishni amalga oshirish uchun qo’llaniladi. Ulardan foydalanish - mulkning but saqlanishi ustidan nazorat qilish imkonini beradi. HujHujjatlashtirish va ro’yxatga olishning ma’lumotlari moddiy-javobgar shaxslarning xatti-harakatlari, amalga oshirilayotgan muomalalarning qonuniyligi, mablag’larning to’g’ri saqlanishi, ulardan maqsadga muvofiq ravishda foydalanish va shu kabilar ustidan kuzatish imkonini beradi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, xo’jalik operatsiyalari va mablag’lar turli-tumandir. Lekin buxgalteriya hisobi ular haqida yig’ma ko’rsatkichlarni berishi kerak. Bu, yig’iladigan ma’lumotlar pul o’lchovlarida ifodalanadi. Buning uchun buxgalteriya hisobida baholash usuli qo’llaniladi. Baholash yordamida natura va mehnat ko’rsatkichlarini pul ko’rsatkichlariga aylantiriladi.
Хo’jalik jarayonini boshqarish uchun uni amalga oshirish bilan bog’liq bo’lgan barcha chiqimlarni hisoblab chiqish, har bir jarayonda ishlatilgan ham jonli ham moddiylashtirilgan mehnatni hisoblab chiqish kerak. Bunda xar bir chiqim turining miqdorinigina emas, balki aniq bo’lgan, ularning obyektiga tegishli bo’lgan umumiy summasini topish, ya’ni hisobga olinayotgan mahsulotlarning tannarxini aniqlab topish lozim bo’ladi. Mahsulot tannarxi - ishlab chiqarish xarajatlarining miqdori ustidan nazorat qilish uchun qo’llaniladigan kalkulatsiya yordamida hisoblab topiladi. U obyektlarning haqiqiy tannarxini aniqlash imkonini beradi.
Buxgalteriya hisobining obyektlari tarkibidagi va funksiyalaridagi farqlanishlar ularning ustidan alohida guruhlar bo’yicha, masalan, mehnat vositalari, buyumlari, pul mablag’lari va hokazolarni kuzatish zarurligini taqozo etadi. Undan tashqari, ushbu guruhlarning ichida mablag’larning alohida turlari va ularning joylashgan joylari bo’yicha tashkil qilish kerak bo’ladi. Demak, hisob bilan alohida ajratilgan har bir mehnat vositasining turi - binolar, mashinalar, uskunalar; mehnat buyumlari - asosiy va yordamchi materiallar, yoqilg’i, yarim tayyor mahsulot va boshqalar; pul mablag’lari ularning joylashgan joylari bo’yicha hisob-kitob, valuta va bankdagi boshqa schyotlar, korxonaning kassasida qamrab olingan bo’lishi kerak. Shu bilan birga bunday guruhlash ko’pincha yetarli deb hisoblanmaydi. Masalan, mehnat buyumlarining har xil turlari, aytaylik, asosiy materiallar ustidan kuzatish ularning har bir turi, navi, katta-kichikligi va hokazolar to’g’risida ma’lumotlar olishni talab qiladi. Shunga o’xshash guruhlash buxgalteriya hisobida mablag’lar manbalari va xo’jalik jarayonlari bo’yicha ham amalga oshiriladi. Хo’jalik mablag’lari va xo’jalik operatsiyalarini aks ettirishda, ularni boshqarish uchun zarur bo’lgan ma’lumotlarni olishda, buxgalteriya hisobi obyektlarini iqtisodiy jihatdan guruhlashda buxgalteriya schyotlardan foydalaniladi.
Хo’jalik operatsiyalarini buxgalteriya schyotlarida aks ettirish ikkiyoqlama yozuv vositasida amalga oshiriladi. Ikkiyoqlama yozuvning mohiyati har bir xo’jalik operatsiyasi natijasida yuzaga keladigan ikki hodisani o’zaro bog’langan holda aks ettirishdan iborat. Masalan, materiallarni xarid qilish operatsiyasini qayd eta turib, sotib olingan qiymatliklarning kelishi va mol yetkazib beruvchilarga to’langan pul mablag’larining sarflanishi ko’rsatkichlari o’zaro bog’lanadi yoki mahsulot tayyorlashga meteriallar sarflashni aks ettira turib, o’zaro bog’liqlikda ishlab chiqarish chiqimlarining oshishi va korxona omboridagi materiallarning kamayishi ko’rsatiladi. Operatsiyalarni bunday usul bilan yozish ularning iqtisodiy mazmunini ochib beradi va xo’jalik faoliyatini chuqurroq o’rganishga yordam beradi.
Buxgalteriya hisobi, aniq obyektlarning keng bo’lgan tarkibi korxona xo’jalik mablag’larini doimiy ko’zdan kechirish zarurligini taqozo etadi. Buning uchun xo’jalik mablag’larini ikki, ya’ni ularning turlari va joylashishi hamda tashkil topish manbalari qanday maqsadga mo’ljallanganligiga qarab, ko’rsatadigan buxgalteriya balansi xizmat qiladi. Хo’jalik mablag’larini aks ettirishning bunday tartibi ularning barcha yig’indisini o’zaro bog’langan holda ko’rish imkonini beradi va korxonaning ular bilan ta’minlanganligini tahlil qilishni yengillashtiradi.
Хo’jalik jarayonlarini vaqti-vaqti bilan ko’zdan kechirish buxgalteriya hisobida ularni tavsiflovchi ko’rsatkichlar ustidan kuzatish yo’li bilan amalga oshiriladi. Bunday ko’rsatkichlar xo’jalik faoliyatining barcha asosiy uchastkalari bo’yicha belgilanadi. Bu ishlab chiqarish va sotish xajmi, foyda va rentabellik, tannarx va boshqalardir. Bularning hammasi hisob ma’lumotlari asosida budjet bajarlishining yig’ma tizimini ifodalovchi hisobotda aks ettiriladi. Hisobot hisob-kitoblarning ilmiy asoslangan tizimi yordamida tuziladi. U hisoblab chiqariladigan ko’rsatkichlarni to’g’riligini va ularning o’tgan davrdagi xuddi shunday ko’rsatkichlari bilan hamda korxonaning moliyaviy ahvolini baholash maqsadida boshqa korxonalarning xuddi shunday ko’rsatkichlari bilan solishtirish mumkinligini ta’minlaydi.
Buxgalteriya hisobining amaliyotida barcha usullar ajralgan holda emas, balki yagona butunlikning bir qismi sifatida quyidagi ketma-ketlikda qo’llaniladi. Hujjatlashtirishdan - xo’jalik operatsiyalari haqida dastlabki ma’lumotlarni olish uchun foydalaniladi. Ma’lumotlarni hujjatlashtirish asosida xo’jalik faoliyatini buxgalteriya hisobida navbatdagi aks etirish amalga oshiriladi. Hujjatlardan ma’lumotlar, albatta, umumlashtirilgan pul o’lchovida ifodalanadi. Buning uchun natura va mehnat ko’rsatkichlaridan pul ko’rsatkichlariga o’tkazish imkonini beradigan baholash xizmat qiladi.
Hujjatlarda qayd etilgan buxgalteriya hisobi obyektlari to’g’risidagi ma’lumotlar iqtisodiy jihatdan guruhlanadi va summalashtiriladi. Buning uchun esa schyotlar va ikkiyoqlama yozuvdan foydalaniladi. Schyotlardan olinadigan ko’rsatkichlar ikkiyoqlama yozuv yordamida o’zaro bog’lanadi. Schyotlarda keltirilgan ma’lumotlar inventarizatsiya jarayonida tekshiriladi va aniqlanadi. Тekshirilgan ma’lumotlar asosida u yoki boshqa obyektga tegishli bo’lgan chiqimlar, ya’ni ularning tannarxi hisoblab chiqiladi - kalkulatsiya tuziladi.
Shunday tarzda joriy buxgalteriya hisobi yuritiladi hamda korxona va uning tarkibiy bo’linmalarining faoliyati boshqariladi. Buxgalteriya hisobi ob’ektlarini joriy aks ettirish mablag’larning turlari va ularning manbalari sinov balansida solishtirish bilan nazorat qilinadi va ichki hisobot yordamida joriy ma’lumotlarni vaqti-vaqti bilan yig’ib yakunlanadi.
Shulardan ko’rinib turibdiki, buxgalteriya hisobi usullari korxonadagi moliyaviy hodisalarni qayd qilib, kelajakda pul mablag’lari to’g’ri sarflanishi uchun,
hamda korxonaning iqtisodiy-moliyaviy barqarorligi to’liq ta’minlanishi uchun asos bo’luvchi omillar majmuidan iboratdir. Demak, har bir xo’jalik yurituvchi sub’ekt o’z korxonasida buxgalteriya hisobi usullari qay darajada to’g’ri, mukammal, uzluksiz va ishonchli ekanligini nazorat qilishi va to’g’ri yo’lga qo’yishi zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |