BMTning tashkil topishi va faoliyati
"Birlashgan Millatlar" degan tushunsha birinchi marta AQSH Prezidenti Franklin Ruzvelt taklifiga ko`ra, 1942-yil 1-yanvarda Birlashgan Millatlar Deklaratsiyasida qo`llanildi. Bunga asosiy sabab, 26 mamlakatning o`z hukumatlari nomidan ikkinchi jahon urushining boshlanishiga sababchi bo`lgan davlatlarga qarshi birlashishiga qaror qilinishi bo`ldi. Bu tushuncha keyinchalik Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)da o`zining to`la va aniq ifodasini topdi.
1945-yil 25-apreldan 26-iyungacha AQSHning San-Fransisko shahrida 50 ta davlat vakillari ishtirokida Birlashgan Millatlarning konferensiyasi bo`lib o`tadi. Bu konferensiyada xalqaro tashkilot tuzish haqida qaror qabul qilinadi va BMTning Nizomi tasdiqlanadi. Xitoy, sobiq SSSR, Angliya va AQSH (1944-yil avgust oyida) davlatlari vakillari tomonidan qabul qilingan loyiha mazkur Nizomga asos qilib olindi. 1945-yil 26-iyunida BMTning Nizomi 50 ta mamlakat vakillari tomonidan tasdiqlanadi. Keyinchalik, Polsha davlatining bu Nizomni tasdiqlashi munosabati bilan 51 ta davlat Birlashgan Millatlar Tashkilotining ta’sischilari bo`ldilar. BMT 1945-yilning 24-oktyabrida ta’sis etgan ko`pchilik davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilingan kundan boshlab yuridik kuchga ega bo`ldi, ya’ni amal qila boshladi. Shundan buyon 24-oktyabr har yili Birlashgan Millatlar Tashkilotining tashkil topgan kuni sifatida dunyoning barcha mamlakatlarida nishonlanadi. BMT shuningdek quyidagi bayramlarni nishonlaydi:
Xalqaro Xotin-qizlar kuni (8-mart)
Xalqaro atrof-muhitni muhofaza qilish kuni (5-iyun)
Xalqaro savodxonlikni yoyish kuni (8-sentyabr)
Xalqaro tinchlikni himoya qilish kuni (BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyasi ochiladigan kuni)
Xalqaro qashshoqlikka qarshi kurash kuni (17-oktyabr)
Butunjaxon SPIDga karshi kurash kuni (1-dekabr)
Inson huquqlari kuni (10-dekabr)
BMTning qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan. Qarorgohning binosi va maydoni xalqaro zona hisoblanadi. Bu - ushbu hudud birgina AQSHning emas, balki BMTning barcha a’zolarining hududi deganidir. Qarorgohning qarshisidagi birinchi Avenyuda barcha a’zo davlatlarning bayroqlari hilpirab turibdi (birinchi bayroq Afg`onistonniki, oxirgisi Zimbabveniki, chunki mamlakatlar nomi alifbo tartibida joylashtirilgan).
BMTning o`z bayrog`i ham bor. U havo rangda bo`lib, o`rtasida oq emblemasi bor. Emblemada oliva daraxtining shoxlari o`rab turgan dunyo xaritasining tasviri mavjud (chunki oliva daraxti tinchlik ramzi hisoblanadi).
BMT ning maqsad va tamoyillari
Maqsadlar
xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash;
millatlar urtasida do`stlik munosabatlarini o`zaro tinchlik va o`z taqdirini o`zi belgilash tamoyiliga asosan rivojlantirish;
xalqaro iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va gumanitar xarakterdagi muammolarni yechishda hamkorlik qilish hamda inson huquqlari va erkinliklarini hurmatlashga qaratilgan harakatlarni taqdirlash va rivojlantirish;
ushbu umumiy maqsadlarga erishishda millatlar harakatini muvofiqlashtirishda markaz vazifasini bajarish.
BMTning qarorgohi, bayrog`i va emblemalarining rasmi muqovada berilgan. Tamoyillar
barcha a’zolarning suveren tengligi;
barcha a’zolar uchbu Nizomga binoan o`zlari olgan majburiyatni sidqidildan bajarishi;
ular o`zlarining barcha xalqaro nizolarini tinchlik yo`li bilan yechishlari kerakki, tinchlik, xavfsizlik va adolat xavf ostida qolmasin;
ular o`zlarining xalqaro munosabatlarida boshqa davlatlarga nisbatan kuch ishlatish yoki do`q-pupisalardan o`zlarini tiyishlari kerak;
ular Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomiga binoan qurayotgan harakat va tadbirlariga har tomonlama ko`maklashishlari kerak hamda BMT qaysi bir davlatga nisbatan majburlash yoki boshqa chora ko`rgan bo`lsa, bu davlatga yordam berishdan o`zlarini tiyishlari zarur;
Birlashgan Millatlar tashkiloti unga a’zo bo`lmagan mamlakatlarni ham ushbu tamoyilga amal qilishlarini ta’minlaydi, chunki bu butun dunyoda tinchlik va xavfsizlik ta’minlanishi uchun zarurdir;
Nizom BMTga hech qachon davlatlarning ichki masalalariga doir ishlariga aralashish huquqini bermaydi.
BMT A’ZOLARI
Birlashgan Millatlar Tashkilotiga har qanday tinchliksevar davlat o`z ixtiyoriga binoan uning Nizomini tan olgan va BMTning olib borayotgan ishlarini qo`llab-quvvatlagan taqdirda a’zo bo`lishi mumkin. A’zolikka yangi davlatlar Xavfsizlik Kengashi, Bosh Assambleya tomonidan qabul qilinadi. Masalan, O`zbekiston 1992-yil 2-martda Bosh Assambleya tomonidan BMTga a’zo etib qabul qilindi. Nizomda BMTning tamoyillariga amal qilmagan davlatlarning huquqlarini cheklab qo`yish yoki uni umuman a’zolikdan mahrum etish belgilangan. Ammo bugunga qadar hali biror bir mamlakat undan chiqarilgan emas.
Hozirgi kunda BMTga 191 ta davlat a’zo.
BMTning maxsus tillari
Nizomga binoan BMTning maxsus tillari: xitoy, ingliz, fransuz, rus va ispan tillaridir. Keyinchalik bu ro`yxatga arab tili ham kiritilgan. Rasmiy uchrashuvlarda vakillar yuqoridagi 6 ta tilning xohlagan birida gapirishlari mumkin va uning nutqi sinxron tarzda kolgan 5 ta rasmiy tillarga tarjima qilinadi. Lekin BMTda asosiy ish ikki - ingliz va fransuz tillarida olib boriladi, bular ishchi tillar hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |