Fuqarolik huquqlari ob’ektlarining muomalada bo‘lishi Fuqarolik huquqlarining ob’ektlari erkin suratda boshqa shaxslarga berilishi yoki universal huquqiy vorislik (meros qilib olish, yuridik shaxsni qayta tashkil etish) tartibida yoxud boshqa usul bilan, agar ular muomaladan chiqarilmagan yoki ularning muomalada bo‘lishi cheklab qo‘yilmagan bo‘lsa, bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o‘tishi mumkin.Muomalada bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydigan fuqarolik huquqlari ob’ektlarining turlari (muomaladan chiqarilgan ob’ektlar) qonunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Muayyan muomala ishtirokchilarigagina qarashli bo‘la oladigan yoki muomalada bo‘lishiga maxsus ruxsatnoma bilan yo‘l qo‘yiladigan fuqarolik huquqlari ob’ektlarining (muomalada bo‘lishi cheklangan ob’ektlarning) turlari qonunda ko‘rsatilgan tartibda belgilanadi.
Fuqarolik kodeksining 82-moddasida fuqarolik huquqlari ob’ektlari tegishli ob’ektlarning muomalaga kirishuviga ko‘ra uch guruhga ajratilgan. Muomalaga kirishuvi deganda ob’ektni oldi- sotdi shartnomasi asosida begonalashtirilishi yoki universal huquqiy vorislik asosida bir shaxsdan boshqa shaxsga o‘tkazilishi mumkinligi nazarda tutiladi.
Birinchisiga- erkin muomaladagi huquqiy ob’ektlar,
Ikkinchisiga- muomalasi cheklangan,
-Uchinchisiga- muomaladan to‘liq chiqarilgan ob’ektlar kiritilgan.
Fuqarolik-huquqiy ob’ektlarining erkin muomalasi umumiy qoida, muomalaga kirishuvni cheklash, qolaversa uni to‘liq muomaladan chiqarish umumiy qoidaga istisno bo‘lib hisoblanadi. Har qanday istisno tariqasidagi me’yorlar kabi, yuqorida so‘z yuritilayotgan cheklash va muomiladan chiqarish qoidalarini ham keng ma’noda talqin etish mumkin emas.Muomalaga kirishuvni cheklash ob’ektlarning tegishli turlari faqat davlatga tegishli ekanligi yoxud faqat fuqarolar va yuridik shaxslarga tegishli ekanligi, yoki bo‘lmasa faqat maxsus ruxsatnomalar bo‘yicha muomalaga kiritilishi (masalan, qurol-yarog‘, tabiiy boyliklardan foydalanish huquqi) orqali ifodalandi. Sharhlanayotgan moddada muomaolaga kirishuvning har qanday cheklanishi qonunda nazarda tutilgan tartibda amalga oshirilishi zarurligi ko‘zda tutilgan. Buning ma’nosi shuki, hech bo‘lmaganda, muomalaga kirishuvi cheklanayotgan ob’ektlarning turlari qay tarzda aniqlanishi qonun darajasida belgilab qo‘yilishi shart. Boshqa barcha masalalarni, shu jumladan cheklovga tushayotgan ob’ektlarning doirasi masalasini, qonun tomonidan vakolat berilgan har qanday organ hal etishi mumkin.
Fuqarolik Kodiksida muomaladan chiqarishga qat’iyroq yondashilgan: muomaladan chiqarilgan ob’ektlar turlari qonunning o‘zida belgilab qo‘yilishi shart. Muomalada cheklanishi mumkin bo‘lgan barcha fuqarolik huquqlari ob’ektlari orasidan qonun chiqaruvchi yer va boshqa tabiiy zaxira boyliklarini alohida ajratib ko‘rsatadi (O‘zbekiston Konstitutsiyasi, 55-m. Yer Kodeksi, 16-m. va h.k.). Mazkur ob’ektlar faqat Yer kodeksida va boshqa tabiiy zaxiralar to‘g‘risidagi qonunlarda nazarda tutilgan muomalada bo‘lish bo‘yicha belgilangan tartibda begonalashtirilishi va boshqa usulda bir shaxsdan boshqasiga o‘tkazilishi mumkin. Xususan, yer uchastkasi egasiga uni sotish, hadya qilish, garovga yoki ijaraga qo‘yish va boshqa tarzda tasarruf etishni faqat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirish huquqi berilgan. Bu bilan, tabiiy zaxiralarga bag‘ishlangan hujjatlarga kiritilgan me’yorlarning Fuqarolik Kodiksidaga nisbatan maxsus xususiyatga ega ekanligi yana bir karra ta’kidlanmoqda. Kodeksda fuqarolik huquqi ob’ektlariga ularning turli xususiyatlarini mezon sifatida hisobga olgan holda tasnif berilgan. Bunday tarzda tasniflashdan zarur hollarda u yoki bu ob’ektlarning o‘ziga xos tomonlarini ifodalovchi maxsus tartiblarni joriy etish maqsadi ko‘zda tutilgan.
7-bob. MODDIY NE’MATLAR 83-modda. Mol-mulkning turlari