II Ish:
Mavzu: Kakku zig`irining tuzilishini o`rganish.
Bo`lim: Yo`sintоifа – Bryophyta;
Ajdod (sinf): Poya bargli yo`sinlar – Briopsida;
Tartib (qabila): Yashil yo`sinlar – Bryales;
Oila: Politrixumdoshlar – Polytrichaceae;
Turkum: Politrixium – Polytrichum;
Tur: Kakku zig`iri – Polytrichum commune;
Maqsad: Kakku zig`irining tuzilishi, rivojlanishi misolida poyabargli moxlarning tuzilishini o`rganish.
Kerakli jihozlar: Mikroskop, lupa, laboratoriya jihozlari, pinset, lanset, buyum va qoplag`ich oyna, kakku zig`iri tirik fiksirlangan yoki gerbariy materiallari.
Nazariy tushuncha:Yashil yo`sinlar tartibi – Bryales Yashil yo`sinlar oq yo`sinlardan protonema ipchalarini yaxshi taraqqiy etganligi va sershoxlanganligi bilan farq qiladi. Bulardan tashqari ko`sakchada sporalar yetilgan vaqtda, ularni tashqariga sochilishiga yordam beradigan peristomani bo`lishi muhimdir. Bu tartib vakillarini tuzilishi va rivojlanishi bilan to`laroq tanishish uchun, politrixumdoshlar oilasidan (Polytrichaceae) kakku zig`irini ko`rib chiqamiz.
Kakku zig`iri - Polytrichum commune; Bu o`simlik yashil yo`sinlar orasida ko`proq tarqalganlaridan biri bo`lib, asosan o`rmon, botqoqlik va sernam joylarda qalin chim hosil qilib o`sadi. Uning poyasi tik o`suvchi 20-30-40 sm. gacha yetib borib shoxlanmay, uchli, dag`al qattiq barglar bilan zich qoplangan. Barglari poyani o`rab turuvchi qin hosil qilib ketma-ket joylashgan. Poyaning yuqori va o`rta qismidagi barglar, pastdagiga nisbatan yirikrokdir. Poyaning eng pastgi, bargsiz qismi tuproq ostida ildiz poyaga aylanib, undan-rizoidlar hosil bo`ladi. Poyaning ichki tuzilishi birmuncha murakkab tuzilishga ega bo`lib, tashqi tomondan epidermis, undan keyin po`st va markaziy qismini o`tkazuvchi nay boyalamlari tashkil etadi. Ular floema va ksilemaga to`g`ri keladi.
Kakku zig`iri ikki uyli o`simlik. Jinsiy organlar anterediy va arxegoniylar hisoblanib, poyani uchki tomonida hosil bo`ladi. Anteridiy serbar, qizg`ish barglar orasida joy olgan. Uning tuzilishi uzun xaltacha ko`rinishda bo`lib, qisqa bayadadn iborat. Anteridiyning devori bir qavat, ichi bir necha spermogen hujayradan tashkil topgan. Har bir spermogen hujayradan ikki xivchinli spermotozoidlar yetiladi. Anteridiylar orasida iplarga o`xshab ko`rinadigan va yuqori tomoni kengayib, plastinkalarga aylanadigan maxsus parafizalar bor. Arxenogiylarni tuzilishi jigarsimon yo`sinlardagidek. Otalanish jarayoni suv yordamida – yomg`ir yoqqanida yoki shudring tushganda amalga oshadi. Otalangan tuxum hujayradan sporofit nasl - sporogoniy hosil bo`ladi. Yetilgan sporogoniy murakkab tuzilishga ega. U ikki qismdan - ko`sakcha va banddan iborat. Ko`sakchani yuqori tomoni arxegoniyning yuqori devorchasidan o`sib chiqqan serbar, tukli qalpoqcha bilan o`ralgan. Ko`sakcha o`z navbatida bir oz kengaygan asosi - apofiza (bo`yin), ko`sakcha bo`shligi va uni berkitib turadigan qalpoqchaga bo`linadi. Ko`sakcha bo`shlig`ida xaltachaga o`xshagan sporangiy joylashgan. Sporangiy ko`sakcha bo`shlig`idan o`tgan ustunchani halqa tarzida o`rab turadi. Sporangiyda hosil bo`lgan sporalar tayyor holga kelgandan so`ng ko`sakcha ochiladi. Ko`sakcha ochilgunga qadar avval qalpoqcha tushib ketib, keyin qopqoqcha ochiladi. Bu vaqtda epifragma va uning atrofida uchi dumaloqlashgan bir nechta kalta tishchalar (peristomalar) joy olgan. Epifragma bilan tishchalar o`rtasida teshikchalar bo`lib, shu yerdan sporalar tashqariga sochiladi. Peristoma sporalarni tarqalishiga katta yordam beradi. Sporalar qulay sharoitga tushgandan so`ng, o`sib sershox protonema ipchalarga, bulardan esa kurtakchalar vujudga keladi. Kurtakchalar - asta-sekin o`sib poya bargli yo`sinlarga aylanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |