13.1.2. Siydik rangini aniqlash
Normadagi siydik tarkibida uroxrom, urobilin, uroeritrin, urorozein va boshqa pigmentlar borligi tufayli och sarg`ish rangli. Pigmentlar ichida asosan uroxromni ko`p yoki kamligiga qarab rang jadalligi och sariqdan qo`ng`ir-jigarranggacha o`zgarishi mumkin. Poliuriya sharoitida siydik rangsizlanib, oligouriyada rangi quyuqlashadi. Patologik holatlarda siydik rangi sezilarli darajada o`zgarib, turli tusga kirishi kuzatilgan.
Siydikni to`q sariq rangda bo`lishi unda ortiqcha urobilin miqdori borligini yoki santonin kabi dori qabul qilinganligini moddalari bildiradi. Qizil rang - mioglobinuriyada, porfirinlar ekskretsiyasiga bog`liq jarayonlarda yoki meva va sabzavotlarning, masalan chernika, qizil lavlagining tabiiy pigmentlari, shirinliklardagi anilin bo`yoqlari va oziqa qo`shimchalari ta`sirida kelib chiqishi mumkin. Bu vaqtda siydik rangini o`zgarishiga sabab bo`lgan omilni davolanuvchi shaxsini sinchiklab, diqqat bilan so`rab, aniqlanadi.
Siydik reaktsiyasi ishqoriy bo`lib, tarkibida fenolftalein yoki fenol qizili saqlaganda to`q qizil rang berishi mumkin. To`q qizil yoki jigarrangli siydik unda metgemoglobin, porfirin borligini yoki fenol unumlari bilan zaharlanganlikni ko`rsatadi. Agarda fenol saqlagan siydikka brom suvi qo`shilsa, uchbromfenolni oq yoki sariq cho`kmasi; temir xloridini 10% li eritmasi qo`shilsa, fenolni ko`kimtir rangli birikmasi; krezoldan esa yashil rang paydo bo`ladi.
Tarkibida melanin, gomogentizin kislotasi yoki katta miqdorda gemoglobin saqlagan siydik jigarrang-qoramtir ko`rinishga ega. Xuddi shunday rang lizol yoki fenol bilan zaharlanganda, yomon sifatli melanoma (o`sma) kasalligi (melanuriya) tashxisida ahamiyati bor. Siydik turib qolganda qorayishi alkaptonuriyada kuzatilib, siydik bilan gomogentizin kislotasi ajralayotganini ko`rsatadi.
Siydikni yashil-ko`kimtir rangga kirishi asosida bakterial unumlari yotganligini bildirib, og`ir yuqumli kasalliklardan yoki siydik mikroorganizmlar bilan ifloslanganligidan darak beradi. YAshil yoki ko`k rangli siydik o`t pigmenti biliverdin (degidrobilirubin) tufayli ham bo`lishi mumkin. Biliverdin siydikdagi bilirubin pigmentini havo bilan to`qnashib, oksidlanishidan ham hosil bo`ladi. Biliverdin spirtda, muzli sirka kislotasida yaxshi eriydi va spektrni qizil zonasida nur yutuvchi tasma chizig`ini beradi. Ortiqcha miqdordagi o`t pigmentlari – o`t kislotalari siydikka sarg`ish-ko`kimtir rang beradi. Ushbu testni probirkada siydik namunasini chayqatganda ham kuzatsa bo`ladi. Bu vaqtda sariq ko`pik paydo bo`ladi va u bir necha daqiqa davomida siydik ustida saqlanib turadi, ayni vaziyatda normal siydikda oq ko`pik ko`rinib, tezlikda yo`qoladi.
Siydikning sariq-jigarrangga bo`yalishi tarkibida xrizofan kislotasi tutgan preparatlar (ravoch, makkai sano) qabul qilinganida ham uchraydi. Ushbu rang siydikda kislotali muhitda kuzatilsa, unga ishqor qo`shilganida qizil rangga o`tadi. Agarda rang o`zgarishi sababi aniq bo`lmasa, 10% o`yuvchi natriy qo`shib, fosfatlar cho`kmaga tushiriladi va fil’trlanadi. CHo`kma xrizofan kislotasini adsorbtsiya qilinishi natijasida qo`ng`ir-qizil rangli bo`lishi mumkin. Kontsentrlangan xlorid kislotasi qo`shilgan cho`kma sariq rangga kiradi.
Qandli va qandsiz diabetda, buyrakni xronik yallig`lanishidagi poliuriyada, shishni tez, qisqa vaqt oralig`ida so`rilishida och-sariq rang, deyarli rangsiz siydik ajratiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |