Biologik resurslar bilan bog’liq muammolar
O’simliklarning tuproqni eroziya va deflyatsiyaga qarshi barqaror-ligini oshirishda bosh omil deb baho berilsa mubolag’a bo’lmasa kerak. CHunki o’simlik mavjud bo’lgan joyda suv yoki shamol o’z kuchini ko’rsata olmaydi. O’simlik qoplami tuproqqa chuqur kirib borgan sari uni yuvilish, surilish va o’yish jarayonlaridan saqlaydi. Barglari, novdalari va poyalari, xullas barcha tanasi bilan yog’in-sochinning asosiy qismini qabul qiladi va tuproqqa nam kam tushadi, shamol vaqtida esa uning yo’nalishiga ro’para bo’lib, uning kuchini ancha qirqadi. Agar o’simlik siyrak yoki butunlay mavjud bo’lmagan sharoitda eroziya, deflyatsiya, surilma, sel, garmsel kabi nohush hodisalar tabiiy komplekslarga jiddiy zarar yetkazadi (4-chizma). Eng dahshatlisi tuproq
usti yuvilishi va u qulay sharoitlarda jar eroziyasiga o’tib ketishi tabiatda ko’p kuzatiladi. Qiya tog’ yonbag’irlarida lyossimon yotqiziqlar yoki lyoss qoplami yog’in-sochin vaqtida namga bo’kishi natijasida og’irlik massasi bir necha barobar ortib ketadi va mazkur yotqiziqlar ostida suv o’tkazmaydigan, qumtosh yoki namga chidamli boshqa jinslar ustida qiyalik ustida bir necha 10 yoki 100 m ga surilib tushadi. Bu hodisa katta hududlarda sekin-asta, ba’zan bir zumda ro’y berishi mumkin.
Surilgan hududda yoki uning oldida qishloq, chorva fermasi, avtomobil yo’li, biror korxona va boshqa xo’jalik ob’ektlari joylashgan bo’lishi mumkin. Buning oqibatida surilgan grunt massivi chuqur va keng yoriqlarga ajralib ketadi va o’z yo’lida uchragan barcha inshootlarni yakson qiladi. To’satdan bo’lgan bunday nohush hodisalarning iqtisodiy zarari va oqibatlari bir necha yuz minglab so’m bilan hisoblanadi.
Biologik resurslarni muhofaza qilish tadbirlari. O’rmonning amaliy ahamiyati g’oyatda ulug’vorligi va respublikada ularning maydoni nihoyatda kamligini hisobga olib yangi o’rmonzorlar bunyod etish ishlari muttasil olib borilmoqda. CHo’llarda qum relef shakllarining harakatlarining oldini olish uchun ixotazorlar vujudga keltirilgan, tog’ yonbag’irlarida eroziya, surilma va sel hodisalarini rivojlanishini to’xtatib qolish borasida joylarda tog’ o’rmonzorlari yaratildi. Sug’oriladigan yerlardagi ixotazorlar tuproqni eroziya va deflyatsiyadan saqlashda xizmatlari benihoya yuqori. Lekin shunga qaramasdan mamlakatda o’rmonlar maydonini keskin ravishda kengaytirish ishlarini ko’ngildagidek deb bo’lmaydi. 80-yillarda yiliga o’rtacha 40-50 ming ga, 1990, 1992 yillarda 40 ming, 1994-1995 yillarda-30 ming, 1996 yilda 34 ming ga maydonda yangi o’rmonlar bunyod qilindi va tiklandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |