Nukleaza – ba’zi bir virusli kasalliklarni davolashda ishlatiladi. Masalan, virusli kon’yuktivitni davolashda tarkibida DNK aza bo`lgan ko`z tomchilari
muvaffaqiyatli qo`llanuilmoqda: ferment virus DNK sini parchalash yo`li bilan kasallikni davolaydi.
Asparaginaza – leykozning ayrim shakllarini davolashda qo`llaniladi. Aspartat kislotasining amidi bo`lgan asparagin leykotsitlarda oqsil sintezi uchun zarur hisoblanadi. Ammo u hujayraning o`zida sintezlanmasdan, plazmadan kirishi kerak. Bemor qoniga kiritilgan asparaginaza asparaginni ammiak va asparagin kislotagacha parchalaydi, buning natijasida leykoz hujayralaridagi oqsil biosintezi to`xtatiladi va hujayralar halok bo`ladi.
Lidaza, ronidaza va boshqa preparatlar biriktiruvchi to`qimani mustahkamlovchi modda – gialuron kislotasini parchalanishini katalizlaydi. Bu fermentlar boshqa dorilar bilan birgalikda qo`llanilib, ularning so`rilishini tezlashtiradi va og`riqni kamaytiradi. Shuningdek gialuronidaza gematomalarning so`rilishida, plevra va qorin ekssudatlarida, chandiqlarda qo`llaniladi.
Terapiyada ma’lum bir ferment faolligini oshirish uchun kofaktorlardan foydalaniladi. Davolash maqsadida, masalan, yurak kasalliklari, nerv tizimining buzilishi va boshqa holatlarda kokarboksilaza ishlatiladi; FMN teri kasalliklari keratit, kon’yuktivit, nevrasteniya kabilarda qo`llaniladi.
Tibbiyot amaliyotida fermentlarning ingibitorlari – spetsifik preparat sifatida foydalaniladi. Proteinazalarning tabiiy ingibitorlari o`tkir pankreatit, artrit va allergik kasalliklarni davolashda keng o`rin olgan. Masalan, pankreatitda – oshqozon osti bezi kasalligida tripsinogenni tripsinga o`tkazuvchi proteinazani faolligini to`xtatish uchun ularning ingibitorlari – trasilol, kontrikal ishlatiladi. Ferment ingibitorlarini kasalliklarida qo`llash enzimoterapiyaning yangi sohalaridan biri hisoblanadi.
Enzimologiya ma’lum bir maqsadga yo`naltirilgan dori preparatlarini yaratishda qulay imkoniyat beradi. Masalan, sulfanilamidli birikmalar kokkli infektsiyalarda ijobiy ta’sir ko`rsatadi. Buning asosida esa raqobatli ingibirlanish yotadi, chunki ular kokkli mikroorganizmlar hayot faoliyati uchun zarur bo`lgan substrat analoglari hisoblanadi. Nikotin kislotasi sil batsillalarini rivojlanishi uchun
zarur, uning struktura analogi – izonikotin kislotaning gidrazidi (ftivazid) silni davolashda yaxhsi samara beradi.
Shuningdek fermentlar yurak qon-tomir kasalliklarini davolash, qonni suyultirishda ham qo`llaniladi. Immobilizatsiyalangan streptokinaza preparati ishlab chiqilgan bo`lib, miokard infarktini davolashga tavsiya etilgan. Kinin sistemasining kallikrein-fermentlari esa qon bosimini ko`tarilishida davolash chorasi sifatida ishlatiladi.
So`ngi vaqtlarda onkologik klinikada bakteriya tabiatli fermentlarning dori vositasi sifatida qo`llanilishi alohida o`rin tutmoqda.
Yuqorida bayon etilgan misollar fementlarni tibbiyot amaliyotida qo`llash maqsadida o`rganish katta kelajakka ega ekanligini ko`rsatadi.
Tibbiyot enzimologiyasini rivojlantirishdagi muvaffaqiyatlar kasallikni oldini olish va davolash hamda yuqori spetsifiklikka ega bo`lgan dori vositalarini yaratishda katta ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |