Biologik xilma-xillik - bu jamiyat ehtiyojini iqtisodiy, ekologik va madaniy-estetik jihatdan qondirishning zaruriy potensial zahirasi hamdir. Hozirgi kunda biologik resurslarga insonlarning ta’siri o‘smoqda. Bunga asosiy sabab, aholining o‘sishi, qishloq xo‘jaligi va sanoatning rivojlanishi, savdo, ishlab chiqarish, dunyo bo‘yicha ehtiyojlarning turli-tumanligidir.
Inson faoliyatining rivojlanishi natijasida o‘rmonlarni kesish, cho‘llarni haydash, botqoqliklarni quritish, sahroga suv chiqarish kabi ekotizimlarning buzilishi ro‘y bermoqda.
1992-yilda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida tabiiy ekotizimdagi turlarning yo‘qolishi va notirik komponentlarning o‘zgarishiga qarshi kurashishga qaratilgan biologik xilma-xillikni asrash bo‘yicha Xalqaro Konvensiyaga imzo chekildi.
1993-yilda BMTning bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha xalqaro Konvensiyasi rasman kuchga kirgan.
U 192 davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan bo‘lib, unga asosan, biologik turlarni muhofaza etish, tabiiy zahiralaridan tejamkorlik bilan foydalanish, atrof-muhitni asrashda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash bosh maqsad qilib olindi. O‘zbekiston 1995-yilning iyun oyida ushbu Konvensiyani tasdiqlash to‘g‘risidagi hujjatga imzo chekdi. Respublikamizda «Biologik xilma-xillikni saqlash Milliy strategiya va harakat rejasi» dasturi 1998-yilda qabul qilingan bo‘lib, o‘simlik va hayvonot dunyosining turi, tarkibi, tahlilini, zaruriy xilma-xillikni baholash va ekotizimdagi zamonaviy asosiy sinflar statusini ko‘rib chiqishni vazifa qilib qo‘ydi.
Tabiatning chiroyli manzarasi, ko‘rkam go‘shalari, o‘zining hayvonot va o‘simlik olamining g‘aroyibotligi bilan ajralib turuvchi biosferani saqlash har birimizning insoniylik burchimizdir.
Maxsus muhofaza etilgan hududlar yaratish;
tabiat yodgorliklari yoki o‘rmon rezervatlarini asrash; qo‘riqxonalar, buyurtmaxonalar, milliy bog‘lar barpo etish; noyob endemik va relekt turlarni «Qizil kitob»ga kiritish; Botanika bog‘larida sun’iy ekotizim yaratish, pitomniklar qurish, genofondni yaratish bugungi kunning asosiy vazifalaridan biridir.
Biologik xilma-xillik termini birinchi marta jonli tabiat olimi Raymond F. Dasmann tomonidan 1968-yilda “A Different Kind of Countriy” nomli kitobida aks ettirildi. Bu termin 10 yildan keyin, ya’ni 1980-yillarda ommalashdi.
Tabiatning muhim tarkibiy qismi sifatida o‘simliklar yerning asosiy biomassasini tashkil etadilar va biosferadagi modda aylanishini ta’minlaydilar. Yerdagi biomassaning 99%i o‘simliklar hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘simliklardagi fotosintez jarayoni natijasida barcha suvlar 5,8 mln yilda, atmosferadagi kislorod 5800 yilda, karbonat angidridi 7 yilda bir marta yangilanib turadi. Ularda kechadigan fotosintez jarayoni tufayli yerda dastlabki organik modda sintez bo‘ladi. Bu bilan ular Yer biosferasining bir me’yordagi faoliyatini ta’minlaydilar.
O‘simliklar dunyosining sanitar-gigiyenik, sog‘lomlashtirish va shifobaxshlik ahamiyatlari ham beqiyosdir. Olimlarning ta’kidlashlaricha, biosferaning o‘z-o‘zini tozalash xususiyatining qariyb 99%i o‘simliklar hissasiga to‘g‘ri kelar ekan. Ko‘plab o‘simliklar nafas olish jarayonida atrof-muhitga maxsus kimyoviy faol moddalar ajratib chiqaradilar.
Bir gektar keng bargli daraxtzor sutkasiga 2 kg, nina barglisi esa 4-5 kg fitonsid ajrata oladi. Bu birikmalarning ko‘pchiligi havo, tuproq va suvdagi patogen mikroorganizmlarni yo‘qotish xossasiga egadir.
O‘zbekiston Respublikasining 1997 yil 26 dekabrda qabul qilingan «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi 543-I-sonli Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, yangi tahrirdagi «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi 2016 yil 21 sentabrdagi 409-sonli O‘RQonuni qabul qilindi. Ushbu qonun 51 moddadan iborat. Ularda o‘simliklarni turli salbiy atropogen ta’sirlardan muhofazalashning huquqiy asoslari o‘z aksini topgan.
Hayvonotlar (fauna) biomassasi bo‘yicha yerdagi tirik organizmlarning bor-yo‘g‘i 2% ini tashkil etishiga qaramay, ularning biosfera va inson hayotida tutgan o‘rni beqiyosdir. Bu ularda modda va energiya almashinish jarayonining o‘ta tez kechishi, ularning yuqori harakatchanligi va turlarining favqulodda ko‘pligi bilan izohlanadi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, sayyoramizda ularning 1,5-2 mln. ga yaqin turi mavjud. Qariyb barcha ekotizimlarda hayvonlar turlari soni bo‘yicha o‘simliklardan ustunlik qiladilar.
Hayvonlar biosferadagi biologik (kichik) modda aylanishida ishtirok etuvchi muhim komponentlardan biri hisoblanadilar.
Ekotizimda organizmlar turi qanchalik rang-barang bo‘lsa, uning tashqi ta’sirlarga bardoshliligi shunchalik yuqori bo‘ladi. Shuning uchun ekologiyaning asosiy vazifalaridan biri - biologik rang-baranglikni saqlab qolishdir.
Ilmiy manbalarga ko‘ra, hayvonlarni sut emizuvchilar, qushlar, sudralib yuruvchilar, amfibiyalar, baliqlar, mollyuskalar, hasharotlar kabi guruhlari mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |