42-§. TABIIY TANLANISH VA UNING TURLARI
Yashash uchun kurash ko‘pchilik organizmlarning halok bo‘lishi,
ba’zilarining esa yashab qolishi bilan bog‘liq holda ro‘y beradi. Individual
o‘zgaruvchanlik organizmda uch ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Ularning
bir xillari organizm uchun foydali, ikkinchi xillari organizmlar uchun
befarq, uchinchilari esa zararli bo‘ladi. Odatda zararli o‘zgaruvchanlikka
ega organizmlar shaxsiy taraqqiyotning turli bosqichlarida halok bo‘ladilar.
Organizm uchun befarq o‘zgaruvchanlik ularning yashovchanligiga ta’sir
ko‘rsatmaydi. Foydali o‘zgaruvchanlikka ega individlar tur ichidagi, turlararo
yoki abiotik muhitning noqulay sharoitlariga qarshi kurashda birmuncha
afzalliklarga ega bo‘lganligi sababli yashab qoladi. Yashash uchun kurashda
foydali belgi, xossalarga ega organizmlarning yashab qolishi, shunday belgi,
xossalarga ega bo‘lmaganlarining nobud bo‘lishi tabiiy tanlanish deb ataladi.
Tabiiy tanlanish – organizmlar evolutsiyasining asosiy harakatlantiruvchi
omili. Ch. Darvin fi kricha, tabiiy tanlanish – yashash uchun kurashning
natijasi boʻlib, foydali individual oʻzgarishlarga ega boʻlgan organizmlarning
yashab, nasl qoldirishi, yaʼni moslashgan formalarning yashab qolishi,
foydasiz oʻzgarishlarga ega boʻlgan organizmlarning qirilib ketishi, ya’ni
moslashmagan formalarning nobud boʻlishidan iborat biologik jarayon. Irsiy
oʻzgaruvchanlik tabiiy tanlanish uchun asos hisoblanadi. Tabiiy tanlanish tufayli
organizmlar xilma-xilligi ortadi, evolutsiya jarayonida organizmlar tuzilishi
murakkablashadi, muhit sharoitlariga yetarli darajada moslasha olmagan turlar
nobud boʻladi.
Ch. Darvin tabiiy tanlanish jarayonini sun’iy tanlash bilan taqqosladi. Agar
sun’iy tanlanishni inson olib borsa, tabiiy tanlanishni tabiat boshqaradi. Sun’iy
tanlanishni o‘tkazishda inson doimo o‘z manfaatlarini ko‘zlaydi. Shu sababli
sun’iy tanlash tufayli chiqarilgan nav va zotlarda inson manfaati uchun xizmat
qiladigan belgi-xossalar yaxshi rivojlangan bo‘ladi. Tabiiy tanlanishda esa inson
manfaati emas, balki organizm manfaatlari birinchi o‘rinda turadi. Yashash
uchun kurashga moslashgan organizmlar moslashmagan organizmlarga nisbatan
kamroq nobud bo‘ladi. Bu esa o‘z-o‘zidan tabiiy tanlanish, organizmning
muhitga moslashishida yangi populatsiya, turlarning kelib chiqishida asosiy
omil ekanligidan dalolat beradi.
Hozirgi vaqtda tabiiy tanlanishning 3 turi farqlanadi: 1) harakatlantiruvchi;
2) stabillashtiruvchi; 3) dizruptiv.
Do'stlaringiz bilan baham: |