Populatsiya genofondining o‘zgarishiga olib keladigan jarayonlar.
Mutatsiyalarirsiy o‘zgaruvchanlikning asosiy manbayidir. Bir necha
millionlab individlardan tashkil topgan populatsiyalar genofondidagi har bir
gen avlodlarda mutatsiyalarga uchrashi mumkin. Bu mutatsiyalar kombinativ
o‘zgaruvchanlik tufayli nasldan naslga beriladi. Ko‘pchilik mutatsiyalar
retsessiv bo‘lgani uchun geterozigotalar fenotipida namoyon bo‘lmaydi,
aksincha yashirin saqlanadi. Mutatsiyalar evolutsion jarayonlar uchun material
bo‘lib xizmat qiladi.
Mutatsiyalar gen, xromosoma, genom va sitoplazmatik xillarga bo‘linadi.
Mutatsiyalarning ko‘pchiligi zararli bo‘ladi va tabiiy tanlanish orqali bartaraf
etiladi. Ayrim mutatsiyalar organizm uchun shu konkret sharoitda foydali
bo‘lishi mumkin. Bunday mutatsiyalar organizmlarning ko‘payishi orqali
kelgusi bo‘g‘inlariga beriladi va nasldan naslga o‘tgan sari populatsiya
individlarida to‘plana boradi. Mutatsion o‘zgaruvchanlik uzoq vaqt davomida
tabiiy tanlanish natijasida mustahkamlanib boradi va populatsiya genofondini
o‘zgartiradi. Bu esa evolutsiya tomon qo‘yilgan dastlabki qadamdir.
Populatsiya genofondining o‘zgargan yoki o‘zgarmaganligini qanday bilish
mumkin? Odatda, populatsiya genofondidagi u yoki bu gen ta’sirida vujudga
kelgan belgini turli xil organizmlarni bir necha bo‘g‘inlarda sanash orqali
ularning har bir bo‘g‘indan takrorlanish miqdori aniqlanadi. Ularning o‘zaro
nisbatini taqqoslash yo‘li bilan populatsiya genofondining o‘zgargan yoki
o‘zgarmaganligi haqida mulohaza yuritiladi.
Genlar dreyfi – genetik-avtomatik jarayonlar – bir necha avlodlar
davomida gen allellarining populatsiyada uchrash ehtimolining tasodifi y
oʻzgarishi ya’ni populatsiyalardagi individlar orasida tasodifi y kombinativ
o‘zgaruvchanlikning yuzaga kelishidir. Kichik populatsiyada ayrim individlar
o‘zining genotipidan qat’i nazar, tasodifi y sabablarga ko‘ra avlod qoldirishi
yoki qoldirmasligi mumkin. Ko‘payish davrida hosil bo‘ladigan gametalarning
hammasi ham zigota hosil qilishda ishtirok etmasligi orqali bu hodisaning
mexanizmini tushunish mumkin. Bu esa populatsiyada u yoki bu allellarning
uchrash chastotasi (takrorlanish tezligi)ni o‘zgartiradi. Tasodifi y ravishda
genlar chastotalarining oʻzgarishi tufayli ayrim allellarning saqlanib qolishi,
boshqasining yoʻqolishi roʻy beradi. Genlarning tasodifi y dreyfi natijasida,
bir xil sharoitda yashayotgan, genetik jihatdan o‘xshash bo‘lgan populatsiyalar
asta-sekin o‘zining ayrim allellarini yo‘qotib boradi va populatsiyaning genetik
strukturasi o‘zgaradi. Genlar dreyfi amerikalik genetik S. Rayt tomonidan
o‘rganilgan. U bir necha oziqli probirkaga A geni bo‘yicha geterozigota bo‘lgan
ikkitadan erkak va urg‘ochi drozofi lalarni joylashtirib, ularning nasllari ustida
kuzatish o‘tkazdi. Bir necha bo‘g‘indan so‘ng probirkalardagi drozofi lalar
tekshirilganda, ba’zi populatsiyada faqat mutant gomozigota borligi, boshqa
populatsiya tarkibida u tamoman uchramasligi, uchinchilarida esa dominant
hamda retsessiv allel formalar borligi aniqlandi. Demak, genlar dreyfi
populatsiya genofondining o‘zgarishiga olib keladi. Genlar dreyfi tabiiy ofatlar
(oʻrmonlarning yonishi, suv toshqini), zararkunandalarning keng tarqalishi
va boshqa hodisalar natijasida populatsiya individlari soni keskin kamayib
ketganida aniq namoyon boʻladi.